– Uni xotinboz, paranjini tashlashga bosh qosh bo‘lgan, deydiganlarga nima deysiz?
– Nimayam derdim, bir mo‘min-musulmonga tuhmat qilgan odamlarning jazosini men bermayman, O‘zi beradi. Paranjini allaqachon tashlab bo‘lgan edi ayollar... Molotovning bu haqdagi qarori chiqqan edi. Bunaqa chuchmal va yolg‘on xabarning shakllanishiga o‘sha mashhur “Olovli yillar” kinosi sabab bo‘lsa kerak. O‘sha kinoning senariysida ham bunaqa joyi bo‘lmagan, ammo o‘ris rejissyori “prestijniy bo‘ladi” deb tasvirga olish paytida shunaqa sahnani tiqishtirib yuborgan ekan. Keyin sovet davrida uning asarlarini buzib chop etishdi. Masalan, yasha, Turon, degan satrini “Yasha, sho‘ro”, deb o‘zgartirgan olimlar katta-katta unvonlarni olib, kayfu safoda kun kechirib o‘tdi. Bundayin xiyonatlarda Hamzaning nima aybi bor?!
“Keldi ochilur chog‘ing...” deb boshlanadigan she’rini ham paranjiga nisbat berib tushuniladi. Bu xato! Ushbu she’rni ayollarni ma’rifatga chorlash uchun yozgan, ro‘molingni yech, ko‘kragingni, soningni ochib yur deb yozmagan. Agar sovet mafkurasi shunday talqin qilgan bo‘lsayu kimdir shunga ishonsa, nimayam derdim, bilganini qilsin. Ammo Qur’oni karimda ham “...fosiq keltirgan xabarni tekshiring...” degan mazmunda oyat bor, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, “Hujurot” surasi, 6-oyatda shunday amr bor. Nabijon aka, ayrim mushtariylar ko‘nglidan: “Mana shu gaplarga dalil bormi?” degan fikr o‘tsa, ajabmas.
– O‘o‘o‘o‘ zo‘rku?! Ana arxivga borsin, tekshirib ko‘rsin istasa... Kallangiz ishlasa, do‘ppini boshdan olib o‘ylab ko‘ringchi, agar rostdanam Hamza yomon bo‘lsa, uni oqlashdan menga nima naf? U mening bobommi yo xotinimning tog‘asimi? Yo “tepa”dan kimdir menga shunday yozgin deb buyurtma beribdimi? Men kimlargadir yoqish uchun laganbardorlik qiladigan pastkash emasman. Yo unvon yo uy uchun tilyog‘lamachilik qiladiganlardanam qattiq xazar qilaman... Asarlarimni xalq uchun, kelajak avlod uchun yozaman. Millat asl qahramonlarini bilsin, tanisin, o‘zligini anglasin, qaddini ko‘tarsin, degan niyatda qalam tebrataman. Tolstoyni gapirdik, uning katta daromad keltiradigan yerlari bo‘lgan, men esa o‘z mehnatim bilan kun kechirib, asarlar yozib yuribman.
Afsuski, ming afsuski, hali Hamzaning, shu jumladan, So‘fizodaning asarlari xalqimizga to‘la yetib borgani yo‘q. Yosh olimlarimizdan umidim va rijoyim shuki, bu ikki millatparvar ijodkorlarning chang bosib yotgan asarlarini tezroq tabdil qilib, xalqimiz e’tiboriga havola etsinlar.
Qodiriyning tili qanchalar go‘zal, a? “O‘tgan kunlar”ni o‘qib yayraysiz. Cho‘lpon asarlarining ifodasi ham o‘ziga xos. Ammo Hamzaning asarlarni o‘qisangiz, bu ikki adibning qalamidan ham o‘tkirroq, xalqchilroq ekaniga amin bo‘lasiz. Bu mubolag‘a emas. Internetdan “Hamza monologi” nomli maqolamni topib, o‘qishlaringizni ham tavsiya qilaman. O‘sha maqolada ham ko‘nglimdagi ancha muncha fikrlarni bayon qilganman.
Yana bir gap: millatimiz oydinlarini, ziyolilarini, buyuk farzandlarini yerga urib, ularni qoralashdan nima foyda bor?! Beayb parvardigor, hech kim nuqsonlardan xoli emas, albatta. Ammo qaysi bir xalq o‘z qahramonlarini yaxshi tanisa, hurmat bajo keltirsa, o‘sha millatning kelajagi porloq bo‘ladi. Nega deganda, yosh avlod o‘z milliy qahramonlaridan ilhom va ibrat olib ulg‘ayadi. Bu haqda ortiqcha gapga hojat yo‘q menimcha. Shuning uchun men Xivaning so‘nggi xoni Isfandiyorxon haqida ham roman yozdim. Bu dilbar shaxsning munavvar hayot yo‘lini imkon qadar tasvirlab berdim. Albatta, mavridi kelsa bu kabi asarlarim aziz kitobxonlarimiz qo‘liga yetib boradi, degan qanoatdaman.
– Nabijon aka, mazmunli suhbat uchun sizga muxlislar va tahririyatimiz nomidan tashakkur bildiramiz. Sizday millat fidoyilari doim bor bo‘lsin. Xayrli ishlardan charchamang, ilohim...
P.S.: H.H.Niyoziyning "Hurriyat" jurnali 1917 yil №1 sonida bosilgan Turkiston muxtoriyatiga bag‘ishlangan "Bukungi qadrlik kun" maqolasidan iqtibos:
"Hoy, ahli vatan, bukun xizmat kuni ekan. Kim millatni suyur, kim dinga xizmat qilmoq istar? Kim Tangrisin rizolig‘in, kim ruhi payg‘ambarin shod bo‘lurini istar, kim mahsharda "Islom millatiga na xizmat qilding?" degan xitobga sarnigun bo‘lmovni, sukutda qolmovni istar ekan, ulamomi, boymi, gadomi, yoshmi, qarimi – kelsun, bu xizmatga otilsun. Mas’uliyatni o‘zidan ko‘tarsun. Bukun – tijorat kuni emas, bukun – sayohat kuni emas, bukun – ish emas, bukun – o‘quv va o‘qituv kuni emas, bukun – men katta, sen kichik, sen boy, men bechora, biz ulamoyu siz avom deydurgan kun emas. Bukun – ittifoq o‘rniga nifoq, sadoqat o‘rniga adovat qiladurgan kun emas.
Yana qichqurib ayturmiz, hoy, birodarlar, bukun – xizmat kuni, bukun – izzat, hurmat, daraja va martaba talab etuv kuni emasdur. Onglasi kuni!
Fidokor yoshlar! 700 ming xalqimiz tarafindan 20 ming xalq shahodati bilan hanuz jasadi vujud olamiga ko‘chmagan million-million avlodi islomni kelajakdagi huquqini tayin etuvni o‘z ustingizga oldingizmi? Boshqalar ham oldi. Lekin siz qarab turmang, hamon o‘z vazifangizni ado etmoqqa kirishing, o‘z manfaatidan kechuvchi siz bo‘lub ko‘runmakdasiz, hamon davom eting, ertagi tovuqqa oldanub, bu kungi tuxumdan ham o‘zingizni va ham mustaqbil avlodingizni mahrum qilmang. "Xizmat – o‘lmas mol" kabi muqaddas bobolarimizning gavhardek qadrli hikmatli so‘zlari yodingizda bo‘lsin!
Do'stlaringiz bilan baham: |