Ishlab chiqarishdagi xavfli omil – ma’lum bir shart-sharoitda ishlovchilarga ta’sir etishi natijasida shikastlanishga, o‘tkir zaharlanishga yoki sog‘liqning to‘satdan va keskin boshqa turdagi yomonlashishiga, yoki o‘limga olib keladigan ishlab chiqarish omili hisoblanadi. Ishlab chiqarishdagi xavfli omillarga misol qilib, harakatlanayotgan mashina va mexanizmlarni, traktor va ekskavatorlarni, yuk ko‘tarish vosita va mexanizmlarini, balandlikka ko‘tarilgan va harakatlanayotgan yuklarni, mashina va mexanizmlarning muhofazalanmagan aylanuvchan va qaytma-ilgarilanma harakat qiluvchi qismlarini (kardanli, zanjirli, tishli, tasmali uzatmalar), zaharli modda va gazlarni, elektr tokini, turli nurlanishlarni va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.
Xavfsiz mehnat sharoiti – mehnat sharoitining shunday holatiki, bunda ishlovchiga zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarining ta’siri bartaraf qilingan bo‘ladi yoki zararli ishlab chiqarish omillarining ta’siri eng yuqori yo‘l qo‘yiladigan daraja va miqdorlardan oshmaydi.
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishchilarning xavfsizligi va umumiy shu sohaga oid tariflar.
– qonuniy aktlar, me’yoriy-texnik va loyihaviy hujjatlar, qoida va yo‘riqnomalar tomonidan o‘rnatilgan talablar, ularning bajarilishi ishlovchi xatti-harakatini belgilaydi va xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlaydi.
− mehnat muhofazasi – xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlashga yo‘naltirilgan qonuniy aktlar, hamda oldini oluvchi va belgilovchi (reglamentlovchi) ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnik, sanitar-gigiyenik va davolash-oldini olish chora-tadbirlari, vosita va uslublari tizimi;
− texnika xavfsizligi – ishlovchilarga xavfli ishlab chiqarish omillarining ta’sirini bartaraf qilishning tashkiliy chora-tadbirlari, texnik vositalari va uslublari tizimi;
- ishlab chiqarish sanitariyasi – ishlovchilarga zararli ishlab chiqarish omillarining ta’sirini bartaraf qiluvchi yoki zararli ishlab chiqarish omillarining ta’sirini yo‘l qo‘yiladigan miqdorlargacha pasaytiruvchi tashkiliy, sanitar-gigiyenik chora-tadbirlar, texnik vositalar va uslublar tizimi;
− xavfli zona – ishlovchiga zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillari ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan zona (fazo);
− ishlab chiqarish uskunasi xavfsizligi – ishlab chiqarish uskunasini yig‘ishda, yechishda va ishlatishda, me’yoriy-texnik hujjatlarda keltirilgan shart-sharoitlarda, mehnat xavfsizligi talablariga mos kelishlik xususiyati;
− ishlab chiqarish jarayoni xavfsizligi – ishlab chiqarish jarayonini amalga oshirishda, me’yoriy-texnik hujjatlarda keltirilgan shart-sharoitlarda, mehnat xavfsizligi talablariga mos kelishlik xususiyati;
− ishlovchini himoyalash vositasi – ishlovchiga zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarining ta’sirini bartaraf qilishga yoki kamaytirishga mo‘ljallangan vositalar;
− ishlovchining shaxsiy himoya vositasi – ishlovchi tanasiga yoki uning bir qismiga kiyiladigan yoki u tomonidan ishlatiladigan vosita.
Shaxsiy himoya vositalariga asosan ish kiyimlari, poyafzal, gaz niqoblar, respiratorlar, niqoblar, shlemlar, himoya ko‘zoynaklari, quloqchinlar va boshqalar kiradi;
− ishlovchini guruhiy himoyalash vositasi – ishlab chiqarish uskunasi, ishlab chiqarish jarayoni, ishlab chiqarish xonasi (binosi) yoki ishlab chiqarish maydonchasi bilan konstruktiv va funksional bog‘langan himoya vositasi.
Ishlovchilarni guruhiy himoyalash vositalariga mashina va mexanizmlar xavfli zonalarining turli to‘siqlari, qobiqlari, ventilatsiya tizimlari, elektr uskunalarining yerga ulash, nollash, avtomatik ajratkich, potensiallarni tenglashtirish qurilmalari, yashin qaytargichlar, tovushni yutuvchi va to‘suvchi qoplamalar va boshqalar kiradi.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa – xodimning u mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha o‘z vazifasini ish beruvchining hududida ham, undan tashqarida ham bajarishi bilan bog‘liq holda mehnatda mayib bo‘lishiga yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishiga olib kelgan va xodimni boshqa ishga o‘tkazish zaruriyatini keltirib chiqargan, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoki turg‘un yo‘qotishiga yoxud vafot etishiga sabab bo‘lgan hodisa;
− kasb kasalligi – xodimning unga ishlab chiqarishning zararli yoki xavfli omili ta’siri natijasi bo‘lgan va uning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoxud turg‘un yo‘qotishiga sabab bo‘lgan o‘tkir yoki surunkali kasalligi;
− xavfsiz masofa – zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarining manbasi va odam o‘rtasidagi, odamning xavfli zonadan tashqarida turishini ta’minlaydigan, eng kichik masofa;
− xavfsizlik belgilari – odamni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf to‘g‘risida ogohlantirishga, ma’lum bir harakatlarni ta’qiqlashga yoki ruxsat etishga, ko‘rsatishga, obyektlar joylashishi bo‘yicha ma’lumot berishga mo‘ljallangan, qo‘llanilishi zararli va (yoki) xavfli omillar ta’sirini bartaraf qilish yoki kamaytirish bilan bog‘liq belgilar;
− xavfsizlik ranglari – odamning diqqatini yong‘in o‘chirish vositalariga, xavfsizlik belgilariga, ishlab chiqarish uskunalarining va (yoki) qurilish konstruksiyalarining zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillari manbalari bo‘lishi mumkin bo‘lgan alohida qismlariga tortishga mo‘ljallangan ranglar;
− zararli ishlab chiqarish omilining yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajasi (EYuD) – bu ishlab chiqarish omilining shunday darajasiki, ma’lum, aniq bir vaqt davom etuvchi ishni butun ish staji davomida bajarganda ham, uning ta’siri natijasida jarohatlanish, kasallanish yoki sog‘liqda o‘zgarish ish jarayonida, yoki hozirgi va keyingi avlodlar hayotida kuzatilmaydi;
elektr xavfsizligi – odamlarni elektr toki, elektr yoyi, elektrmagnit maydonining zararli hamda xavfli ta’sirlaridan muhofaza qilishni ta’minlaydigan tashkiliy va texnik chora-tadbirlar tizimi.
Mehnatni muhofaza qilish sohasida qo‘llaniladigan boshqa tushunchalar va ularning mohiyati ko’plab adabiyotlarda berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |