Hayot mazmuni ...dadir
Inson boshida har xil kun bor. Ba'zan yuzlarimiz baxt atalmish ajib his sabab o'zida mamnunlikni aks ettirsa, ko'zlarimiz quvonchdan yonsa, ba'zida esa bu mamnun yuzlarni so'lg'inlik, porlab turgan ko'zlarni esa maxzunlik egallaydi. Bu biror bir muommo yoki boshqa bir sabab bilan yuz bersa mayli, kun kelib muommo hal bo'lganda hammasi o'z o'rniga tushib ketadi. Biroq, shunday vaziyatlar bo'ladiki bu maxzunlik ne sabab bizni qiynayotganini, qalbimizni o'rtab, o'zimizni nimadir qimmatbaho narsamizni yoqotgandek u yon bu yon urishimizga sabab bo'layotganini bilmay halak bo'lamiz. Axir menda hammasi joyidaku lekin nima uchun o'zimni bunday his qilayapman degan savol bizni qiynab yuboradi. Chindan ham hayotimizda hamma narsamiz yetarli bo'lsa ham ammo nimadir yetishmayotgandek tuyulaveradi. Biz esa ana shu yo'qlikni o'zimiz yaxshi ko'rgan narsalar, mashg'ulotlar bilan to'ldirishga harakat qilamiz. Ammo ular ham hatto qil ham sig'maydigandek bo'layotgan yurakka taskin bera olmaydi. Biror bir foydali ish bilan shug'ullanay desak unga undovchi kuchni ham hech topa olmaymiz. Na oldinga qadam tashlay olamiz va na ortga. Hayot o'z mazmunini yo'qotib qo'ygandek bo'ladi. Hatto ba'zan bu hayotda yashashimizni ham u darajada qizig'i yo'qdek. Qiziq, bizni bu ko'yga tushib qolishimizning sababi ne? Savollar ustiga savollar! Nima qilmoq lozim, qanday chora ko'rish zarur?
Hayotimizda bir narsa borki uning borligi bizning baxtimiz, yo'qligi esa qaysidir ma'noda baxtsizlligimizdir. Uning yo'qligi bizni ma'nan qiynaydi, bundan jismimiz ham azob chekadi. Borligi esa bizga oldimizdan chiqadigan har qanday to'siqni yengishimiz uchun kuch-quvvat beradi. Endi bir o'ylab ko'ringchi hayotimizdagi bu narsa nima ekan! Agar siz bu "maqsad" deya javob bergan bo'lsangiz demak to'g'ri topibsiz. Kimlardir muhim, kimlardix muhim emas deb u darajada e'tibor bermaydigan bu tushuncha hayotimizni chiroyli bo'lishiga xizmat qilishi yoki uni izdan chiqarib yuborishi mumkin ekan.
Qachonlardir bir kitobimning muqovasiga shunday deb yozgan ekanman, " Maqsad bu dengizdagi mayoq misolidir. Uning borligi va nur sochib turishi kemalarni o'zining belgilangan manzillari tomon eltsa, yo'qligi esa bu kemalarni qorong'ulikda to'g'ri yo'lini yo'qotishiga, kuchli to'lqinlarga bardosh berolmay suvga g'arq bo'lishiga sabab bo'ladi." Demak uning borligi hayotimizni nurlantiradi.
Tasavvur qiling, siz uydan chiqdingiz, ammo aniq belgilangan manzilingiz yo'q. Ammo yurib ketayapsiz, yurishda davom etayapsiz. Duch kelgan ko'chaga kirib ko'rasiz, duch kelgan eshikni qoqib ko'rasiz. Yoki qadam tashlashdan to'xtab bir joyda turib qolib ketasiz. Bunday holatda biz maqsadni ana shu yo'lovchida yo'q bo'lgan manzilga o'xshatishimiz mumkin. Biz yo'lga chiqqanmiz, ammo borar manzilimiz bo'lmasa, ko'chada sarson-sargardon bo'lib qolib ketgan yo'lovchiga o'xshab qolamiz. Demak, maqsad bu hayotimizdagi harakatlarimiz yo'naltirilgan manzil. O'z manzilimizga yetishishlik uchun yo'lda duch kelgan har qanday qiyinchiliklarni yengib o'tishga qodirmiz. Boshimizga har ne tushmasin chidaymiz, bardosh beramiz. Mana bu esa hayotimizning mazmunidir. Hayotda nima uchun yashayotganimizni bilishimiz chin ma'noda bizning baxtimiz, umrimiz mazmunidir. Alloh har birimizning ko'nglimizga biz yetib bora oladigan go'zal manzillarni solsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |