54-§. Prosodemografemalar (prosodemogrammalar). Grafemalarning bu guruhi tovush tilining ritmik-intonatsion vositalarini (urg’u, ohang, melodika, pauza kabilarni) yozuvda ifodalash uchun xizmat qiladi. Xususan, urg’u belgisi so’zning urg’uli bo’g’inini yozuvda ko’rsatish zarur bo’lgan paytlarda ishlatiladi; u urg’uli bo’g’indagi unli tovushni ifodalagan harf ustiga qiya chiziq tarzida qo’yiladi: atlas ("matoning bir turi"), atlas ("geografik atlas") kabi. Tinish belgilari esa gap va nutqning mazmun mundarijasini shakllantirishda muhim rol o’ynaydigan fonetik-fonologik vositalarni (ko’tariluvchi ohang, pasayuvchi ohang, to’lqinli ohang, sanash ohangi, pauza kabi supersegment birliklarni) yozuvda ifodalash uchun qo’llanadi. Bunday belgilar quyidagi vazifalarni bajarish uchun ishlatiladi:
a) ijtimoiy aloqani (fikr almashuvi jarayonini) yozuvda to’g’ri ifodalash uchun;
b) maqsad , mazmun yoki ma’noni, ularning o’ziga xos "rang" va "tus"larini yozuvda aniq ifodalash uchun;
d) gapning tarkibini hamda shu tarkib elementlari (komponentlari) o’rtasidagi grammatik-semantik munosabatlarni ifodalash uchun;
e) yozma nutqning ixcham va ravonligini ta’minlash uchun;
f) yozma nutqdagi murakkab fikriy munosabatlarni ifodalash uchun.48
O’zbek tilshunosligida tinish belgilarining quyidagi 10ta turi grafikaning markaziy sistemasiga kiritiladi:
Nuqta ------------------------------------------------------------(.)
So’roq belgisi -------------------------------------------------(?)
Undov belgisi ------------------------------------------------(!)
Nuqtali vergul ------------------------------------------------(;)
Ko’p nuqta (uch nuqta)-------------------------------------(...)
Vergul (qo’sh vergul)------------------------------------(,yoki ,,)
Ikki nuqta (bayon belgisi)-----------------------------------(:)
Tire (qo’sh tire)--------------------------------------------(-yoki- -)
Qavs (qo’sh qavs)---------------------------------------------(),[]
Tirnoq (qo’sh tirnoq) -------------------------------------(" ")(,, ,,)
Izoh: tinish belgilarining yuqorida sharhlangan xususiyatlari va shu asosda yaratilgan klassifikatsiyalar ularning grafik belgi (prosodemografema) sifatidagi xarakteristikasi hisoblanadi, ammo tinish belgilarining qo’llanishini me’yorlaydigan qoidalar tizimi esa grafikada maxsus ko’rilmaydi, chunki "qoidalar" "Grafika"ning emas, "Punktuatsiya"ning predmeti sanaladi.
Yuqorida sanab ko’rsatilgan tinish belgilarining misra balandligiga nisbatan joylashtirilishi ham bir xil emas: nuqta (.), vergul (,), ko’p nuqta (...) misraning pastki chizig’i bo’yicha qo’yib boriladi; qolgan belgilar, masalan, qavs (), nuqtali vergul (;), undov belgisi (!), so’roq belgisi (?), ikki nuqta (:), qo’sh tirnoq (« ») misraning ustki chizig’idan ostki chizig’igacha bo’lgan masofa hajmida yoziladi. Qo’sh tirnoqning asosan qo’l yozmada qo’llanadigan turi (" " )so’z yoki gap boshida misraning ostki chizig’i bo’ylab, shu so’z yoki gap oxirida esa misraning ustki chizig’i bo’ylab joylashtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |