Intermediya (lot. „intermedius“ — ikki narsa oralig’ida) pyesa va operalarning pardalari oralig‘ida tomoshabinni zeriktirmaslik maqsadida ularni kuldirish uchun hayotdagi ayrim nuqson va kamchiliklarni siqiq tarzda hajv (fars) qilishdir.
Bugungi adabiy jarayonga kelib, intermediyalar o‘z mazmunini saqlagan holda, pyesa va operalardan ajralib chiqdi va „Miniatura teatri“, „Tabassum ustaxonasida“ singari teleko‘rsatuv va radioeshittiruvlar tashkil etildi.
Libretto (ital. „libretto“ — kitobcha) opera, operetta, musiqali drama, oratoriya, kantatalar uchun yozilgan badiiy asar matnidir. Uning sujeti ba’zan she’r, ba’zan nasr bilan yoziladi. Librettoning matni musiqa bilan uzviy bog’langandagina (so‘z san’atkori va kompozitor mehnati uyg‘unlashganda) to’liq ta’sir kuchiga ega bo’ladi. Libretto dramaturgiya qonun-qoidalariga amal qilib yozilsa-da, uning sujeti ko‘proq ariya va ansambllarning ta’sirchanlik xislatlari bilan bog’lanadi. „Bo‘ron“, „Maysaraning ishi“, „Zaynab va Omon“ kabi operalarning librettolari aytilgan mulohazalarga asosdir.
* * *
Biz yuqorida adabiy jarayon taraqqiyoti davomida shakllangan tur va ba’zi janrlarning qonun-qoidalarini o‘rgandik. Buning nima zarurati bor? „Naqadar baland chiqsang shu qadar ko‘pni ko‘rasan“, degan maqolning mag‘zidan kelib chiqsak, san’atkor qanchalik janr qonun-qoidalarini, texnikasini egallasa, u shu qadar yuksak asarlar yarata oladi. Chunki badiiy asarlar janrining eng zurur talabi va xususiyatlarigina uzoq davrlar va ijodiy jarayon taraqqiyoti davomida yashab qolgan, billurdek sayqallashganki, ularni mukammal bilmasdan (bor tajribalarini, saboqlarini o‘rganmasdan) yuksak mahoratli san’atkor bo’lish mumkin emas. Bu haqiqatni yozuvchilar ham tasdiqlaydilar. Jumladan, Abdulla Qahhor „Hayot haqiqatidan badiiy to‘qimaga“ maqolasida yozadi: „...har bir janr o‘ziga xos xususiyatlarga, uzoq yillar davomida jahondagi adabiyotchilar va o‘tib ketgan yozuvchilar to‘plagan maxsus priyomlar kompleksiga ega bo’ladi, buni e’tiborga olmaslik, bugungi kunda gugurtning mavjudligidan o‘zini bexabarlikka solib, ikkita chaqmoq toshni bir-biriga urib o‘t yoqishga urinishday tentaklikdir“.
Yoki janrlarning xususiyatlarini chuqur o‘rganmasdan turib, yuzaki fikrlar yuritish noto‘g‘ri xulosalarga olib kelaveradi. Natijada, „Povest o‘zbek adabiyotshunosligida „Qissa“ deb yuritiladi“ (Abdulla Ulug‘ov, 63- bet), „Sharqda poema „doston“ deb yuritiladi“ (Erkin Xudoyberdiyev, 196- bet) kabi asossiz fikrlar haqiqatdek aytilaveradi.
Demak, o‘qish va o‘rganishsiz, to‘plangan ijodiy saboq va tajribalarni chuqur o‘zlashtirishsiz — o‘zida mehnatga nisbatan mehr va hurmatni tarbiyalamasdan adabiyot dargohida yangilik kashf qilish judayam qiyin. Janrlarni o‘rganmay turib uni tushunish, o‘sha janrda yuksak asarlar yaratish ham mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |