1939-yil 1-sentabr kuni Germaniyaning Polshaga bostirib kirishi bilan Ikkinchi jahon urushi boshlandi va 1945-yil 2-sentabrgacha davom etdi. Polshaga yordam berishni va’da qilgan Buyuk Britaniya va Fransiya 3-sentabr kuni Germaniyaga urush e'lon qildi.
Sovet rahbarlari paytdan foydalanib qoldi. 1939-yil 17-sentabr kuni Polshaga sovet qo‘shinlari kiritildi. Germaniya bilan SSSR o‘rtasida do‘stlik shartnomasi imzolanib, unda Polsha davlati siyosiy xaritadan butunlay o‘chirib tashlandi.
1939-1940-yillarda sovet — fin urushi bo‘lib o‘tdi. Sovetlar juda katta yo‘qotishlar evaziga Kareliyani Viborg shahri bilan birga SSSR tarkibiga qo‘shib oldi. Ammo tezkor g‘alaba qilish va Finlandiyani qaram davlatga aylantirish rejasi amalga oshmadi. SSSR tajovuzkor davlat sifatida Millatlar Ligasi tarkibidan chiqarildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |