IV. Ota-onalar qo`mitasi, uning a’zolarining huquq va burchlari.
1. Ta’lim muassasasi ota-onalar qo`mitasi raisi Pedagogika kengashining a’zosi sifatida kengash kun tartibiga qo`yilgan masalalarni muhokama etishda ota-onalar nomidan o`z taklif va mulohazalarini bayon eta oladi.
2. Ta’lim muassasasi direktori yoki pedagogika kengashiga muassasani boshqarishni takomillashtirish, o`quv-tarbiya ishlarining samaradorligini oshirish, moddiy bazasini mustahkamlash va boshqa masalalar bo`yicha o`z taklif-mulohazalarini og`zaki yoki yozma tartibda bayon etadi.
3. Fan o`qituvchilari, sinf rahbarlari roziligi va muassasa ma’muriyati bilan kelishgan holda ular o`tayotgan darslar, to`garak mashg`ulotlari, sinf soatlari va tarbiyaviy soatlarni kuzatadi.
4. Ta’lim muassasasi moddiy bazasini mustahkamlash, ta’mirlash ishlariga yordam berish bo`yicha ota-onalar majlisini chaqiradi. Har qanday tadbir uchun ota-onalardan mablag` yig`ish ularning har birining roziligi bilangina amalga oshiriladi va bu haqida ota-onalar qo`mitasining qarori chiqarilishi shart.
5. Qo`mitaning ta’lim muassasasining moddiy bazasini yaxshilashga ko`maklashish sho`‘basi barcha shakldagi homiylik hamda muruvat yordamlari - pul mablag`lari, turli jihozlar, anjomlar va boshqalarning, shuningdek, ta’lim xizmatlari ko`rsatish, ishlab chiqarishni tashkil etish orqali topilgan mablag`larning tegishli tartibda muassasaga kirim qilinishi, sarflanishini nazorat qiladi. Shu bilan birga, qo`mita raisi muassasa direktoridan muassasa hisobiga tushgan byudjetdan tashqari mablag`larning miqdori, ularning qay maqsadlarda ishlatilgani haqida ota-onalar qo`mitasi yig`ilishida hisobot berishini talab qilishga haqli.
6. Yetim, ota-onasiz qarovsiz qolgan bolalar hamda kam ta’minlangan oilalarning bolalariga hukumat qarorlari bilan beriladigan bepul darsliklar, o`quv anjomlari, issiq kiyim-boshni topshirish maqsadida muassasada va har bir sinfda tuzilgan komissiya tarkibiga ta’lim muassasasi hamda sinf ota-onalar qo`mitasining a’zolari kiritiladi.
7. Fanlarni bo`sh o`zlashtirayotgan hamda tarbiyasi og`ir o`quvchilarning shunday ko`rsatkich berayotganiga sabab bo`layotgan asosiy omillarni hamda o`qituvchilarning bunday bolalar bilan qo`shimcha ishlashi va ularga e’tiborini o`rganadi;
Ahvolni yaxshilash yuzasidan choralar ko`rilishini muassasa ma’muriyatidan, ota-onalardan talab qiladi. Zarur hollarda muassasa ma’muriyati bilan mahalla, ta’imni boshqaruv va huquqni muhofaza qilish organlari, hokimiyatlar qoshidagi «Voyaga yetmaganlarishlari bo`yicha komissiya»larga murojaat va takliflar bilan chiqadi.
8. Iqtidorli o`quvchilar bilan ishlash uchun muassasada shart-sharoitlar yaratilishini kuzatib boradi, zarur hollarda iXalq ta`limiisoslashtirilgan sinflar, to`garaklar tashkil etilishini, muassasa va sinflardagi kutubxona fondini boyitish, iste’dodli va iqtidorli o`quvchilarni rag`batlantirish uchun zarur choralar ko`rilishini ma’muriyatdan talab qiladi va bu ishlarni tashkil etishda vakolati doirasida yordam beradi.
9. Muassasa ma’muriyati ota-onalar qo`mitasi yoki uning prezidiumi samarali ishlashi uchun, muassasa sharoitidan kelib chiqqan holda, alohida xona ajratib berishi mumkin.
10. Ota-onalar qo`mitasi raisi, uning a’zolari yoki prezidium a’zolari jamoatchilik tartibida faoliyat yuritadi. Qo`mitaning eng faol a’zolari muassasaning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan moddiy va ma’naviy rag`batlantirilib turishi mumkin.
«Ta’lim taraqqiyoti» jurnali 2003 y. 2-3-son.
Do'stlaringiz bilan baham: |