9-Mavzu: Hayvonlar ko‘ndalang-targ‘il muskul to‘qimalari gistomorfologiyasi o`rganish Reja: 1.Ko‘ndalang-targ‘il muskul to‘qimasining gistomorfologik tuzilishi
2Xususiy muskul to’qima gistomorfologik tuzilishi.
Darsning maqsadi: 1. Ko‘ndalang-targ‘il muskul to‘qimalarining o‘ziga xosliklari bilan tanishish;
2. Til (ko‘ndalang-targ‘il muskul to‘qima) va multipolyar nevrotsit preparatlarini o‘rganish, chizish va belgilash.
Ko‘rgazmali asbob-uskunalar va jihozlar: Mikroskop, gistopreparatlar.
Mashg‘ulotning o‘tkazilish tartibi: -Muskul to‘qimalarining til preparati yordamida o‘rganish.
-Preparatni videokamerali mikroskopda ko‘rsatish.
23-preparat Mushuk tilidagi ko‘ndalang-targ‘il muskul, temirli gematoksilin va Mallori aralashmasi bilan bo‘yalgan (21-rasm).
Preparat til o‘rta qismining vertikal kesimidir. Tilning yuzasi kuchli shoxlanadigan ko‘p qavatli yassi epiteliy bilan qoplangan; tilning dorsal yuzasida u asosi biriktiruvchi to‘qimadan iborat bo‘rtmalar - so‘rg‘ichlar hosil qiladi. Tilning ventral tomonida epiteliy yuzasi tekis; epiteliy ostida bevosita muskularo to‘qima bilan tutashgan biriktiruvchi Yumshoq to‘qima yotadi. Tilning asosini uch o‘zaro perpendikulyar yo‘nalishda joylashgan ko‘ndalang-targ‘il muskul tolalari tashkil qiladi va shuning uchun kesimda ham ko‘ndalangiga, ham uzunasiga kesilgan tolalar uchraydi.
Kichik ob’ektivda uzunasiga kesilgan bir guruh tolalarni topamiz, ularni katta ob’ektivda o‘rganamiz va chizib olamiz. Simplast tipidagi tuzilmalar bo‘lgan muskul tolalarining silindrik shakliga e’tibor qilamiz. Muskul tola preparatda tolaning kontur chizig‘i ko‘rinishidagi sarkolemma (1) bilan chegaralangan. Tolaning periferiyasida muskulning o‘zaklari (2) joylashadi; ular oval shaklga ega, xromatinga boy emas, ko‘pincha ularda o‘zakchalar yaxshi ko‘rinadi. O‘qi bo‘ylab kesilgan tolalarda o‘zaklar tolaning chetida ko‘rinadi; agar kesim tolaning yuza qismlaridan o‘tgan bo‘lsa, o‘zaklar butun kesim maydonida yotishi mumkin. Tolalarda uzunasiga va ko‘ndalangiga chiziqlilik ko‘rinadi; chiziqliliklarning aniq ko‘rinishi tolaning qisqarish darajasiga qarab o‘zgaradi. Uzunasiga chiziqlilik miofibrillalarga (3) bog‘liq. Miofibrillalar tuzilishining ular bo‘yiga qarab bir xil emasligi tolaning ko‘ndalang chiziqliligiga sabab bo‘ladi. Tolaning ko‘ndalang chiziqliligi turlicha bo‘lishi mumkin: ba’zan tolani ko‘ndalangiga kesib o‘tuvchi nisbatan keng disklar ko‘rinadi, bu holda ko‘ndalang chiziqlilik anizotrop (A) disklar (4) va izotrop (I) disklar (5)ning ko‘rinishi bilan bog‘liq; boshqa hollarda ingichka tasmachalar shaklidagi telofragmalar (Z tasmachalar) bilan bog‘liq, chiziqlilik ko‘rinadi. Chiziqlilikning A, I disklar va Z hamda M tasmachalarning ma’lum tartibda navtabma-navbat joylashishi bilan bog‘liq detallarini mikroskopning immersiyasiz ob’ektivlarida ko‘rish qiyin. Muskul tolalari orasida ushbu preparatda ko‘k rangga bo‘yalgan biriktiruvchi to‘qima qatlamchalari ko‘rinadi. Bu muskul tolalarini o‘zaro bog‘lovchi va bevosita sarkolemmaning tolador asosiga aylanuvchi endomeziydir (6).
Muskul tolalarining uzunasiga kesimini qarab va chizib olgach, kichik ob’ektivda qulay ko‘ndalang kesimlarni topamiz, katta ob’ektivda o‘rganamiz va chizib olamiz. Muskul tolalarining ko‘ndalang kesimi qo‘shni tolalarning bir-birini qisishi natijasida goho yumaloq, goho burchakli shaklga ega.
Sarkolemma (1) ko‘ndalang kesimda ancha aniq ko‘rinadi. Muskulning o‘zaklari (2) ko‘ndalang kesimda yumaloq shaklga ega bo‘lib, bunday kesimda ularning periferik joylashishi ayniqsa aniq ko‘rinadi. Miofibrillalar (3) ko‘ndalang kesimda nuqtalar ko‘rinishiga ega. Ba’zan ular tolani bir tekis to‘ldiradi, ba’zan esa miofibrillalar to‘plamining ko‘ndalang kesimiga mutanosib, sarkoplazma qatlamchalari (7) bilan ajralib turuvchi miofibrillyar maydonchalar (8) hosil qilib joylashadi. Sarkoplazma muskul o‘zaklarining atrofida ham ko‘rinadi. Ko‘ndalang kesimda har bir tolani chirmab olgan endomiziy (6) juda aniq ajralib turadi. Muskul tolalarining guruhlari biriktiruvchi to‘qimaning perimiziy (9) deb ataluvchi qalinroq qavati bilan o‘ralgan. Skelet muskullarida butun muskulni (to‘lig‘icha) o‘rab turuvchi va epimiziy deb ataluvchi biriktiruvchi to‘qima qavati ham farq qilinadi. Tilda muskul tolalarining bog‘lamchalari yirik emas va odatda epimiziy farq qilinmaydi. Biriktiruvchi to‘qima hujayralarining o‘zaklari (10) muskulning o‘zaklaridan to‘qroq bo‘yalishi va maydaligi bilan ajralib turadi. Endomiziyning birkitiruvchi to‘qimasida kapillyarlarning (11), perimiziyda esa tomirlar (12) va nervlarning (13) kesimi uchraydi.