Bel umurtqalari – vertebrae lumbales.
Bu bo‘lim umurtqalari ham ko‘krak umurtqalariga o‘xshash bo‘lib, ularda uzun, yassi, lentasimon ko‘ndalang qovurg‘asimon o‘simtalari borligi bilan farqlanadi, hamda bo‘g‘im o‘simtalari yaxshi rivojlangan bo‘ladi.
Bel umurtqalarining soni har xil hayvonlarda turlicha bo‘ladi. Masalan, qoramolda – 6 ta, qo‘yda – 7 ta, cho‘chqada – 6-8 ta, otda – 6 ta , itda – 7 ta. Bel umurtqalarining tanasi uzun, boshi va chuqurchasi tekis, elka o‘simtasi bir tekisda o‘sgan, yon teshigi keng, so‘rg‘ichsimon o‘simtasi yaxshi rivojlangan bo‘ladi.
Dumg‘aza umurtqalari yoki dumg‘aza suyagi – vertebrae sacralis s. os. sacrum.
Dumg‘aza umurtqalari har xil hayvonlarda turli sonda, masalan: qoramolda – 5 ta, qorako‘l qo‘yida – 4 ta, cho‘chqada – 4 ta, otda – 5 ta , itda – 3 ta bo‘ladi. Barcha dumg‘aza umurtqalari birlashib, bitta dumg‘aza suyagini – os. sacrum ni hosil qiladi.
Dumg‘aza suyagining elka o‘simtalari – processus spinosus taroqg‘i– crista sacralis ni hosil qiladi, unda yoylararo teshik bo‘lmaydi. Umurtqalararo kesigi 4 juft dorsal dumg‘aza teshigini – foramen Sacralis dorsalis ni hosil qiladi. Bu teshiklardan qon tomir va nervlar o‘tadi. Ko‘ndalang qovurg‘asimon o‘simtalari uchli yon qism – pars lateralis ni hosil qiladi. Birinchi ikkita ko‘ndalang o‘simtalar to‘rtburchak shakldagi dumg‘aza qanoti – alae osqis sacri ni hosil qiladi. Dumg‘aza qanotida tos suyagi birlashishi uchun quloqsimon bo‘g‘im
maydonchasi – facies auricularis bo‘ladi .
Dum umurtqalari – vertebrae coccygeae s. caudae.
Dum umurtqalarining soni turli hayvonlarda katta farq qiladi: qoramolda – 18 – 20 ta, cho‘chqalarda – 20 – 25 ta, otlarda – 18 – 20 ta, itlarda – 20 – 23 ta. Dum umurtqalari qo‘ylarda 3 tadan 24 gacha bo‘ladi. Qo‘ylar dum umurtqalarining soniga qarab dumsiz, kalta dumli, uzun dumliga bo‘linadi. Dum umurtqalari soni 6 – 7 ta bo‘lsa dumsiz, 16 tagacha bo‘lsa kalta dumli, 16 tadan ko‘p bo‘lsa uzun dumli deyiladi. Qorako‘l quylarda dum umurtqasining soni 16 (18) – 24 tagacha bo‘ladi.
Dum umurtqalarini qoramol misolida tuzilishini o‘rganadigan bo‘lsak, ularda kranial bo‘g‘im o‘simtalari faqat dastlabki 5- 6- umurtqalarda yaxshi rivojlangan, ko‘ndalang o‘simtalari keng, 8 –10-chi umurtqalarda bu o‘simta bo‘lmaydi, 2 – 13-chi umurtqalarning ventral tomonida yaxshi rivojlangan gemal' yoyi – arcus haemalis bo‘lib, undan dum arteriyasi o‘tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |