Ishning yangiligi:
Ahmad Yugnakiyning “Hibat-ul haqoyiq” asarida qo‘llangan badiiy san’atlar haqida ma’lumot berildi.
Kurs ishining manbai:
Ushbu kurs ishining manbai sifatida A. Yugnakiyning “Hibat-ul haqoyiq” asari olindi.
Kurs ishining ilmiy yangiligi : A. Yugnakiyning “Hibat-ul haqoyiq” asaridagi sh’eriy san’atlar,ularning asardagi ahamiyati o‘rganildi.
Kurs ishining tarkibi va tuzilishi: Kurs ishi kirish, II asosiy bob,xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat. Ishning umumiy hajmi 35 sahifani tashkil qiladi.
I bob. Ahmad Yugnakiyning “Hibat-ul haqoyiq” asarida adibning badiiy mahorati,asarda sheriy san’atlarning o‘rni
“Hibat-ul haqoyiq” dostonida haqida fikr yuritishdan avval,she’riy san’atlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni joiz deb bildik. Hamma vaqtda ham u yoki bu ijodkor salohiyati haqida so‘z borganda uning nimalarni tasvirlagani emas,qanday tasvirlaganiga e’tibor qaratilgan.Jumladan,adabiy asarlarda she’riy san’atlardan foydalanish mahorati hamma asrlarda badiiy san’atkorlikning asosiy qirralaridan biri sifatida baholangan.Ma’lumki,she’riy san’atlar badiiy asarda ifodalangan g‘oyalarning hayotiyroq,ta’sirchanroq ifodalanishiga ,lirik va epik timsollarning yorqinroq gavdalantirilishiga ,misralar ,baytlar,bandlarning lafziy nazokati,musiqiyligi,jozibadorligini ta’minlashga xizmat qilgan.U yoki bu shoir ijodiga , u yoki bu badiiy asarga baho berilar ekan ,ijodkor ifodalayotgan g‘oya o‘z aksini topgan ijtimoiy –siyosiy ,falsafiy-axloqiy,ma’rifiy-tarbiyaviy muammolar mohiyati va ko‘lami ,badiiy timsollar jilosi bilan bir vaqtda qo‘llangan she’riy san’atlarning rang-barangligi ,mantiqiy asoslanishi,asar mazmunini ochishdagi o‘rni va ahamiyati kabi masalalarga ham alohida diqqat qilingan.Adabiyotimiz tarixi shundan dalolat beradiki,she’riy san’atlar shoir badiiy salohiyatini ko‘z-ko‘z qilish,uning xilma-xil san’atlardan mohirona foydalanish usullarini namoyish etish emas,balki ijodkor badiiy tafakkur dahosining ko‘lami,yuksak ijtimoiy-axloqiy g‘oyalarni jilolantirish san’atkorligi ifodasi bo‘lib kelgan.(2;4)Ko‘plab shoirlarimiz she’riy san’atlarning har biri muayyan g‘oyaviy-badiiy niyatga xizmat qilishi lozimligini yaxshi anglaganlar.Xuddi shunday Ahmad Yugnakiyning “Hibat-ul haqoyiq” dostonida fikr yuritilgan mavzularni kuzatish davomida baytlarda qo‘llangan she’riy san’atlarni aniqladik , va ushbu she’riy san’atlar muallif fikrining yanada tushunarli bo‘linishi,o‘z g‘oyasini o‘quvchiga singdirishda muhim rol o‘ynaganligini bilib oldik.
“Hibat-ul haqoyiq” dostoni,uning tarkibi va tuzilishi
Ahmad Yugnakiy iste’dodli shoir va donishmand murabbiydir.Undan saqlanib qolgan yagona adabiy meros – “Hibat-ul haqoyiq” badiiy so‘z san’ati va adabiy tilning qimmatli hamda nodir bir yodgorligidir. Uning hayot yillari,turmushi va boshqalar ma’lum emas. “Hibat-ul haqoyiq”ning ayrim misralari va uning nusxalariga boshqalar tomonidan yozilgan qaydlar shoirning hayoti va faoliyati haqida bir oz bo‘lsa ham tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Adib Ahmad Yugnakiyning shaxsiy hayoti va tug‘ilib o‘sgan yeri haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Yugnakiy haqidagi ma’lumotlarni XV asrga oid Alisher Navoiy, Arslon hoja Tarxon va boshqa ba’zi shaxslar qaydlaridan bilib olamiz. Manbalarda ko‘rsatilishicha, shoirning tug‘ilgan joyi Yugnak bo‘lib, bu nomdagi qishloqlar Samarqand, Turkiston atrofida, Farg‘ona vodiysi va Sirdaryo bo‘ylarida ham mavjud bo‘lgan. XII asrda yashagan mashhur muarrix Abulkarim as-Samʼoniy "Al-Ansob" ("Nasabnoma") kitobida shunday yozadi: "Bu nisba (taxallus) "Yugnak"dan va bu (joy) Samarqand qishloqlaridan. Bu nisba bilan Abuhomid Ahmad ibn Abu Ahmad al-Yugnakiy mashhurdirlar". Tarixiy manbalardan Ibn Xavqal asarida Yugnak shahrining Samarqand atrofida joylashganligi ta’kidlanadi. Arat Rahmatiy Ibnul Ya’qubning “Yugnak” nomi “Ag‘naq” shaklida yozilishi haqidagi fikriga tayanib, uning Samarqand atrofida joylashganini ta’kidlaydi.Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Adib Ahmad haqida shunday ma’lumotlarni yozib qoldirgan: “Adib Ahmad ham turk elidan ermish…Derlarki, ko‘zlari bitov ermishki ,also zohir ermas ermish…Ammo bag‘oyat ziyrak va zakiy va zohid va muttaqiy kishi ermish… Maskani Bag‘doddin necha yig‘och yo‘l erkan.Har kun Imom A’zam darsig‘a hozir bo‘lur erkandur va bir mas’ala o‘rganib bu yo‘lni yayog‘ borur erkandur…va aning tili turk alfozi bila mavoiz va nasoihqa go‘yo ermish. Xeyli elning muqtadosi ermish.Balki aksar turk ulusida hikmat va nuktalar tole’dur”. (1;156) Asarning matnida kitobning yozilgan yili,joyi haqida ma’lumotlar uchramaydi. Uning til xususiyatlari bir qadar mukammal bo‘lib, bir tomondan XI asrda yaratilgan "Qutadg‘u bilik"ka, ikkinchi tomondan XIV asr boshida yozilgan "Qisasi Rabg‘uziy"ga o‘xshab ketadi. Shunga ko‘ra, asarni XII asr oxiri XIII asr boshlarida yaratilgani to‘g‘risidagi xulosaga kelingan. Ushbu asarning bugungi kunda 5ta nusxasi mavjud. “Hibat-ul haqoyiq”ni birinchi bo‘lib turk olimi Najib Osim Istanbuldagi Ayo-Sufiya masjidi kutubxonasida mog‘ul tilidagi risolalar to‘plamidan topadi va fanga ma’lum qiladi.( 4,171). Keyinchalik bir qancha olimlarning o‘rganishlari natijasida “Hibat-ul haqoyiq” Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asaridan birmuncha keyin , XII asrning oxirlari yoki XIII asrning boshlarida yaratilgan degan xulosaga kelindi. Mashhur sharqshunos olim YE.E.Bertels bu asar qadimiy turkiy adabiy tilidan o‘zbek mumtoz adabiy tiliga o‘tishda bir “ko‘prik” bo‘lganini aytadi. Asar tilida qadimiy turkiy so‘zlardan ko‘ra, arab va fors so‘zlarining ko‘p qo‘llangani shundan dalolat beradi. Yugnakiy bu asari bilan o‘zbek adabiy tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan. “Hibat-ul haqoyiq” dostoni –axloqiy-didaktik asar bo‘lib,124 baytdan tarkib topgan.Asarning 14 bobdan iborat ekanligi qayd etilgan bo‘lsa-da ,uning 11 bobi bizgacha yetib kelgan.Mutaxassislarning fikricha , bunday tavofut kotiblar tomonidan ayrim boblarni ko‘rsatuvchi sarlavhalarni tushirib qoldirilishi oqibatida sodir bo‘lgan. Ahmad Yugnakiy Sharq mumtoz adabiyoti an’analariga rioya qilgan va dostonni Alloh hamdi bilan boshlagan. Asarda Alloh vasfi 1-10 – baytlarda o‘z ifodasini topgan.11-19 – baytlar esa so‘nggi payg‘ambar Muhammad alayhissalom va uning to‘rt xalifasiga bag‘ishlanadi. Uchinchi bob 20-30 baytlarni o‘z ichiga oladi. Unda zamonasining hukmdori Dod- Sipohsolorbek ulug‘lanadi.To‘rtinchi bob 34-39-baytlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib , unda shoir dostonning yozilish sababi haqida fikr yuritadi.Yuqorida keltirilgan boblar muqaddimaviy boblar hisoblanib,asosiy qism beshinchi fasldan boshlanadi.(5;67) 5-bob – nma’rifatning,ilmning foydasi,jaholat zarari , 6-bob – til odobi, 7-bob –dunyoning o‘tkinchiligi,8-bob –saxiylik va baxillik , 9 – va 14- boblar turli mavzu va masalalarga bag‘ishlangan bo‘lib, 11- bobda kitobning xotimasi keltirilgan. Asarda biror aniq voqea, hodisa yoki sarguzasht hikoya qilinmaydi. Unda ma’naviyat, ma’rifat va odob-axloq tushuncha va masalalari qahramon va personajlar ishtirokisiz an’anaviy ma’lum tizim asosida izchillik bilan izohlab, bayon qilib boriladi. Umuman, didaktik xususiyatga ega bo‘lgani sababli unda pand-nasihatlar asosiy o‘rin egallaydi. Ma’rifat va jaholat, saxovat va baxillik, kamtarlik va kibr, halol va harom, to‘g‘rilik va egrilik kabi tushunchalar o‘rtasidagi ziddiyatlar va ularning badiiy yechimi asarning umumiy g‘oyasini tashkil etadi. O‘ziga xos axloq kitobi bo‘lgan bu asarga Qur’oni karim va Hadisi sharif ma’nolari singdirilgan. Ushbu asarning bosh g‘oyaviy maqsadi islom dini g‘oyalari asosida inson axloqini takomillashtirish, komil insonni tarbiyalashdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |