Tugatilayotgan soliq to‘lovchilarda soliq auditini o‘tkazish xususiyatlari Ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan tadbirkorlik subyektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlarda soliq auditi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risidagi nizom qoidalari qo‘llanilmaydigan korxona va tashkilotlar tugatilishida soliq auditi ularni tegishliligi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning xabarnomasi yoki ularning arizasiga binoan amalga oshiriladi.
Soliq organida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasida soliq auditi uning soliq organida hisobga qo‘yilishiga asos bo‘lgan arizada yoki unga ilova qilingan shartnomada (mavjud bo‘lgan taqdirda) ko‘rsatilgan muddat tugaganda o‘tkaziladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud bo‘lmagan tijorat tashkilotlarida soliq auditi o‘tkazilmaydi.
Ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan soliq to‘lovchida soliq auditi oxirgi soliq auditidan keyingi soliq davrini, lekin soliq auditi o‘tkazilayotgan yildan oldingi uch yildan oshmagan davrni qamrab olishi mumkin.
Hudud va binolarni ko‘zdan kechirish Soliq organlarining bevosita soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslari ko‘rsatilgan obyektlar to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlarning tekshirilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asoslangan ma’lumotlarga muvofiqligini aniqlash maqsadida tekshirilayotgan shaxsning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan hududlarini yoki binosini yoxud soliq solish obyektlarini ko‘zdan kechirishni o‘tkazishi mumkin.
Hudud va binolarni ko‘zdan kechirish xolislar ishtirokida amalga oshiriladi hamda zarur bo‘lgan hollarda, ko‘zdan kechirish chog‘ida fotosuratga olish va videoyozuvga tushirish amalga oshiriladi, hujjatlardan ko‘chirma nusxalar olinadi yoki ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq boshqa harakatlar bajariladi.
Bevosita soliq auditini o‘tkazuvchi soliq organlari mansabdor shaxslarining tekshirilayotgan shaxsning hududiga yoki binosiga kirishi ushbu mansabdor shaxslar tomonidan xizmat guvohnomalari va soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) ushbu shaxsning soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i (qarori) taqdim etilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Soliq organlarining soliq auditini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslariga mazkur hududlarga yoki binolarga (bundan turar-joy binolari mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilingan taqdirda soliq organining mansabdor shaxsi o‘zi va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadigan dalolatnomani ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda tuzadi. Bunday dalolatnoma asosida soliq organi tekshirilayotgan shaxs to‘g‘risida o‘zida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar yoki xuddi shunday soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini mustaqil tarzda aniqlashga haqli.
Tekshirilayotgan shaxs ko‘rsatilgan dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda mazkur dalolatnomaga tegishli qayd kiritiladi.
Soliq auditini o‘tkazuvchi shaxsga hududlarga yoki binolarga (bundan turar joy binolari mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilingan yoki soliq to‘lovchi ro‘yxatga olish ma’lumotlarida ko‘rsatilgan manzilida joylashmagan taqdirda, soliq organlari Soliq kodeksining 111-moddasiga muvofiq soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turishi mumkin.
Hudud va binolarni ko‘zdan kechirish uchun ularga kirishga to‘sqinlik qilingan holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilganidan keyin soliq to‘lovchi tomonidan hudud va binolarga kirishga ruxsat berilgan taqdirda, soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinadi hamda ko‘zdan kechirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Hudud va binolar ko‘zdan kechirish natijasida ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda bayonnoma tuziladi.
Agarda mazkur soliq solish bilan bog‘liq obyektlar boshqa viloyat hududida joylashgan taqdirda, ushbu obyektlarni ko‘zdan kechirish, soliq to‘lovchining mol-mulkini xatlovdan o‘tkazish va savdo qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish soliq auditini o‘tkazuvchi shaxsning murojaati asosida obyekt joylashgan joydagi soliq organi rahbarining (o‘rinbosarining) buyrug‘iga binoan amalga oshiriladi.
II BOB
2.1 Soliq auditi o’tkazish bo’yicha nizom
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining
Qarori