1-bob. Umumiy qoidalar
1. O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligi jamoat kengashi (keyingi o’rinlarda - Jamoat kengashi deb yuritiladi), Qoraqalpog’iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahri va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari huzuridagi jamoat kengashlari (keyingi o’rinlarda – hududiy jamoat kengashi deb yuritiladi) Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 19 iyundagi 175-sonli qarori bilan tasdiqlangan tarkib asosida tuziladi.
Tuman (shahar) xalq ta’limi bo’limlari va ta’lim muassasalari huzuridagi “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligi Jamoat kengashi
1- va 2-ilovadagi namunaviy tarkibda tuziladi.
2. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo’limlari huzuridagi “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligi jamoat kengashlari (keyingi o’rinlarda tuman (shahar) jamoat kengashlari deb yuritiladi) tarkibi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda tuziladi va tasdiqlanadi.
3. Ta’lim muassasalari huzuridagi “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligi jamoat kengashlari (keyingi o’rinlarda maktab jamoat kengashi deb yuritiladi) tarkibi tuman (shahar) xalq ta’limi bo’limlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari bilan hamkorlikda tuziladi va tasdiqlanadi.
4. Jamoat kengashi mustaqil, demokratik, tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy jamoatchilik tashkiloti hisoblanib, o’z faoliyatini o’quvchi - yoshlar, ota-onalar va keng jamoatchilik ishtirokida olib boradi va shu asosda o’z faoliyatida qonuniylik, oshkoralik, ijtimoiy adolat va insonparvarlik tamoyillariga amal qiladi.
5. Jamoat kengashi faoliyatini O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, qonunlar va huquqiy normativ hujjatlar, “Barkamol avlodni tarbiyalashda oila, mahalla, ta’lim muassasalari hamkorligi Konsepsiyasi” hamda ushbu Nizom asosida belgilab, milliy an’analar, qadriyatlarni hisobga olgan holda tashkil etadi.
6. Jamoat kengashi ushbu Nizomga muvofiq hududiy jamoat kengashlari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
2-bob. Jamoat kengashining maqsad va vazifalari
7. Jamoat kengashining asosiy maqsadlari:
jismonan sog’lom va ma’naviy yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda oila, ota-onalar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda olib boradigan faoliyatini tizimli yo’lga qo’yish;
farzand tarbiyasida davlat va jamoat tashkilotlari hamda jamoatchilik faolligini oshirish, ularga amaliy va uslubiy yordam ko’rsatish;
o’quvchi va yoshlar o’rtasida sodir etilishi mumkin bo’lgan tartibbuzarlik, zo’ravonlik, jinoyatchilik, giyohvandlik, daydichilik va tilamchilik, diniy aqidaparastlik, missionerlik va “ommaviy madaniyat” kabi ma’naviy
va axloqiy tubanlik illatlarining oldini olishda manfaatdor vazirlik, idora va mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda tashkiliy-pedagogik ishlarni tashkil etish.
Shu bilan birga maktab jamoat kengashining asosiy vazifalaridan o’quvchi yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo’llab quvvatlashdan iborat.
8. Jamoat kengashining vazifalari:
oila, umumta’lim maktablari va mahalla hamkorligining samaradorligi va natijadorligini ta’minlash;
ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi o’rni, majburiyati, mas’uliyati va farzandlar bilan o’zaro munosabatlarini mustahkamlashga ko’maklashish;
ta’lim muassasalaridagi tarbiya sifatini o’rganish va ularni yanada takomillashtirishga oid tadbirlarni amalga oshirish;
o’quvchi - yoshlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, ongi va qalbiga vatanparvarlik, insonparvarlik, xalqparvarlik, kelajakka ishonch va intilish, mehnatsevarlik, bunyodkorlik, ma’rifatparvarlik kabi ezgu g’oyalar va fazilatlarni singdirish, ularda faol fuqarolik pozisiyasi va mafkuraviy immunitetni mustahkamlash orqali zararli odatlar yo’liga kirishiga sabab bo’layotgan omillarga qarshi manzilli profilaktik tadbirlarni amalga oshirish;
o’quvchi - yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, mahalla va jamiyatdagi o’zaro munosabatlarning ilk va asosiy ko’nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirish;
o’quvchi - yoshlarga nisbatan “Hyech kim, hyech qachon e’tibordan chetda qolgan emas” tamoyilini joriy etish va faoliyat davomida bu masalaga doimiy ahamiyat qaratish;
qonunchilik talablaridan kelib chiqib ta’lim muassasalariga yaqin hududlarda alkogolli va tamaki mahsulotlarini sotilishiga yo’l qo’ymaslik bo’yicha jamoatchilik nazoratini o’rnatish;
ta’lim muassasasida ayrim o’quvchilarni kamsitish, ularga zo’ravonlik qilish holatlarining oldini olish va bartaraf etish bo’yicha ishlab chiqiladigan dasturlar tayyorlanishida ishtirok etish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish;
o’quvchi-yoshlar va ularning ota-onalari uchun ta’lim-tarbiya faoliyatini takomillashtirish bo’yicha mutaxassislarni jalb qilgan holda turli sosiologik so’rovnomalar, amaliy treninglar, master-klasslar o’tkazish, psixologik maslahatlar tashkil etish;
hududiy jamoat kengashlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish.
Shu bilan birga maktab jamoat kengashi quyidagi vazifalarni ham amalga oshiradi:
o’quvchi - yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo’llab quvvatlash;
ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq bepul darsliklar bilan ta’minlash;
ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini homiylar mablag’larini jalb etgan holda o’quv qurollari bilan ta’minlash;
ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq qishqi bosh-kiyim ajratish bo’yicha buyurtmani shakllantirish;
zaruratdan kelib chiqib, ota-onalarga farzandlarining ta’lim-tarbiya olishi uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratishlariga ko’maklashish maqsadida ijtimoiy ehtiyojmand oilalarni moddiy qo’llab-quvvatlash bo’yicha fuqarolarni o’zini o’zi boshqarish idoralariga taklif kiritish.
Do'stlaringiz bilan baham: |