Markaziy bankning pul-kredit siyosati Markaziy bank milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash maqsadida mamlaklakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni e’tiborga olib o‘zining pul-kredit siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Markaziy bankning pul-kredit siyosati iqtisodiyotda pul massasi yoki foiz stavkalarining zarur darajadagi me’yorini ta’minlash, iqtisodiyotning pulga bo‘lgan talabini qondirish yoki milliy valyuta kursini xorijiy valyutalarga nisbatan mustahkamlash kabi qator omillar nuqtai nazaridan turlicha ko‘rinishda amalga oshiriladi. Shu jihatdan Markaziy bankning restriksion (qattiq) va ekspansion (yumshoq) pul-kredit siyosati turlarini keltirish mumkin. Restriksion pul-kredit siyosatida iqtisodiyotda pul massasi va kredit operatsiyalar hajmini kamaytirish va foiz stavkalarini oshirish bilan bog‘liq tadbirlar amalga oshiriladi.
Ekspansion pul-kredit siyosatida odatda kreditlash hajmini oshirish, iqtisodiyotda pul massasining oshishi ustidan nazoratni susaytirish, soliq va bank foiz stavkalarini pasaytirish masalalariga e’tibor qaratiladi.
Markaziy bankning pul-kredit siyosati restriksion yoki ekspansion bo‘ladimi u keng qamrovli yoki selektiv xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Keng qamrovlida Markaziy bankning pul-kredit siyosati mamlakatdagi barcha kredit muassasalari va ularning barcha operatsiyalariga joriy etiladi, selektivda esa, pul-kredit siyosati alohida olingan tijorat banklar faoliyatida yoki ayrim operatsiyalar uchun tatbiq etilishi mumkin..
Pul-kredit siyosatining qator usullari mavjud bo‘lib, ularning asosiylari quyidagilardan iborat:– tijorat banklariga nisbatan o‘rnatilgan majburiy zaxira siyosati; – tijorat banklarini qayta moliyalash siyosati (hisob stavkasi); – ochiq bozordagi siyosati; – valyuta va depozit siyosati.
Muomala uchun zarur bo‘lgan naqd pullar miqdorini aniqlash asoslari Naqd pul muomalasini tartibga solishning asosiy vazifasi, bu – muomalaga chiqarilishi yoki olinishi lozim bo‘lgan naqd pul miqdorini aniqlashdan iboratdir. Ushbu vazifa muomala uchun zarur naqd pul mablag‘lariga bo‘lgan talabni aniqlash orqali amalga oshiriladi. Ma’lumki, naqd pullar kichik hajmdagi chakana va uyushmagan savdo hamda naqd pulli xizmatlar uchun to‘lovlarda qo‘llaniladi. Yoki, naqd pul aylanmasining umumiy pul aylanmasidagi ulushi yuqorida ko‘rsatilgan naqd pulli to‘lovlarning jami to‘lovlardagi ulushi bilan aniqlanadi. Demak, naqd pulga bo‘lgan talab umumiy pul massasiga bo‘lgan talabning bir qismidir. Lekin, umumiy pul massasiga nafaqat tovarlar va xizmatlar hajmi, balki pulning aylanish tezligi va bank foiz stavkalarining darajasi ham ta’sir etadi. Ushbu omillar nazariy jihatdan olimlar tomonidan allaqachon asoslanib ulgurilgan va bugungi kunda juda ko‘p mamlakatlarning iqtisodiyotini boshqarishda pulga bo‘lgan talab va taklifni tartibga solish mexanizimi sifatida qo‘llanilmoqda. Fanda bu usul monetarizm (pulning miqdoriy nazariyasi) nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan. Bunda shuni qayd etib o‘tish lozimki, klassik – dastlabki monetarizm asoschilari muomala uchun zarur bo‘lgan pul miqdorini asosan muomaladagi mavjud tovarlar qiymati va turli pulli to‘lovlar yig‘indisidan kelib chiqqan holda aniqlashga uringanlar.
Masalan, ingliz iqtisodchisi U.Petti (1623–1687) muomala uchun zarur bo‘lgan naqd pullar miqdori aholining bir haftalik pul daromadlari, yer ijarasi uchun to‘lanadigan haqning yarmi va barcha eksport qilinadigan tovarlar summasining to‘rtdan bir qismining yig‘indisiga teng bo‘lishi lozim deb hisoblagan.