24
– Nima qilasiz? – dedim hushyor tortib.
– Qiziq-da. Bir vaqtlar bolaligimizda biz ham shunga o‘xshash bir o‘yin o‘ynar
edik. O‘sha emasmikan, shuni bilmoqchiman. Ayt, aytib beraqol.
Gapirib berdim, ammo Vadik, Ptaxa haqida, keyin o‘zimning o‘yinda
ishlatadigan mayda hiylalarim to‘g‘risida og‘iz ochmadim, albatta.
– Yo‘q, biz “pristenok” o‘ynardik, – dedi Lidiya Mixaylovna bosh chayqab. –
Shunday o‘yinni bilasanmi?
– Bilmayman.
– Mana, qara. – U yengilgina o‘rnidan turdi-da, sumkasidan bir nechta tanga
oldi. Keyin devor tagidagi stulni nari surdi. – Yaqinroq kel, qara, men tangani
devorga otaman, – deya qo‘lidagini sekin irg‘itdi, tanga jaranglab aylanib polga
tushdi. – Endi esa sen urasan, – dedi Lidiya Mixaylovna ikkinchi tangani
qo‘limga tutqazib. – Ammo shunisiga e’tibor qilginki, tangang iloji boricha
menikiga yaqin joyga tushsin. Orasini bir qo‘llab o‘lchash ham, ularni olish ham
mumkin bo‘lsin. O‘yinning yana bir nomi: o‘lchov-o‘lchov. Yetkaza olsang –
yutganing. Qani, ot-chi endi.
Otdim, tanga qirrasi bilan polga tushib burchakka yumalab ketdi.
– O‘ho‘-o‘! – dedi Lidiya Mixaylovna qo‘l siltab. – Uzoqqa tushdi. Qani, sen
boshla-chi. Yodingda bo‘lsin, mening tangam senikiga tegsa, hatto qirrasi tegib
ketsa ham – men ikki karra yutgan bo‘laman. Tushunyapsanmi?
– Nimasini tushunmay?
– O‘ynaymizmi?
Men quloqlarimga ishonolmasdim:
– Nima, siz bilan o‘ynaymanmi?
– Nima qipti?
– Siz – o‘qituvchisiz-ku!
– Iya, nima bo‘pti? Nima, o‘qituvchi boshqacha odammi? Bilsang, o‘qituvchi
bo‘lish, o‘qitish, faqat o‘qitaverish ba’zan jonga ham tegib ketadi. Bunday qilish
mumkin, unday qilish mumkin emas, deb hammavaqt o‘zingni tiyib turishing
kerak… – Lidiya Mixaylovna ko‘zlarini g‘alati qisib o‘ychanlik bilan derazaga
tikildi. – Gohida o‘qituvchi ekaningni bir pasgina unutish ham foydali. Aks
holda, odam isi yoqmay qoladi, boshqalar ham sen bilan o‘tirganda zerikadi.
Ehtimol, o‘qituvchi uchun eng muhimi o‘zini doim jiddiy tutish emas, kimgadir
nimanidir o‘rgata olishini anglashdir. – U bir qo‘zg‘alib olgach, birdan xushnud
bo‘lib ketdi. – Bolaligimda o‘t-olov qiz edim, ota-onam mening dastimdan ko‘p
azob tortgan. Hozir ham goh-gohida sakrab-irg‘ishlagim, allaqayoqlarga
yugurgim, har qanday qolipu tartib-qoidalarni itqitib tashlab, xohlagan ishimni
qilib yurgim keladi. Mana shu yerda sakragan, hakkalagan vaqtlarim ham ko‘p
bo‘lgan. Agar bilsang, odam uzoq yashab emas, bolaligi bilan xayrlashgan
kundan qariy boshlarkan. Men jon-jon deb har kuni sakragan bo‘lardim, ammo
devorning u yog‘ida Vasiliy Andreevich yashaydi-da. U juda jiddiy odam.
Bizning bu yerda o‘yin o‘ynayotganimizni u bilmasligi kerak, tushunding?
25
– Biz o‘ynayotganimiz yo‘q-ku. Siz faqat o‘yin qoidasini ko‘rsatib berdingiz,
xolos.
– Biz shunchaki, yolg‘ondakamiga o‘ynaymiz. Lekin baribir buni Vasiliy
Andreevichga sotib qo‘ymaysan, xo‘pmi?
Yo tavba, dunyoning ishlarini qarang! Kechagina pul tikib o‘ynaganim uchun
Lidiya Mixaylovna meni direktorning oldiga olib kiradi deb yuragim yorilgudek
bo‘lmaganmidi? Endi esa u mendan sotib qo‘yma, deb iltimos qilib o‘tiribdi. Bu
yog‘i qandoq bo‘ldi? Bilmayman, nimadan ekan, atrofga alang-jalang qarab,
ko‘zlarim pirpiragancha dovdirab turardim.
– Xo‘sh, o‘ynab ko‘ramizmi? Yoqmasa – o‘ynamaymiz.
– Mayli, – deya ikkilanibroq rozi bo‘ldim men.
– Sen boshla.
Tangalarni qo‘lga oldik. Lidiya Mixaylovna bir vaqtlar rostdan ham bu o‘yinni
o‘ynagan ekan – ko‘rinib turardi. Men esa tangani devorga qay yo‘sinda –
qirrasi bilanmi yoki yuzalabmi, qanday balandlikda, qattiqroqmi va qachon
otganim ma’qul, deya endi-endi chamalab ko‘rayotgan edim. Otgan tangalarim
o‘z-o‘zidan chetga uchib ketardi. Agar hisoblab ko‘rilsa, men dastlabki
daqiqalardayoq ancha-muncha pul yutqazdim hisob – bu o‘yinda hech qanaqa
hiyla-nayrang ishlatib bo‘lmasdi-da. Hammasidan burun men Lidiya
Mixaylovna bilan o‘ynayotganimdan qattiq xijolat chekar, qiynalar va shu
sababdan o‘yinga ham tuzuk kirishib ketolmas edim. Bunaqasi axir yetti uxlab
tushimga kirmagan, xayolimning ko‘chasidan ham o‘tmagan edi-da. Men
hadeganda fikrimni bir yerga jamlayolmadim – osonmi?! Ammo o‘zimga kelib
o‘yinga jiddiy kirishganimda Lidiya Mixaylovna shartta to‘xtatib:
– E, bunday o‘ynagandan ma’ni yo‘q, – deb qoldi qaddini rostlab va ko‘zini
to‘sib tushgan sochini silkib orqaga tashlar ekan. – O‘ynagandan keyin
rostakamiga o‘ynash kerak. Bizniki nima – xuddi uch yashar bolaning ermagiga
o‘xshaydi.
– U holda pul tikish kerak bo‘ladi, – dedim men botinib-botinmay.
– Bo‘lmasam-chi! Qo‘limizdagi pul bo‘lmay nima? Pul tikiladigan o‘yinni
o‘rtaga boshqa narsa qo‘yib o‘ynab bo‘lmasa! Shunisi bir vaqtning o‘zida ham
chatoq, ham yaxshi. Biz eng kam pulga kelishib o‘ynasak ham bo‘laveradi,
qiziqish uyg‘onadi-da harholda.
Men churq etmadim, nima qilish, nima deyishga lol edim.
– Nahotki qo‘rqayotgan bo‘lsang? – dedi Lidiya Mixaylovna meni gij-
gijlagandek.
– Hecham-da! Hech narsadan qo‘rqmayman men.
Cho‘ntagimda chaqalarim bor edi. Qo‘limdagini Lidiya Mixaylovnaga qaytarib
berib, o‘zimnikini oldim. Nima ham derdik, mayli, Lidiya Mixaylovna, siz
xohlagandek rostakamiga bo‘laqolsin. Menga nima, men boshlamadim-ku, axir.
Avvaliga Vadik ham meni nazarga ilmagan edi, keyin o‘ziga kelib musht
ko‘tarib qoldi-ku. O‘sha o‘yinni o‘rganib olgan edimmi, demak, bunisini ham
Do'stlaringiz bilan baham: |