II. Qo`mita faoliyatini tashkil etish va unga rahbarlik.
1. Qo`mita raisi muassasaning umumiy ota-onalar yig`ilishida mahallada hamda ota-onalar jamoasi o`rtasida obro`-e’tiborga va yetarli hayotiy tajribaga ega bo`lgan ota-onalar orasidan bir yil muddatga saylanadi. Ota-onalar qo`mita raisi muassasa pedagogika kengashi hamda muassasada faoliyat yuritayotgan vasiylik kengashining a’zosi hisoblanadi.
2. O`quvchilar soni 400 nafardan ko`p bo`lgan umumiy o`rta ta’lim muassasalarida ota-onalar qo`mitasi ish rejasida belgilangan joriy vazifalarni amalga oshirish maqsadida tarkibi rais, uning o`rinbosari, kotib va a’zolari (5-7 kishi) dan iborat bo`lgan prezidium saylanadi. Shu sababli uning yig`ilishlar o`tkazish vaqti chegaralanmaydi. Prezidiumga ota-onalar qo`mitasining raisi raislik qiladi. Prezidium raisining o`rinbosari, kotibi va a’zolari ota-onalar qo`mitasining yig`ilishida saylanadilar.
3. Qo`mita yillik yoki yarim yillik ish rejasi asosida faoliyat olib boradi. Qo`mita tarkibiga kirgan a’zolar o`rtasida vazifalar belgilanib, ular quyidagi sho`ba (seksiya)larga bo`linadi:
- sinf ota-onalar qo`mitalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- umumiy o`rta majburiy ta’limning bajarilishini nazorat qilish;
- o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish ishlariga ko`maklashish;
- ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlar;
- ommaviy-madaniy va sport tadbirlari, hashar, uchrashuvlar, turli kechalar o`tkazish;
- ta’lim muassasasining moddiy bazasini yaxshilashga ko`maklashish;
- muassasada o`quvchilar ovqatlanishini tashkil etish;
- yetim, boquvchisini yo`qotgan bolalar, tarbiyasi og`ir bolalar va ularning ota-onalari bilan ishlash;
- muassasaning davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish;
- internat tipidagi muassasalarda esa tarbiyalanuvchilar uchun maishiy sharoitlar yaratilishini nazorat qilish.
4. Har bir sho`ba a’zolari o`zlarining birinchi yig`ilishida ochiq ovoz berish yo`li bilan bir yil muddatga sho`ba rahbarini saylaydilar. Sho`‘ba rahbari muassasa ota-onalar qo`mitalari hamda uning prezidiumi oldida rejaga asosan yoki talab etilganda hisobot beradi.
5. Qo`mita o`z yig`ilishini ikki oyda bir marta o`tkazadi, maktab rahbariyati bilan kelishilgan holda muhim masalalarni muhokama qilish uchun har yarim yilda(sinf ota-onalarining umumiy yig`ilishi agar zaruriyat bo`lmasa har chorak yakunida) bir marta umumiy ota-onalarining yig`ilishini o`tkazadi. Qo`mita tarkibidagi o`zgarishlar, ish rejasiga kiritilgan qo`shimchalar qo`mita a’zolarining umumiy yig`ilishida tasdiqlanadi.
6. Ta’lim muassasasi ota-onalar qo`mitasi, uning prezidiumi va sinf ota-onalar qo`mitasi o`z yig`ilishlarida a’zolarning uchdan ikki qismi ishtirok etgandagina qaror qabul qilishi mumkin va bu qarorlarning ijrosi boshqa a’zolar uchun ham majburiydir.
7. Muassasaning umumiy ota-onalar yig`ilishida maktab direktorining, sinf ota-onalar yig`ilishida sinf rahbarining ishtirok etishi shart. Ayrim masalalarda ota-onalar qo`mitasi bilan maktab direktori o`rtasida bahs va kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, uni tuman, shahar xalq ta’limi bo`limlari hal etib beradilar.
8. Qayta saylov o`tkazilishi ko`zda tutilgan ota-onalarining umumiy yig`ilishida qo`mita raisi qo`mitaning bir yillik ish faoliyati natijalari yuzasidan hisobot beradi. Sinfda shunday yillik hisobot sinf ota-onalar qo`mitasi raisi tomonidan beriladi.
9. Ota-onalar qo`mitasi, uning prezidiumi va sinf ota-onalar qo`mitalarining har bir yig`ilishi hamda majlisida bayonnoma va qarorlar yozilib, maktabning ish yuritish hujjatlari bilan birga saqlanadi.
10. Ta’limni boshqarish bo`yicha vakolatli davlat organlari muassasa faoliyatini nazorat qilish vaqtida ota-onalar qo`mitasining faoliyati bilan ham tanishadilar va unga ish samaradorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar beradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |