Maktabgacha va umumiy o’rta ta’limda kompetensiyaviy yondashuvni tatbiq qilish imkoniyatlari.
Maryam Quramboyeva
Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi 33-umumiy o`rta ta`lim maktabi direktori
O’zbekiston mustaqillika erishgan dastlabki kunlardanoq yoshlar ta’lim tarbiyasiga, ularning intelektual salohiyatiga jiddiy e’tibor berila boshlandi.
Yosh avlodni yuksak ma’naviyatli, chuqur ilmli, keng mushohadali, vatanparvar, buyuk davlat barpo etish yo’lida ijodkor va faol qilib tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Respublikamizda bu borada keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat- yengilmas kuch” asarida bu xususida shunday degan edi: “… oxirgi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirgan, ko’lami va mohiyatiga ko’ra ulkan ishlarimiz biz ko’zlagan ezgu niyatlarimizga erishish, hech kimdan kam bo’lmaydigan hayot barpo etish, yoshlarimiz, butun xalqimizning ma’naviy yuksalishi yo’lida mustahkam zamin yaratdi, desak hech qanday xato bo’lmaydi”.
Yurtimizda faol, iqtidorli va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, zamonaviy bilim hamda kasblarni chuqur egallagan- bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo’lgan yoshlarni voyaga yetkazish uchun barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilgan.
Umumiy o`rta ta`limda kompetensiyaviy yondashuvni tatbiq etish haqida gap ketganda kasbiy ta`limdan farqli ravishda “umumta`limiy kompetensiya” tushunchasini ta`lim amaliyotiga tatbiq etish maqsadga muvofiqdir. Chunki umumiy o`rta ta`lim maktabi o`quvchisi hali ma`lum bir kompetensiyani o`zida to`liq aks ettira olmasa ham, unung ayrim komponentlarini amalga oshirishga qodir.
Maktabning boshlang`ich sinflarida yangiliklarni amalga oshiradigan kuch boshlang`ich sinf muallimidir. Bu vazifani amalga oshirish uchun maktabda hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan boshlang`ich sinf o`qituvchilarining kasbiy mahoratini yuqori darajaga ko`tarishimiz zarur. Maktab rahbarlari bu talabni bajarish uchun maktabda faoliyat yuritayotgan boshlang`ich sinf o`qituvchilaridan tajribali, ijodkor va izlanuvchan o`qituvchilarning “Kasbiy mahoratni oshirish ustaxonasi” tashkil qilindi. “Kasbiy mahoratni oshirish ustaxonasi”dagi ustoz o`qituvchilar yosh mutaxassislarga berkitilgan va ularga uslubiy yordam ko`rsatish yo`lga qo`yildi. Shuningdek ustaxonalar metod birlashma rahbarlari tomonidan boyitib borilmoqda. Bunday ustaxonalar barcha metod birlashmalarda tashkil qilindi. Bular o`quvchilarda kompetensiyalarni shakllantirish imkoniyatini kengaytirdi.
Gumanitar fanlan metod birlashmasi o`z ustaxonasini adabiyot faniga doir xrestomatiyalar, yangi nashrdagi testlar to`plami,multimediyalar bilan to`ldirdi. Maktabda matematika fani o`qituvchilari tomonidan “Kichik akademiya” tashkil qilingan bo`lib , unda o`quvchilarning shaxsiy qobiliyatini yanada oshirish va rivojlantirish maqsadida ilg`or ish tajribalar , dars ishlanmalar va shaxsiy qobiliyatni rivojlantiruvchi testlar banki yaratilgan. “Kichik akademiya”da ilmiy- metodik bo`lim, iqtidorli o`quvchilar bilan ishlash bo`limi, ko`rgazmalar bo`limi tashkil etilgan. Boshqa metod birlashma a`zolari ham “Kasbiy ustaxona”larini muntazam ravishda yangi nashrdagi ilmiy-metodik adabiyotlar va ko`rgazmalar bilan boyitib bormoqdalar.
Maktabda o`quvchilarda kompetensiyalarni shakllantirishning yana bir imkoniyati o`quvchilar faoliyatini nazorat qilish yuksak darajada yo`lga qo`yilganligi bo`lib, maktabda o`tkazilayotgan ichki nazoratda o`quvchilardan olinayotgan yozma ishlarning ko`p variantlilik asosida o`tkazilishidir. Bu har bir o`quvchining aqliy faoliyati va shaxsiy imkoniyatlarini aniqlashda yordam bermoqda.
Buning natijasida maktab tumanda o`tkazilgan fan olimpiadalari va “Bilimlar bellashuvi” natijasiga ko`ra umumiy o`rta ta`lim maktablari o`rtasida birinchi o`rinni egallab kelmoqda. Joriy o`quv yilida to`qqiz nafar o`quvchimiz viloyat bosqichiga qatnashdi. Ulardan ona tili fanidan 5-sinf o`quvchisi Yo`ldosheva Maftuna 1-o`rinni, 6-sinf o`quvchisi Mammatova Xurshida 2-o`rinni; geografiya fanidan 7-sinf o`quvchisi Baxtiyorova Shohina 2-o`rinni, 7-sinf o`quvchisi Sotimova Gulzoda 3-o`rinni, 7-sinf o`quvchisi Sa`dullayev Nodirbek nemis tili fanidan 2- o`rinni, 8-sinf o`quvchisi Sotimboyeva Shohista nemis tili fanidan 4-o`rinni, 9-sinf o`quvchisi Jumaniyozova Mahliyo ingliz tili fanidan fahrli 3-o`rinni qo`lga kiritdi.
Maktabning yana bir o`ziga xos tadbirlaridan biri yil boshida “Eng iqtidorli o`quvchi” , “Eng zukko o`quvchi”, “Eng kuchli sportchi”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Eng yaxshi qo`shiqchi”, “Eng yaxshi rassom”, “Kim qaysi o`rinda” ko`rik -tanlovlari e`lon qilinib muntazam o`tkazilishidir.
Maktab hayotida faol ishtirok etayotgan , odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o`rnak bo`layotgan o`quvchilarning ota-onasini ma`naviy rag`batlantirish ta`lim-tarbiya sifatiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.Xususan, “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas`uliyatli ota-ona”, “Na`munali ona”, “Mehribon buvi”, “Jonkuyar bobo”, “Tashabbuskor buvi” kabi naminatsiyalar bo`yicha g`oliblar aniqlanib borilib , yil yakunida moddiy va ma`naviy rag`batlantirish ota –onalarning bola tarbiyasiga e`tiborini yanada oshirdi.
Umumiy o`rta ta`limda kompetensiyaviy yondashuvni tatbiq qilish imkoniyatlarining eng asosiysi dars jarayoni sifatli tashkil qilishdir.
Hozirgi kunda ta`lim tizimida ta`lim –tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish uchun yangi innavatsion texnologiyalardan foydalangan holda dars o`tish keng joriy qilinmoqda. Bunday o`qitish metodi interfaol deb nomlanadi.Umumiy o`rta ta`lim maktablarida ona tili va adabiyot fanlarida bu metodlar yoshlar dunyoqarashining shakllanishida , og`zaki va yozma nutqining rivojlanishi va ravon bo`lishiga , darsda barcha o`quvchilar faol qatnashishiga , ularning o`zaro hamkorlikda bilim olishlariga yo`l ochib bermoqda.
Darsda turli o`yin va og`zaki so`rovlar , “Klaster” va “Idrok xaritasi”ni yaratish , rasmlarga qarab gap tuzish , test savollarining turli darajalarini bajarish , muammoli vaziyatlarni tahlil qilish dars samaradorligini oshiribgina qolmay, balki mashg`ulotning qiziqarli kechishiga sabab bo`ladi. Biz bu jarayonda nafaqat dars samaradorligini oshiramiz, balki o`quvchilarda tayanch va xususiy kompetensiyalarni shakllantirib boramiz.
Umumiy o`rta ta`lim maktablarida ayniqsa, ona tili ta`limining oldiga qo`yilgan bosh maqsad –o`quvchining mustaqil fikrlash , og`zaki va yozma nutqni to`g`ri va ravon ifodalash ko`nikmalarini shakllantirishdan iboratdir.
Ona tili fanida “Ma`nodosh so`zlar” mavzusini o`rganish jarayonida o`quvchilarga “Klaster” metodi asosida Vatan so`zining ma`nodoshlarini topish topshirig`i beriladi. O`quvchilar o`lka , yurt, diyor, Ona yer, maskan kabi bir necha ma`nodosh so`zlarni topadilar va ularga gap tuzadilar.Ma`nodosh so`zlarni topish va gap tuzish jarayonida kommunikativ kompetensiya shakllanadi. O`quvchilar bu ma`lumotlarni boshqasidan ajratib bilishdi bu-axborot bilan ishlash kompetensiyasining bir elementi shakllanganligidan darak beradi. Vatanini asrab-avaylash, uning yuksalishi uchun o`z hissalarini qo`shishlari haqida gaplar tuzishdi ,bunda shaxs sifatida o`z –o`zini rivojlantirish , ijtimoiy faol fuqarolik , umummadaniy kompetensiyalarning elementlari shakllanadi.
Adabiyot darslarida ham kompetensiyaviy yondashuvni tatbiq qilish imkoniyatlari juda keng. Masalan , Xudoyberdi To`xtaboyevning “Sariq devni minib” romani obrazlarini “T-chizmasi” metodi orqali tahlil qilish mumkin . Buning natijasida axborot bilan ishlash, shaxs sifatida o`z-o`zini rivojlanish, ijtimoiy faol fuqarolik, umummadaniy kompetensiyasining elementlari shakllanadi.
Geografiya darslarida “Toifalash “, “Taqdimot”, “BBB” metodlaridan unumli foydalansa bo`ladi. “Geografik qobiq” mavzusida “Toifalash metodidan foydalanib kommunikativ, axborot bilan ishlash, shaxs sifatida o`z-o`zini rivojlantirish, ijtimoiy faol fuqarolik ,umummadaniy kompetensiyalarining elementlari shakllanadi.
Matematika darslarida “Tushunchalar tahlili”, “Guruhlarda ishlash”, “Aqliy hujum”, “O`ylab top”, “Boshqotirma”, “Zinama-zina” metod va usullaridan foydalanish tayanch kompetensiyalarni shakllantirishga yordam beradi. Mustahkamlash darslarida “Tushunchalar tahlili” metodida tarqatma materiallari guruh a`zolariga tarqatiladi. O`quvchilar guruh bo`lib , tarqatma materiallarda berilgan tushunchalar bilan tanishib, ularning izohini yozadilar.Belgilangan vaqt tugagach , o`qituvchi tarqatma materiallarda berilgan tushunchalarni o`qiydi, o`quvchilar to`g`ri javobni eshitadi va ekranda slayd orqali to`g`ri javobni ko`rib boradilar.Bu metod orqali kommunikativ, axborot bilan ishlash , shaxs sifatida o`z-o`zini rivojlantirish, matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo`lish hamda foydalalish kompetensiyasi shakllanadi.
Bunday metod va usullar maktabimizning eksperimentator o`qituvchilari tomonidan o`quvchilarda kompetensiyalarni shakllantirishga yo`naltirilgan Davlat ta`lim standartlari va o`quv dasturlari loyihalarini tajriba- tatqiqotdan o`tkazishda keng qo`llanib kelinmoqda. Tahlil natijalariga ko`ra , tajriba –sinov sinflarida nazorat sinflarga nisbatan o`rtacha samaradorlik 3-4% yuqori bo`lmoqda.
Xulosa o`rnida aytish joizki, pedagog o`qituvchilarnning puxta bilimli, o`z kasbining mohir egasi bo`lishi ta`lim sifatini yanada oshiradi. Buning natijasi o`laroq, mamlakatimizda jismonan sog`lom, barkamol avlod voyaga yetadi. Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, “…mustaqil va yangicha fikrlaydigan , zamon talabiga javob beradigan avlodni shakllantirishga erishdik, Vatanimizning ertangi kunini, taqdirini o`z qo`liga olishga qodir bo`lgan farzandlarimiz bugun minbarga chiqmoqda”.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ta`lim muassasalari o`qituvchilari muntazam ravishda o`zining kasbiy bilimi, ko`nikma va malakasini rivojlantirib borishi, fan va texnika yutuqlari, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini o`zlashtirishlari talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |