Sentimentalizm (fran. „Sentument“ — hissiyot, his qilish) oqimi XVIII asr o‘rtalari Angliyada feodalizm sarqitlariga qarshi kurashni, oddiy kishilarning oliyjanobligini, qalbini tasvir markaziga olgan. Chunki klassitsizm oqimi kishilarning ichki dunyosi tasviriga yetarli e’tibor qilmagan, oliy ijtimoiy tabaqa hayotini bo‘rttirib aks ettirgan va adabiyotni „uch birlik“ (harakat, joy, vaqt) qolipiga solgan edilar.
Sentimentalistlar klassitsizm qoidalarini, uning qoliplarini „buzdilar“. Aql-idrokdan his-tuyg‘uni ustun deb bildilar. O‘rta va quyi sinf vakillari hayotini, ma’naviy jihatdan yetukligini, pokligini, boyligini, odamiyligini chuqur tasvir etdilar va ana shu jarayonda yuqori tabaqa vakillari dunyosining tubanligini, jirkanchligini fosh etdilar. Ingliz Sterning „Tristram Shendi“, Richardsonning „Pamela“, farang Russoning „Yangi Eloiza“, rus Karamzinning „Bechora Liza“ asarlari buning isbotidir.
Sentimentalizm oqimi oddiy qahramonlar qismatini har qanday kitobxonni achintiradigan tarzda tasvirlaydi. Xo‘rlangan, haqoratlangan, aybsitilgan qahramonlar bilan tanishgan o‘quvchi qalbida „u ham inson-ku, dunyoga u ham baxt uchun kelgan-ku! Nahot insonlar ularning qadr-u qimmatiga yetmasalar? Insoniyat qachon birodarlikka, komillikka erishadi?“ degan tuyg‘ular uyg‘onadi va qalbni iztirobga soladi. Qahramonlar hayoti va qalbining chuqur va ta’sirchan ochilishi achinish tuyg‘usini — insoniylikning zarur belgisini voqe qiladi. F. Dostoyevskiyning „Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar“, A. Chexovning „Uyqu istagi“ ham xuddi shu yo‘nalishda yozilgan bebaho asarlardir.
Shuning uchun ham XX asrning klassigi Ch. Aytmatov yozgan edi: „... Dostoyevskiyning adabiyotda aytgan eng aziz va umriboqiy so‘zi, menimcha, berahm va oriyatsiz ekspluatatorlar jamiyati girdobida azob-u uqubatga botib, bo‘g‘ilib yotgan insonga cheksiz achinishdan iborat bo’ldi. O‘sha dahshatli pallada rus yozuvchisi adabiyotning eng muhim vazifalaridan birini — axloqiy sog’lom kishini tarbiyalash vazifasini juda yuqori ko‘tardiki, shunday achinishsiz inson haqiqiy inson hisoblana olmaydi.
Achinish qobiliyatini Dostoyevskiy insoniylikning eng oliy o’lchovi darajasiga ko‘tardi... Va bugungi dunyoda, atom bombalari dunyosida, imperialistlarning bosqinchiliklari bo’lib turgan dunyoda, irqiy muammolar va zo‘ravonlarning jabrini tortayotgan dunyoda Dostoyevskiyning hayajonli bongi to’xtovsiz eshitilib turibdi va insonparvarlikka chaqirayotibdi. Uning butun dunyoni tutgan achinishining mohiyati, bizningcha, ana shundadir. Uning abadiy va borgan sari ortayotgan shuhratining boisi ham shudir“.
Sentimentalizm oqimiga xos bo’lgan adabiy asar tilining oddiy va soddaligi, his-tuyg‘ular dunyosi tasvirining chuqurligi, rahm-shafqat ham insoniylik o’lchovi ekanligi xususiyatlari hamon adabiy jarayonda tirikdir. Uning yaqqol misolini O‘tkir Hoshimovning realistik povesti — „Dunyoning ishlari“da ko‘rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |