Shuni aytish joizki, jinoyatga suiqasd qilishda jinoyatdan ixtiyoriy
qaytishga har doim ham imkoniyat bo‘lavermaydi. Jinoyat sodir etishga
suiqasd qilishda jinoyat subyekti tomonidan jinoyatning obyektiv tomoni
amalda bajarilishi hisobga olinsa, ushbu bosqichda ma’lum jinoiy oqibatlar
kelib chiqishi mumkinligi masalasi yuzaga keladi. Ayni holda nafaqat
jinoiy harakatlarni to‘xtatish (chunki bunday harakatlar qisman amalga
oshirilgan bo‘lishi ham mumkin), balki jinoiy oqibatlar kelib chiqishining
oldini faol olish ham jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishdan dalolat
beradi. Bunda jinoyat sodir etishga suiqasd qilish turlari muhim ahamiyat
kasb etadi.
Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishning passiv shakli ko‘pincha,
subyekt jinoiy qilmishni oxiriga yetkazmagan va ijtimoiy xavfli oqibat
kelib chiqishi uchun barcha zarur harakatlar (harakatsizlik) amalga
oshirilmagan tarzda, ya’ni tamom bo‘lmagan jinoyatlarda bo‘lishi
mumkin. Bunda qilmishning tugallanmaganligi, tugallanmagan suiqasdni
tavsiflovchi tashqi holat bilan emas, balki ichki motivlar bilan belgilanishi
kerak. Misol uchun, subyekt avval jabrlanuvchini o‘ldirish niyatida uning
oyoq-qo‘lini bog‘laydi, kaltaklaydi, lekin keyin o‘ldirish niyatidan qaytadi.
Bunday hollarda shaxs bevosita odam o‘ldirishga qaratilgan harakatlarni
to‘xtatadi, ya’ni ularni sodir etishdan qaytadi (harakatsizlik). Bu holda
shaxs muayyan jinoyat tarkibi bilan qamrab olinadigan, uning obyektiv
tomonini tashkil etadigan yoki zararli oqibatlar kelib chiqishini
ta’minlaydigan harakatlarni sodir etishdan qaytishi kifoya. Masalan, shaxs
jabrlanuvchiga o‘q uzish uchun uni o‘qotar quroldan nishonga oladi, lekin
o‘q uzmaydi.
Tamom bo‘lgan suiqasdda ixtiyoriy qaytish bo‘lishi mumkin emas,
chunki subyekt jinoiy harakatlarni to‘xtatish yo‘li bilan jinoyat sodir
etilishini to‘xtata olmaydi (u jabrlanuvchiga o‘q uzgan, uni o‘ldirish
maqsadida pichoq urgan bo‘ladi va h.k.). Shu sababli, jinoyatdan
ko‘zlangan maqsadga erishish imkonini beradigan keyingi harakatlardan
qaytishga bunday hollarda jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish deb
emas, balki jinoyat sodir etishga qayta urinishdan qaytish deb qaralishi
kerak.
282
Tamom bo‘lgan jinoyat sodir etishga suiqasd qilishda jinoyat sodir
etishdan ixtiyoriy qaytish imkoniyati faqat sodir etilgan harakatlar bilan
jinoiy oqibatning kelib chiqishi o‘rtasidagi vaqtda uzilish mavjud bo‘lgan
va mazkur shaxs o‘zining faol harakatlari bilan zarar yetkazilishining
oldini olishi mumkin bo‘lgan kamdan-kam hollarda saqlanadi. Boshqacha
qilib aytganda, shaxs mazkur vaqt davomida o‘z harakatlarini nazorat
qilishi va o‘zining harakatlari bilan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan jinoiy
oqibatlar orasidagi bog‘liqlik rivojini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Masalan, mulkni nobud qilish maqsadida unga o‘t qo‘ygan shaxsda olovni
darhol o‘chirish imkoniyati bor, soat mexanizmi mavjud bo‘lgan
portlovchi qurilmani o‘rnatib qo‘ygan shaxs, uni o‘chirib, terrorizm
aktining oldini olishga ulguradi.
Do'stlaringiz bilan baham: