O’zbeklar. Bu xalq ajdodlarining shakllanishida so’g’dlar, xorazmliklar, baqtriyaliklar, farg’onaliklar va sak-massaget qabilalari ishtirok etishgan. Turkiy qabilalar Markaziy Osiyo hududiga eramiz boshida kirib kela boshlashgan, lekin ularning etnik jarayonlardagi faol ta’siri Turk hoqonligi davrida sezilarli bo’ldi. Ayni O’zbekistonning hozirgi hududida Eron til guruhi va turk tili guruhiga mansub xalqlarining keng miqyosda aralashuvi sodir bo’ldi. O’zbek xalqi shakllanishidagi asosiy xususiyatlarining tugallanishi 9-12 asrlarda Qoraxoniylar davrida yuz berdi. (ammo “o’zbek” etnonimining mustahkam o’rnashib qolishi 15 asr oxiri va 16 asr boshlarida Shayboniyxon davrida ro’y berganligi ta’kidlanadi.)
20 asr boshida o’zbeklar uchta yirik etnografik guruhdan iborat edi: vohalardagi o’troq aholi; yarim ko’chmanchi hayot kechiruvchi va urug’-jamoa munosabatlarini saqlab qolgan, o’rta asrlarda o’g’uzlar va turk-mo’g’ul qabilalari bilan aralashgan mo’g’ullar bosqiniga qadar yashagan qabilalarning avlodlari; dashti qipchoq qabilalarining avlodlari (qipchoqlar, naymanlar, qo’ng’irotlar, mang’itlar va b.). Ularning o’troq hayotga o’tishi 20 asr boshidagina tugallandi. Turkistonni ruslar bosib olishi va oktyabr to’ntarilishi o’zbek millatining shaklanish jarayoniga birmuncha ta’sir ko’rsatdi, endilikda mustaqillikning ta’siri milliy o’zlikni anglash jarayonini tezlashtirdi.
Qozoqlar. Qozoqlarning shakllanish jarayonida ko’pgina qadimgi qabilalar ishtirok etgan. Eramizgacha 1 asrda va eramizning 1 asrida hozirgi Qozog’iston hududini sak, usun, qangyuy qabilalari ittifoqi, alanlar va boshqa ko’plab qabilalar yashashgan. 6-7 asrlarda bu hududda G’arbiy Turk xoqonligi tarkibiga kiruvchi turli turkiy qabilalar: turgashlar, qarluqlar paydo bo’ldi. 8-11 asrlarda bu hududga qimaqlar, qipchoqlar va o’g’uzlar kirib kelishadi. 10-11 asrlardagi Qoraxoniylar davri qabilalarning birlashuv jarayonini tezlashtirdi. 12 asrda qoraxitoylar va mo’g’ullarning kirib kelishi qabilalarning aralashib ketishiga sabab bo’ldi. 15 asr oxiri – 16 asr boshida Qozoq xonligi tashkil topdi va qozoq xalqining shakllanishi tugallandi. 16 asr o’rtalarida qozoqlar tarkibiga Ural, Sibir va Sharqiy Ettisuvdan kirib kelgan qabilalar qo’shildi. Qozoq qabilalarining tarkibida uchta tarixiy hududiy xususiyatga ega bo’lgan qabilalar guruhi (juz yoki orda) tashkil topgan: Katta Juz (Ettisuv); O’rta Juz (Markaziy Qozog’istonning dasht rayonlari, Sirdaryo, Ishim, Tobol daryo vodiylari); Kichik Juz (Qozog’istonning g’arbiy hududlari). Har bir Juzga ko’pgina qabilalar birlashgan: Katta Juz – dulat, alban, suan, qangli va b; O’rta Juz-arg’in, nayman, qipchoq, kerey, qo’ng’irot; Kichik Juz – alim-uli, bay uli, jeti ulu. Qozoq millatining shakllanishida bu qabilalar ittifoqlari o’rtasidagi munosabatlar katta o’rin tutgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |