www.ziyouz.com
кутубхонаси
62
Ha, bu noyob dur vafomikan? Vafo bo‘lmasa, mehrigiyomikan? Yo‘q, uni mehrigiyo ham dema,
anqo deb ata, javharning yolg‘iziyu durri yagona deb ata. U quyosh yuzidagi chiroyli xatga, tun sochining
o‘rimidagi mushki totorga ham o‘xshab ketadi. Birovning qo‘liga durning kattasi tushib qolsa, bu uning
joni javhariga xavf bo‘lgani kabi, kimda vafo gavhari bor ekan, doim azob-uqubat unga yordir.
Bunday odam kimni ko‘rsa o‘zini unga do‘st deb biladi; unga o‘zining mehrini, gavhardan qimmat
vafodorligini izhor etadi. U kishi yaxshi odammi, yomon odammi, baxti kulganmi, yo‘qmi, bundan
qat’i nazar, unga beixtiyor shafqat ko‘rsatadi. Bunday odam bamisoli ko‘zlarga nur bergan
quyoshga o‘xshaydi. U ko‘zlarni yoritadiyu, lekin buni u o‘zi anglamaydi. Bunday odam go‘yo o‘z
dur qatralarini yo‘l-yo‘lakay sochib ketayotgan bulutga o‘xshaydi. Lekin u bu qilmishi tufayli gul
ochilishidan bexabardir.
Gul o‘zining bog‘ni bezab turganini, isi dimog‘ni muattar etishini qayoqdan bilsin. O‘t ham o‘zining
hamma narsani yondirishidan bexabar. Ichkilikning ham odamni mast qilgani bilan nima ishi bor?
Kimda-kim shu gavhardan boshqa gavharga ega bo‘lmasa, shunday ishlarni qila beradi-yu, lekin
o‘zining xabari bo‘lmaydi.
Bu vafo gavhari qancha sharofatli bo‘lmasin, unga bir qancha g‘aliz sifatlar ham xos. Qaysi bir
kishida bu gavharning boriigi ma’lum bo‘lsa, uning boshiga gavhar o‘rniga toshlar yog‘iladi. Kishi
birovga birorta yaxshilik qilgan bo‘lsa, evaziga ming jafo ko‘rsa ham, jafodan qutula olmaydi. Mevali
daraxtning shoxi qancha meva bermasin, tergan kishi unga shuncha ko‘p tosh otadi. Kon qancha ko‘p
pok gavhar bersa, konchi uning ko‘ksini shuncha ko‘p chok qiladi. Sham uyning ichu tashini qancha
yaxshi yoritsa, uy egasi uning boshini shuncha ko‘p uzadi.
Bu davr shunday o‘ziga xos bir davrki, muhabbatning qo‘li bilan panjalari orasida butunlay
majaqlandi. Quyosh ham boshdan-oyoq mehrdan iborat bo‘lgani uchun har kecha osmon uni yerga
kirgizib yuboradi. Qalam vafodan baxs olib borgani uchun falak muftisi uning yuzini qora qildi. Tezkor
osmon choh boshida aylanadi; quduq esa unga tomog‘idan bo‘g‘ib, dushmanlik qiladi.
Evohki, osmon yengiltaklik bilan aylanishni odat qilgandan buyon bu dunyo uning oldida cho‘loq
bir cholday turadi. Mexr ahliga javr qilish odatmi? Qoida o‘zi shunaqami? Lutfu vafo yo‘lida kim o‘zini
gardga aylantirsa, buning evaziga unga darddan boshqa narsa yo‘qmi? Kimki vafo yo‘lida boshini bersa,
nahot unga to‘lov dakki bo‘lsa! Yoki bu zamon odamlariga birovning asalini olib, uning og‘ziga zahar
quyish asosiy o‘lchov bo‘ldimi? Birovga birov butun bir jannat gulshanining rang va bo‘yiga ega bo‘lgan
hamda yangi ochilgan gul sovg‘a qilsa, buning evaziga u tikandan boshqa narsa bermayotir. Berganda
ham bir emas, yuzta tikan bermoqda.
Xalq shu taqlidda ish tutar ekan, bir odamni topish ishi juda qiyinlashadi. U odam qanday odam
desangiz, u odam shunday odam bo‘lsaki/u bilan do‘stlik ishini tuzish mumkin bo‘lsa, taqdirdan bir
kishiga sitam_yetib, dard tikanlari qadalsa, xaligi odamga bu bir nafas o‘z dardlarini izhor qila olsa, bir
odam zamon xanjaridan yarador bo‘lsa, xasratlashib, xaligi odamdan bir chora tilay olsa; hayotdan bir
kishi biron malollik ko‘rsa, xaligi odam bilan gaplashib, ko‘nglini bo‘shata olsa!
Har qanday odamning boshiga taqdir bir g‘am solsa-yu, lekin uning bir hamdard do‘sti bo‘lmasa,
sirini saqlash uchun tikib qo‘ygan lablarining ipini so‘ka olmasa, ko‘nglida bor gaplarini birovga to‘ka
olmasa, dard uning tanasidan chiqqan shu’lani alangalatib, tutunini osmonning naryog‘iga o‘tkazib
yuboradi. Balo tig‘i ko‘ksini yorib, dard uni bir nafasda xalok qiladi. Osmon g‘am shamoli bilan joniga
urib, umrining xirmonini ko‘kka sovuradi.
Bas, shunday ekan, insonga yaxshi umr yor bilan; umr degani yori vafodor deganidir. Vafo rasmini
qilmagan yor ziyosi yo‘q shamga o‘xshab ketadi. Shamda yonish ozig‘i bo‘lmasa, muz sumalagi kabi
yonmasdan tura beradi. Haqiqiy yor bo‘lsa, unga vafo ham yor deb bil; umrni ham yori vafodor deb bil.
Kimki olamda yorsiz bo‘lsa, u shunday bir sadafki, yaxshi duri yo‘q. Kishi yolg‘iz o‘zi bo‘lsa uning
Алишер Навоий. Ҳайратул-аброр (насрий баёни)
Do'stlaringiz bilan baham: |