100. Klassitsizm estetikasi va N.Bualo ijodi.
Klassitsizm (lot. classicus — namunaviy) — antik davrda oʻz rivojining yuqori choʻqqisiga erishgan qad. Yunon va Rim sanʼati merosida shaqllanib, unga taqlid qilish natijasida yuzaga kelgan adabiyot va sanʼatdagi uslub, yoʻnalish. K. tarafdorlari 17—19-asrlarda Fransiyada, keyinroq Yevropaning boshqa mamlakatlarida Uygʻonish davri anʼanalarini davom ettirgan holda (inson aql zakovatiga ishonish, antik davr yaratgan ideal mutanosiblikni va nisbatlarni tan olish va eʼzozlash), oʻz zamonasining ijtimoiy hamda estetik talablariga javob tariqasida vujudga kelgan. Antik davr mifologiyasi (rivoyatlari), tavrot voqealariga murojaat qilib, ulardan olingan syujetlar orqali oʻz davrlarining etik — axloqiy va siyosiy muammolarini koʻtarishta harakat qildilar. K.da ham umumlashma asar yaratish asosiy masala hisoblanadi, asarlar birmuncha vazmin, ritm va nafis musiqaviylikka intilish asosida yaratildi. Odatda, K. rivoji tarixi 2 bosqichga ajratiladi. 17-asr Fransiyada shakllangan K. oʻzida absolyutizm gʻoyalarini ifodalagan boʻlsa, 18-asrga kelib K. yangi dunyoviy ideallar, maʼrifatparvarlik gʻoyalari va oddiy xalq orzu-istaqlari va intilishlariga asoslangan ideallarga tayangan holda rivojlandi. K.ga xos belgilar dastlab Italiya nafis sanʼatida (16-asrning 2-yarmi) paydo boʻlgan (A. Palladio, J. Vinola, S. Serlio, J. Bellori nazariy va amaliy faoliyatida, shuningdek, Bolonya akademik maktabi rasmiy hujjatlari va h.k.), 17-asr ga kelib Fransiyada barokko tamoyillariga qarshi kurashda K. ildamlab, yaxlit uslubiy tizimga, 18-asrga kelib umumevropa uslubiga aylandi. K. estetikasi ratsionalizm tamoyillari asosiga qurilgan boʻlib, badiiy asarga aql va mantiq natijasi sifatida qaraladi. K. sanʼati "oliy" (tarixiy, mifologik, diniy) va "kichik", "past" (manzara, portret, natyurmort janrlari)ga ajratildi. K. nazariyasining shakllanishida Parijda tashkil topgan qirollik akademiyalari — rassomlik va haykaltaroshlik (1648) hamda meʼmorlik (1671) faoliyati muhim oʻrin egalladi. K. tamoyillari nafis sanʼatda, meʼmorlikda shaqllarning geometrik aniqligi va ritmik mantiqiy rejalashtirilishi va antik meʼmorlik shaqllaridan keng koʻlamda foydalanishda yorqin namoyon boʻldi.
Adabiyotda K. adabiyotni ijtimoiy hayot taraqqiyoti talablari bilan uzviy aloqada bulishini taqozo etdi va shu bilan adabiyot hamda sanʼat (ayniqsa teatr)ning oʻz zamonasining ilgʻor pozitsiyasida turib rivojlanishiga xizmat qildi. Ammo K.ning dogmata aylangan ojiz tomonlari adabiyot taraqqiyotiga maʼlum darajada toʻsqinlik qildi. K. hayotni izchil haqqoniyat bilan emas, balki "tozalab", maʼlum ijtimoiy va estetik talablar qolipiga solib tasvirlashni talab etdi. Bu bilan adabiyotda izchil realizmning paydo boʻlishiga, ijodning keng va erkin rivojlanishiga sabab boʻldi.
K.da adabiy janrlar "oliy" va "past" tarzda tasniflanib, ular orasiga qatʼiy chegara ham qoʻyilgan. "Oliy" janrga tragediya, epopeya va qasida kiritilgan, ularda davlat xayoti, tarixiy voqeahodisalar, miflar tasvirlangan va ularning asosiy qahramonlari qumondonlar, davlat boshliqlari, mifologik personajlar, din peshvolari boʻlgan. K.ning "past" janriga esa komediya, satira va masal kiritilgan. Boʻlarda urtahol insonlarning kundalik hayotidan olingan voqea-hodisalar tasvirlanishi koʻzda tutilgan. Har bir janr orasida shu kabi aniq farqlar boʻlgan. Yuksak va past, tragik va komik holatlar tasvirining aralashib ketishiga yoʻl qoʻyilmagan. K.da tragediya yetakchi janr qisoblanadi. K.ning bu "oliy" janri fransuz dramaturglari (P. Kornel, J. Rasin) ijodida yuksak darajaga kutarilgan boʻlsa, "past" janrlar sanalgan masal (J. Lafonten), satira (N. Bualo), komediya (Molyer) ham oʻzining oliy nuqtasiga kutarilgan. K.ning estetik asoslari Bualoning "Sheʼriy sanʼat" (1674) dostonida bayon etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |