2025 yilga borib quyidagi maqsadlarga erishish ko‘zda tutilgan:
bank tizimi aktivlarining jami hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari hissasini joriy 15 foizdan 2025 yilga kelib 60 foizgacha oshirish;
banklar majburiyatlarining umumiy hajmida xususiy sektor oldidagi majburiyatlar hissasini joriy 28 foizdan 2025 yil yakuniga 70 foizgacha oshirish;
2025 yilga kelib davlat ulushi mavjud kamida uchta bank kapitaliga zarur tajriba, bilim va nufuzga ega kamida uchta strategik xorijiy investorlarni jalb qilish;
umumiy kreditlash hajmida nobank kredit tashkilotlari ulushini joriy 0,35 foizdan 2025 yilga kelib 4 foizgacha oshirish.
Strategiya Jahon banki ekspertlari yordamida Moliya vazirligi va Markaziy bank mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Bunda xalqaro amaliyot va yondashuvlar, jumladan, MDH va Sharqiy Yevropa tajribasi hisobga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi bank tizimi bugungi kunda bank xizmatlarining an’anaviy sohalari — kreditlash, depozit operatsiyalari, hisob-kitob va kassa kabi xizmatlarini ko‘rsatuvchi 31 ta tijorat bankidan (keyingi o‘rinlarda — banklar) tashkil topgan.
Mamlakatimiz mustaqilligi davrida banklar davlat ishtirokidagi korxonalarni va davlat rivojlanish dasturlarini imtiyozli foiz stavkalarida moliyalashtirishga faol jalb etgan holda muayyan maqsad va vazifalar uchun tashkil etildi. Natijada imtiyozli kreditlarning bank tizimi umumiy portfelidagi ulushi 60 foizdan ko‘proqni tashkil etmoqda.
Bank sektorida davlat ustun mavqega ega — 31 ta bankdan 13 tasining kapitalida davlat ishtiroki mavjud bo‘lib, ularning kapitali bank tizimi jami kapitalning 87 foizidan ko‘prog‘ini, aktivlari esa umumiy aktivlarning 85 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.
2017-yilda boshlangan bank sektorini isloh qilishning faol bosqichi valyuta bozorini liberallashtirish, bank faoliyatidagi eskirgan cheklovlarni olib tashlash va banklarni ularga xos bo‘lmagan funksiyalardan ozod qilish, bank xizmatlari ommabopligini oshirishga qaratildi.
2019-yilda bank tizimida bir qator sifat o‘zgarishlari amalga oshirildi. Xususan:
bank ishining zamonaviy standart va tamoyillariga mos keluvchi yangi tahrirdagi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining qabul qilinishi;
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarining isloh qilinishi;
davlat dasturlarini Markaziy bankning asosiy stavkasidan kam bo‘lgan stavkalarda kreditlash amaliyotidan voz kechilishi va 2021-yildan kreditlashning bozor shartlariga o‘tilishi;
tadbirkorlikni rivojlantirish davlat maqsadli dasturlari doirasida kreditlashning 3 ta bank — AT Xalq banki, “Agrobank” ATB va “Mikrokreditbank” ATBda jamlanishi;
tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan imtiyozli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmining Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi orqali tashkil etilishi;
bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari hisobidan aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy etilishi;
Iqtisodiy faoliyatning asosiy o‘rinlaridan birini egallar ekan, bank tizimining rivojlanish va samaradorlik darajasi ko‘rsatkichlari, qoida tariqasida, turli xalqaro reytinglarga kiritiladi va ularning asosiylaridan biri Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingi hisoblanadi.
Kreditlar ommabopligini va mazkur reytingda O‘zbekistonning mavqeyini oshirish maqsadida 2019-2020-yillarda 4 ta qonun va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta qarori qabul qilindi. Ularga muvofiq:
kreditorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish uchun garov mulkiga qo‘yilgan talablar xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirildi;
garov reyestriga yozuv kiritilgan sana undiruv navbatini va kreditorning boshqa kreditorlar va uchinchi shaxslarga nisbatan ustuvor huquqini aniqlash uchun asos hisoblanadi;
undiruvni mol-mulkka (mulkiy huquqqa) qaratishning yagona tartibi belgilandi;
garovni belgilash va undiruvni unga qaratish tartib-taomillari soddalashtirildi;
qarzdor va kreditorga bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida kelishuv bitimi tuzish huquqi berildi;
bir turdagi kreditorlar tushunchasi kiritildi.
Qayd etilgan choralar milliy qonunchilikni xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirishga, ularni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish esa mamlakat reytingini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Jahon banki reytingida mazkur Strategiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish uchun quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:
1. Kredit axboroti manbalarini kengaytirish va ko‘chmas mulk obyekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kredit reyestrida aks ettirishning yangi mexanizm va vositalarini joriy etish.
2. Qonun hujjatlariga qarz oluvchining qarzini majburiy undirish jarayonida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan huquqlarini himoya qilishni takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish.
3. Davlat personallashtirish markazi, Davlat soliq qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Majburiy ijro byurosi, Davlat xizmatlari agentligi, shuningdek, kommunal xizmatlar tashkilotlari, sug‘urta kompaniyalari va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashgan holda qarz oluvchilarning skoring tizimini yanada takomillashtirish.
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 noyabr kuni bank tizimini isloh qilish va banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, hududlar va tadbirkorlikni rivojlantirishda tijorat banklari rolini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Kredit ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda zarur manba hisoblanadi. Boʻsh mablagʻlarni jalb qilib, ularni kredit sifatida tadbirkor va investorlarga taqdim etadigan tijorat banklari iqtisodiy jarayonlarda muhim oʻrin tutadi.
Bu borada koʻrilgan tizimli choralar natijasida oxirgi ikki yilda banklar tomonidan investitsiya loyihalarini kreditlash koʻlami sezilarli darajada kengayib, kredit portfeli hajmi 3,2 barobar oshdi. Hududlarni rivojlantirish dasturlari doirasida 6 ming 400 ta loyiha uchun 27 trillion soʻmlik kredit ajratildi.
Yigʻilishda bank tizimida ijobiy natijalar bilan birga, qator muammolar ham borligi qayd etildi. Joriy yilda Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga bank sohasi boʻyicha 24 mingdan ziyod murojaat boʻlgani shundan dalolat beradi.
Videoselektorda muammoli kreditlar masalasi muhokama qilindi. Bunday kreditlar jami kreditlarning 1,8 foizidan kam boʻlsa-da, yil boshiga nisbatan oshgani qayd qilindi. Hududlar kesimida muammoli kreditlarning 76 foizi Toshkent shahriga, 5 foizi Qashqadaryo, 3 foizi Buxoro viloyatiga toʻgʻri keladi.
Shuningdek, hokimliklar va tarmoqlar tomonidan ayrim loyihalar puxta ishlab chiqilmagani oqibatida bir qator obyektlar oʻz vaqtida ishga tushmagani va kreditlar qaytishi choʻzilayotgani koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida kredit mablagʻlari ajratilgan ayrim investitsiya loyihalari haligacha boshlanmagani tanqid qilindi.
Uy-joy fondini taʼmirlash va turar joy binolarini barpo etishga qaytarish manbalari va imkoniyatlari toʻliq oʻrganilmasdan kredit ajratilishi natijasida umidsiz qarzlar koʻpaymoqda. Masalan, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va koʻp qavatli uy-joylar qurilishi boʻyicha katta miqdorda muammoli kreditlar mavjud. Ulardan eng koʻpi – Toshkent shahrida 32 milliard soʻm, Qashqadaryo viloyatida 27 milliard soʻm, Andijon viloyatida qariyb 20 milliard soʻm va Buxoro viloyatida 14 milliard soʻmdir.
Davlatimiz rahbari muammoli kreditlarni qaytarish banklarning imkoniyatlarini yanada kengaytirishini, ularni undirish boʻyicha banklar, qarzdor korxonalar, kompaniya va uyushmalar, hududlar rahbarlari birgalikda ish olib borishi zarurligini taʼkidladi.
Banklarning kredit uchun resurslar jamlashdagi faolligi ham yetarli emas. Aholi va yuridik shaxslarning boʻsh mablagʻlarini bank depozitlariga, birinchi navbatda, muddatli va jamgʻarib boriladigan depozitlarga jalb qilish banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash imkonini beradi.
Prezidentimiz tijorat banklari tomonidan xalqaro moliya institutlari kredit liniyalarini yanada koʻproq jalb etish va ularni toʻliq oʻzlashtirishni faollashtirish lozimligini qayd etdi.
Tijorat banklari ustav kapitali asosan davlat ulushi hisobiga oshirilib, xususiy sektor mablagʻlari deyarli yoʻnaltirilmagani jiddiy tanqid qilindi.
Oʻtgan ikki yilda davlat tomonidan banklarning kapitaliga qariyb 1 milliard dollar miqdorida mablagʻlar ajratilgan. Koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan davlat ulushiga ega deyarli barcha banklar, jumladan, “Qishloq qurilish bank”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Asaka” bank, “Agrobank”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank” va “Ipoteka-bank” ustav kapitalida jismoniy va yuridik shaxslarning aksiyalari ulushi keskin kamaygan. Shuning uchun xususiy sektor mablagʻlarini banklarning ustav kapitaliga faol jalb etish kerakligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda tijorat banklarining kuzatuv kengashlari banklarning strategik rivojlanish yoʻnalishlarini belgilash va faoliyatini yaxshilash boʻyicha kutilganidek ishlamayotganiga eʼtibor qaratilib, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligi davlat tasarrufidagi banklarning kuzatuv kengashlari faoliyatini tanqidiy oʻrgangan holda, ular tarkibini tubdan qayta koʻrib chiqishi va samaradorligini oshirishi boʻyicha koʻrsatma berildi. Mamlakatimiz moliya muassasalari faoliyatini takomillashtirish uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash maqsadida mikrokreditlar hajmini keskin oshirish, ularni ajratish tartibini soddalashtirish zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitildi.
Bank sektorida davlatning ustun mavqeyi, banklarning turli davlat dasturlari va korxonalarini moliyalashtirish uchun vositachi sifatida faol jalb qilinishi quyidagi tizimli xatarlar va muammolarga olib keldi:
Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingidagi past ko‘rsatkichlar — reytingning “Kredit olish” yo‘nalishida O‘zbekiston 67-o‘rinni egallab turibdi;
yirik tijorat banklarining tarmoqdagi zamonaviy talablarga muvofiq transformatsiya jarayonlarida ortda qolishi, korporativ boshqaruv standartlari, axborot texnologiyalari mahsulotlari, aktivlar va passivlarni boshqarish, mijozlar bilan aloqa qilish bo‘yicha zamonaviy usullarni amaliyotga joriy qilishda kechikishi;
davlat ishtirokidagi banklarning ustuvor dasturlar, sektorlar va davlat ulushiga ega korxonalarga bozor stavkalaridan past stavkalarda kreditlar beruvchi an’anaviy “rivojlantirish banklari” vazifasini qisman bajarishi. Chet el valyutasida uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirishning mavjudligi daromad egri chizig‘ining pasayishiga olib kelib, bu, o‘z navbatida, davlat ishtirokidagi korxonalar uchun uzoq muddatli kreditlarning qisqa muddatli kreditlardan ko‘ra arzonroq bo‘lishiga sabab bo‘ladi va ularning milliy valyutada emas, balki chet el valyutasida qarz olishini rag‘batlantiradi;
aktivlar va passivlar dollarlashuvining yuqori darajasi mavjudligi, kreditlar va depozitlarning yirik kompaniyalar va iqtisodiyotning alohida sektorlarida jamlanishi banklarni valyuta va kredit xatarlariga, shuningdek, likvidlik xavfiga duchor qiladi. 2020-yil boshida xorijiy valyutada nominallashtirilgan kreditlar jami kreditlar hajmining 48 foizini, chet el valyutasidagi depozitlar va fondlar esa jami depozitlar hajmining 44 foizini tashkil etadi. Davlat ishtirokidagi banklar tomonidan berilgan kreditlar umumiy hajmining 36 foizi 10 ta eng yirik qarz oluvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi;
banklar biznes-modellarining korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilganligi, nobank moliya tashkilotlari, innovatsiyalar va axborot tizimlarining sust rivojlanganligi sababli moliyaviy ommaboplikning past darajadaligi. Natijada, boshqa mamlakatlarda jismoniy shaxslar va korporativ mijozlarga ajratilgan kreditlar bir me’yorda taqsimlangan bir vaqtda, mamlakatimizda jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar jami kredit portfeli hajmining 19 foizini, korporativ mijozlarga ajratilgan kreditlar esa 81 foizni tashkil etmoqda;
nobank kredit tashkilotlari, shu jumladan mikromoliyalashtirish institutlarining yetarli darajada rivojlanmaganligi. Buning oqibatida faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar qatlamini qamrab oladigan, ularning bosqichma-bosqich bank kreditlarini jalb qila oladigan to‘laqonli biznes darajasigacha “o‘sishiga” imkon yaratuvchi samarali mexanizmlar yaratilmagan.
Ta’kidlash lozimki, respublikamiz bank-moliya tizimini isloh qilish va mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar banklarning kapitallashuv darajasini oshirish, iqtisodiyotni kreditlash ko‘lamini kengaytirish, ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari spektorlarini ko‘paytirish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda bank tizimining rolini oshirish imkonini berdi.
Shu bilan birga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari sifatini yanada oshirish hamda tadbirkorlik subyektlari bilan to‘laqonli hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish uchun tijorat banklarining ish uslublarini tubdan yaxshilash, aholi va xo‘jalik subyektlarining bank tizimiga ishonchli institutsional hamkor sifatida qarashlarini mustahkamlash vazifalari dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ichki valyuta bozorini liberallashtirish sharoitida tijorat banklarining barqarorligi va moslashganligi bo‘yicha ularni stress-testlardan o‘tkazish natijasida banklarning moliyaviy holati va valyuta pozitsiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir qator kamchiliklar aniqlandi, o‘z navbatida ularning oqibatlari banklarning likvidligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-5177-sonli Farmoni, shuningdek, bank tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, xalqaro tajribani hisobga olgan holda, bank tavakkalchiligini baholashni takomillashtirish, tijorat banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishning zamonaviy tamoyillari hamda mexanizmlarini joriy etish maqsadida:
1. 2017-yilning 1-oktabridan ustav kapitalining (fondining) minimal miqdori yangi tashkil etiladigan:
tijorat banklariga — 100,0 mlrd.so‘m;
mikrokredit tashkilotlariga — 2,0 mlrd. so‘m;
lombardlarga — 500 mln.so‘m etib belgilansin.
Tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar 2019-yilning 1-yanvarigacha ustav kapitallarining minimal miqdorlarini mazkur bandga muvofiq belgilangan minimal talablar darajasiga keltirilishini ta’minlasin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Asaka” ATBning avval xorijiy valyutada shakllantirilgan ustav kapitallarini belgilangan tartibda xorijiy valyutani sotish yo‘li orqali milliy valyutaga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, mazkur bandga muvofiq, tijorat banklari tomonidan valyuta mablag‘larini sotishdan olingan daromad (foyda) soliqqa tortish bazasiga kiritilmaydi va ularning aksiyadorlari ulushini oshirishda foydalaniladi.
3. Tijorat banklari:
xo‘jalik subyektlarining muddati o‘tgan debitorlik va kreditorlik qarzlarining yuzaga kelishi;
xo‘jalik subyektlarining bank kassalaridan olgan naqd puldan maqsadli foydalanishlari ustidan nazorat qilish kabi ularga xos bo‘lmagan funksiyalardan ozod etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tizimli asosda quyidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishni va amalga oshirishni ta’minlasin:
tijorat banklari faoliyatiga umume’tirof etilgan zamonaviy normalar, standartlar va baholash ko‘rsatkichlarini joriy etish, bank-moliya tizimi ko‘rsatkichlarini xalqaro reyting baholash tashkilotlari hamda milliy mustaqil reyting baholash tizimiga muvofiq xolisona baholashni yanada takomillashtirish;
xalqaro bank nazorati tamoyillari talablari doirasida tijorat banklarining kapitallashuvi yetarliligi, likvidlik va barqarorligi bo‘yicha talablarni bajarishni ta’minlash;
bank tavakkalchiligini boshqarish va baholash tizimini, shu jumladan, tijorat banklarida tavakkalchilik-menejmenti tizimini, xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi va ekspertlarini jalb etib, Bank nazorati bo‘yicha bazel qo‘mitasi tavsiyanomalarini hisobga olgan holda takomillashtirish;
banklarning raqobatdoshligi darajasini oshirish hamda banklarni ilg‘or bank amaliyoti asosida faoliyat yuritadigan tizimga aylantirish;
bank-moliya xizmat ko‘rsatish sohasida aholining moliyaviy savodxonligi hamda huquqlarini himoya qilish darajasini oshirish;
aholining mamlakatimiz bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, mijozlarning bank tizimiga bo‘lgan talablarini doimiy monitoring qilib borish, bank xizmatlari ko‘rsatish madaniyatini oshirish, mijozlarning ehtiyojlarini qanoatlantiradigan ilg‘or bank xizmatlari ko‘rsatish.
5. Quyidagilar tijorat banklariga tavsiya etilsin:
2018-yilning 1-apreligacha banklarni ilg‘or amaliyot va xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritadigan moliyaviy barqaror va raqobatdosh muassasasiga sifatli transformatsiya qilishga yo‘naltirilgan uzoq muddatli rivojlantirish strategiyalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish va tasdiqlash;
bank tavakkalchiligi va uning vujudga kelishini barvaqt aniqlash, oldini olish va bartaraf etishda bank imkoniyatlarini oshirish uchun turli ssenariylarni qo‘llagan holda, har chorakda likvidlik pozitsiyalarining stress-testlarini olib borish;
banklar aksiyadorlarining manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan bank aktivlari tuzilmasi va kredit portfeli holatini yaxshilash, shuningdek, xorijiy valyutada berilgan, ishlamayotgan kreditlar ulushini kamaytirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rish;
kreditlarni so‘ndirish muddatlari va tasdiqlangan jadvallarga qat’iy rioya qilishni, kreditlar bo‘yicha qarzdorlarning muddati o‘tgan qarzdorliklarning hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barcha zarur chora- tadbirlarni ko‘rish, bankning to‘lay olish qobiliyatidan kelib chiqib, kreditlar bo‘yicha muddatlar va foizlar stavkalarini belgilash hamda zarar ko‘rib ishlayotgan tashkilotlarni kreditlash amaliyotini tugatish;
bankning oqilona daromaddorligini hisobga olgan holda, bank xizmatlari jozibadorligini oshirish va yangi mijozlarni jalb etish maqsadida tarif siyosatini maqbullashtirish;
bank-moliya faoliyati sohasidagi kadrlarni, ayniqsa tavakkalchilik-menejmenti masalalari uchun javobgarlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
6. O‘zbekiston banklari uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2017 — 2021-yillarda ilg‘or bank amaliyoti asosida bank-moliya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari kompleksi (keyingi o‘rinlarda — Chora-tadbirlar kompleksi) 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, vazirliklar va idoralar, tijorat banklarining rahbarlari zimmasiga Chora-tadbirlar kompleksida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
7. Tijorat banklari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ikki oy muddatda 2017-2018-yillarda maqsadli va hududiy dasturlar doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarida import o‘rnini bosish xarajatlari qismini to‘lash uchun konvertatsiyani xorijiy kredit liniyalari va mahalliy tijorat banklarining xorijiy valyutadagi kreditlariga almashtirish masalalari har bir qarzdor bilan ishlab chiqilishini ta’minlasin.
8. Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari — loyihalar tashabbuskorlari, mas’ul ijrochi tashkilotlar rahbarlari bilan bir qatorda — investitsiya loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi, shuningdek, har yili tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish manzilli dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishga ajratilgan kredit resurslaridan samarali va maqsadli foydalanilishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi.
9. Belgilansinki, vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari tomonidan quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:
tijorat banklari va ularning filiallari faoliyatiga aralashish, shu jumladan, kredit portfeli va bank aktivlarini shakllantirish bilan bog‘liq tadbirkorlik tavakkalchiligini boshqarish, shuningdek, tasdiqlangan biznes-rejalarda nazarda tutilmagan xayriya va badal xarajatlarini amalga oshirish;
tijorat banklarining ijobiy hulosalarisiz, ularning resurslari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning davlat va hududiy dasturlariga kiritish.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tijorat banklarining faoliyatiga davlat organlarining ma’muriy aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik qismi bo‘yicha banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ijro etish yuzasidan nazoratni kuchaytirsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yilgi O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirishda xorijiy moliya institutlariga, chet el va mahalliy tijorat banklariga berilgan kreditlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolatlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlar qismida tegishli mablag‘lar nazarda tutilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3096-sonli qarori 3-ilovasining 25-bandi ikkinchi xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki viloyat boshqarmalari bo‘lim boshliqlarining o‘rinbosarlari” so‘zlari chiqarib tashlansin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 2-ilovaga* muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Hulosa
Fikrimizcha, mazkur maqolada taklif etilgan metodologik ishlanmaning bank amaliyotiga joriy etish quyidagi strategik ustuvorliklarni berishi mumkin:
birinchidan, bank strategiyasini ishlab chiqish jarayoni rasman qabul qilingan va tegishli tartibda tasdiqlangan hujjat shakliga keltiriladi. Va shu asosda kelgusida umumbank, shuningdek, hududiy boshqarmalar hamda filiallar darajasida strategiyani ishlab chiqish jarayonining sifatini maʼlum darajada oshirishga xizmat qiladi;
ikkinchidan, bank strategiyasini ishlab chiqish mexanizmining aniq tarkibiy tuzilmaga va mantiqiy ketma-ketlikka ega boʻlgan tizim sifatida ifodalanishi hamda mazkur jarayonni avtomatlashtirish imkoniyatini kengaytiradi. Bu bilan kelgusida strategiyani ishlab chiqish, amalga oshirish va nazorat qilish jarayonlarini boshqarish hamda tezkor monitoringdan oʻtkazish imkoniyatini kengaytirgan holda mazkur yoʻnalishlardagi operatsion xarajatlarni sezilarli darajada kamayishiga erishiladi;
uchinchidan, bank strategiyasini ishlab chiqish tizimi bank faoliyatining alohida yoʻnalishlari boʻyicha funksional strategiyalar va siyosatlar oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik darajasini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida umumbank va alohida tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini bank strategiyasi doirasida baholash imkoniyatini kengaytiradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida” Qaror qabul qildi. Qarorning asosiy maqsadi bank tizimining moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini yanada oshirish, tijorat banklarining resurs bazasini mustahkamlash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning investitsiyaviy faolligini rag'batlantirish, shuningdek umum qabul qilingan xalqaro me'yor va standartlarga muvofiq bank faoliyatini tashkil etishni yanada yuqori darajaga chiqishini ta'minlashdan iborat. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan O'zbekiston Banklar uyushmasi va mamlakatning tijorat banklari bilan birgalikda Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va likvidliligini yanada oshirish, ularning resurs bazasini rivojlantirish bo'yicha ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, qarorda xalqaro me'yor va standartlarga muvofiq, shu jumladan depozit va kredit siyosati sohasida respublika banklariga nisbatan qo'yilayotgan me'yoriy talablarni yanada takomillashtirish, tijorat banklarining resurs bazasini mustahkamlash, omonat va depozitlarning yangi jozibador turlarini joriy qilish yo'li bilan aholi va xo'jalik sub'ektlarining bo'sh pul mablag'larini bank aylanmasiga keng ko'lamda jalb etish chora-tadbirlarini amalga oshirish belgilab qo'yilgan.
Bundan tashqari, yetakchi xorijiy banklar va moliya institutlarida boshqaruvni tashkil etish tizimini chuqur o'rganish asosida tijorat banklarida korporativ boshqaruv usullari, shu jumladan xatarlarni boshqarish va ichki nazoratni yaxshilash usullarini takomillashtirish, ilg'or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etgan holda ko'rsatilayotgan bank xizmatlari ko'lamini kengaytirish va sifatini oshirish, shuningdek bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini kengaytirish tadbirlari ham xujjatda qayd etilgan.
Ushbu Chora-tadbirlar kompleksida nazarda tutilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarda sifatli bajarilishi– Markaziy bank, tijorat banklari, vazirlik va idoralar tomonidan ta'minlanadi.
Darslik va o‘quv adabiyotlari
Do'stlaringiz bilan baham: |