– Hamza Shohimardonga qanday borib qolgan? Aslida u yerda nimalar sodir bo‘lgandi? Uni toshbo‘ron qilingani rostmi?
– O‘tgan asrning 17 yili chor rossiyada hukumat ag‘darib, Lenin va uning hamtovoqlari iqtidorga kelgan bir paytda Qo‘qonda muxtoriyat tuziladi, ya’ni mustaqillik e’lon qilinadi. Ammo qonxo‘r bolsheviklar shaharni to‘pga tutib, xalqni qoniga botirib, ziyolilarning umidini so‘ndiradi. O‘sha davrning eng mashhur shoiri kim edi, bilasizmi? Cho‘lpon emas! Fitrat ham, Usmon Nosir ham emasdi. So‘fizoda edi. Namanganlik shoir o‘sha davrning eng kuchli va judayam iqtidorli ijodkori edi. Jadidlarning otasi desak ham bo‘ladi. (Uning ijodiga ham hali yetarli e’tibor va baho berilgan yo‘q).
Xiva xonligining Xo‘jayli shahri Movarounnnahrning ma’naviy darvozasi edi. Jadidchilik nasimlari Bog‘chasaroy tomonlar esib, eng avvalo shu shaharga yetadi. U chorrrahada joylashgan ajoyib shahar bo‘lgan. So‘fizoda o‘sha yerda maktab ochgan edi. U Hamzaning ustozi bo‘lgan. Hamza ustozining yoniga borib, maktabda dars beradi. U o‘ta kambag‘al, nochor ahvolda bo‘lgan. Maktabdorlik orqasidan qo‘l uchida kun kechirgan. Keyinchalik Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlaridayam yangicha usuldagi maktablar ochib, millatni ilmli qilish va shu yo‘l bilan najotga erishish harakatiga tushadi. Uning o‘quvchilari qisqa muddatlarda savod chiqarib, ilmda ilgarilab ketardi, ya’ni pedogogik uslubi zo‘r bo‘lgan.
O‘sha davrdagi o‘ris amaldorlarga uning bu sayi harakatlari yoqmagan. Ta’qiblardan zada bo‘lgan shoir ota yurti Avvalga kelib qoladi. Avval Farg‘ona shahrining g‘arbida, Quvasoy tomonida joylashgan qishloq. Bu yerda u xalq xizmatda bo‘ladi. Lekin uning mashhurligi, harakatchanligi ayrim mahalliy korchalonlarga yoqmaydi. Shu bois uning ustidan Yo‘ldosh Oxunboboyevga qayta-qayta shikoyat qilaveradilar. Yo‘ldosh ota Avvalga kelganida Hamza bir guruh kishilar bilan ko‘prik qurilishida javlon urib turgan bo‘ladi. “Sizlarga kerakmasmi Hamzaxon? Unda u o‘zimizga tan”, deydi-da, uni foytuniga o‘tqizib, Shohimardonga jo‘naydi.
Shohimardonda yangi artel (kolxoz) tuzilgan, ammo xalq ishlashni xohlamayotgan edi. Chunki yer mulkdorlardan tortib olinib, go‘yo umumxalq mulki deb e’lon qilingan edi. Xalq tuzini totib, tuzlig‘iga tupuradigan nonko‘r emasdi, shuning uchun artelda ishlashdan bosh tortadi. Bu yer egalarining haqiga xiyonat ekanini bilardi. Hukumat Hamzaning mashhurligidan foydalanib bu yerdagi ishlarni o‘nglamoqchi bo‘ladi.
Shohimardonda mashhur ziyoratgoh bor, maqbara. Undagi qabr hazrati Ali janoblariga nisbat beriladi. Menimcha, bu ramziy qabr bo‘lishi kerak, chunki u zoti sharifning arab tuprog‘iga dafn etilganlari hammamizga ma’lum. Shu maqbaraga qo‘tosning dumini osib qo‘ygan xurofotchilar ziyoratga kelgan omi xalqni aldab, boylik orttirib yurgan bo‘ladi. Qanday qilib deysizmi? Qorni og‘rigangayam, pesgayam, moxovgayam, tug‘mayotgan juvongayam, tutqanoqqayam shu dumning tolasini “baniyati shifo” deb pullayveradi. U yerda har kuni qanchadan qancha qo‘ylar, tovuqlar so‘yilib, qabr egasidan murod hosil bo‘lishini tilaydilar.
Shu ishlar islom diniga to‘g‘ri keladimi? Shirk emasmi qabrlarga sig‘inish? Bu xurofotmi yo bid’atmi, nima bo‘lsayam, sevimli Payg‘ambarimiz olib kelgan dinga aloqasi bormi? U zot ka’batullohdagi but-canamlarni yo‘q qilish uchun kelmaganlarmi? Ha, balli!
Hamza diniy olim edi. U savodini Namangandagi madrasada chiqargan edi. Shuning uchun u Shohimardondagi nayrangbozlarning dumini tugishga kirishdi. O‘sha mash’um dumni olib tashlashni buyurib, kasallarga tabiblarga uchrashni tavsiya qiladi. Oltiariqqa borib kelsa, dum haliyam turgan bo‘ladi. To‘rtta mirshabning tepasida o‘zi turib, ularga dumni oldirayotgan payti...o‘z tijoratidan ayrilayotganini anglagan xurofotchi, sallasi katta, aqli noqis “shayx”lar olomonni ularga qarshi qayraydi. Olomon kim edi, bilasizmi?
O‘sha atrofdagi bo‘zaxonada bo‘za ichib o‘tirgan avboshlar edi. Bo‘za degani aroq ekanini bilsangiz kerak? Mast-alast bezorilar mirshablarni ura boshlaydi. Natija nima bo‘lishi Hamzaga ma’lum edi. Mirshablarning sochidan bir tola soch to‘kilsa, qo‘shimcha kuchlar tashlanib, hammasini qirib tashlar edi. Shuning uchun u olomonni qaytarishga urinadi. Bundan foydalangan bir kimsa ko‘zi qonga to‘lgan yigitlarga “Asl aybdor aslida shu!” deb qora kuchni unga yo‘naltirib yuboradi.
Xullas, Bolta degan yigit Hamzaning qorniga shartta pichoq tortib tashlaydi. U gursillab yerga yiqiladi. Qotillar shunda ham to‘xtamay, devordan katta bir toshni ko‘chirib olib, o‘lgan tananing ustidan tosh bilan urib o‘taveradilar, o‘taveradilar... Keyin majaqlangan tanani tog‘dan uloqtirib yuborishadi. (Bu haqda O‘zb.Davlat arxivida F.r. -. 1714, op № 5, delo № 327, delo № 328 raqamlari ostida "maxfiy" saqlanayotgan – "Ubiystvo Xamzы Xakimzade» – jildtaxlamlarini ko‘zdan kechirib ko‘rishingiz mumkin)
Endi aytingchi, islomda aroq ichish joizmi?! Bid’at-xurofotga qarshi kurashgan odamni so‘yib o‘ldirgan qotillar qahramon sanaladimi?! Agar odam aybdor bo‘lgan taqdirdayam, uni qozining hukmisiz o‘ldirib yuborish mumkinmi?! Menimcha, uni shahidi a’lo bo‘lmasayam, mazlum va nohaqlik qurboni desak, adashmaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |