Realizm. Bu metodning bosh xislati — „hayotni butun yalang‘ochligi va haqqoniyligi bilan qayta tiklash“ (V. Belinskiy)dir. Bu qonuniyat — adabiyotning tug’ilishidanoq paydo bo’lgan bo’lib, uning tarixiy rivojlanish taraqqiyoti davomida to‘xtovsiz tarzda sayqallashdi, yangi-yangi xususiyatlar dunyoga keldi, tobora boyib takomillashishda davom etmoqda. Romantizm bilan doimo bahslashib, uni ham boyitib, undan ruh olib, birgalashib „bir maqsadga yetaklashda“ (V. Belinskiy) musobaqa qilmoqdalar. To‘g‘ri, adabiyot tarixi davomida romantizmning ham, realizmning ham barcha oqimlari hamma vaqt ijobiy natijalarga olib kelgan emas. Jumladan, naturalizm oqimi — hayotni o‘ta yalang‘och va butun tafsilotlari bilan ikir-chikirigacha tasvirlash orqali ta’sirchanlik xususiyatini muayyan darajada yo‘qotgan bo’lsa, sentimentalizm oqimidagilar hayotni tasvirlashda aql-idrokdan his-tuyg‘uni ustun bildilar, uning musaffoligini yagona mezon darajasiga ko‘tardilar; xo‘rlanganlar, jabrdiydalar, jafokashlar, baxtsizlar, nochorlarning ideal obrazlarini yaratdilar va shu bilan hayotning bosh lokomotivi — kurashchanlikdan, yaratishdan ma’lum darajada uzoqlashdilar. Bunday holat tabiiy — izlanish, o‘sish, taraqqiyot yo’lidagi yutuqlar va kamchiliklarning bo’lishidir. Romantizm va realizm qudratining turli darajadagi (go‘yo dengiz qudratidan hosil bo’lgan ulkan) hayotbaxsh yoki halokatli to’lqinlaridir.
Insonparvarlik, erkin va ozod hayot, baxt va tinchlik uchun kurash — insoniylik romantizmning ham, realizmning ham bayrog’idir. Faqat realizm inson va jamiyat hayotini real (aniq) va rost tadqiq etish yo’lidan bordi. B. L. Suchkov yozganidek, realizm „kishilarning harakatlari va hislari ehtiroslarning yoki ilohiy irodaning oqibati emasligi, balki ular real sabablar, aniqrog’i, moddiy sabablar bilan tayin etilishini tushuna boshlagan paytda paydo bo‘lgan“. Bu tushuncha eng qadimgi davr kishilarida (Neandartal odamlarda) ham bo’lganini fan isbotlamoqda. Tarixda shaxs va jamiyat orasidagi ijtimoiy munosabatlarni bugungidek badiiy ta’sirchan va haqqoniy aks ettirish darajasi bo’lmaganligi ayon, lekin ayni paytda, bugungi darajaning yuzaga kelishida o‘tmishdagi realizm poydevor bo’lgani ham haqiqatdir.
Realizmning estetik prinsiplaridan yana biri hayot voqea-hodisalarini haqqoniy detal va tafsilotlar vositasida tipik xarakterlarni tipik sharoitda tasvirlashdir (Qo‘llanmaning „hayotiy haqiqat va badiiy haqiqat“, „Sujet va kompozitsiya“ qismlariga qarang). Ana shu tasvir asosida kishilik jamiyati taraqqiyoti uchun muhim bo’lgan ijtimoiy-ma’naviy muammolar turishi, ular badiiy umumlashtirilishi, tipiklashtirilishi zarur.
Ko‘rinadiki, realist-san’atkor hayot qa’rida yotgan haqiqatni kashf etuvchi, uning ko‘p qirrali va qarama-qarshi tomonlarini ro‘yi rost ochuvchi, uni tadqiq va tahlil qiluvchi xislatga ega bo‘lishi kerak; hayotning obyektiv manzarasini xolis tasvirlovchi yozuvchi bo’lishi lozim. Bu — realizmning bosh talabi, uning mohiyatidir. Hayotga yaqinligining, romantizmga teskariligining yaqqol ko‘rinishidir.
Romantizm va realizm metodining barcha xususiyatlari, xislatlari haligacha voqe bo’lgan emas. Shundan bo’lsa kerakki, hech kim ularga mukammal ta’rifni ham bera olgani yo‘q. Biz ham ta’riflashdan voz kechamiz, chunki ularning xususiyatlarini yetarli tarzda o‘rganishga va kelajakda voqe bo’ladigan alomatlarini bashorat qilishga umr kamlik qiladi, lekin shu yo’ldagi izlanishlarga baraka tilaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |