VAQT QADRI
REJA:
1.Vaqt-bu imkoniyatlar kalitidir.
2.Bu dunyoda vaqtdan tashqari hech narsa bizniki emas.
3.Vaqtni to’gri taqsimlash.
Hayotni sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot yaraladi, degan ekan faylasuflardan biri. Inson uchun eng qimmatli narsa vaqt va bu ayni haqiqatdir. Yo‘qotilgan har qanday narsani, masalan boylik, amal yoki uy-joyni topish mumkin, lekin o‘tgan vaqtni topish yoki orqaga qaytarishning iloji yo‘q. Shunday ekan, vaqtning har bir daqiqasidan unumli foydalanmog‘imiz lozim. Inson o‘z kuchi, imkoniyatlariga ishonib, orzulariga yetish yo‘llarini izlab yashaydi. Buning uchun unga ma’lum vaqt kerak, vaqt esa har doim yetishmaydi. Yoshlarda orzularini ro‘yobga chiqarish, ularga tezroq erishish uchun imkoniyatlar bor. Lekin bu intilishlar samarali bo‘lmasa, vaqt o‘tgani sezilmay qoladi, kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘tadi. Shu tariqa ba’zilar yoshi bir joyga borgach, umrim besamar, izsiz o‘tdi, degan afsus-nadomat chekadilar. Globallashuv dunyoni o‘zgartirmoqda. Yangi-yangi kashfiyotlar insonning yashash tarziga ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kim o‘z ustida ishlamasa, hayotdan orqada qolmoqda va bu o‘z navbatida vaqtning bekorga yo‘qolishiga olib kelayapti.
Qadimgi Rim faylasufi Seneka aytganidek, bu dunyoda vaqtdan tashqari boshqa hech narsa bizniki emas, faqat vaqt bizniki. Ushbu vaqtni hayotiy maqsadga sarflay olishdan murakkab, mashaqqatli, ammo olijanob mashg‘ulot yo‘q. Rivojlanish, inson vaqtini tejab oldinga intilishi demakdir. Buning uchun u g‘ildirakni o‘ylab topdi, so‘ng aravani, undan keyin avtomobil, poyezd va samolyotni yaratdi. Maktub o‘rniga telegramma va telefon, teatr o‘rniga televizorni kashf etdi. Kompyuterlar, zamonaviy savdo markazlari, turli elektr jihozlari – bularning hammasi inson vaqtini tejashga qaratilgan. Shunga qaramay, odamlar hamon vaqt yetishmasligidan noliydi. Do‘stlar, qarindoshlar bilan diydorlashishga fursat topilmaydi. Kuzgi barglarning shitirlab tushishini va ko‘klamda beg‘ubor osmonni kuzatib zavq olish, tug‘ishganlari holidan xabar olish, vaqti-vaqtida o‘tganlar qabrini ziyorat qilib, abadiy makon to‘g‘risida o‘y surishga vaqt yo‘q. Maktab o‘quvchisi-yu talaba, o‘rta yoshli-yu keksalar, ishchiyu ishsizda vaqt yo‘q. Vaqt qayergadir ketyapti, u bilan birga umr ham daryo misoli o‘tmoqda. Soatlar va daqiqalar yo‘qotilmoqda. Vaqt ikki ming yil avval qanday bo‘lsa, xuddi shunday davom etmoqda. Alloma Seneka, hayotimizning ko‘p qismini xatolar va axmoqona ishlarga sarflaymiz, muhim davrlar harakatsizlikda o‘tadi, hayotimizda deyarli keraksiz bo‘lgan ishlar bilan shug‘ullanamiz, deb ta’kidlaganida haq edi.
Tajriba qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi”, degan ajoyib ibora bor. Ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerak. Agar uni kelgusida o‘zingizga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan ishlarga sarflasangiz, muvaffaqiyatga erishish ehtimoli yuqori bo‘ladi, kutilgan hamma yutuqlar kafolatlanadi. Har bir narsaning o‘z vaqti bor, agar u vaqt boy berilsa, yo‘qotishlar ko‘payadi. Shuning uchun ham dono xalqimiz vaqtga e’tiborli bo‘lishni ta’kidlab, har bir ishning vaqti bor, vaqt bilganning baxti yor, deb bekorga aytmagan. Yoshlik yillarida vaqt bekorga o‘tkazilsa, bilim olish fursati ham boy beriladi. Bugungi kunimiz ertaga tarixga aylanadi. Tarix zarvaraqlarida esa har bir insonning o‘z xalqi uchun qilgan xizmatlari, saodatli ishlari manguga muhrlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |