NOTA BENE !
Jazo
– jinoyatchiga nisbatan sud tomonidan qo‘llaniladigan, jinoyat
sodir etishning huquqiy oqibatini ifodalaydigan, jinoiy javobgarlikning
amalga oshirilish shakli bo‘lgan maqsadli davlat majburlov chorasi.
Jinoiy javobgarlikning real ifodasi, asosan, jazoda o‘z aksini topadi.
Biroq jinoiy javobgarlik va jazoni aynan bir tushuncha deya olmaymiz.
Jinoiy javobgarlik va jazo bir-biri bilan chambarchas bog‘liq
tushunchalardir. Bu fikrlar ayrim xulosalar chiqarishimizga imkon beradi.
Birinchidan, jinoiy javobgarlik davlat majburlov chorasining bir turi
va mohiyatan jinoyat-huquqiy munosabat bilan bir bo‘lganligi uchun
jinoiy jazo tushunchasiga nisbatan keng. Ikkinchidan, jinoiy jazo, jinoiy-
huquqiy majburlov chorasi sifatida jinoiy javobgarlikning barcha
bosqichlarida namoyon bo‘ladi.
Birinchi bosqichda (jinoyat sodir etilgan paytdan to ayblanuvchi
sifatida ishga jalb qilingunga qadar bo‘lgan oraliq davr) jinoyatchiga
ijtimoiy xavfli qilmish sodir qilingani uchun jazo xavfi yuzaga keladi.
Ikkinchi bosqichda (shaxsni ayblanuvchi sifatida ishga jalb qilinganidan to
ishni sudga topshirilguniga qadar) jinoyatchini jazoga tortishga
hozirlanadi. Uchinchi bosqichda (sud protsessidan to hukm ijroga
topshirilguniga qadar) mahkum sud tomonidan belgilangan muayyan tur
va miqdordagi jazo bilan jazolanadi. To‘rtinchi bosqich (sud ayblov hukmi
qonuniy kuchga kirganidan to jazo muddati tugagunigacha yoki
muddatidan avval jazodan ozod qilingunga qadar) jinoyatchi tomonidan
jazo o‘tash jarayoni bo‘ladi. Nihoyat, jinoiy javobgarlikning beshinchi
bosqichida (jazoni o‘tab bo‘lgan yoki jazodan muddatidan avval ozod
qilinganidan to sudlanganlik holatining tugallanishi yoki olib
132
tashlanguniga qadar) jazoni ijro etish va sudlanishning oqibatlari namoyon
bo‘ladi.
Jazo maqsadli davlat majburlov chorasi sifatida shaxsning huquq va
erkinliklarini cheklash bilan birga uni qayta tarbiyalaydi ham, shuningdek,
umumiy va maxsus tarzda ogohlantiradi.
Shunday qilib, jinoiy javobgarlikning jazolash tomoni hukm qilishdan
kelib chiqqan, ammo unga nisbatan ikkinchi darajali, ya’ni jazo jinoiy
javobgarlikning huquqiy oqibati bo‘lishi bilan birga sudlanish jazo
qo‘llashsiz ham amalga oshirilishi mumkin.
Jinoiy javobgarlikning barcha bosqichlarida u yoki bu turdagi jazo
to‘g‘risida so‘z borar ekan, u aksariyat hollarda davlat majburlov
chorasining asosiy ko‘rinishi, jinoiy javobgarlikni amalga oshirishning
asosiy shakli hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |