22- MAVZU: Mustamlakachilik sharoitida Turkiston o‘lkasida madaniy hayot. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Buxoro amirligi va Xiva xonligida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayot. Turkiston XX asr boshlarida (1900-1917 yillar). XX asr boshlarida Rossiya imperiyasining Turkistondagi ijtimoiy - iqtisodiy siyosati.
REJA:
1. Turkiston o‘lkasida xalq maorifi va adabiy-ma’rifiy jarayon.
2. Ilm-fan va san’at rivoji.
3. Me’morchilik, badiiy xunarmandchilik va tasviriy san’at.
4. Turkiston havaskor arxeologlar jamiyatining tashkil etilishi va faoliyati
5. Turkiston madaniy hayotida nashr ishlari va nashriyotchilikni paydo bo’lishi
6. Turkiston o‘lkasida jadidchilik harakati va siyosiy harakatlar.
Rossiya imperiyasi bosib olingan hududlarda o’z hukmronligini o’rnatish va boshqarish uchun mustamlakachilarning manfaatlarini himoya qiladigan mustahkam boshqaruv tartiblarini joriy etish uchun barcha chora-tadbirlarni ko’rdilar. Chunki boshqaruv tizimi Rossiya hukumati uchun juda muhim bo’lib, bosib olingan joylarda mustamlakachilik siyosatini olib borishda asosiy tayanch hisoblangan.
Tadqiqotchilarning ehtirof etishlaricha, Turkiston mahmuriyati imperiyaning boshqa o’lkalari boshqaruvidan o’zining keskin harbiylashgani bilan alohida ajralib turadi. Rossiya hukumatining Turkiston o’lkasi uchun 1865-1916 yillar oralig’ida ishlab chiqqan hamda amalga tadbiq etilgan o’nta qonun loyihalari (1865, 1867, 1871, 1873, 1882, 1884, 1886, 1908, 1912, 1916 yillar) da va ularning moddalariga adliya, moliya, harbiy, ichki ishlar va boshqa vazirliklar kiritgan o’zgarishlarda ana shu holat o’z aksini topgan.
Toshkent shahri bosib olinganidan so’ng 1864-1865 yillarda bosib olingan hududlarda Orenburg general-gubernatorligi tarkibida (1865 y.) harbiy-lashgan mahmuriy boshqaruv tartiblariga asoslangan Turkiston viloyati tashkil etilib, unga general-mayor M.G.Chernyaev gubernator etib tayin-lanadi. Turkiston viloyatini boshqarish uchun 1865 yil 6 avgustda “Turkiston viloyatini boshqarish to’g’risidagi Muvaqqat Nizom” qabul qilinib, unga muvofiq harbiy va fuqarolik hokimiyati harbiy gubernator qo’lida bo’limlarga bo’linib, ularni bo’lim boshliqlari boshqargan. Bo’lim boshlig’i bir vaqtning o’zida bo’lim harbiy komendanti ham hisoblangan. Bo’lim boshliqlariga mahalliy aholi ustidan nazorat qiluvchi va rus amaldorlaridan tayinlanadigan boshqaruvchilar bo’ysungan. Shuningdek bu “Nizom” ga ko’ra, Turkiston viloyati gubernatori, “biy, oqsaqol, rais va qozi lavozimidagi tub joy aholi vakillarini egallab turgan lavozimiga tasdiqlash, bo’shatish, almashtirish vakolatiga ega bo’lgan”.
Mahalliy aholi ustidan nazorat qiluvchi boshqaruvchilarning vazifalari joylarda tinchlikni saqlash, karvonlar xavfsizligini tahminlash, o’rmon, suv inshootlarini qo’riqlash, o’troq va ko’chmanchi aholi o’rtasidagi janjallarni hal qilish, aholiga soliq va majburiyatlarni belgilash, ularni o’z vaqtida va o’z miqdorida to’lashni nazorat qilish, nazorat natijalarini bo’lim boshlig’iga yetkazishdan iborat bo’lgan. Mahalliy aholining o’troq hayot kechiruvchi qismida sud ishlari bo’yicha qozilar chiqargan hukmlar harbiy gubernator tomonidan tasdiqlanishi lozim bo’lib, qozilarning chiqargan hukmlarini harbiy gubernator o’zgartirish huquqiga ega bo’lgan. Ko’chmanchi aholining biy sudlari mahalliy aholi boshqaruvchilarining ruxsati bilan o’tkazilgan. Biy sudlarida ishlar odat qoidalari asosida ko’rilgan.
Ma’lumki, 1867 yilda Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilib, uning general-gubernatori o’z qo’lida harbiy va fuqarolik hokimiyatini birlashtirgan. General-gubernator bir vaqtning o’zida podsho noibi, harbiy okrug qo’shinlari qo’mondoni, Yettisuv kazak qo’shinlari atamani, bosh mirshab va bosh prokuror vazifalarini ham o’tagan. General-gubernator imperator tomonidan tayinlangan va vazifasidan ozod etilgan bo’lib, u harbiy vazirga bo’ysungan. Turkiston general-gubernatorligi boshqaruv tizimi markaziy, viloyat, uezd (tuman), uchastka (volost), shahar, qishloq va ovul boshqaruvi shakllaridan iborat edi. General-gubernatorlik dastlabki tashkil etilgan paytda ikkita – markazi Toshkent bo’lgan Sirdaryo va markazi Verniy (Olmaota) bo’lgan Yettisuv viloyatlaridan iborat bo’lgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston general-gubernatorligi mahmuriy-hududiy jihatdan Sirdaryo, Yettisuv, Samarqand, Farg’ona va Kaspiyorti (Zakaspiy) viloyatlari hamda Amudaryo bo’limidan iborat edi.
Turkiston o’lkasida 1867 yildan 1917 yilgacha o’n beshta general – gubernator hukmronlik qilgan bo’lib, ular quyidagilar edi:
K.P.Kaufman – 1867-1882 yy.
M.G. Chernyaev – 1882-1884 yy.
N.O. Rozenbax – 1884-1888 yy.
A.B.Vrevskiy – 1889-1898 yy.
S.M. Duxovskiy – 1898-1901 yy.
N.A. Ivanov – 1901-1904 yy.
P.N. Tevyashov – 1904-1905 yy.
D.I. Subotich – 1906 y.
N.I. Grodekov – 1907-1908 yy.
P.I. Mishenko – 1909 y.
A.B. Samsonov – 1909 -1913 yy.
Flug, Martson va Yerofeevlar – 1913-1916 yy.
A.N. Kuropatkin – 1916-1917 yy.
Rus bosqiniga qadar Turkistonda keng tarmoqli xalq maorifi o‘choqlari: maktablar va madrasalar mavjud edi. Istilochilar ularning faoliyati bilan tanishib, mustamlakachilikning bundan keyingi taqdiri uchun o‘sha maktab va madrasalarning g‘oyatda xavfli ekanligini tushunib etgandilar. SHu bois chorizm o‘lkada ruslashtirish siyosatini ayni shu sohadan boshlab, bu soha bo‘yicha o‘z dasturini ishlab chiqadi. Ayniqsa bu sohada K.P.Kaufman jon kuydirib faoliyat ko‘rsatgandi.
1866 yilda Toshkent Rossiya tomonidan bosib olinganidan bir yil o‘tgach, Toshkent shahrida birinchi rus maktabi ochildi, bundan keyin Turkistonning boshqa shaharlarida ham rus maktablari ochila boshladi. 1876 yildan e’tiboran Turkiston o‘lkasidagi o‘quv yurtlari boshqarmasi tuziladi, shu yili Toshkentda erlar va xotin-qizlar progimnaziyalarining quyi sinflari ochiladi. 1880 yili Imperiya Davlat Kengashining qarori bilan Turkistonni ruslashtirish siyosatining yangi bir jabhasi xalq maorifiga qaratildi. Kaufman kengashda Turkistonda ruslar bilan mahalliy millat bolalarini birgalikda o‘qitish masalasini ko‘taradi. U musulmon va rus maktablarining ajralib turishi iqtisodiy va siyosiy jihatdan zararli deb hisobladi. Bu g‘oyani Kaufmanning izdoshi general-leytenant N.O. Rozenbax (1884-1889) davom ettirib, ibtidoiy turdagi boshlang‘ich maktablar – rus-tuzem maktablari tarmog‘ini yaratish loyixasini ishlab chiqdi. 1884 yilda Toshkentda birinchi rus-tuzem maktabi ochildi, ularning soni XIX asr oxirida yuzdan oshib ketdi. Bunday maktablarda o‘quv kuni ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda ikki soatlik mashg‘ulotni rus o‘qituvchisi, ikkinchi qismda esa saboqni o‘zbek muallimi olib borgan. O‘quv yili 125 kundan oshmagan. 1887 yilda rus-tuzem maktablari uchun umumiy tarzda tuzilgan dastur ishlab chiqilgan. Bu maktablar uchun darsliklar sistemasi ham bo‘lmagan. O‘zbek bolalarini rus tiliga o‘rgatish metodlari tasodifiy xarakterda bo‘lgan. Mana shular natijasida rus-tuzem maktablarini kamdan-kam mahalliy millat vakillari bitirib chiqqanlar. Maktabni tamomlaganlar ruschani odatda ancha tez va ravon o‘qiganlar, rus grammatikasiga doir biron bir qoidani ham yoddan aytib bera olganlar, lekin og‘zaki so‘zlashda qo‘pol xatolar qilganlar.
19-asr oxiriga kelganda Turkiston o‘lkasidagi rus-tuzem maktablari uchun darsliklar sistemasi tuzilgan. Bu sistema ko‘rgazmali-og‘zaki metod asosida tuzilgan edi. Lekin darslikdagi asosiy kamchilik shunda ediki, unda o‘quvchilarning ona tili hisobga olinmagan edi.
1898 yilgi Andijon qo‘zg‘oloni Turkiston ma’murlarni musulmon ruhoniylariga extiyotlik bilan qarashga majbur etdi. Shu munosabat bilan Turkiston ma’murlari rus-tuzem maktablarining rolini ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Bunda avvalo mahalliy o‘quvchilar sinflariga e’tibor berila boshladi. Farg‘ona harbiy gubernatori N.I. Korolkov 1898 yilda imperatorga yo‘llagan hisobotida podsho ma’muriyatining o‘lkani ruslashtirish borasidagi dasturini bayon etib, tuzemetslarning o‘z bolalarini ixtiyoriy rus-tuzem maktablariga berishiga erishish muhimligiga e’tiborni qaratgan. Buning uchun u mahalliy ma’muriyat amaldorlariga yaqin besh yil ichida ish yuritishni rus tiliga ko‘chirtirish lozimligini o’qtiradi. Korolkov bu tadbir mahalliy millat vakillarini mansabga qiziqib, farzandlarini rus-tuzem maktablariga berish istagini uyg‘otadi, deb hisoblagan.
Bu g‘oya o‘z natijasini berib, rus-tuzem maktablari o‘quvchilari soni ko‘paya boshladi. 19-asr oxirida Turkistonda 100 dan ortiq rus-tuzem maktablari bo‘lib, xonliklar poytaxtlari Xivada (1891 yilda) va Buxoroda (1894 yilda) ham rus-tuzem maktablari ochildi.
Shaharlarda ochilgan bilim yurtlari ham ruslashtirishning muhim o‘chog‘i bo‘lib hizmat qildi. Ular rus-tuzem maktablaridan internatlari bilan ajralib turgan. Internatlarda o‘zbek, qirg‘iz, qozoq bolalarining rus tengdoshlari bilan birga yashab, rus tilini yaxshi o‘zlashtirayotgani mustamlakachilarga ayon bo‘lgan. Shuning uchun ham Turkiston general-gubernatori M.G. Chernyaev (1882-1884) Chimkent shahar bilim yurtini kengaytirish uchun 100 ming rubl ajratgani va bilim yurtida o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun pul mukofoti ta’sis etgani bejiz emas.
Ammo rus amaldorlariga ruschani yaxshi bilgan va xalq ko‘zini ochib g‘aflat uyqusidan uyg‘otadigan ziyolilar kerak emas edi. Mustamlaka ma’muriyati Turkiston ziyolilari katta mansabga erishsa, o‘z xalqi uchun xizmat qilishlari va mustamlaka tartiblariga qarshi chiqishlari mumkinligidan xavfsirashgan. SHu boisdan ham mustamlaka ma’muriyati mahalliy millat vakillari orasidan etishib chiqqan oydin fikrli ziyoliliarni doimo ta’qib etishga harakat qilgan. Mahalliy xalq manfaatlari yo‘lida qayg‘uradigan ilm odamlari, millatparvar kishilar mahalliy boshqaruvga umuman yaqinlashtirimagan. Bunday kimsalar savylovlarda g‘olib bo‘lsada, rus ma’muriyati tomonidan saylov natijalari bekor qilingan. Vaholanki, mustamlaka Turkistonida mahalliy maktab-madrasalarda saboq olgan, bilimli, savodli kishilar ham ko‘p edi.
Chor Rossiyasi ma’murlarining Turkiston o‘lkasida erli xalq vakillarini qorong‘ulik va zulmatda saqlashga qaratilgan mustamlakachilik va zo‘rlik siyosatiga qaramasdan XIX asrning oxiri XX asr boshlarida o‘lkada milliy maorif, fan va madaniyat taraqqiyoti to‘xtab qolgan emas. Ammo ushbu masalada ham sovet davri tarixchilari o‘z asarlarida chorizm davrida yuritilgan maorif, fan va madaniyat sohasidagi siyosatni maqtab, rus bosqiniga qadar o‘lkadagi ahvolni kamsitib erga urdilar. Ular 1897 yil o‘lkada savodli o‘zbeklar - 1,6 foizni, qozoqlar - 1 foizni, turkmanlar - 0,7, qirg‘izlar - 0,6 foizni tashkil etgan, aholining savodxonligi shundan keyingi yillarda ham oshmagan, O‘zbekistonda har 100 kishining 98 tasi savodsiz edi, deb keldilar. «O‘rta Osiyo xalqlari inqilobgacha deyarli yoppasiga savodsiz edi. 1897-yili o‘zbeklarning atigi 1,9 foizi o‘qish va imzo chekishni bilardi. 1897-yilgi Butunrossiya aholi ro‘yxatiga ko‘ra savodlilar o‘lkada 1,8 foizni tashkil etgan, ya’ni inqilobgacha Turkiston deyarli yoppa savodsiz o‘lka edi». «O‘zbek xalqi deyarli yalpi savodsiz edi.
Hatto ayrim olimlar vatanga, o‘z xalqiga xiyonat qilgan va bosqinchi Rossiya hukmdorlari tomoniga o‘tgan Saidazimboy singari savdogarlarni Toshkentda o‘z uyida rus-tuzem maktabi ochdi deb osmonga ko‘tarib maqtaydilar. Aslida esa rus-tuzem maktablari asosan tilmochlar-tarjimonlar tayyorlashga mo‘ljallab tashkil etilgan edi.
Shu bilan birga sovet davrida bu kabi da’volarni inkor etuvchi xolisona tadqiqotlar ham e’lon qilindi. Taniqli tarixchi olim Pyotr Geronovich Kim o‘zining «Uydirma va haqiqat» maqolasida quyidagicha yozadi: Xo‘sh, savodsiz xalq butun dunyo xalqlarining fahru iftixoriga aylangan Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent va Xivadagi Go‘ri Amir, Shohizinda, Bibixonim kabi koshonalarni va boshqa ko‘plab asori-atiqalarni qanday qilib bunyod etgan ekan? Savodsiz xalq qay yo‘l bilan jahonga Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Beruniy kabi olamga mashhur allomalarni etkazib berdi ekan? Savodsiz xalq Navoiy, Ulug‘bek, Forobiy, Jomiy va boshqa ko‘plab shoiru fozillari bilan olamga dong taratgannining siri nimada? Furqat, Muqimiy, A.Avloniy, M.Behbudiy kabi minglab ma’rifatparvarlari bo‘lgan xalqning savodsizligiga ishonish mumkinmi?
P.G.Kim yuqoridagi kabi mantiqsiz va kurakda turmaydigan da’volarni inkor etib bo‘lmaydigan dalillar bilan o‘z maqolasida isbotlab berdi. U bunday yozadi: «Endi manbalarda keltirilgan faktlarga asoslanib, 1897 yili Rossiya, Belorussiya va Turkistonda aholining, maktablarning, ulardagi o‘quvchilarning sonlarini kuzatsak, bu o‘lkalardagi savodxonlikning darajasi oydinlashadi.
Rossiyada aholining umumiy soni - 126,388,800, maktablar soni - 33,401, o‘quvchi soni - 2.318.100, aholining umumiy soniga nisbatan o‘quvchilar 1,8 foizni tashkil etgan holda, aholining savodxonligi-21 foiz; Belorussiyada aholining umumiy soni - 6.492.857, maktablar soni - 2.263, o‘quvchilar soni - 125.418, aholining umumiy soniga nisbatan o‘quvchilar - 1,9 foizni tashkil etgan holda aholining savodxonligi - 24,7 foiz; Turkistonda aholining umumiy soni - 3.792.774, maktablar soni - 6.027, o‘quvchilar soni - 64015, aholining umumiy soniga nisbatan o‘quvchilar - 1,7 foizni tashkil etgan holda aholining savodxonligi - 19,55 foiz bo‘lgan».
Axir mustamlaka Turkistonidagi juda ko‘p eski maktablarda oliy ta’lim beradigan o‘quv yurtlarida ajdodlarimiz farzandlari ta’lim olganliklari, madrasalarda mudarrislar, mahallalarda savodxon ayollar otinoyilik qilib, shariat (fiqh) qonunchiligidan ta’lim-tarbiya berganlari, o‘sha o‘quv muassasalarida ko‘plab yurtdoshlarimiz o‘qib, zamonasining savodli kishilari bo‘lib etishganini unutmaslik kerak. XX asr boshlarida butun o‘lka bo‘yicha jadid maktablarining necha tarmog‘i yuzaga kelganini ham e’tibordan chiqarmaslik lozim.
Ehtimol shu boisdan mashhur rus olimlaridan akademik V.V.Bartold, A.D.Middendorf, sayyoh olim A.L.Fedchenko, sharqshunoslardan V.P.Nalivkin, A.L.Kun va boshqalar o‘lkadagi maorif taraqqiyotiga yuqori baho berganlar, xalqimizning madaniyatiga hayron qolganlar va uni olqishlaganlar. A.Middendorfning 1882 yilda chop etilgan «Ocherki Ferganskoy dolini» kitobida Shunday satrlarni o‘qiymiz: «Farg‘ona viloyatida qadimdan o‘troq holda yashashni sevgan mehnatkash qabilalar istiqomat qilishadi. Albatta, o‘ziga xos betakror sharoiti bo‘lgan Farg‘ona yuksak madaniyatli mamlakatlar cho‘qqisiga ko‘tarildi». A.Middendorfning so‘ziga qaraganda XIX asrga evropaliklar er xo‘jaligi ravnaqiga harakat qilib maqsadlariga erisholmayotgan bir paytda Farg‘ona vodiysida bu muammo ancha burun hal bo‘lgan, u joylarda dalalar sug‘orilar, yaylovlar esa o‘g‘itlantirilarkan».
Olim o‘z fikrini davom ettirib yozadi: «Farg‘onada qilingan ishlarga havas qildik, bu erdagi zaminga nisbatan yuksak madaniyat boshqa erlarga qaraganda ko‘proq saqlanib qolganligini ko‘rdik. Bir qancha erlarni ko‘zdan kechirib shu xulosaga keldikki, Farg‘onada er xo‘jaligini ehtiyotkorona va mohirona olib borishar ekan. Bu esa hayratda qoldiradigan haqiqiy madaniy mehnat eng katta zanjirining bir qismi ekaniga ishonch hosil qildik».
«Golos» gazetasi 1874 yil 29 avgust sonida suv xo‘jaligi masalasi haqida bunday yozadi: «amalda ko‘pincha tuzemetslardan (ya’ni mahalliy aholidan) ko‘p narsani o‘rganishga to‘g‘ri kelmoqda. Irrigatsiya haqida Rossiyada oxirgi vaqtgacha o‘ylanmagan edi. Osiyoda esa bu soha yuksak darajada rivojlangan va albatta, dalalarni sun’iy sug‘orish bo‘yicha biz O‘rta Osiyoliklarga hech narsa o‘rgata olmaymiz. Bizda Janubiy Rossiyada irrigatsiya borasida tortishuvlar davom etayotgan bir davrda Osiyoliklar tog‘larda korizlar orqali kanallar qurishmoqda. Uning tubidan o‘nlab sajen yuqori suvlarni chiqarishmoqda, bir qoyadan ikkinchi qoyaga arg‘amchi tortib tarnov yordamida suv olishmoqda, bular esa bizdagi donishmandlarning tushiga ham kirmagan».
Rus olimlari, sayyohlari, savdogarlari Qo‘qon xonligidagina emas, balki o‘lkaning boshqa joylarida ham sun’iy sug‘orish usulini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib yuksak baho berganlar.
Turkiston xalqlari madaniyati haqida Turkiston general-gubernatori S.M.Duxovskiyning 1899 yili podshoga yozgan dokladida qiziqarli fikrlar bor. Jumladan, u Shunday yozadi: «Uzoq vaqtlar mobaynida Buxoro butun musulmonlar olamida musulmon huquqshunosligi va ilmining mo‘tabar markazi sifatida tan olib kelingan, boz ustiga bu obro‘-e’tiborni hanuz yo‘qotmay kelayotir. Bir vaqtlar O‘rta osiyolik ruhoniylar, qonunshunos arab tili bilimdonlari faoliyatining ahamiyati naqadar ulug‘ bo‘lganini bugungi kunda butun dunyodagi musulmon-sunniylar qo‘llayotgan mashhur va mo‘‘tabar shariat majmualarining ayrimlari O‘rta Osiyoda bitilganini eslashning o‘zigina kifoya. «Hidoya-i-Sharif» Marg‘ilonda, «Aqoid» Buxoroda, «Hikmat-ul-Ayn» Samarqandda yaratildi. Musulmon olamiga shariatning so‘nggi talqinini O‘rta Osiyo taqdim etdi. Bulardan tashqari, bu o‘lka olamga Navoiy, So‘fi Olloyor, Ahmad Yassaviy, Mashrab kabi shoir-so‘fiylarni berdi».
Xullas Turkistonda Rossiya bosqiniga qadar aholining savodxonlik va madaniyati darajasi ba’zi kimsalar ta’kidlagani singari qoloq bo‘lmagan. To‘g‘ri, hozirgi davrga nisbatan oladigan bo‘lsak, savodsizlar Turkiston o‘lkasida XIX asrda ko‘p bo‘lgan. Ammo o‘tgan o‘sha XIX asrda qaysi mamlakatda ahvol bundan ko‘ra yaxshiroq edi? Shuning uchun xalqimizning o‘tmish tarixini nodonlarcha qora bo‘yoqlarda yoritishga istiqlol tufayli barham berilmoqda.
XIX asrning ikkinchi yarmida o‘lkaning ijtimoiy-madaniy hayotida albatta ba’zi bir ijobiy o‘zgarish va yangiliklar bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar va yangiliklar mustamlakachilar tomonidan erli xalqlarning talab va ehtiyojlarini qondirish maqsadida ro‘yobga chiqarilgani yo‘q. Balki, birinchi navbatda va asosan bosqinchilarning talablari va manfaatlari nuqtai-nazaridan amalga oshirildi. Ana Shunday yangilik va o‘zgarishlardan biri o‘lkada aholiga xizmat qiluvchi madaniy oqartuv muassasalaridir. 1870 yilda Toshkentda kutubxona tashkil qilindi. Kutubxona uchun Peterburg va Moskvadan 1867 yilda yuborilgan dastlabki kitoblar zo‘r qiyinchiliklar bilan 1868 yilda Toshkentga etib kelgan edi. Bu kitoblar asosan Markaziy Osiyoni va unga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarni o‘rganishga va boshqa masalalarga aloqador adabiyotlar edi. Kutubxona fondi mutlaqo rus tilida bo‘lib, uning o‘quvchilari ham asosan rus ofitserlari, amaldorlari, va ularning oilalaridan iborat edi. Dastlabki kitobxonlar to‘g‘risidagi ma’lumot 1870 yil may oyidan 1871 yil sentyabrgacha bo‘lgan davrga aloqadordir. Hammasi bo‘lib 75 kitobxon bo‘lgan, shundan 45 nafari ofitser, 19 nafari amaldor, 4 nafari savdogar, 2 kishi ruhoniy, bir kishi mahalliy maktab talabasi edi.
Shunday bo‘lsada, kutubxona har holda ma’rifiy ish bilan shug‘ullandi va o‘lkada XIX asr rus adabiyotining demokratik g‘oyalarini tarqatishda ma’lum rol o‘ynadi. Biroq 70-80-yillarda Rossiyada madaniyat va halq maorifi 60-yillarda qo‘lga kiritgan demokratik huquqlarni yo‘q qilishga intilgan reaksiyaning hujumi boshlanib ketdi. Bu hujumdan kutubxona ham chetda qolmadi. 1882 yil dekabrda Turkiston general-gubernatori M.G.Chernyaevning buyrug‘i bilan alohida ishlar bo‘yicha amaldor, «Peterburg xarobalari» asarining muallifi, reaksion yozuvchi V.V.Krestovskiy kutubxonani taftish qildi. U o‘zining Chernyaevga yozgan raportida: «Rus mualliflaridan Saltikov, Dobrolyubov, Pisarev, Nekrasov va Shiller (A.Mixaylov) asarlariga talab eng ko‘p ekanligi ma’lum bo‘ldi», deb yozdi. Ushbu raportga asosan general Chernyaev 1883 yil 1 yanvardan e’tiboran kutubxona faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida buyruq berdi. Jamoatchilikning talabi bilan 1889 yilda kutubxona yana o‘z ish faoliyatini boshladi. Markaziy Osiyoni o‘rganish bilan shug‘ullangan taniqli rus olimlari arxeolog V.L.Vyatkin, akademik V.V.Bartold va boshqalar kutubxonaga faol yordam berib turishgan, natijada kutubxona qimmatli asarlar va materiallar bilan to‘lib borgan.
1868 yilda Toshkentda bosmaxona va litografiya, 1874 yilda Xivada litografiya, keyin esa Samarqand, Farg‘ona va boshqa shaharlarda litografiyalarning paydo bo‘lishi Turkiston xalqlari hayotida muhim voqea bo‘ldi. 1880 yildan boshlab mahalliy tilda chiqadigan “Turkiston viloyati gazetasi” sahifalarida tabiyot, meditsina, tarix, adabiyot va falsafaga oid kichik-kichik xabarlar ba’zan xatto maqolalar chiqa boshladi.SHu tariqa Turkistonda vaqtli matbuot yuzaga keldi. 1898 yilda Toshkentda “Russkiy Turkestan”, 1904 yildan boshlab Samarqandda “Samarqand” gazetalarini chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 1880 yilda Navoiyning “Xamsa”si, “Devoni Munis” va “Devoni Roji” asarlari bosilib chiqdi.
1906 yilda Toshkentda o‘zbek tilida “Taraqqiy” gazetasi chiqarildi. Shundan so‘ng birin-ketin yangi matbuot organlari vujudga kela boshlaydi. Toshkentda “Sadoi Turkiston” gazetasi jadidlar tomonidan chiqarila boshlaydi. 1916 yildan esa rus demokratlari va jadidlar Andijonda “Turkestanskiy golos” gazetasini chiqara boshlaydilar.
Bu davrda tarix va adabiyot soxasida ijod qilgan maxalliy yozuvchilar o‘z asarlarida mahalliy xalq ommasining ezgu niyatlarni tarannum etdilar.
Axmad Donish (1827-1897) o‘z davrining yirik ma’rifatparvar olimi va faylasufi, yozuvchisi va astronomi, tarixchisi va arxitektori, musavviri va musiqanavisi edi. U “Ulug‘ qonun”, “Tanlangan qarorlar”, “Noyob voqealar”. “Mang‘it amirlari xonadoni saltanatining qisqacha tarixi” kabi asarlar yozib qoldirgan. Ahmad Donish o‘z asarlarida taraqqiyotda orqada bo‘lgan amirlikdagi ijtimoiy-iqtisodiy tuzumni tanqid qiladi, rus madaniyatini omma o‘rtasida tinmay targ‘ib qiladi va undan o‘rganishga chaqiradi.
Muqimiy (1850-1903) 19-asr oxirida Turkistonda yuzaga kelgan demokratik adabiyotning yirik vakillaridan biri hisoblanadi. U asosan lirika (g‘azalllar, muhammaslar, ruboiy, tuyuq va fardlar), hajviy, sayohatnomalar, maktubot janrlarida ijod qilgan. U o‘z xajviyalarida mahalliy zolim amaldorlarining kirdikorlarini fosh qilib, mazlum xalqning nochor ahvoliga achinadi. Bu kabi asarlari jumlasiga “Tanobchilar” she’ri misol bo‘la oladi. SHoir Muqimiy “Sayohatnoma” asarida och va yalang‘och dehqonlarni zolimlarcha ezayotgan mingboshilarni tanqid qilgan.
Furqat (1858-1909) o‘zining xalqchil va demokratik ruhda yozilgan asarlar bilan xalq orasida katta obro‘ qozongan. U shoirlar maskani Qo‘qonda tug‘ilgan. Furqat ham dastlabki davrlarda Turkistonni bosib olgan chor ma’murlariga umid ko‘zi bilan qaragan. Xatto u rus ilm fani, texnikasi va madaniyatini tadh etuvchi asarlar yozib o‘z xalqini unga da’vat etadi. Uning “Gimnaziya”, “Ilm hosiyati”, “Vistavka xususida” kabi asarlari fikrimiz isbotidir.
Zavqiy (1853-1921) o‘zbek demokratik xalqchil adabiyotining Muqimiy va Furqat ijod etgan an’analarini davom ettirdi. Zavqiy ijod etgan asarlar yo‘nalishini quyidagi to‘rt guruhga bo‘lish mumkin: 1. Lirik she’rlar. 2. Hajviyalar. 3. Sayohatnomalar. 4. Dostonlar. Shoir o‘zining “Aylab keling” “Kelmasa kelmasun netay”, “Ofarin”, “Ajab ermas”, “Farg‘ona”, “Ahli rasta hajvi”, “Ajab zamona” kabi lirik va hajviy she’rlarida insoniy fazilat va sadoqatni tarannum etadi.
Turkiston chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishidan ancha ilgariyoq rus olimlari o‘lkani o‘rganish borasida ancha ishlarni amalga oshirgan edilar. 19-asrning 2-yarmida o‘lkani ilmiy jihatdan o‘rganish yanada avj oladi. N.YA.Seversov, P.P.Semyonov-Tyan-Shanskiy (1827-1914) lar O‘rta Osiyoni geografik joylashuvi va uning relefini o‘rganish borasida muhim ishlar qildilar. Rus sayyoxi A.P.Fedchenko Turkistonni tabiiy-tarixiy jihatdan o‘rganib, Farg‘ona va Oloy vodiysini tekshirdi. Shuningdek u Zarafshon vodiysi va Qizilqumni ham tabiiy tarixini o‘rganadi. 1877-1879 yillarda I.V.Mushketov Oloy, Pomir, Buxoro, Xisor, Amudaryo bo‘ylari va Qizilqumni geologik jihatdan tekshirib, Turkistonning birinchi geologik kartasini tuzdi. U “Turkiston” nomli monumental monografiyasini yozgan.
Chorizm mustamlakachiligi davrida bir qator rus ziyolilari va olimlari tomonidan Turkistonning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy tarixiga oid turli materialalr “Turkiston to‘plami” nomi ostida jamlana boshlagan. Bu to‘plam Turkiston o‘lkasiga oid asarlar va maqolalarning ajoyib majmuasi bo‘ldi. Bu to‘plam 594 tomdan iborat bo‘lib, Oktabr to‘ntarishigacha bo‘lgan Turkiston haqidagi kitoblardan, ro‘znoma va oynomalardan olingan maqolalardan tashkil topgan. To‘plamning 416 tomi mashhur rus bibliografi V.I.Mejov tomonidan tayyorlangan. Bu tomlarga 1867-1887 yillarga oid materiallar kiritilgan. So‘ngra to‘plam ustida olib borilayotgan ish to‘xtab qolgan va 1907 yildan 1917 yilgacha bo‘lgan davrda har xil bibliograflar to‘plamning 175 tomini tuzganlar.
XIX asrning 80-90 yillarida Toshkent va boshqa yirik shaharlarda turli ilmiy jamiyatlar (arxeologiya, jug‘rofiya, etnografiya kabilar) tashkil etilgan. 1896 yilda Samarqand «Tarixiy muzey» ish boshladi. Bir qator ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirildi. Bu borada rus olimlari I.V.Mushketov, N.A.Seversov, A.P.Fedchenko, P.P.Semenov Tyan-Shanskiy, N.M. Prjevalskiy va boshqalar samarali ishlar olib bordilar. Turkiston xalqlari tarixini o‘rganish va yoritish xalqimizning o‘tmish madaniyatini ilmiy tadqiqot qilishda sharqshunos olimlar V.V.Radlov, V.V.Bartold, E.E.Bertels va boshqalarning xizmatlari oz emas. SHu davr mobaynida bir qator ijodkor rus adiblari asarlarining mahalliy xalqlar tillariga o‘girilishi ham ijobiy faoliyatlardan hisoblanadi.
1871 yilda O‘rta Osiyo ilmiy jamiyati vujudga keldi, bu jamiyat o‘z oldiga O‘rta Osiyo tarixi, geografiyasi, etnografiyasi, statistika va iqtisodiyotiga oid ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash va tarqatish vazifasini qo‘ygan edi. 1874 yilda Toshkentda dastlabki observatoriya tashkil qilindi. Observatoriya xodimlari O‘rta Osiyo xududlarida 870 astronomik punktni belgiladilar.
O‘lkada ish olib borgan arxeolog xavaskorlar 1895 yilda Turkiston arxeologiya xavaskorlar to‘garagiga birlashdilar. Lekin fanning boshqa soxalarida bo‘lgani singari arxeologiya soxasidagi ishlar ham plansiz olib borilgan. Arxeologik ishlar asosan qadimgi yodgorliklarni yozma manbalarga qarab tasvirlash va o‘rganishdan, ayrim arxeologik yodgorliklarni qidirish va qazuv ishlarini olib borishdan iborat bo‘lgan. Bu kabi ishlar asosan Samarqandda olib borildi. 1895 yili arxitektor A.V. Shchusev ishtirokida tashkil etilgan ekspeditsiya natijasida Go‘ri amir maqbarasining arxitekturasi albom shaklida nashr etiladi.
Rus olimlari tomonidan o‘lka tarxini o‘rganish 19-asr ikkinchi yarmida nisbatan avj oladi. O‘lka rus mustamlakasiga aylangandan keyin qator rus sharqshunoslari o‘z faoliyatlarini kengaytiradilar. 19-asrning ikkinchi yarmida bir qancha yodgorliklar to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plagan va Xiva tarixi bilan shug‘ullangan A. Kun, Shuningdek V. Nalivkinni (Qo‘qon xonligi tarixi) ko‘rsatib o‘tish kerak. O‘rta Osiyo tarixiga oid muxim manbalardan biri Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asari N.S.Likoshin tomonidan rus tiliga tarjima qilinishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
O‘lkani boshqarish extiyojlari xalq ommasi hayotini o‘rganishda xozir ham muxim manba hisoblangan turli xil statistik ma’lumotlarni to‘plash va nashr etishni talab etgan. 1871-1874 yillarda har yili “Turkiston o‘lkasini statistik jihatdan o‘rganish uchun materiallar” bosib chiqarilgan. Turkiston o‘lkasining ayrim oblastlarining, ayniqsa muxim paxtachilik sanoati rayoni sifatida mustamlakachi hokimiyat rasmiy doiralarining e’tiborini o‘ziga tortgan Farg‘ona viloyatining xar yilgi obzori nashr etilib turgan.
O‘rta Osiyo Rossiya tomonidan bosib olinganidan keyin san’at sohasida ham ma’lum o‘zgarishlar yuz berdi. O‘lkaga rus san’ati turli formalarda kirib kela boshladi. O‘zbekistonga musiqachilar, rassomlar, arxitektorlar, artistlar kela boshladi. Ular o‘lkada Evropa madaniyati va san’ati ko‘rinilarini yoya boshladilar. Mahalliy aholi ularning ijodi bilan tanisha boshladilar. Bu davrda o‘zbek san’ati hamma sohada yanada rivojlandi, yangi g‘oyalar, yangi texnika imkoniyatlari bilan boyidi. Ijtimoiy fikr sohasida yangi oqimlarning rivojlanishi va ilgarigi madaniy cheklanishning yo‘qolib borishi o‘zbek san’atiga samarali ta’sir ko‘rsatdi.
Turkiston o‘lkasida qadimdanoq yuksak taraqqiy etgan xalq professional teatri 19-asrda asosan ikki xil: qiziqchilar teatri va qo‘g‘irchoq teatridan iborat edi. Qiziqchilar ham, qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchilar ham hunarmandlar kabi rayonlar bo‘yicha ayrim sexlarga birlashgan. Xalq artistlari sexi yaxshi uyushtirilgan tashkilot bo‘lgan. Ular turli bayramlarda va tadbirlarda xalq o‘rtasida o‘z san’atlarini namoyish qilganlar. Turkiston Rossiya tomonidan bosib olinganidan keyin bu erga rus teatri ham kirib kela boshladi. Dastlabki rus spektakllarini xavaskor mahalliy ziyolilar qo‘ygan.
Xullas, yuqoridagi fikr-mulohazalar shundan dalolat beradiki, chor Rossiyasining og‘ir mustamlakachilik zulmi siyosati davrida ham Turkistonda siyosiy-ijtimoiy va madaniy hayot to‘xtab qolmadi, xalqimiz o‘zining an’anaviy tarixiy taraqqiyotiga sodiq qoldi, jahon fani va madaniyati xazinasi rivojiga munosib hissa qo‘shdi. 19-asrning ikkinchi yarmida Osiyo, jumladan, Turkiston ilm-fan va texnika taraqqiyoti bo‘yicha evropadan ancha orqada qolib ketgan edi. Qoloqlitk vpa jaholat, o‘lka aholisining ayanchli ahvoli Turkistonning Evropa va jahon sivilizatsiyasidan orqada qolib ketishi va bunday fojiali hayotdan qutulish, erk va ozodlikka erishish haqida o‘z zamonasining ilg‘or ziyoli qatlamlarida fikr-mulohazalar paydo bo‘la boshladi.
XX asr boshlarida Rossiyadagi musulmon maktablarining buyuk islohotchisi va “Tarjimon” jurnali tashkilotchisi Ismoil G‘aspiralining nomi butun Sharqqa mashhur bo‘lib ketdi. U Bog‘chasaroyda eski maktablarning murakkab o‘qish usuliga nisbatan engil qiroat usuliga asoslangan yangi maktab ochib. Unda o‘zi dars bergan, darsliklar yozgan, chorizmning sharqdagi siyosatini fosh qiluvchi asarlari bilan Turkistondagi ilg‘or ziyolilarning dunyoqarashiga katta ta’sir ko‘rsatgan edi. Qisqacha aytganda u yangi usul maktablarning vujudga kelishida namuna bo‘lgan.
Jadidlar chorizmning mustamlaka siyosati strategiyasiga jiddiy zaiflantiruvchi o‘zgarishlar qilishga majbur etuvchi vatanparvar siyosiy kuch sifatida 19-asr oxiri – 20-asr boshlaridan tarix saxnasiga chiqa boshladilar. Jadidlar Turkistonda 19-asr oxirida paydo bo‘lgan ilg‘or usullarni yoqlagan ma’rifatparvarlargina bo‘lib qolmay, ayni chog‘da turkiy-islomiy huquqiy merosning millat ichida keng yoyilishi, xurfikrlilik, taraqqiyot va milliy istiqlol uchun ham kurashni maqsad qilib ko‘ygan edi. Bu harakatning vujudga kelishida O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlarida keng quloch yoyib rivojlangan bobiylik va bahoiylikdan iborat falsafiy-diniy oqimlar va Turkiyadagi «Ittihod va taraqqiy» («Yosh turklar» harakati) harakatining ta’siri katta bo‘ldi. Bobiylik va bahoiylik XX asr boshlariga kelib Kavkazda, so‘ngra Toshkent, Ashxobod va Turkistonning boshqa shaharlarida keng tarqala boshlagan va xalqning madaniy-ma’rifiy darajasini ko‘tarishda katta ta’sir ko‘rsatgan. Birgina Toshkentning o‘zida bobiylar va bahoiylar tarafidan “Turkiston”, “Isloh”, “Osiyo” va boshqa kutubxonalar, qiroatxonalar tashkil etilgan bo‘lib, ular xalqning turli qatlam vakillari o‘rtasida ma’rifat tarqatishda katta rol o‘ynadi.
Turkiyadagi «Ittihod va taraqqiy» chilardan Turkistondagi «Ittihod va taraqqiy» chilarning afzallik tomonlari bor edi. Ularda kosmolitik g‘oya deyarli yo‘q edi, rus imperalizmiga va uning mustamlakachilik tizimiga qarshi kurash g‘oyasi va mafkurasi kuchli edi. Hatto 1905 yilgi rus inqilobi va 1908 yilgi Turkiya inqilobida imperializm va mustamlakachilikka qarshi kurash olib borish g‘oyasi yo‘q edi.
Jadidlar Buxoro amirligi va Xiva xonligida xon va amirni ham o‘z g‘oya va maslaklariga tortishga harakat qildilar. Buxoro jadidlari 1900 yil boshida amirdan yangi usuldagi maktablar ochishga ruxsat olishga muvaffaq bo‘ldilar. Ammo bunday yangi usul maktablarini ochilishi Rossiya manfaatiga zid edi, shu boisdan Rossiyaning amirga bo‘lgan tahdidi ortdi, amir jadidlarni siquv ostiga oldi. Rossiya barcha imkoniyatlarni ishga solib jadidlarning musulmon mamlakatlari, xususan Turkiya bilan bo‘ladigan har qanday bordi-keldi aloqalarini oldini olishga e’tibor beradi.
Chor mustamlakachilari O‘rta Osiyoda ochilgan yangi usul maktablariga qarshi kurash boshlaydi, bu maktablarni «islomiyatga qarshi», «g‘ayridin maktablari» deb tashviqot yurgizadilar, josuslik idoralarini ishga soladilar, hatto Buxoro amiriga va Xiva xoniga ham kuchli tazyiq o‘tkazadilar. Ahvol shu darajaga borib etadiki, bu masala bilan bog‘liq ko‘plab qurbonlar yuz beradi. Chor ma’murlari islom diniga ham qarshi kurashni kuchaytirib yuboradilar. Hatto 1903 yili podsho Turkiston aholisi uchun muborak Haj qilishni ham farmon bilan man etadi. Bu mahalliy musulmon aholisida kuchli norozilik uyg‘otdi.
1905 yilgi to‘ntarish harakatidan keyin Rossiya hududidagi turkiy xalqlar va ularning Turkiya bilan qardoshlik aloqasi kuchaydi. O‘z davrida Turk dunyosi markazlaridan biri bo‘lgan Qrim, Qozon, Istanbulda chop etilgan jadidchilik ruhidagi adabiyotlar Turkistonga ham keng yoyila boshladi. 1908 yilgi Turkiya inqilobi tufayli yuzaga kelgan “Yosh turklar” harpaktiga muqobil holda Xivada “Yosh xivaliklar”, Buxoroda “Yosh buxoroliklar” jamiyatlari yuzaga keldi. Bu jamiyatlar oxir-oqibatda siyosiy partiyalar maqomini oldi. Jadidchilik haraktining bunday siyosiy tashkilotlari qisqa vaqt ichida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Andijon kabi yirik shaharlarda kuchli tashkilotlarga aylandi. Turkiston xalqida jadidlarga bo‘lgan hayrixohlik, ishonch tobora ortib bordi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, XX asr boshlaridayoq milliy ozodlik bayrog‘ini baland ko‘tarib, milliy birlik kuchlarini birligini ta’minlash borasida salmoqli faoliyat ko‘rsata boshlagan Turkiston jadidlari jahon jamoatchiligi e’tiborini o‘ziga jalb qildi. 1906 yilning bahorida Fransiya respublikasi bosh shtabi ikkinchi byurosi (harbiy razvedka) topshirig‘i bilan mayor Lyakost ikki yil davomida Turkistondagi ijtimoiy siyosiy vaziyat bilan yaqindan tanishdi. U o‘zining kuzatishlarini hisobot tarzida «Komitet Asiya Fransays» nomli jurnalda chop etadi. Maqola Evropada katta qiziqish uyg‘otdi. Bu maqolada Turkiston general-gubernatorligi hududidagi ijtimoiy-siyosiy kuchlar va partiyalar faoliyati sharhlab berilgan edi. E’tiborli tomoni shundaki, fransuz razvedkachisining o‘tkir nigohi bilan Turkistonda qaysi partiya, qaysi siyosiy oqim kuchli ekani Shunday aniqlab berildiki, bu hol rus siyosiy politsiyasini g‘oyat jiddiy tashvishga soldi. Mayor Lyakost Turkiston o‘lkasidagi eng e’tiborli va kelajagi porloq tashkilot sifatida sotsial-demokratlar (bolshevik va mensheviklar), yoki sotsialist-inqilobchilar (so‘l va o‘ng eserlar), yo kadet va liberallar emas, balki yosh sartlar (rasmiy idoralar Turkiston jadidlarini yosh turklarga qiyoslab «Yosh sartlar» deb atashgan) degan xulosaga kelgan edi. Razvedkachi Turkistonda jadidlar ta’siri kuchli bo‘lgan o‘z firqasiga ega ekani va u 1906 yilning yanvarida Sankt-Peterburgga, Umumrusiya musulmonlarining qurultoyiga vakil yuborganini ta’kidlab, bu firqa xuddi Qozon tatarlari kabi o‘zining milliy dasturiga egaligi va rus istibdodiga jiddiy zarba berishi mumkinligiga ishora qilgan edi.
Jadidchilik harakati muhitida jadidchilik adabiyoti ham yuzaga keldi, mukammal bir shaklga kirdi. Ham nasrda, ham nazmda yangilanish, qoloqlik va jaholatdan kutilish, rus istilosiga qarshi kurash, ma’rifat va hurriyatga erishish, istiqlolni qo‘lga kiritish g‘oyalari bilan to‘lib-toshgan yangi bir adabiyot shakllandi. Abay bunday adabiyotning ilk namoyandalaridan biri edi. Undan so‘ng Shayx Ahmad Mahdum maydonga chiqqan edi.
O‘rta asrlarda shunday ulug‘ zotlarni etishtirgan Turkiston kabi buyuk bir tabarruk zaminning so‘nggi asrlarda jaholat va hurofot azobida inqirozga yuz tutishi, bu erda kuchli bo‘lgan o‘rta asrchilik va mustamlakachilik zulmlari, o‘lkadagi yangi uyg‘onish, yangi ma’rifat va adabiyot uchun borayotgan kurash musulmon xotin-qizlar huquqini himoya qilish haqida Ismoil Gaspirali o‘tkir publitsistik maqolalari bilan faol qatnasha boshladi. «Buxoro va Bog‘chasaroy», «Bog‘chasaroydan Toshkentga» (1893), «Turkistonning yangi tarixi» (1905), «Buxoroda nimalarni ko‘rdim? (1908), «Turkistondan xat» va boshqalar shu jumladandir. Uning ta’siri bilan Turkistonda ham yangi usul maktablari uchun o‘quv qo‘llanmalari, matbuot va adabiyot namunalari maydonga kela boshladi.
Turkistonda jadidchilik harakatining yirik vakillaridan Mahmudxo‘ja Behbudiy (1871-1919)dir. U “Turkiston jadidlarining otasi” sifatida tarixda nom qoldirgan. U istiqlol uchun kurashning oldingi saflarida borgan yalovbardorlardan edi. Fayzulla Xo‘jaev Behbudiy haqida bunday degandi; “Siyosiy, ijtimoiy faoliyati, bilimining kengligi jihatidan o‘sha zamon Turkistonidagi jadidlar orasida unga teng kela oladigani bo‘lmasa kerak”. Behbudiy Gapirinskiy yo‘lga qo‘ygan “usuli jadid” maktablarini Turkistonda qaror toptirishda, ularni darslik va qo‘llanmalar bilan ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatdi. Yangi tipdagi maktablarning milliy-madaniy taraqqiyotimizda muhim omil bo‘la olishi mumkinligi haqida o‘nlab maqolalar yozdi. “Qisqa umumiy geografiya”, “Bolalar maktubi”, “Islomning qisqacha tarixi”, “Amaliyoti islom”, “Aholi geografiyasiga kirish”, “Rusiyaning qisqacha geografiyasi” kabi darsliklar yaratdi. Nashriyot tashkil qilib, darsliklar va qo‘llanmalar, xaritalar bosib chiqargani ma’lum. Bular ilk o‘zbek maktablari uchun tuzilgan darslik va qo‘llanmalar sifatida emas, til-yozuv madaniyatimiz taraqqiyoti nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Behbudiy 1913 yilda «Samarqand» gazetasi va «Oyina» jurnalini chiqardi. Gazeta dastlab 2, so‘ng 4 betlik bo‘lib haftada 2 marta chiqqani va moddiy tanglik tufayli 45 sonidan keyin to‘xtagani ma’lum. «Oyina» o‘lkadagi o‘zbek tilida chiqqan birinchi jurnal edi. U xalq orasida ancha mashhur bo‘lgan. Boshida haftada bir, 1914 yildan esa har o‘n besh kunda chiqqan.
Munavvar Qori Abdurashidxonov milliy matbuotning asoschilaridandir. U 1906 yil sentyabrda “Xurshid”(“Quyosh”) jaridasini nashr etdi va unga muharrirlik qildi. “Najot” (1917 yil), “Kengash” (1917 yil), “Hurriyat” (1917 yil), “Osiyo”, “Haqiqat”, “Turon” kabi matbuot nashrlarida muharrirlik qildi.
Abdulla Avloniy (1878-1934) o‘zbek xalqining atoqli shoiri, muallimi va mutafakkiri, jadidchilarning etuk vakillaridan biridir. Abdulla Avloniy o‘zi ochgan maktab uchun to‘rt qismdan iborat “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Maktab gulistoni”, “Turkiy guliston yohud ahloq” kabi darsliklar va o‘qish kitobini yaratdi. Maktab-maorif ishlariga ko‘mak ko‘rsatuvchi “Jamiyati hayriya” tashkil etdi. “Nashriyot” shirkati tuzib, Xadrada “Maktab kutubxonasi” kitob do‘konini ochgan. U 1913 yilda tashkil etilgan professional “Turon” nomli teatr to‘garagining tashkilotchilaridandir.
Abdurauf Fitrat (1886-1938) jadidchilik haraktining yirik namoyondalaridan biridir. U Buxoro jadidchilarining tashkilotchilaridan biri sifatida xalqni ma’rifat va madaniyatdan bahramand qilish uchun astoydil kirishadi. Fitrat adabiyotga shoir va adabiyotshunos sifatida kirib keldi. U “Munozara” nomli drama yaratgan. Shuningdek “Sayxa”, “Sayyohi hindi”, “Rahbari najot”, “Tarixi islom” kabi asarlarini 1908-1913 yillarda yaratdi. Fitrat o‘z ona diyorini ozod va hur ko‘rishni orzu qildi. U ana shunday ilg‘or g‘oya va fikrlari uchun ko‘pchilik jadidlar qatorida shakkoklik, isyonkorlikda ayblandi, chor ma’murlari esa uni mustamlakachilikka qarshi turganlikda aybladilar, kommunistik mafkura hukmron bo‘lgan qizil saltanat davrida esa millatchilikda, panturkizm g‘oyasi tarafdori, «xalq dushmani» degan uydirma tamg‘a bilan aybladilar.
Turkistonning milliy shoiri, Andijonda jadidchilikka asos solgan Cho‘lpon (1898-1938) shaharda «Turon kutubxonasi» va uning yonida katta bir qiroatxonani tashkil qilgan.
Xulosa shuki, rus mustamlakachilari Turkiston zamini uzra o‘z hukmronliklarini o‘tkazgan kezlarda yurtning jonkuyar, millatsevar, erksevar farzandalri jadidlar harakati ta’sirida milliy istiqlol uchun, mustaqil Turkiston uchun, ekspluatatsiya, zo‘rlik va zo‘ravonlikka qarshi xalqni otlantirdilar. Faqat o‘lkada so‘nggi asrlar davomida ishlab chiqarish kuchlari va taraqqiyotning orqada qolganligi oqibatida, xalq ommasining ijtimoiy-siyosiy, g‘oyaviy-nazariy saviyasi ham etarli darajada davr talabiga monand bo‘lmaganligidan bu kurash birlashgan katta kuch sifatida muvaffaqiyat qozonildi. Siyosiy-ijtimoiy tarqoqlik, «o‘zingni bil, o‘zgani qo‘y» kayfiyati milliy kayfiyatga, milliy birlikka putur etkazdi.
Jadidchilik harakatini o‘lka xalqlari ommaviy sur’atda qo‘llab quvvatlamadilar. Bu harakat faqat xalq orasiga ma’rifat va madaniyat g‘oyalarini tarqatishdan nariga o‘tmadi, o‘zining tor biqiq doirasida o‘ralib qoldi, siyosiy kurash partiyasi darajasiga ko‘tarila olmadi va ommani zulm va istibdodga qarshi dasturiy kurashga torta olmadi... Jadidlar harakatining nazariy va siyosiy barkamollik darajasiga o‘sib etmaganlikdan rus bolsheviklari ustalik bilan foydalandilar va ularni ikkiga bo‘lib yubordilar. Jadidlarning bir guruhi bolsheviklarning yolg‘on va quruq va’dalariga ishonib, ular tomoniga o‘tdilar, «Yosh buxoroliklar» va «Yosh xivaliklar» guruhiga uyushdilar. Natijada milliy-ozodlik va istiqlol uchun kurash olib borayotgan kuchlar kuchsizlandi va parokandalikka uchradi.
Turkiston havaskor arxeologlar jamiyatining tashkil etilishi va faoliyati
O‘rta Osiyoni, shu jumladan, O‘zbekiston hududi arxeologiyasini o‘rganish Rossiyadan anchagina keyinroq ya'ni XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlangan bo‘lsada, ammo, ajdodlarimiz ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyoti, tarixini ifodalab beruvchi asarlar xilma-xil avvaldan yaratilgan edi. Bu borada ajdodlarimizning jahon tarixiy taraqqiyotiga katta xissasini aniq ko‘rsatib beruvchi talaygina asarlar ham yaratilgan bo‘lib, G‘arbda va Sharqda ulardan uzoq asrlar unumli foydalanib kelindi. Muhammad Muso Xorazmiy va Ali Qushchi singari mashhur matematiklar, Ahmad Farg‘oniy va Ulug‘bekdek falokiyot bilimdonlari, Ibn Sino kabi tabiblar, Narshaxiy va Abdulg‘ozixon singari tarixchilar, al-Farobiydek faylasuflar, Zamaxshariy kabi lingvistlar shular jumlasidandir. Ulug‘bek tomonidan yaratilgan «To‘rt ulus tarixi» dan hozirgi kunda ham keng ko‘lamda foydalanib kelinadi. Bu esa, buyuk allomalarimiz yaratgan va ajdodlarimizning jahon taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasini daliliy ashyolar vositasi bilan isbotlab berish imkoniyatini beradi.
Arxeologik yodgorliklar sirasiga, aslida, ibtidoiy davr makonu-manzilgohlari, ko‘xna shaharlar, qo‘rg‘onlar, qal'alar, istehkomlar, kanallar, shuningdek, yo‘llarning qoldiqlari, qadimiy dafn joylari, tosh haykallar, qoyatosh suratlari va boshqa shu singari joylar kiradi.
Tarix to‘g‘ri gapirishni talab qiladigan fanlar jumlasidandir. Haq gapni aytadigan bo‘lsak, rus olimlari O‘rta Osiyoning chorizm tarafidan bosib olinishidan ancha ilgari bu o‘lkani o‘rganish bo‘yicha bir qancha ishlar qilgan edilar. Biroq, XIX asrning birinchi yarmida bu mamlakatlarni o‘rganish, ya'ni mahalliy tarixchilik ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotdagi biqiqlikka mos bo‘lib, feodal tuzum manfaatlari uchun xizmat qilar edi. Natijada bu davr tarixchiligining mavzui jahon tarixchiligi mavzusidan bir qadar ajralib qoldi. Ammo, tariximizni odilona yoritishga jazm qilgan kishilar ham yo‘q emas edi. Binobarin, X–XIV asrlardagi mahalliy tarixchilardan Muhammad Narshaxiy, Tabariy, Rashididdin, Nizomiddin Jomiy, Abdulg‘ozixon va boshqalarning asarlari o‘zining mazmundorligi, rad qilib bo‘lmaydigan manbalarga boyligi bilan bu davrda yozilgan tarihiy asarlardan bir muncha darajada farq qilar va ajralib turar edi. Ammo, asosiy masala shundaki, XIX asrning birinchi yarmida tarix fani ham, boshqa fanlar singari, hukmron tabaqaning manfaati uchun xizmat qildi, xolos.
Zikr etilgan davrda paydo bo‘lgan ko‘p sonli tarix sohasidagi asarlarning asosiy kamchiliklaridan biri, bu jamiyatning rivojlanishida asosiy kuch bo‘lgan xalq ommasining ahvoli, uning tilak-orzulari, xalq harakatlari va bu harakatning tub mohiyatini yoritishga bo‘lgan intilishni deyarli ifoda etilmaganligidadir. Ammo, xalq dardini ifodalovchi asarlar ham bor edi. Shulardan XIX asrning birinchi yarmida Xiva xonligida yozilgan tarixiy manbalardan eng muhimi Munis va Ogohiylarning asarlari hisoblanadi. Ular ham aslida saroy tarixchilari bo‘lsalarda, ularning asarlari o‘zining dalillarga boyligi, xronologik izchilligi, o‘zida aks ettirilgan siyosiy voqealarning to‘liq bayoni jihatdan o‘sha davrdagi Buxoro va Qo‘qon saroy tarixchilaridan bir muncha yuqori turadi.
Umumiy miqyosda qaralganda, XIX asrning birinchi yarmida mahalliy tarixchilar tomonidan yaratilgan tarixiy asarlar, mamlakatda sodir bo‘lgan ijtimoiy siyosiy voqealar, sinfiy kurash, xalq harakatlari kabi masalalarini asl ildizlarini ochib bera olmagan bo‘lsa ham, tarixchilar mamlakat tarixini o‘rganish borasida sezilarni ishlarni amalga oshirdi, manbalar to‘pladilar. Ulardan bugungi kunda tanqidiy nuqtai nazardan qarab foydalanish mumkin.
O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishda rus sharqshunoslarining roli aytarli darajada ma'lum. XIX asrning iikinchi yarmida O‘rta Osiyo Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan bosib olingach, bu yerga rus olimlari kelib, ko‘plab tadqiqot ishlarini olib bordilar. Avvalambor, bu ish imperiya hukumati foydasiga bo‘lsada, ammo, bajarilgan ilmiy ishlarning ahamiyati ham aytarli edi. Shunday murakkab va og‘ir sharoitda ham tarixchilar, sharqshunoslar, arxeologlar o‘z fikr va mulohazalarini erkin bayon etishga harakat qilganlar, asarlar yaratganlar. Ammo, mustamlaka siyosatdonlari xalq ommasining milliy ongini o‘stirishga yordamlashishni aslo ma'qul ko‘rmasada, fan uchun xizmat qiluvchilar ham bor edi. Ularning foliyatlari ham mavjud sharoitga nisbatan qiyin kechgan, albatta. Sababi, chor hukumati amaldorlari omma o‘rtasida tarixiy bilimlarni targ‘ibot qilish, ular diqqatini qadimgi zamon yodgorliklarini o‘rganishga tortish kabi ishlardan cho‘chir edilar.
Binobarin, O‘rta Osiyoning yangi-yangi hududlarida Rossiya hukmronligining o‘rnatilishi, ularning Umumrossiya iqtisodiy taraqqiyoti yo‘liga qo‘shib yuborilishi tufayli turmushning o‘zi ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish zarurligini taqoza qilardi. O‘rta Osiyoning yaxshiroq o‘rganilmaganligi mustamlaka ma'muriyatining maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga halaqit berar edi. Ilmiy tadqiqot ishlarining ma'lum bir qismi, o‘zlarining ko‘p asrlik tarixiga, o‘z urf-odatlari, xususiyatlari, turmush tarziga ega bo‘lgan ko‘p sonli O‘rta Osiyo xalqlari ommasini ekspulatatsiya qilish tizimini kuchaytirishga yordam berishi ko‘zda tutilar edi. Tabiiy boyliklari, madaniy merosi g‘oyat boy bo‘lgan va kam tekshirilgan bu hudud rus ziyolilarining taraqqiyparvar qismini juda qiziqtirardi. Shuning uchun ham, darvinizmning e'tiqodli tarafdorlaridan biri bo‘lgan mashhur rus olimi – zoolog, zoogeograf va otashin sayyox, N. A. Seversov (1827–1886), mashhur rus geografi P. P. Semenov-Tyanshanskiy (1827–1914), tabiatshunos va sayyoh A. P. Fedchenko (1844–1873), geolog va geograf I. V. Mushketov (1850–1902), mashhur olim, hozirgi zamon ilmiy tuproqshunosligiga asos solgan V. V. Dokuchayev (1846–1903) singari jonkuyar olimlar O‘rta Osiyoni o‘rganish borasida katta ilmiy tadqiqot ishlari olib bordilar, boy manbalar to‘plashga erishdilar. Bir guruh harbiy topagraflar esa tabiiy kontrastlari bir-biridan keskin farq qiladigan juda katta hududni keng ko‘lamda suratga tushirish, xaritalashtirishdek mashaqatli vazifalarni bajardi.
Mamlakatning iqlim sharoiti o‘rganildi, metrologik markazlar tashkil qilindi. Masalan, 1867-yilda Toshkent metrologik markazi tuzildi, so‘ngra bunday joylar mamlakatning boshqa joylarida ham tuzildi. 1874-yilda Rossiyadagi eng qadimgi Pulkovo rasadxonasi ilmiy xodimlarining yordamida Toshkent falakiyotshunoslik rasadxonasi ochildi, ilmiy tadqiqot ishlari boshlanib ketdi. To‘g‘ri, kadrlar yetishmasligi, mablag‘ tanqisligi sababli bu ishlar zaruriyatga nisbatan rivojlanmadi, albatta. O‘lkani o‘rganishda statistika qo‘mitalari ham muhim rol o‘ynadi. 1868-yilda Turkiston statistika qo‘mitasi tuzildi, statistik ma'lumotlar nashr qilina boshlandi.
1870-yilda Toshkentda ochilgan Turkiston xalq kutubxonasi (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi) katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Kutubxona o‘lkani o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar, ayniqsa, mahalliy xodimlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Kutubxona tashabbuskor ziyolilar harakati tufayli boyib bordi. Kutubxona fondida saqlanayotgan adabiyot va manba majmualaridan O‘rta Osiyoga, ayniqsa Turkiston o‘lkasiga taalluqli “Turkiston asarlar va maqolalar to’plami” juda qimmatli asar bo‘lib, hozir ham u o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Bu to‘plamni tuzish ishlarini taniqli rus olimi, biblografi V. I. Mejovning xizmatlari kattadir. U Peterburgda 1868- yildan boshlab 20 yil davomida to‘plamlarni yaratish ustida ish olib borgan. Masalan, 1888- yilda “Turkiston to‘plami”ga kirgan katta-kichik jildlarning soni 416 taga yetgan edi. Bu to‘plamlar 1867–1887- yillarda yig‘ilgan materiallarni o‘z ichiga olar edi. Ammo, o‘lkadagi chor ma'muriyatining buyrug‘i bilan “mablag‘ yo‘qligi sababli” bu faoliyat to‘xtatib qo‘yilgan edi. V. I. Mejov “Turkiston to‘plami”ga 3 kitobdan iborat sistematik va alfavit ko‘rsatkichini ham tuzgan edi.
Eng muhimi shundaki, 1872- yilda A. L. Kun va boshqa sharqshunoslar mashhur «Turkiston albomi»ni tuzib tamomladilar. Bu albomda Turkiston o‘lkasining etnografiyasi, arxeologiyasi, kasb-hunar va tarixga doir manbalar suratli tarzda ifodalangan edi. Bu nodir asar hozirgi qadar ham o‘z ilmiy qiymatini saqlab keladi. Albom 1262 dona rangli va rangsiz fotosuratlar yopishtirilgan 447 kartondan iborat bo‘lib, Rossiyada faqat uch kutubxonada – imperator kutubxonasi, Fanlar Akademiyasi kutubxonasi va Turkiston kutubxonasida saqlanilgan. Bu albom ilmiy jihatdaya ham qimmatli asardir.
1917- yilga qadar Turkistondagi ilmiy jamiyatlar tomonidan «Axborot»lar chiqarila boshlangan edi. Jumladan, Rus geografiya jamiyatining Turkiston bo‘limi “Axborot”ning 13 jildi (1898–1917), Turkiston havaskor arxeologlari to‘garaginiig majlislar qarorlari va “Axborot”laridan 21 to‘plam (1896–1917) va boshqa sohalardagi “Axborot”lar singari ma'lumotlari bosib chiqarilgan bo‘lib, bu ahvol ilmiy izlanishlarning bir qator jonlanganligidan dalolat berar edi. Turkiston o‘lkasining qadimiyot yodgorliklari ko‘pdan buyon olimlarning diqqatini o‘ziga jalb qilib kelar edi. XIX asr davomida osori-atiqalar ustida arxeologik kuzatishlar, qidiruv va qisman qazish ishlari olib borildi. Bu sohadagi ishlar P. I. Lerx, N. I. Veselovskiy, V. A. Jukovskiy, V. V. Bartol’d va mahalliy turkistonshunoslardan M. S. Andreyev, V. L. Vyatkin, A. L. Kun, A. A. Semenov, I. T. Poslavskiy, N. P. Ostroumov va boshqalarning nomlari bilan bog‘liqdir. Shuningdek, sobiq turkistonning qadimiy yodgorliklarni hisobga olish va tekshirishga markaz ilmiy muassalaridan Imperator arxeologiya komissiyasi, ayniqsa Rus arxeologiya jamiyatining Sharq bo‘limi, bundan tashqari, 1903- yilda tashkil qilingan O‘rta va Sharqiy Osiyoni tarixiy, arxeologik, lingvistik va etnografik jihatdan o‘rganish qo‘mitasi ham e'tibor bilan qaradi.
O‘sha vaqtlarda havoskor rus kolleksiyachilaridan Barshchevsiky, Vyatknn, Kastalskiy, Komarov, Petrov-Borzna, Poslavskiy, Stolyarov, Terentev, Trafimov, Likoshin va boshqalarning to‘plagan ko‘pdan-ko‘p ma'lumotlari hammaga mashhur edi. Bu arxeologik yig‘malarning aksariyati 1871, 1874, 1889- yillarda Toshkent, Samarqand va Farg‘onada ochilgan muzeylarda, shuningdek, Sankt-Peterburg, Moskva muzeylari ko‘rgazma va zaxiralarida saqlanadn. Shu bilan bir qatorda o‘lkaning etnografiyasini o‘rganishda ham aytarli tadqiqotlar olib borildi, serob manbalar to‘planildi. Bu borada V. V. Bartol’d, N. I. Veselovskiy, V. V. Radlov, A. N. Samoylovich singari mashhur sharqshunoslarning yaratgan asarlari ham ahamiyatlidir.
O‘lkani, xususan, tarixiy va arxeologik jixatdan o‘rganish uchun zarur mablag‘lar ajratilish talab qilinar edi. Biroq, o‘lkada davlat ilmiy-tekshirish muassasalari deyarli yoki butunlay yo‘q edi. Bu vaziyat, o‘lkadagi olimlarni, umuman rus ziyolilari namoyondalarini birlashtirib, Moskva, Peterburgdagi yirik olimlarning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘lkada ilmiy jamiyatlar tuzaboshlashga undardi. Ko‘pgina ilmiy jamiyatlarning paydo bo‘lishi bu yerda mahalliy turkistonshunos xodimlar paydo bo‘lganligidan va ularning faoliyatlarini bir qator o‘zaro muvofiqlash zarurligidan dalolat berardi. Shulardan biri, arxeologiya, antropologiya, etnografiya havoskorlari jamiyatining Turkiston bo‘limi edi.
Shunday qilib, 1870- yilda O‘rta Osiyo olimlar jamiyati vujudga keldi. Bu jamiyat o‘z oldiga xususan, O‘rta Osiyo tarixi, geografiyasi, etnografiyasi, statistikasi, iqtisodiyotiga oid ma'lumotlarni to‘plash, ishlash va tarqatishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Uning birinchi ochiq majlisi 1871- yil 28- yanvarda bo‘ldi. Shu bilan bir vaqtda A. P. Fedchenkoning faol ishtiroki bilan tabiat, arxeologiya, antropologiya va etnografiya havaskorlari jamiyatining Turkiston bo‘limining ochilishi ahamiyatli bo‘ldi. Bo‘lim a'zolari aytilgan sohalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, manbalar to‘plashga kirishdilar.
O‘lkada ishlab turgan havaskor arxeologlar 1895- yilda Turkiston arxeologiya havaskorlari to‘garagiga birlashdi. O‘lkadagi shu singari boshqa ilmiy to‘garaklar ham rejali ishlar olib borgan bo‘lmasalarda, havaskorlarning qiziqishi kuchli edn. Arxeologiya ishlari asosan, yozuv manbalarni to‘plashga, ayrim holatlarda arxeologik manbalar yig‘ish, qazish ishlari o‘tkazish kabi ishlar ham bo‘lib turardi.
Yuqorida aytilganidek, O‘rta Osiyoning Rossiya imperiyasi qo‘shinlari bosib olishdan ancha ilgari, hatto imperator Pyotr I zamonida ham bu o‘lkaga nisbatan bo‘lgan qiziqish kuchli bo‘lgan. Rus chor hukumati xayolidan O‘rta Osiyo hech qachon ko‘tarilmagan. Shu maqsadlarni amalga oshirish ishtiyoqida bu yerga bir necha razvedka ishlari amalga oshirilgan. Bu ishlarning ayrimlari arxeologik tekshiruv o‘tkazish niqobida ham bo‘lgan. Shunday arxeologik razvedkali ekapeditsiyalardan biri 1819- yildagi kapitan N. N. Muravevning tekshirish ishlari edi. Ekspeditsiya Turkmaniston va Xiva tumanlariga jo‘natilgan edi. U aslida harbiy maqsaddagi ekspeditsiya bo‘lsada, bir muncha qimmatli kuzatuvlar olib bordi, ko‘pgina qadimgi yodgorliklarni ro‘yxatga oldi, turli turmush buyumlarini to‘pladi. Keyinchalik N. N. Muravevning kundalik daftari fransuz va nemis tillariga tarjima qilindi. Unda Xiva xonligi haqida qiziqarli ma'lumotlar to‘plangan edi.
O‘rta Osiyoda ibtidoiy kishilar yashaganligi haqida rus olimlari birinchilardan bo‘lib fikr bildirishgan edilar. Jumladan, A. S. Uvarovning uqtirishicha, agar Yevropa qitasida mamont davrida ibtidoiy odamlar yashaganligi aniqlangan ekan, demak, bu jarayon O‘rta Osiyoda ham bo‘lgan. Xullas, XIX asrning o‘rtalariga, ya'ni Rossiyaning bu o‘lkalarni bosib olinishiga qadar ham O‘rta Osiyo ibtidoiy davri tarixidan darak beruvchi qiziqarli manbalar to‘plana borgan. Bu manbalar turli kasbdagi kishilar tomonidan to‘plangan va hozir ham Sankt-Peterburg, Moskva, Toshkent, Samarqand singari shaharlarning muzey zaxiralarida saqlanib kelinadi. Ularning aksariyati o‘rganilib chiqilgan ham, xullas, muzeylar manbalarning guvohlik berishicha, XIX asrning o‘rtalariga kelib, O‘rta Osiyoning tosh asri haqida dastlabki ma'lumotlar to‘plana borgan.
Masalan, A. A. Spitsinning ma'lumotiga ko‘ra, Qirg‘izistonda 1850- yilning yozida qadimgi mozorlar tekshirilib ko‘rilganda, toshdan yasalgan 4 ta kamon o‘qi topilgan. Shu yilda S. I. Gulyayev qadimgi tog‘ konlarida kuzatishlar olib borib, ibtidoiy kishilarning mehnat qurollarini topadi. U shunday tosh bolg‘alarning Qoraqalin o‘lkasida ham topilganligi haqida xabar beradi. Doktor A. Shrenko 1855- yilda toshdan yasalgan bolg‘alar topib, antropologiya va etnografiya muzeyiga topshirganligi haqida ma'lumot beradi. A. Gebel topilmalari ham qiziqarlidir. U 1864- yilda (Hozirgi Fedchenko bo‘g‘ozi) Mang‘ishloq yarim oroli hududidan bir necha tosh parahalari hamda o‘zaklarini topgan va ularni Peterburgdagi antropologiya etnografiya muzeyga sovg‘a qilgan. Bu dalillar O‘rta Osiyo hududida ibtidoiy davrning boshdan kechirganlari haqidagi dastlabki ma'lumotlar edi. Ammo, mutaxassis arxeologlarning yo‘qligi hamda tekshirish ishlarining hali yo‘lga qo‘shilmaganligi tufayli bu topilmalarga nisbatan ilmiy tafsilotlar yaratilmagan, shuningdek, ayrim topilmalar esa kishilarning shaxsiy kolleksiyalarida qolib ketgan, fan olamiga olib chiqilmagan.
To‘g‘ri, to‘garak a'zolarining o‘rtaga qo‘ygan masalalari va mulohazalari dastlab topgan materiallari, undan keyingi tadqiqotchilar uchun yordamchi ma'lumot bo‘lib xizmat qildi. O‘tmish yodgorliklari haqida tafsilotlar yuritish, arxeologik va yozma manbalarni solishtirib o‘rganishga imkon berdi. Ayni vaqtda, hali to‘garak a'zolarining xulosalari munozarali va zamon sinoviga bardosh bera olmagan bo‘lsada, xar holda butun davr uchun, shubhasiz katta ahamiyatga ega edi. Ularning bu boshlagan ishlari tatqiqodchilik fikrlarining rivojlanishiga turtki bo‘ldi, unga ilmiy jamoat diqqatini tortdi. Mashhur rus sharqshunosi V. V. Bartol’d to‘garak ishlariga katta yordam ko‘rsatdi. Hammasi bo‘lib o‘lkada 15 ga yaqin ilmiy jamiyat ish olib borgan bo‘lib, shulardan tarix va arxeologiya jamiyati ham bor edi. Ammo, shuni aytish zarurki mustamlaka Turkiston sharoitida ilmiy jamiyatlarning faoliyati mahalliy aholi o‘rtasida yoyilmadi. Ilmiy tibiiyot jamiyatlari bundan bir qadar mustasnodir.
To‘g‘ri, ilmiy jamiyatlar huzurida faol o‘lkashunoslar, mahalliy muxbirlar pavdo bo‘ldi. Bu borada rus tadqiqotchilari, kolleksionerlari va ilmiy jamiyatlarning ta'siri ostida osori-atiqa havaskorlari qadimgi yodgorliklarni to‘playdigan havaskorlar yetishib chiqdi. Bular orasida samarqandlik Mirzo Buxoriy, Mirzo Abdulloning nomlari alohida ajralib turadi. Mirzo Buxoriy boy arxeologik-numizmatik kolleksiyalar tuplashga erishgan va bularning bir qismi Ermitaj kolleksiyalariga kirgan. Ajoyib san'atkor-xattot Mirzo Barot Mullo Qosimov Samarqand va uning atroflaridagi ko‘pdan-ko‘p qadimgi zamon yodgorliklari suratini chizgan va to‘plagan. U, Ulug‘bek madrasasining ham g‘oyat aniq eskizini tayyorlagan edi. Mirzo Abdullo Abdurahmon, A. L. Kunning Iskandarko‘l ilmiy safarida qatnashib, qadimgi toshlarga yozilgan xatlar qayd qilingan ma'lumotlarni to‘plagan va uning yuritgan kundaligi muhim arxeologik manba sanaladi. Turkiston o‘lkasida tug‘ilib o‘sgan kishilardan bir qanchasi foydali qazilmalar topish va ularni tavsiflash, qadimgi zamon yodgorliklarini qidirib topish kabi ishlarda ishtirok etganlar.
XX asr boshlarida ham Turkistondagi ilmiy jamiyatlar, shu jumlaladan tarix, arxeologiya havaskorlari ham aytarli ishlarni bajarishdilar.
1907- yilda bibliograf I. V. Dmitrovskiy rahbarligi ostida «Turkiston to‘plami»ni tuzish ishlari yangidan boshlandi. 1917- yilga qadar to‘plam jildlariniig soni 394 ga yetkazilgan edi. Hozir bu to‘plam Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston milliy kutubxonasida saqlanadi. 1952- yilda Moskvadagi Davlat xalq kutubxonasida “Turkiston to‘plami”ning yana 29 jildi topildi. Bu to‘plamlarda O‘rta Osiyo va unga qo‘shni bo‘lgan Sharq mamlakatlarining tarixi, arxeologiyasi, etnografiyasi, adabiyoti, iqtisodiyoti, madaniyat tarixi va boshqa masalalariga doir keng ma'lumotlar taqdim qilingan.
O‘rta Osiyo tarixi va arxeologiyasi XX asr boshidan e'tiboran, har holda, chuqurroq tekshirila boshlandi. Bu sohada rahbarlik o‘rnida mashhur sharqshunos olim akademik V. V. Bartol’d (1869–1930) turgan edi. Mahalliy arxeologlardan V. L. Vyatkinning (1869–1932) ishlari ham diqqatga sazovordir. Bu olim 1908- yilda Samarqanddagi mashhur Ulug‘bek rasadxonasining qoldiqlarini topdi va ko‘p yillar qazib, uni to‘la ochishga erishdi. Vyatkin, katta arxeologik kolleksiyalar to‘pladi, Samarqand yodgorliklarini o‘rganish va saqlash bilan dong taratdi, qadimgi Afrosiyob (Samarqand) shahrini va uning atroflarini tadqiq qilib, katta tarixiy va arxeologik manbalar to‘pladi.
V. V. Bartol’dning bevosita rahbarligida 1895- yil oktyabrda Turkiston arxeologiya havaskorlari to‘garagi tashkil topdi va uning nizomi tasdiqlandi. Jumladan, unda: Turkiston o‘lkasidagi qadimgi yodgorliklarni o‘rganish, arxeologik xaritasini tuzish, arxeologik yodgorliklarni saqlash, arxeologik materiallarni chop qilish, hamda, to‘garak faxriy va haqiqiy a'zolardan hamda hamkor (xodim)lardan tuzilish lozimligi, qazish ishlarini faqat boshqarma tomonidan rahbarlik qilinishi, Rossiya arxeologiya komissiyasi bilan hamkorlikni mustahkamlash, to‘garakning bo‘limlarini boshqa shaharlarda ham ochish singari ko‘ngina masala va maqsadlarni o‘z ichiga olgan edi. To‘garakning 108 a'zosi bo‘lib, bular orasida V. V. Bartold, D. M. Levshin, N. S. Likoshin, K. V. Aristov, V. F. Oshanin va boshqa mashhur kishilar ham bor edi. To‘garakda ilg‘or kayfiyatdagi rus ziyolilarining ta'siri kuchli edi. Ular O‘rta Osiyo tarixi va qadimgi yodgorliklariga hurmat bilan qarab, ilmiy-tekshirish ishlarini jonlantirib yuborgan edilar.
Rus sharqshunosligining mahalliy tarixchilikka ta'siri aytarli darajada kechgan. Rus sharqshunoslari O‘rta Osiyo tarixini o‘rganish yuzasidan tadqiqotlar olib borish bilan bir vaqtda, bu ishga yerli tarixchi havaskorlarni ham jalb qilish va ular bilan hamkorlikda ish olib borishga harakat qildilar. Turkistonga kelgan sharqshunoslar mahalliy tarixchi va havaskorlar orasida yurib va yashab, O‘rta Osiyo tarixi haqida muhim ma'lumotlar asarlarni to‘plaganlar va bu haqda ma'lum tushuntirish ishlari olib bordilar.
O‘rta Osiyoni arxeologik jihatdan o‘rganish ishlari, bu hududlarning Rossiya tomonidan bosib olingandan keyin qisman jonlangan desak xato emas. Yuqori satrlarda zikr etilganidek, o‘z zamonida ilg‘or dunyoqarashga ega rus ziyolilarining mahalliy tarixchilar hamda arxeologiya havaskorlari bilan o‘rnatgan ilmiy hamkorligi o‘lka tarixini, arxeologiyasini o‘rganishda bir qator ijobiy rol o‘ynadi. Bunday olimlar orasida V. V. Grigorev, N. I. Veselovskiy, V. A. Jukovskiy, V. V. Bartold singari arxeologlar bor edi.
Rus olimlari O‘rta Osiyoga kelgaya, barcha yodgorliklarga e'tibor bera boshladilar. Shuningdek, ular mahalliy o‘lkashunos va havaskorlarni o‘z atroflariga birlashtirib, ularga uslubiy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdilar. Shulardan biri o‘zbek sharqshunos havaskor arxeolog Akram Polvon Asqarov bo‘lib, u yodgorliklar tarixshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganishda tashabbus ko‘rsatdi. Mahalliy havaskor arxeologlar haqida ma'ruzamizda alohida satrlarni bag‘ishlanganmiz albatta. Rus olimlari havaskor mahalliy kishilar bilan hamkorlikda turli davrlarga doir arxeologik yodgorliklarni ro‘yxatta oldilar va tekshirdilar. Ammo, ayni satrlarda biz, o‘quvchilarning diqqatini ibtidoiy davrlarga nisbatan bo‘lgan munosabatga qaratmoqchimiz. Jumladan, bu yo‘nalishimizda ayrim qiziqarli ishlar amalga oshirilgan. Ibtidoiy davr tarixi haqida ma'lumotlar to‘plana bordi. Masalan, 1870- yilda Toshkentdagi eski qal'a yaqinidan tosh bolta topilgan. Samarqanddagi Afrosiyob xarobasi orqali o‘tkazilgan yo‘l qurilishi vaqtida tog‘ injeneri D. L. Ivanov chaqmoqtosh nukleusi (o‘zagi)ni, keyinchalik esa N. I. Veselovskiy bu atrofdan tosh qirgichchasini topgan edi.
So‘nggi yillarda olib borilgan tekshirish ishlari shuni oydinlashtirdiki, shahar paydo bo‘lgandan juda avvalgi vaqtlarda, ya'ni paleolit davridayoq bu yerdarda ibtidoiy jamoalar makon ekanlar. Bunday topilmalarning soni yil sayin oshib bordi. Jumladan, 1890- yilda eski Marv xarobalaridan A. V. Kaulbars tosh bolta, V. A. Jukovskiy esa Go‘yarqal'adan silliqlangan tosh bolta topishgan edi. 1866- yilda Toshkent atrofidan topilgan tosh bolg‘aga o‘xshash buyumlar Orenburg, Issnqko‘l kabi tumanlarda ham topilgan edi, topilmalarning o‘z davriga nisbatan katta ahamiyati bor edi. Binobarin, yuqorida eslatilgan topilmalar Markaziy Osiyo davri haqidagi dastlabki ma'lumotlar edi.
Demakki, turli mutaxassislikdagi olim va havaskor o‘lkashunoslar tomonidan ibtidoiy davr haqida ancha muncha manbalar to‘plashga erishildi. Shulardan, A. I. Pavlovning kuzatishlari qiziqarlidir. U 1901- yilda hozirgi Bo‘zsuv arig‘i va Toshkent yaqinidagi Qoraqamish atroflaridan paleolit davri odamlarining qurol-aslahalarini yig‘ib olgan va keyinchalik ularni Maskvadagi geologik tekshiruv ishlari bu joylarda ibtidoiy jamoalar yashaganligini ko‘rsatdi. 1892- yilda geolog Shmidt Qirg‘izistonning Issiqko‘l atrofidan, Qaysara stansiyasi yaqinidan bir necha chaqmoqtosh buyumlari topib Peterburgdagi Davlat Eritajiga topshirgan.
Shunday qilib, ibtidoiy davr tarixini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish sekin-asta orta bordi. Bu borada TKLA a'zolarining bajargan ishlari ham diqqatga sazovordir. Jumladan, 1893- yilda I. P. Ostroumov Keles daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi Qoratepa qishlog‘ini qazish vaqtida chaqmoqtoshdan yasalgan kamon o‘qlari, 1902- yilda I. P. Poslavskiy, N. G. Xludov tomonidan ro‘yxatga olingan Soymalitosh qoya suratlarni tekshirib, bu ibtidoiy san'at namunalarini sinchiklab o‘rganish dasturini tuzgan edi.
Ibtidoiy davr tarixi haqidagi masalalar TKLA yig‘ilishlarida deyarli doimiy tinglinib borilgan. Masalan, 1906- yil 11- dekabrida bo‘lib o‘tgan to‘garak yig‘ilishida I. P. Poslavskiyning hisoboti eshitilgan. U turli kasb egalari tomonidan topilgan ibtidoiy qurollar haqida, jumladan, To‘rg‘ay viloyati Beshariq tumani Qoratov va boshqa joylardan topilgan ibtidoiy buyumlar haqida ma'lumotlar bergan. Ko‘pgina olimlar turli topilmalar haqida qiziqarli ma'lumotlar berib turgan. Masalan, I. P. Tolmachev ham 1907- yilda Akmalinsk viloyatidan yig‘ib olgan tosh buyumlarni Peterburgdagi etnografiya muzeyiga tuhfa qilgan. M. M. Berezovskiy va V. N. Andrusovlarning turli joylardan to‘plagan ashyoviy buyumlarni zikr etilgan muzeyga topshirganligi (1916) xabarini beradi. Bu kabi kolleksiyalar tarkibida turli ibtidoiy qurollar mavjud. Ushbu satrlar muallifi tomonidan bu kolleksiyalar o‘rganilib chiqilgan. To‘garak a'zolari qoyatoshlarga solingan ibtidoiy davr suratlari haqida ham qiziqarli ma'lumotlar to‘plaganlar.
Bundan tashqari, 1902- yilda Amudaryo harbiy chegara xizmatchisi A. P. Yarchinskiy qadimgi Ayritom xarobalari yaqinidan tosh pichoq va boshqa tosh buyumlar topgan. 1904- yilda R. Pompelli va G. Shmidtlar Ashgabatga yaqin joydagi Anau tepaliklarini qazib, ibtidoiy davrga oid ko‘pgina materiallarni qo‘lga kiritgan edi. 1905- yilda qadimgi Go‘yarqal'a atrofidan ham tosh buyumlar topilgan edi.
Yuqorida eslatilgan yodgorliklarning aksariyati asrning 60–70- yillarida bir qator o‘rganilib, qadim tarix haqida qimmatli ma'lumotlarni olishga erishildi. Biz, yuqorida ibtidoiy arxeologiya haqida ayrim ma'lumotlar keltirdik, xolos. Demakki, 1917- yilga qadar ilk tariximiz haqida qiziqarli ma'ulamotlar to‘plangan edi. Lekin turli kasb egalari, olimlar tomonidan topilgan bu manbalar arxeolog mutaxassislarning yo‘qligi tufayli ularga haqqoniy ilmiy baho berilmagan. Ammo, ularning fan uchun ahamiyati katta edi. Shuni aytish zarurki, bu topilmalar O‘rta Osiyoning ibtidoiy tarixini o‘rganish uchun XX asrning birinchi choragiga qadar ham harakat qilinganligi, mamlakatimizda arxeologiya fani doimiy rivojlanishda bo‘lganligi, hamda Markaziy Osiyo arxeologiyasi quruq joyda tashkil topmaganligi haqida guvoxlik beradi. Bu manbalar xususan, 60–80- yillarda bir qator tuzuk o‘rganilgan, shuningdek, O‘zbekistonda arxeologiya fanining tashkil topishida ma'lum rol o‘ynagan.
O‘sha vaqtda nashr qilingan “Turkiston viloyati” gazetasi, “Туркестанские ведомости” va boshqa gazeta sahifalarida mahalliy tarixchi va havaskorlar tomonidan yozilgan yodnomalar, yodgorliklar haqidagi kichik-kichik xabarlar va maqolalar, arxeologik kolleksiyoner va sharqshunoslarining mahalliy tarixchilikka samarali ta'sir ko‘rsatganligini va yerli xalq orasida ham tarixga qiziqish kuchayganini ko‘rsatadi. Rus sharqshunosligi bu tuyg‘u va intilishlarni inobatga olib, qo‘llab quvvatlaganligi Turkiston tarixining rivojlanishi uchun yangi sahifa ochib berdi. Masalan, Sattorxon Abdug‘afforov mahalliy sharqshunosligining bevosita ta'siri ostida tarixchilar qatoridan joy olgan. U 1876- yilda Peterburgda chaqirilgan III Xalqaro kongressning s'ezdiga A. Kun, Jo‘rabek, toshkentlik Muhammadqulov, Abdulla hamda buxorolik Musojon Saidjonovlar bilan birga Turkiston vakili bo‘lib qatnashadi. Rus tilini qunt bilan o‘rgangan Sattorxon rus tilida yozilgan asarlarini « Туркестанские ведомости» gazetasida bosib chiqaradi. Rus sharqshunoslari, jumladan, N. I. Veselovskiy rahbarligida Akram Polvon Asqarov kabi havaskor tarixchi va arxeologlar yetishib chiqdi. Akrom Asqarov Toshkentning Rossiya tomonidan bosib olinganiga qadar Qo‘qon qo‘shinida nog‘arachi edi. Toshkent bosib olingach, u 1870- yillarda Toshkentda tashkil qilingan ko‘rgazmalarda faol qatnashdi. Sharqshunoslar ta'sirida Turkistondagi yodgorliklarga qiziqib qoladi.
O‘zining havaskorligi va qiziquvchanligi bilan bora-bora Turkistondagi fan ahliga aylana boshlaydi. A. Asqarov 1884- yilda arxeologiyaga oid qazish o‘tkazish maqsadida Turkistonga kelgan professor N. I. Veselovskiyga yoqib qoladi va yordamchi sifatida u bilan birga Buxoroda, Farg‘ona vodiysida va boshqa joylarda o‘tkazilgan arxeologiyaga oid tadqiqotlarda qatnashadi. U tez fursatda arxeologiya bilimini o‘zlashtirib olib, Veselovskiyga shogird tushadi. A. Asqarov arxeologiya sohasida mahalliy xalq orasida yetishib chiqqan birdan-bir fan-amaliyotchi, bilimdon kishi sifatida tanildi.
U professor Veselovskiydan zarur maslahatlar olib turdi. N. I. Veselovskiy Turkistondan ketgandan keyin Akram Asqarov bir necha yil mustaqil ravishda arxeologiyaga doir tadqiqot ishlari olib bordi. Uning to‘plagan boy va qimmatli arxeologik ashyolar to‘plami o‘sha yillar davomida nihoyatda samarali va keng ko‘lamda ish olib borganligidan dalolat beradi. Akram Polvon Asqarov 1891- yilda vafot etgach, uning boy arxeologiyaga doir ashyolar to‘plami Peterburgga olib ketilib, hozir ham Davlat Ermitajida saqlanmoqda. Bu ashyolarni milliy muzeylarimizga qaytarishning endilikda fursati keldi.
“Туркестанские ведомости” gazetasining 1892- yil 31-sonida bosilgan professor Yevarnitskiyniig “Akrom Asqarovning arxeologiyaga oid ashyolar to‘plami” nomli maqolasida berilgan ma'lumotga ko‘ra, ashyolar to‘plamida 17 dona oltin pul, 1370 dona kumush pul, 13274 dona mis pul, neolit davriga oid tosh bolg‘a, jezdan yasalgan sulug‘, jez oina, jez iskana, jez ketmonlar (motiga) turli joylarda to‘plangan sopoldan yasalgan odam haykalchalari, bir bo‘lak nefrit, isirg‘a, krest (but), boldoq, tumor, mis, sopol idish va shunga o‘xshash tarixiy buyumlar bo‘lgan. Uning bu arxeologik ashyoviy to‘plamiga N. M. Veselovskiy ham katta baho bergan edi. Rossiya arxeologiya jamiyati 1887- yilda Asqarovning arxeologiya sohasidagi xnzmatlarini taqdirlab, uni kumush medal bilan mukofotlagan edi. To‘g‘ri, o‘zi to‘plagan tarixiy buyumlarning tarixning qaysi davriga oid ekanligini idrok qila olmagan bo‘lsada, oddiy bir o‘zbekning o‘sha vaqtda tarixiy nodir buyumlarning fan uchun to umrining oxirigacha tinmay xizmat qilishi rus sharqshunosligi faoliyatining samarasi bo‘lib, bu rus sharqshunosligi uchun ham, mahalliy tarixchilik uchun ham yangilik va foydali ish edi. O‘rta Osiyo, shu jumladan Qo‘qon xonligi, Namangan va Toshkentda yashagan, o‘zbek xalqiniig tarixi, tilini va urf-odatlarini o‘rganishda Vladimir Petrovich Nalivkinning (1852–1918) qo‘shgan hissasi kattadir. U bu haqda 40 dan ortiq ilmiy asarlar va maqolalar qoldirgan. U ko‘pincha o‘z asarlarini Jahongir to‘ra nomi bilan ham yozgan edi.
Shunday qilib, XX asrning 20- yillariga qadar, olimlar va turkshunos havaskorlarning faoliyatlari bilan O‘rta Osiyo o‘lkasini o‘rganishga doir anchagina manbalar to‘plandi. Arxeologiyaga oid materiallar to‘plandi. Dastlabki, mahalliy arxeolog havaskorlar vujudga keldi. Biroq, bularning orasida uzuq-yuluq va tasodifiy topilgan materiallar anchagina bo‘lib, keng, ilmiy asosda umumlashtirilmagan bo‘lsada, ahamiyatli edi. Demak, O‘rta Osiyo, shu jumladan O‘zbekistonda arxeologiya fani quruq yerda emas, balki uning kuxla ildizlari mavjuddir. O‘rta Osiyo, shuningdek O‘zbekistonda arxeologiya fanining ilmiy shakllanishi, tashkil topishi asrimiz boshlarida va undan keyingi yillarda samarali va fidokorona ish olib borish natijasida yaratildi va yanada chuqurlashtirildi. Boshqa fanlar singari arxeologiya fanining yangi taraqqiyot davri 1991- yilda mustaqillikka erishilgandan so‘ng boshlandi.
Shuni ham, alohida aytish lozimki, XIX asr ikkinchi yarmi – XX asrning boshlarida ish olib borgan olimlar va havaskorlar O‘rta Osiyo arxeologiyasini muntazam o‘rganishni yo‘lga qo‘ya olmadilar. O‘lka arxeologiyasini bunday o‘rganish ishi XX asrning 30- yillaridan boshlandi, desak, xato emas. Bu davrda O‘rta Osiyo tarixini o‘rganish va uning arxeologik yodgorliklarini kidirib topish, qazib tekshirish, ishlari bir qator yo‘lga qo‘yildi. Ana shu yillarda O‘rta Osiyo arxeologiyasining rivojlanishida S. P. Tolstov, M. Ye. Masson, M. M. D'yakonov, A. P. Okladnikov, M. M. Gerasimov, V. G. Grigorev, A. Yu. Yakubovskiy, Ya. G‘. G‘ulomov, M. P. Gryaznov, A. N. Bernshtam, A. I. Terenojkin, B. A. Latinin, A. M. Belenitskiy, V. L. Shishkin, D. N. Lev, V. M. Masson, G. F. Kerobkova, B. A. Latvinskiy, G. A. Pugachenkova, M. A. Itina singari mashhur arxeologlar yetishib chiqdi va ularning fan taraqqiyotida o‘rni nihoyatda salmoqlidir.
Bu davrda arxeologiya sohasidan kadrlar tayyorlash tizimi amalga oshirildi va natijada so‘ngn 25–30 yil ichida O‘rta Osiyo arxeologlarining katta gruppasi yetishib chiqqan bo‘lib, ular jumlasiga A. A. Asqarov, A. Muhammadjonov, O‘. Islomov, P. I. Albaum, Yu. F. Buryakov, R. H. Sulaymonov, N. Ne'matov, V. A. Ranov, V. M. Sarpanidi, I. Ahrorov, K. Akishev, X. Olimboyev, A. V. Vinogradov, V. K. Yagodin, O. K. Berdiyev, M. R. Qosimov, K. Mirsoatov, T. Shirinov, M. Isomiddinov, E. V. Rtveladze, M. Jo‘raqulov, B. B. Bijanov va boshqalarni kiritish mumkin.
Mustaqillik ne'matlaridan foydalangan holda olimlarimiz O‘rta Osiyo arxeologiyasini o‘rganish ishlarini yanada jadallashgan holda yo‘lga qo‘yilgan. Bu ish bilan maxsus ilmiy institutlar, universitetlar, kafedralar, pedagogika institutlari, viloyat muzeylari shug‘ullanmoqda va katta ilmiy natijalarga erishildi. O‘lka arxeologiyasini o‘rganishda O‘rta Osiyo Respublikalari jahonda fahrli o‘rinni egallaydi.
Turkiston madaniy hayotida nashr ishlari va nashriyotchilikni paydo bo’lishi
Mamlakatimizda bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar ijtimoiy iqtisodiy sohalar bilan bir qatorda milliy matbuot sohasini ham chetlab o’tgan emas. Bu sohada bugungi kunda samarali ishlar amalga oshirilmoqda desak xato qilmagan bo’lamiz. Matbuot yurtimizga kecha kirib qolgan narsa emas balki, uning yurtimiz tarixida o’ziga yarasha tarixi va o’rni bor. Biz milliy matbuot sohasini rivojlantirishda yaqin o’tmishdagi ajdodlarimizning tajribalariga suyanamiz. Zero, O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentimiz aytganlaridek ,, Ulkan madaniy me’rosga ega bo’lgan Turkiston ne-ne jafolarni ko’rmadi, ne-ne tarixlarni boshidan kechirmadi. O’tgan yetmish yil mobaynida ma’naviy qadriyatlarimiz ancha toptaldi, unitildi. Bugungi yangi o’zbek davlatini barpo etar ekanmiz, biz tarixdan, ajdodlar me’rosidan ularning ruxi pokidan, Turkiston xalqlarining qadriyatlaridan, ma’naviy me’rosidan, san’atidan bahramand bo’lishimiz tabiiydir”. O’tgan asrning dastlabki yillarida milliy ziyolilar matbuotning ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, diniy hayotda tutgan o’rnini yaxshi anglagan holda millatni moddiy ma’naviy taraqqiyotiga yetishtirish uchun muhim chora milliy matbuot ekanligini ta’kidlaganlar va xalqni gazeta o’qishga chaqirganlar, ya’ni bu bilan xalqning ijtimoiy ongini oshirishga harakat qilganlar. Matbuot millatni bir yoqadan bosh chiqarib, taraqqiyot yo’liga birlashtira olishiga ishontirganlar.
O’zbekistonda matbuot 19- asrning 2- yarmida tarkib topdi. O’lkani Rossiya imperiyasi bosib olganidan keyin bosqinchi hukumatning extiyojidan kelib chiqib, kitob nashri uchun moddiy texnik baza yaratildi. Nashr ishlari, bir qadar yo’lga qo’yilishi, kitobning aholi orasiga chuqurroq kirib borishi uchun yo’l ochdi, yurtimizda matbuot ishi rivojlanishiga turtki bo’ldi, fan madaniyatdagi ilg’or g’oyalarni tarqalishiga yordam berdi. O’lkaning bosqinchi mamuriyati nashr matbuot ishlaridan rus ta’sirini kuchaytirish, imperiya tarkibini mustaxkamlash aholining turli qatlamlariga hokimyat uchun maqbul bo’lgan yo’l bilan mafkuraviy “ishlov berish kabi maqsadlarda foydalanishga intildi”. Vatanparvarlik kayfiyatidagi adabiyot va san’at arboblari, ma’rifatchilar, milliy ozodlik uchun kurashchilar hokimyatining bu maqsadlariga qarshilik ko’rsatishdi. Qarama- qarshi tomonlarning qorishuvi, milliy matbuotning vujudga kelishidagi ziddiyatlarini, uning taraqqiyot tamoyillaridagi nomutanosibliklarini belgilab berdi. Turkistonda XIX asrning 60 yillaridan boshlab kitob nashri ishlari boshlandi. Turkiston o’lkasini mute yurtga aylantirish maqsadida uning tabiiy sharoiti, iqtisodi, ishlab chiqarish kuchlari, mahalliy aholi turmush tarzini tadqiq etgan rus olimlarining kitoblari dastlabki bosma nashrlar hisoblanadi. Dastlab nashr etilgan barcha kitoblar rus tilida va rus mualliflariga tegishli edi. XIX asrning 70 yillaridan boshlab o’zbek tilida ham kitoblar chop etildi. Shoximardon Ibroximovning 1872- yilda nashr etilgan “Kalendar” nomli kitobi ularning dastlabkisi edi. U 500 nusxada chop etilgan. Nashr ishlarining avj olishi bosmaxona va litografiya tarmoqlarini kengayishiga olib keldi. Xususan 1872- yilda Turkiston general gubernatorligi devonxonasida bosmaxona ochildi. U xarbiy xalq boshqarmasi bosmaxonasi deb nomlandi. 1877- yili Toshkentda S.I.Laxtinning birinchi xususiy bosmaxonasi vujudga keldi. So’ngra O. A. Porsev, I. I. Geyer, P. D. Nemjinov, M. V. Kanselson, E. P. Edslman, Vilier, SH. Graevskiy kabilarning bosmaxonalari ochildi. Asta-sekin o’lkaning boshqa shaxarlarida ham bosmaxonalar ochildi. 1880- yili Yangi Marg’ilon, 1905- yili Andijon kabi shaxarlarda ham ular ish boshladi. XX asr boshlarida ulardan ko’pchiligi kitob chiqarishda ishtirok etibgina qolmay, o’z toshbosmalarini ham ochdilar.
G’ulom Xasan Orifjonov obro’li milliy noshirlardan biri edi. XX asr boshlarida u saxxof - muqovachi bo’lib ishlardi. Shu davrlarda Orifjonov rus noshirlari bilan aloqa bog’ladi va toshbosma texnikasi bilan tanishdi. Biroq xususiy litografiya ochish uchun chor xukumati senzurasidan ruxsat olish kerak bo’lar, maxalliy aholi vakili uchun esa bu ayniqsa mushkul muammo edi. Ammo Orifjonov ruxsat olishga erishdi va Moskvadan Toshkentga 4 ta litografik dastgox olib keldi. Orifjonovning “G’ulomiya” litografiyasi 1902- yili ochdi. Shu bilan birga Xusayn Manayev, Xoji Muhammad Azimjon Marg’iloniy va boshqalar ham xususiy litografiya egalari bo’lishdi. Umuman, “inqilobgacha bo’lgan” Turkistonda nashr korxonalarining keng tarmog’i ishlar edi. Turli paytlarda bu yerda 50 ta bosmaxona, 13 ta lito-tipografiya va 8 ta litografiya faoliyat yuritgan. Bosmaxonalarda asosan rus tilidagi kitoblar chiqarilar va ular asosan badiiy adabiyot, ilmiy tadqiqotlar, ma’lumotnomalar, yilnomalar, o’quv qo’llanmalaridan iborat edi. Nashrlarning ko’pchiligi turgan gapki, o’lkada bosqinchi xukumatning mavqeini yanada mustaxkamlash uchun xizmat qilishga qaratilgan edi. Rus tilida nashr etilayotgan adabiyotlarga nisbatan maxalliy milliy tillardagi kitoblar dengizdan qatradek tuyulardi, albatta. Milliy adabiyotning nashr moddiy bazasi anchagina qashshoq bo’lib, asosan tipo-litografiya va litografiyadan iborat edi. Shunga qaramay, o’zbek tilidagi kitoblar salmog’i ortib bordi.
Rossiya imperiyasi O’rta Osiyo xonliklarini istilo qilgandan so’ng, Qo’qon va Buxoro xonliklari bosib olingan yerlarda o’zining tayanch markazi- Turkiston general-gubernatorligini tuzdi. Uning markazi Toshkent edi. 1870- yildan Toshkentda general- gubernatorlikning rasmiy organi-“Туркестанские ведомости” va uning ilovasi “Turkiston viloyatining gazeta” chiqa boshladi.
“Туркестанские ведомости” 1870- yil 28 aprel kuni Turkiston general-gubernatori Kaufman farmoniga binoan bosilib chiqdi. “Туркестанские ведомости” Turkistondagi to’ngich rasmiy bosma gazeta xisoblanib, u O’rta Osiyoda vaqtli matbuotga asos soldi.
“Туркестанские ведомости”ning 1870- yilda 17 ta soni 1871- yildan boshlab xaftasiga 1 marta; 1903- yil dekabrdan - 3 marta; 1907- yildan 4 marta chiqib turdi va nixoyat 1907- yil iyulidan boshlab kundalik gazetaga aylantirildi. Uning oxirgi soni 1917- yil 15 dekabrda chiqdi. “Туркестанские ведомости” gazetasining 47 yil mobaynida 6406 soni bosildi. “Туркестанские ведомости” gazetasi general-gubernator Kaufman tomonidan taxrir qilinib chiqarildi. Uning birinchi muxarriri qilib N. A. Mayev tayinlandi.
“Туркестанские ведомости” gazetasini N. A. Mayev 1870- 1892 yilgacha; 1892- yil 20- noyabrdan 1899- yil 17- dekabrgacha A. P. Romanovich; 1899-1901 yillarda S. A. Geppener va 1901- yil 5- noyabrdan 1907- yil 9- yanvargacha N. G. Malitskiy taxrir qilgan.
Gazeta Rossiya imperiyasining mustamlakachilik idora usulini o’tkazish, Turkiston xalqlarini sodiq fuqarochilik ruxida tarbiyalash, diniy jaxolatni qo’llab-quvvatlash siyosatini amalga oshirishga da’vat etgan edi. To’g’rirog’i, gazetaning dasturi ichki ishlar vazirligi tomonidan chizib berilgan bo’lib, u asosan 4- ta moddadan iborat bo’lgan.
Toshkentda 1870- yilda o’lkadagi mustamlakachi hukmronlar tashkil etgan “Туркестанские ведомости” va “Turkiston viloyatining gazeti” Markaziy Osiyodagi matbuotning ilk namunalari hisoblanadi. Turkistonda dastlabki taraqqiyparvar milliy gazetalar 1905-1907 yillardan faoliyat ko’rsata boshladi. (“Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” va b.). Ularning yo’lini 20-asrning o’n yilligida chop etilgan “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg’ona”, “Najot” gazetalari, “Oyna” jurnali davom ettirdi. Milliy nashrlar Turkistonni savodli, ma’rifatli, taraqqiyotga erishgan, obod, mustaqil diyorga aylantirish g’oyalarini targ’ib qildilar.
Jadidlar o’zlarining tijorat ishlari bilan Rossiyaning markaziy hududlari, Volgabo’yi va Kavkazda bir necha bor bo’lganlar. U yerlardagi ijtimoiy-siyosiy hayot, kishilarning turmush tarzi, madaniyati, qarashlari bilan tanishganlar. Turkiston mustamlakachilikning yorqin namunasi ekanligini yanada chuqurroq anglab yetganlar. Eng avvalo, ular milliy sarmoyani tejash, uni millatning ravnaqiga xizmat qiladigan iqtisodiy-madaniy, ma’rifiy sohalarini vujudga keltirish, zamonaviy asosga qurilgan xunarmandchilikni rivojlantirish kabi masalalarga asosiy e’tiborni qaratganlar. Shu maqsadlarni amalga oshirishga butun kuch va g’ayratlarini sarf etganlar. Shunday kishilardan biri Obidjon Mahmudov edi.
Gazeta jadidchilik g’oyalarining jarchisi bo’lib maydonga chiqdi. Uning sahifalarida ilm-ma’rifat ulug’langan, yangi usul maktablari targ’ib qilingan, bid’at-xurofotlar, xalqimiz orasidagi zararli va noxush odatlar - aroqxo’rlik, tamaki chekish, dabdabali to’ylar o’tkazish, isrofgarchiliklar keskin tanqid qilingan.
O’zbekiston hududida matbuotning paydo bo’lish jarayoni XIX - asrning 70 - yillariga to’g’ri keldi. Mustamlakachilar mintaqada yashovchi yerli xalqlarga o’zlarining siyosatlarini targ’ib va tashviq etish maqsadida 1870- yilda Toshkentda “Туркестанские видомости” va “Turkiston viloyatining gazeti”ni tashkil etgan. Markaziy Osiyoda davriy matbuot shu tariqa paydo bo’ldi. Mazkur gazetalarning har ikkisi ham 1917- yilgacha chop ettirilgani bois Turkiston matbuoti tarixida uzoq muddat davomida uzluksiz faoliyat ko’rsatgan davriy nashrlar sanaladi.
“Turkiston viloyatining gazeti” o’zbek publitsistikasining shakllanishiga yo’l ochdi. Zokirjon Furqat, Sattorxon Abdug’afforov, Ishoqxon Ibrat, Mahmudxo’ja Behbudiy va boshqa ko’plab ziyolilarning bu gazeta bilan ijodiy hamkorligi natijasida Turkiston o’lkasida jaholatga qarshi kurash, ommani, ayniqsa, yosh avlodni har tomonlama ilm-ma’rifatli qilib tarbiyalashga intilish harakatining kuchayishini ta’minladi. Boshqacha aytganda, mazkur nashr ma’rifatparvarlarning fikr va so’z aytishi uchun ilk minbar vazifasini o’tadi.
XIX asrning 90- yillariga kelib Turkistonda matbuot sohasida o’ziga xos yangilanish jarayonlari kuzatildi. Rus tilidagi dastlabki xususiy gazetalar nashr qilina boshlandi. Dastlab Samarqandda, keyinroq Toshkentda nashr etilgan “Okraina” (1890-1907), Toshkentda chiqqan “Русский Туркестан” (1898-1907) gazetalari shular jumlasidandir.
Aynan shu davrda “Среднеазиатский вестник” (1896), “Туркестанский скорпион” (1907, hajviy), “Средная Азия” (1910-11), “Туркестанский каракурт” (1911, hajviy) jurnallari Turkiston jurnalchiligining ilk namunalari edi. O’zbek tilida esa “Oyna” (1913-15), “Al-isloh” (1915) kabi jurnallar hamda “Al-izoh” (1917) va boshqa al’manaxlar ham o’lkaning tarixini, o’sha kezdagi ahvolini o’rganishga, o’quvchilarning madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirishga ko’maklashdi.
Chorizm mahalliy xalqlar onggi va bilim saviyasining yuksalishidan manfaatdor bo’lmagan. Shu bois hukmron siyosat milliy ongning yuksalishiga xizmat qiladigan vositalarning, jumladan, milliy tildagi davriy nashrlarning yuzaga kelishiga imkon qadar yo’l qo’ymadi. 1906- yilga qadar butun o’lkada yagona “Turkiston viloyatining gazeti”dan bo’lak mahalliy tilda bironta gazeta nashr qilinmagani ham buning isbotidir.
Turkiston jadidlarining yetakchi namoyandalari: Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniylar demokratik yo’nalishdagi o’zbek matbuotini shakllantirishga katta hissa qo’shdilar. Jadidlar milliy davriy nashrlar faoliyatini tashkil etish va yo’lga qo’yishda mahalliy rus matbuoti hamda Rossiyaning turli hududlarida tatar tilida nashr qilingan gazetalarning, xususan, ma’rifatchi Ismoilbek Gaspirali muharrirligida chiqqan “Tarjimon” gezetasining ish tajribasiga tayandilar.
O’zbekistonda chinakam milliy matbuotning yuzaga kelishi 1906- yil 27 iyundan Toshkentda chiqa boshlagan jadidlarning “Taraqqiy” gazetasi bilan bog’liq. Uning sahifalarida podsho Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini fosh qiluvchi maqola, xabarlar bosilgan. Gazeta materiallaridagi tanqidiy ruh mustamlakachi ma’murlarga yoqmagan. 19 soni chiqqach, gazeta yopib qo’yilgan. Gazetaning ilk soni chiqqan 27 iyun 1993- yildan buyon mamlakatimizda “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” sifatida nishonlanadi.
“Sadoyi Turkiston” (Toshkent, 1914-15), “Samarqand” (1913), “Sadoyi Farg’ona” (1914) gazetalari hamda “Oyna” (Samarqand, 1913-15) jurnallarini saviyasi, omma ongiga ta’siri jihatidan o’zbek matbuoti tarixidagi eng ibratli nashrlardan deb hisoblash mumkin.
1917- yil Rossiyadagi fevral inqilobi Turkistondagi ijtimoiy munosabatlar, shu jumladan, matbuot rivojiga ham ta’sir ko’rsatmay qolmadi. Milliy birlik harakatini avj oldirishga, o’zbek xalqining istiqlolga erishish yo’lidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga 1917-yilda tashkil etilgan “Najot”, “Turk eli”, “Turon”, “Ulug’ Turkiston”, “Hurriyat” (Samarqand), “El bayrog’i” (Qo’qon) gazetalari va “Yurt” (Qo’qon), “Chayon” jurnallari o’ziga xos hissa qo’shdi.
Turkistondagi islohotchilik g’oyalarining rivojlanishida tatar ziyolilarining ham o’ziga yarasha o’rni bor. Rossiya imperiyasida milliy islohotchilik g’oyalarini ilk bor tatar ziyolilari boshlab berdilar. Ular dastlab islohotni milliy matbuot tashkil qilishdan boshladilar va natijada tatar tilida 1905-1907 yillar orasida 21- ta gazeta nashr etilgan. Tatar tilidagi birinchi gazeta 1905- yilning 2-sentyabrida Peterburgda nashr etilgan “Nur” gazetasi bo’lib, 1914- yilgacha chiqib turgan. Muharriri Ataullo Boyazidov bo’lib, unda taniqli adib Sharif Kamol va jurnalist Kabir Bakirlar ishlaganlar. Sh. Kamol (1894-1942) mashhur o’zbek jurnalisti Mirmuhsin Shermuhammedov (1895-1929) bilan 1918-1919 yillarda “Ishchilar dunyosi” gazetasida birga faoliyat olib borganlar. Kabir Bakir (1880-1938) 1917- yil Fevral inqilobidan keyin Toshkentga keldi va “Ulug’ Turkiston” gazetasini nashr etdi.
1905- yil 17 oktabrida so’z va vijdon erkinligi haqida Rossiya podshosi Manifesti e’lon qilishi bilan gazeta-jurnallar birin-ketin maydonga chiqa boshladi. 1905- yilning 29 oktabrida “Qozon muxbiri” nomli gazeta chop etildi. 1906- yilning 5 yanvarida Peterburgda “Ulfat” gazetasining birinchi soni bosmadan chiqdi. 1906- yilning 15 yanvarida Qozonda “Yulduz” gazetasi dunyo yuzini ko’rdi va 1918- yilning 21 iyunida sovetlar tomonidan to’xtatildi.
1906- yil 21 fevraldan Orenburgda taniqdi adib Fotih Karamiy (1870-1937) muharrirligida “Vaqt” gazetasi ish boshladi. Gazeta qisqa vaqt ichida shuhrat topdi. Uning yaqin hamkorlaridan biri taniqli din va madaniyat arbobi Rizoiddin Fahriddin edi. “Vaqt” gazetasi 1918- yilning 26 yanvarigacha davom etdi, uning 2309 ta soni chiqdi. “Vaqt” Turkiston hayotiga katta e’tibor berdi, o’z qardoshlarining maishiy turmushidan to ijtimoiy-siyosiy ahvoliga qadar keng yoritib bordi. Turkiston shaharlarida gazetaning Kabir Bakir, Ahmadjon Bektemirov, Nuriddin Sayfulmulukov kabi ko’plab muxbirlari ish olib bordi. Taniqli qalam egalari Turkistonga kelib turkum maqolalar uyushtirishdi. “Idora” nomidan “Sayyoh”, “Bir musofir”, “Samarqandiy”, “Buxoroli”, “Qardosh”, “Muxbir” imzolari bilan bir qancha maqolalar chop etishdi. Maqolalarda Turkiston hayoti aks ettirilgan bo’lib, jumladan, “Vaqt” gazetasida Yo’ldosh o’g’li ismli muallif “Turkiston tuproqlari” nomli maqolasida Rossiya mustamlakachilik siyosati tanqid qilinadi, muallif yaqin 20-30 yil ichida Turkistonning ichki Rossiyaga aylanib qolishidan, turkistonliklarning esa g’aflat uyqusidan hanuz uyg’onmaganligidan tashvishga tushadi. Yo’ldosh o’g’li “Lekin nechikkina bo’lsa-da, Turkistonni qutqaruvga tirishuv lozimdur, ul tirilsa, Rusiya musulmonlari uchun ishonchli bir asos bo’lajak. Musulmonlar kerak chog’da anga tayana olajakdir” - deb yozadi. “Vaqt” gazetasida Mahmudxo’ja Behbudiyning “Faryodi Turkiston” maqolasi 1907- yilgi 132 sonida e’lon qilindi, “Duma va Turkiston musulmonlari” maqolasi 1907- yilgi 239-sonida, Abduqodir Shakuriyning “Turkistonda maktab va tarbiya” maqolasi (1907- yil, 147 son) va boshqa turkistonliklarning maqolalari bosildi. Shu va boshqa bir qancha chaqiriqlar Turkistonda milliy matbuotning yuzaga kelishiga sabab bo’ldi.
XIX asar oxiri - XX asr boshlarida chop etilgan gazetalar son jihatdan oshib, ularning geografik doirasi ham kengayib borgan edi. Xususan, dastlabki Turkiston general-gubernatorligining ma’muriy markazi bo’lgan Toshkent shahrida vujudga kelgan ilk gazetalar, keyinchalik o’lkaning boshqa shaharlarida: Samarqand, Farg’ona, Qo’qon, Andijon kabi shaharlarda chop etila boshlandi.
XIX asr oxiri - XX asr boshlarida Turkiston mintaqasida milliy istiqlol uchun kurash, demokratik tartiblarni o’rnatish, xalqni jaholat, ilmsizlik va xurofotdan qutqazish maqsadida jadidlar keng faoliyat olib bordilar. Bunday xayrli maqsadga erishish yo’lida matbuot qudratli kuch ekanligini to’g’ri anglaganlar. Bu yo’nalishda Turkiston mintaqasidagi jadidchilik harakatining taniqli namoyon dalari Mahmudxo’ja Behbudiy, Fayzulla Xo’jayev, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Xo’jayev kabilar mahalliy matbuotni shakllantirishda muhim rol o’ynadilar. Mintaqadagi milliy davriy nashrlar tashkil qilinishiga qrim-tatar millati vakili Ismoilbey G’aspirali (Gaspirinskiy)ning (1851-1914) 1883-1914 yillarda chop etgan “Tarjimon” gazetasi, Turkiyada chop etilib yashirin ravishda yurtimizda tarqatilgan “Sirotul mustaqim” (“To’g’ri yo’l”), Afg’onistonda 1900-1919 yillarda chiqib turgan “Sirojul axbor afg’oniya” (“Afg’on xabarlari yoritgichi”) kabi gazetalarning ta’siri katta bo’ldi. Bundan tashqari Hindiston va Misrda chop etilgan matbuot organlari ham XX asr boshlarida Turkistonga kirib keldi. Jumladan, Hindistondan fors tilida nashr etiladigan “Habl-ul-matn”, Misrdan “Chehranoma” kabi jurnallar kelib turardi. Tadqiqot va izlanishlar shuni ko’rsatdiki, Erondan “Al-jadid” gazetasi ham Toshkentga kelib turgan. Yuqoridagi qayd etilgan gazeta va jurnallar orqali Turkiston ziyolilari dunyo voqealari, Birinchi jahon urushi maydonlaridagi harbiy harakatlar, dunyo iqtisodiyoti, fani, texnikasi sohalarida ro’y bergan yangiliklar haqida xabardor bo’lib, o’zlari yashab turgan o’lkaning taraqqiyotdan ortda qolganligiga ishonch hosil qildilar.
XX asr boshlarida Turkistonda chinakam mahalliy matbuotning yuzaga kelishida 1906- yil Ismoil Obidov muharrirligida “Taraqqiy” gazetasining chop etilishi muhim rol o’ynaydi. Rossiya imperiyasi mahalliy ma’murlarining qat’iy senzurasiga qaramay, “Xurshid” (1906), “Shuhrat” (1907), “Osiyo” (1908) kabi matbuot organlari nashr qilindi.
Milliy matbuotning rivojlanish jarayonining ikkinchi bosqichi 1912-1915 yillarni o’z ichiga oladi. Bu davrda “Samarqand”, “Oyina”(1913), “Sadoyi Turkiston” (1914-1915), “Sadoyi Farg’ona”(1914) kabi matbuot organlari o’z yo’lidagi jiddiy to’siq va g’ovlarga qaramay, milliy ong, milliy til, milliy adabiyot va jurnalistikani shakllanishida muhim rol o’ynadi.
Tarixiy jarayonlar keskinlashgan 1917- yilda ijtimoiy-siyosiy faollik va milliy birlikni ta’minlash maqsadida o’nlab gazeta va jurnallar o’z faoliyatini yuritdi. Ushbu yilda nashr etilgan “Najot”, “Turk eli”, “Turon”, “Ulug’ Turkiston”, “Xurriyat”, “El bayrog’i” gazetalari, “Yurt”, “Chayon” jurnallari kabilarni qayd qilish mumkin.
Turkistonda mahalliy o’zbek, fors tillaridagi diniy-ma’rifiy chiqishlar aks etgan dastlabki gazetalar 1905-1907 yillardagi gazetalar birinchi rus inqilobi davriga to’g’ri keladi. Bu inqilob natijasida Rossiya imperiyasi hukumati matbuot sohasida ham anchagina yon berishga majbur bo’lgan. Bunday vaziyatdan oqilona foydalana olgan Turkistonning milliy taraqqiyparvar kuchlari o’z dunyo qarashlari va fikrlarini matbuot orqali xalqqa yetkazishga harakat qila boshladilar. Xalqni ilmsizlik jaholat botqog’idan chiqarish hamda mamlakatni taraqqiyot sari boshlashda matbuot qudratli vosita ekanligini anglab yetgan milliy ziyolilar gazeta nashr qilishda rus matbuoti va Rossiyaning turli hududlarida tatar tilida chiqqan gazetalar, ayniqsa, Ismoilbek Gaspirali muharrirligida chiqqan “Tarjimon” gazetasining ish tajribasiga tayandilar. Shu tariqa Turkiston o’lkasida ketma ket gezetalar chiqa boshladi. Shu o’rinda nashr etilgan gazetalarni tarixiy ahamiyatini hisobga olib, XX asar boshidagi gazetalarni ikki guruhga bo’lib o’rganish mumkin.
1. Fevral inqilobiga qadar chiqqan gazetalar.
“Taraqqiy” gazetasi- Turkistondagi ilk milliy gazetadir. Ivan Geerning muharrirligi ostida va uning mablag’i hisobiga “Taraqqiy” gazetasining o’n yettita soni chop etilgan. Keyinchalik mushtariylardan, reklama va e’lonlardan tushgan mablag’ evaziga nashr etilgan.
“Taraqqiy” gazetaning birinchi soni 1906- yil 14 iyunda V. Il’inning xususiy bosmaxonasida bosib chiqarilgan. Gazetaning keyingi sonlariga tatar ziyolisi Ismoil Obidiy muharrirlik va noshirlik qilgan. Gazeta faoliyatida Shokir Muxtoriy, Ismoil Aliyev, Munavvar Qori Abdurashidxonovlar faol ishtirok etishgan.
“Taraqqiy” gazetasi haqida Abdulla Avloniy o’zining “Bugungi o’zbek vaqtli matbuotining tarixi” maqolasida quyidagilarni keltiradi:
“Taraqqiy” gazetasi - taraqqiyparvar bir gazeta bo’lib, muharriri ichki Rusiya totorlaridan Ismoil Obidiy Yo’ldosh edi. Oktabr inqilobindan so’ngra bu kishi so’l susiyolist revolyusioner firqasi vakili o’laroq doxiliya ko’misori mansabinda bo’lindi. Ikki oy qadar davom etgandan so’ngra hukumat tarafindan bekitildi.
Bu gazeta o’sha zamon musulmon gazetalari ichida eng so’li bo’lib, hukumat va uning ma’murlarig’a qarshi hujum ochdi. Bu gazeta yorliq (mehnatkash) yosh yozuvchilarga sahifasidan keng o’rin berdi. Istibdod hukumatining favqulodda saqlash (oxron) qo’li bilan bu gazeta o’ldirildi. Xalq oziqsiz qolib, uzoq vaqt jimjitlik hukm surdi.
Bu gazeta 1906- yili “Taraqqiy” to’xtagandan keyin o’sha vaqtning yoshlari tomonidan tuzilgan bir shirkatning moddiy ko’magi, Munavvar Qori Abdurashidxonovning mas’ul muharrirligi orqasida toshbosma usul bilan chiqa boshladi. El orasidagi e’tiboriga qarab baho qo’yilg’onda “Taraqqiy”dan keyingi ko’zga ilarlik gazeta “Xurshid” gazetasi bo’ldi. Bu gazeta ko’proq “Turkiston viloyati gazetasi” bilan kurashdi va uning buzuq harakatini elga anglatib turdi. 18-songa yetganda idorasida bir necha qatla tintuv yasalib, nihoyat bu ham favqulodda saqlash idorasi tomonidan to’tatildi.
“Shuhrat” gazetasi - milliy taraqqiyparvar gazeta Toshkentda chiqqan, o’zbek tilida, muharriri Abdulla Avloniy. 1907- yil 4- dekabrdan Toshkent matbuot havaskorlaridan tuzilgan bir shirkatning moddiy ko’magi bilan chiqa boshladi. “Shuhrat” gazetasi 15- sonini to’ldirg’onda, bor narsasi hukumat tomonidan musodara qilinib, o’zi to’xtatildi.
“Shuhrat” gazetasida Munavvar qori Abdurashidxonov va Qozon guberniyasidan bo’lgan millati tatar Ahmadjon Bektemirovlar gazeta muharririga yaqindan yordam berganlar. Bundan tashqari, gazeta ishida Mahmudxo’ja Behbudiy, Tursunxo’ja Hamidxo’ja, Miskin kabi tarqqiyparvarlar ham ishtirok etib, xalqni ma’rifatga undovchi maqolalar yozib turishgan. Ushbu gazeta uch yuz nusxada haftasida bir marta chiqarilib, oxirgi soni 1908- yil 14 fevralda chop etilgan.
“Tujjor” gazetasi- milliy-tijorat gazetasi. Noshiri Saidkarimboy edi. Uch-to’rt oy qadar davom etgandan so’ngra moddiy jihatdan qiynalib yopildi.
“Tujjor” gazetasi - 1907- yil 21- avgustdan boshlab chiqarila boshlandi va o’z maqsadlarini o’quvchiga tushuntirishga harakat qiladi: “Tujjor” yolg’iz men uchun bo’lmay, balki jami dindoshlarimning o’z huquq va milliy moliyalarini talab qilmoqliklari uchun buyuk bir advakatdir.”Taraqqiy” va “Xurshid” kabi “Tujjor”ni ham hukumat to’xtatur, deb hech xavf etmasin. Chunki, “Tujjor”ning siyosiy va maiyshiy maslagi hukumatga qarshi va xilof emasdir”. Uning mushtariylari kamligi sababli 36 ta soni chiqqandan so’ng yopildi.
“Shuhrat” gazetasi tugatilishi bilan, Ahmadjon Bektemirov muharrirligida 1908- yil aprelidan “Osiyo” gazetasi chiqa boshladi. Ushbu gazeta “Shuhrat” gazetasining sarmoyasi bilan chiqarilgan bo’lib, uning umri juda qisqa bo’ldi, 5- sondan keyin 1908- yilning 27- mayida hukumat tarafidan “zararli” yo’nalishda bo’lganligi uchun tugatildi. “Osiyo” gazetasi nashrida “Xurshid” va “Taraqqiy” gazetalarida jonbozlik ko’rsatib xalqni ma’rifatga chaqirgan milliy ziyolilar ishtirok etishgan. Gazetaning ikkinchi sonida Mahmudxo’ja Behbudiy xalqqa milliy gazeta zarurligini ta’kidlar ekan, mahalliy aholining asosiy qismi ”Turkiston viloyatining gazeti”ni “missionerlik” gazetasi yoki “foydasi yo’q” gazeta deb hisoblab, uni o’qimayotganliklarini qayd etib o’tgan. Behbudiy gazeta muharriri Bektemirovga tashakkur izhor etar ekan, o’z navbatida, unga o’rtacha yo’l tutishlikni, chunki Turkiston xalqi keskin ochiq fikrlarga tayyor emasligini, shuningdek, hukumatga munosabatda ham uning ishonchini qozonish uchun ehtiyot bo’lishligini tavsiya etadi. Ushbu gazetada ham boshqa taraqqiyparvar gazetalar kabi maktab madrasalarni isloh qilish g’oyasi ilgari suriladi.
“Osiyo”- Bu gazeta 1908- yilda Ahmadjon Bektemirovning mas’ul muharrirligi ostida, “Shuhrat” ning ostida saqlab qoldira olg’on sarmoyasi bilan chiqa boshladi. Senzuraning siqishi va eski hukumatning iskanjasi bilan bu ham 6 nomerga yetganda bo’g’ilib jon berdi.
“Olosh” gazetasi - ushbu gazeta qirg’iz-qozoq tillaridagi nashr. 1907- yilda Toshkentda tashkil etilgan. Muharriri Ko’lboy Tug’uso’f bo’lib, Fevral inqilobindan bir necha oy o’tgach, moddiy va ma’naviy jihatdan qiyinchilikka uchrab yopiladi.
“Sadoyi Turkiston” gazetasi- 1913- yilning 12- dekabrida Ubaydullaxo’ja Asadullaxo’ja o’g’liga ushbu gazetani chiqarishga ruhsat beriladi. Lekin mablag’ yetishmaganligi sababli gazetani chop etish orqaga suriladi. 1914- yil 1- apreldan Toshkentda bu gazeta chop etila boshlandi. Ushbu gazeta milliy matbuotning birinchi vazifasi faqat turli xabarlar yozishdan iborat bo’lmay, balki millatning turli muammo va nuqsonlarini maydonga chiqargan holda islohot ishlarini amalgam oshirish kerak ekanligini ta’kidlagan va millat rivojiga xizmat qilishni vazifasi deb bilgan. Bu vazifani amalga oshirishda Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Tavallo, Saidnosir Mirjalilov, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Xolid Said, Abdulhamid Sulaymon o’g’li Cho’lpon, Mo’minjon Muhammadjonov, Abdulla Erg’oziyev, Nushiravon Yovushev, Siddiqiy, Lutfilla Olimiy, Mulla Said Ahmad Vasiliy, Fuzayl Jonboyev, Hoji Muin, Rauf Muzaffarzoda kabi millat fidoiylari muharrirga yaqindan yordam berdilar. Boshqa gazetalarga qaraganda ushbu gazeta muntazam nazorat ostida bo’lgan”.
2. Fevral inqilobidan so’ng nashr qilingan gazetalar.
“Kengash” gazetasi - ushbu gazeta 1917- yil Toshkentda Ahmad Zaki Validiyning muharrirligi ostida chiqib, keyinchalik Munavvarqori Abdurashidxonov unga muharrirlik qiladi.
“Sho’royi Islom” gazetasi- 1917- yilda Toshkentda nashr etilgan bo’lib. Muharriri - Abdulbori Battol (ichki Rusiyali tatar). Noshiri Toshkentdagi “Sho’royi Islom” idorasi. Birinchi no’merdan so’ng ulomalarning e’tiborsizligi ila bekitildi va muharrir bo’lgan Battol Garoy Qozonga qaytishga majbur bo’ldi.
“Turon” gazetasi - muharriri - Abdulla Avloniy. 1913- yil Toshkentda nashr etila boshlangan. “Turon” gazetasi o’sha vaqtdagi o’zbek gazetalarining eng mundarijali va hurriyatparvari edi. Uning 2- no’merida Turkiston jumhuriyati Markaziy firqa qo’mitasi va Markaziy ijroiya qo’mitalarining endigi nashri afkori bo’lgan “Ishtirokiyun”ning hay’ati a’zosi Mirmuhsin yo’ldosh Mirmuhammadov Buxoro va Xiva inqilobiga doir hurriyatparvarona bir maqola yozmish va u maqolasinda ko’hna madrasalardan aqllarni chiritgan “Sharhi mullo” kitoblarini otmoq zamoni kelganini bildirmishdi. Bu maqola butun mutaassib ulomalarni g’ayratga keltirdi. “Turk eli” gazetasi - 1918 yilda chiqa boshlab, Turk ellarini ayqash-quyqash qilib bu ham ketdi. Muharriri Ozarbayjonlik Muhammadali Afandizoda, noshiri - “Turk Adami Markaziyat” partiyasi. Bu gazetada 5-10-sonlarigacha chiqqandan so’ngra moddiy sabablar bilan bekitildi.
“Ulug’ Turkiston” gazetasi, Toshkent shahrida 1917- yilda Kabir Bakirning javobgar muharrirligi ostida chiqdi. Bu gazeta totor shevasida bo’lsada, o’zbeklar sodda bir tilda yozilgani uchun xalqni tez jalb eta oldi.
Yuqorida sanab o’tilgan gazetalarning barchasi Toshkent shahrida nashr etilgan. Quyidagi Turkiston o’lkasining boshqa shaharlarida nashr etilgan gazeta nashrlari xaqida ma’lumot beriladi.
Turkiston milliy ma’rifatparvar ziyolilarining yana bir nashri bo’lgan “Samarqand” gazetasi 1913- yil aprel oyida Mahmudxo’ja Behbudiy rahnamoligi va muharrirligi ostida Samarqanda tashkil etilgan. “Samarqand” gazetasi uch tilda: o’zbek, fors va rus tillarida chiqib turgan. Bu haqda Behbudiyning o’zi shunday deydi: “Samarqand” jaridasi o’zbek forsiy rus tillarida va Turkistonning o’rta shevasunda ta’sis etilib edi. Mundin maqsad shul ediki, Rusiya kulturi, ilmi, hunari va sanoatiga oshno bo’lishlarida ojizona tashviq etishdan iboratdir. Maktab bo’lsun, madrasa bo’lsun, isloh va taraqqiyotga xalqni yordam uchun da’vat qilmoq edi. Fasid urf va botil rasmlarni, yomon odatlarni shar’iy islohiga qo’shish etmoq edi.
“Ozod” gazetasi - Farg’ona nohiyasi Sim shahrida nashr etilgan bu turkcha gazeta 2-sonigacha nashr etilgan so’ng moddiy va ma’naviy sabablar ila bekitildi. Muharriri - Hodi Fayziy. Noshiri- Inqilob qo’mitasi.
“Sadoyi taronchi Olloh” gazetasi - Yettisuv viloyatida chiqqan bu gazetaning noshirlari taronchi turk javonlari edi. Muharriri tatar shoirlaridan Zarif Bashiriy edi. 1-2 davom etdi
Ushbu yuqorida nomlari zikr etilgan gazetalar milliy ma’naviyatimizning ko’zgusi bo’lgan. Gazetalarda xalqni taraqqiyotga, madaniy ma’rifiy islohga chaqiruvchi bir qancha maqolalar e’lon qilingan. Milliy gazetalarning aksariyati garchi uzoq davom etmagan bo’lsada, shu qisqa davr mobaynida xalqni ma’naviyati uchun ulkan hissa qo’shdi. Keyingi boblarda milliy gazetalarning aksariyati xususiy bo’lgan. Xususiy gazetalar boshqa gazetalarga qaraganda anchagina hurfikrliroq bo’lgan.
Shuningdek, XX asr boshida chop etilgan gazetalar Turkiston tarixini o’rganishda muhim manba hisoblanadi. Chunki ular orqali o’sha davr zamondoshlari va voqealari guvohlarining xilma xil qarashlari, o’y fikrlari bilan bevosita tanishib olish mumkin. Bundan tashqari, matbuotda ma’lumotlar muntazam ravishda berilib borilgan, materiallar muayyan maqsadda berib borilgan. Ular ancha saqlangan holda bizgacha yetib kelganligi ham tadqiqotchiga ancha qulayliklar tug’diradi. Bu davrga kelib gazeta xalqqa axborotni tez va samarali yetkazuvchi asosiy vosita ekanligini jahon tajribasi isbotlagan edi. Ma’lum bir ijtimoiy-siyosiy guruhlar gazetalardan xalqqa o’z fikr mulohazalarini yetkazish va o’z tarafdorlarini ko’paytirish maqsadida foydalanganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |