Yusuf va Zulayho” afsonasi Gyote talqinida
Muqaddas kitoblar Injil va Qur’oni Karim ko‘p asrlar davomida Sharq va G‘arbning buyuk so‘z san’atkorlari e’tiborini tortib kelmoqda, borliq va kundalik hayotning abadiy masalalari ustida fikr yuritish va muttasil o‘ylash uchun moya bo‘lib hisoblanmoqda. Zakovat va she’riy tafakkurning Firdavsiy va Navoiy, Jomiy va Hofiz, Sa’diy va Rumiy, Dante va Gyote, Pushkin va Dostoyevskiy, Bayron va Tolstoy singari daholarning adabiy-diniy yodgorliklarga bo‘lgan qiziqishlari jahon mumtoz adabiyotida o‘chmas iz qoldirdi. Injil va Qur’oni Karim g‘oyalari, adabiyotlari, muammolari va timsollariga murojaat qilar ekan, So‘z Ustalari bemisl asarlar yaratganlar. Ular milliy-badiiy tizim sirasidan chiqib, umumbashariy jarang kasb etgan.
Injilni Gyote ko‘p martalab o‘qib chiqqan edi va u ta’kidlaganidek, “biron vaqti-zamoni bilan, usiz ish tutishiga to‘g‘ri kelganida taraddudlanib qolmaslik uchun bu kitobga juda ko‘p mehrini baxshida etgan”di. “Qur’oni Karim — bu ibrat va ko‘ngil ochish uchun o‘qiladigan, odamlar qo‘li bilan yozilgan kitob emas, balki ilohiy bitiklar va hukmlardir”, deydi Gyote. Muqaddas kitobni 1772 yilda D.F. Megerlin tarjimasida o‘qiydi va “Muhammad surasi” she’rini yozadi, “Muhammad” nomli drama ustida ish boshlaydi. Gyote Qur’oni Karimning oltinchi surasini lotin tilidan tarjima qiladi.
O‘rta asr she’riyatida ijodiy jarayon mohiyati o‘ziga xos ko‘rinish kasb etdi. Yaratish qobiliyati faqat Ollohga xos, uning bilimi nihoyasizdir. Insonga esa payg‘ambarlik fazilati qismangina ato etilgan, bu birinchi navbatda shoirlarga tegishli. Aynan shular “ruhiy qalb” bilan yuqoridan nozil bo‘luvchi umumiy g‘oyalar oqimini idrok etishga, ularni xayolan timsollarga aylantirishga, tasavvur etishga, gavdalantirishga va nihoyat adabiy asarlar yaratishga qodirdirlar. Ijodiy jarayon bir necha bosqichdan tashkil topadi: g‘oyani idrok etish, ilhomlanish, g‘oyalarni ko‘ra bilish, ya’ni asar yaratish. Bunda Qur’oni Karimni tez-tez eslab turish shart. Shu bois Gyote “Devon”da she’riyat haqida yozganda, u, hadislarda aytilishicha, xudodan keladigan sharq she’riyatining ayni mohiyatiga, o‘zak-o‘zagiga yorib kiradi.
Hofiz, Sa’diy, Navoiy she’riyatida bo‘lganidek, “Devon”ning she’riy matni sahifalarida Qur’oni Karim tez-tez esga olinadi. Qur’on ruhidagi g‘oyalar, syujetlar “Devon”ning ko‘plab she’rlariga tatbiq etilgan.
Injil va Qur’oni Karim ohanglari shoir ijodida muhim o‘rin tutadi. Gyote aytadiki, “barcha voqealar, ta’limotlar, ramzlar, masallar badiiy ongda u yoki bu tarzda faoldir va xotiraga mahkam o‘rnashib qolgan.
Gyote ikki oshiq-ma’shuq Yusuf va Zulayho haqidagi afsonaviy sharq syujeti bilan tanish edi. Bu haqda Gyote “Ishqnoma” bobida bergan tavsifdan xabar topamiz: “Garchi notanish bo‘lsalar-da, gunohgacha bir qadamdir, bu Yusuf va Zulayhodir” Go‘zal Yusuf timsoli uni yoshlikdan mahliyo qilgan. U qayd etib o‘tganidek, Yusuf tarixini ishlab chiqish azaldan maqbul ish bo‘lib tasavvur qilingan, faqat ish shakli, yondashuv hajmi haqidagi masala mudom ko‘ndalang bo‘lavergan. Nasriy ishlov berish ancha qulay tuyulgan. Demak, Injil afsonalariga asoslangan holda Gyote Yusuf haqida nasrda hajmdor epik doston yozgan, ammo u saqlanib qolmagan.
Gyote sharq adabiyotida Qur’on syujeti adabiy variantini yaratgan so‘z ustalari qatoridan o‘rin olgan. Yusuf va Zulayho sevgisi tarixini Balxiy Baxtiyoriy, Firdavsiy, Rabg‘uziy, Xorazmiy, Jomiylar yoritib berganlar. Bu ikki sevishganlar timsollari Nizomiy, Hofiz, Rumiy, Sa’diy, Navoiy va Sharqning boshqa mumtoz ijodkorlari she’riyatining durdona namunalari bo‘lgan.
Yusuf va Zulayho haqidagi syujetning 70 dan ziyodroq adabiy talqini turkiy tilda yozilgan. Eng qadimgisi Londonda saqlanadi, X asrga oid qo‘lyozmasi Toshkentda mavjud. Alisher Navoiy bu afsonani “dostonlar ichida eng ulug‘vori” deb atagan, u bu syujetni boyitishga jazm qilgan, ammo ish amalga oshmay qolgan. “Yusuf va Zulayho” dostonini Durbek (XV a.)ijodida ko‘ramiz, 1981 yilda Ramz Bobojon tomonidan o‘zbek tiliga, 1983 yilda rus tiliga o‘girilgan.
Shuni ta’kidlash joizki, mazkur doston faqat Sharqda shuhrat topgani yo‘q. Masalan, Kremlning Yoqut saroyi devorini Yusuf va Zulayho tasviri tushirilgan naqshu nigor bezab turibdi, Varshavaning markaziy bog‘ida ular-ning timsollari haykalda abadiylashtirilgan. Jahon adabiyotida bu syujet T.Manning “Yusuf va uning aka-ukalari” romanida, Nozim Hikmatning “Iosif va Menofis” dramasida aks ettirilgan.
Gyotening “Zuleyxanoma”sida mashhur syujetdan chetlaniladi, ammo uni qayta gavdalantirishga harakat qilinmaydi, shoir butunlay boshqa maqsadni ko‘zda tutadi. Gyotening diqqat markazida Ishq, Ma’shuqa, Shoir, She’riyat yotadi. Matnda Yusuf ismi tilga olinsa-da, qahramonlarga daxl qilmaydi, bu yerda Zuleyxa va Hotamni ko‘ramiz. U sharq adabiyoti va she’riyati bilan bog‘liq belgili qiyofadir. Yusuf — ilohiy go‘zallik, ismatu iffat, mardlikning o‘ziga xos ramzi bo‘lib, so‘z ustasi Gyoteni o‘ziga jalb etgani shubhasiz, ammo “Zuleyho kitobi”da uning faqat ismi tilga olib o‘tiladi. Sabab shundaki, Zuleyho — bu rivoyatlardagi Zuleyxa emas, balki shoir Hotam shartli ravishda “o‘zimning Zuleyham” deb atagan boshqa ayol. Ya’ni, sharq rivoyatidagi qahramon qizning faqat ismi va ishq mavzui olingan, xolos.
Hotam tarixiy ism bo‘lib, turkiy dostonlarda uchraydi. Taxminlarga ko‘ra Hotamtoy VI asrda yashab o‘tgan yarim afsonaviy qahramon va shoir bo‘lgan. Yana bir taxminda u afsonaviy arab amiri deyiladi. Barcha tadqiqotchilar pirovard natijada uni yaxshilik, hozirjavoblik, saxovat timsoli degan fikrga keladilar.
Hotam ismi Sa’diyning “Bo‘ston”ida va yana Hofizning g‘azallarida tilga olinadi, Gyote, aftidan, buni o‘sha yerdan olgan bo‘lishi kerak. “Devon”da bu timsol ancha o‘zgartirilgan. U, avvalo, shoir, donishmand, zakiy. U oziga qanoat qiladi, yerdagi ayshu farog‘at va boylik-sarvatlarga parvo qilmaydi. Sevgi va she’riyatni hamma narsadan ustun qo‘yadi.
Ishq mavzui Hotam va Zulayho muloqotida keng muhokama qilinadi. Kozegarten qayd etganidek, ularning muloqotlarida fors shoirlarining timsollari va tili saqlanib qolgan. Hotamning o‘z ma’shuqasini fors shoirlari Nizomiy, Jomiy, Sa’diylardan qizg‘anganligi bejiz emas. U mazkur shoirlar bilan, ularning qahramonlari bilan bahs boylashadi, o‘z she’rlarini ular she’rlariga qarshi qo‘yishi ham — shundan.
“Zulayhonoma” “Devon”dagi eng yirik bob va muallifning o‘zi uni tugallangan, deb hisoblaydi. Bu bob dastavval ikki qismdan iborat bo‘lishi kerak edi, biroq keyinchalik Gyote uning birinchi qismini “Ishqnoma” deb atadi, ikkinchisi esa yuqorida aytilganidek, “Zulayhonoma” bo‘lgan.
O‘zbek adabiyotida Xorazmiyning “Muhabbatnoma”si (XIV asr) tarzidagi mustaqil doston yoki Sa’diyning “Bo‘ston”i so‘ngi qismini o‘rganish asosida ishq mavzui alohida bobga olingan. Ularda ishqiy iztiroblar va ishqiy farog‘atlar haqida ko‘tarinki ruhiy ohanglarda hikoya qilinadi.
“G‘arbu Sharq dostoni” — bu murakkab ramziy tizim bo‘lib, unda ikki milliy — she’riy tizimning uyg‘unlashuvi jarayoni alayna ko‘rinib turadi. Ma’shuqasi haqida hikoya qilar ekan, Hotam Sharqning an’anaviy timsollaridan unumli foydalanadi: ko‘zlar — yulduzlar, aqiq — lablar, olmos — nigohlar, kiprik — o‘q, gajak — ilon, bulbul — gul va h.k. Biroq Gyote o‘z qarashlari bilan sharq she’riy uslublarini boyitadi, sharq she’riyatiga xos bo‘lmagan ramzlarni olib kiradi: mag‘rur bo‘yin, siymin siynalar, lolagul, gunafsha va h.k. Gyote ishqiy tuyg‘ularni, jononga mardonalarcha xizmat qilishni nozik psixologik shakllarda, umuman ishqni yangicha talqinda ifoda etishga muvaffaq bo‘ladi.
“Nizomiy” maqolasida Gyote bunday ta’kidlaydi: “Oshiq-ma’shuqlar Majnunu Laylini, Xusravu Shirinni berdi u bizga: ko‘ngil sezgisi, taqdir, tabiat, odat, mayl, zavq — bular bari shularni bir-biriga bog‘laydi, o‘zaro kayfiyat ularning qovushuviga yordam beradi, ammo hasadgo‘ylar, kaj tabiatlilar, tazyiq, tasodiflar, taqiqlar ularni bir-biridan judo qiladi…”.
Agar Hotam va Zulayhoning o‘zaro munosabatlari rivojlanishi yo‘lini ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, shuni aytish lozimki, Gyote Nizomiy dostonlarida ko‘rsatib o‘tgan o‘rinlarni u qaysidir ma’nolarda qayta gavdalantirishga harakat qiladi. Biroq bu syujet yasovchi vaziyatlar uzra tavsiflar, mushohadalar, eng asosiysi muloqotlar qat-qat taxlana boshlaydi, shular tufayli munosabatlarning mutlaqo boshqa xili paydo bo‘ladi. Zulayho faqat otashin muhabbat o‘tida yongan sohibjamol qiz emas, balki aqlu zakovatda, ma’naviyatda oshig‘idan zarracha kam bo‘lmagan shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.
“
Do'stlaringiz bilan baham: |