Mamlakatning qirgʻoq chizigʻi (7,5 ming km) Apennin yarim orolning janubida pasti-baland boʻlsa, boshqa qismida deyarli tekis. Hududining 4/5 qismi togʻ va qirlardan iborat. Italiyaning shimolida Alp togʻlari joylashgan: Gʻarbiy Alp togʻlari (Monblan choʻqqisi, 4807 m – Italiyaning eng baland nuqtasi)ning yon bagirlari tik. Sharqiy Alp togʻlari (eng baland nuqtasi – Ortles togʻi, 3899 m) asta-sekin pasaya borib, sharqda Karst platosiga tutashib ketgan. Alp togʻlari janubida joylashgan Padan tekisligi sharqda Adriatika dengiziga tomon pasayib boradi. Po daryosining vodiysi botqoqli pasttekislik. Alennin yarim orol boʻylab 1200 km masofada Apennin togʻlari joylashgan. Bir necha soʻngan va soʻnmagan vulkanlar (Amiata – 1734 m, Vezuviy – 1277 m) bor. Italiya orollarining relyefi, asosan, togʻlik, orollarda Etna (3340 m), Stromboli, Vulkano vulkanlari bor. Italiyaning oʻrta va janubiy qismlarida tez-tez kuchli zilzila boʻlib turadi. - Eng yirik daryosi – Po va uning irmoqlarida kema qatnaydi. Daryolar Italiyaning shimoliy qismida koʻproq. Daryolari yomgʻir, qor va muzliklardan suv oladi. Ulardan sugʻorish va gidroenergiya olishda foydalaniladi. Yirik koʻllari: Garda, Komo, Lago-Majore, Bolsena va b. Ularda kema qatnaydi, sohillarida kurort koʻp.
- Alp togʻlarining 1800 m balandlikkacha boʻlgan qoʻngʻir-oʻrmon tuproqli yon bagʻrida keng bargli va igna bargli oʻrmonlar, undan yuqoridagi togʻ-oʻtloqi tuproqlarda butazorlar, subalp va alp oʻtloklari bor. Apennin yarim orol, Sitsiliya va Sardiniya o.larida (tuprogʻi jigarrang) 500–600 m balandlikda doim yashil tosh dub va poʻkak dublari, piniya, halab qaragʻaylari, butalar usadi. 1500 m balandlikkacha jigarrang va qoʻngʻir togʻ tuproqli yerlarda dub, qora qayin va kashtan oʻrmonlari, 2000 m dan balandda igna bargli, keng bargli oʻrmonlar, togʻ tepalarida subalp oʻtloqlari bor.
Italiya – respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1947 yil 22 dekabrda qabul qilingan va 1948 yil 1 yanvardan kuchga kirgan. Davlat boshligi – prezident. U parlament ikkala palatasining qoʻshma majlisida viloyatlar vakillari ishtirokida 7 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi organ deputatlar palatasi va senatdan iborat parlament. Ijrochi xokimiyatni Vazirlar Kengashi amalga oshiradi. Prezident Vazirlar Kengashi raisi va uning taklifiga binoan vazirlarni tayinlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |