Guliston Davlat Universiteti Ijtimoiy-Iqtisodiy fakulteti
3-kurs talabasi Ahmadov
Sunnatillo ahmadovs005@gmail.com
«Bo‘lajak o‘qituvchilarni loyihaviy klasterni boshqarishga tayyorlash»
Annotatsiya: Maqolada pedagogik ta’lim klasterining ilmiy-pedagogik muammo sifatidagi ahamiyati tadqiq qilingan. Unda xorijiy tadqiqotchilarning fikrlari umumlashtirilgan, pedagogik ta’lim klasteri tushunchasiga ta’rif berilgan, O‘zbekiston sharoitida uni tatbiq etishning zarurati ilmiy asoslangan.
Kalit so‘zlar: Klaster, pedagogik ta’lim klasteri, globalizatsiya, integratsiya, klasterning strategik yo‘nalishlari, tizim, klaster sub’ektlari, klaster tamoyillari.
Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida shunday yangi mexanizm yaratilishi hayotiy zaruratga aylandiki, unda ta’lim turlari o‘rtasida o‘zaro nazorat ham, raqobat ham, manfaatlarning qondirilishi ham ta’minlanishi zarur. Oliy ta’limning jamiyat barqaror rivojlanishidagi yuqori ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy talablar, tizimdagi muammolar va ularni hal qilishda ta’lim, fan va ishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasidagi tarqoqlik bugungi kunda uzluksiz pedagogik ta’limni klaster rivojlanish modeliga o‘tkazish zaruratini taqozo etmoqda.
Ilmiy adabiyotlarda «klaster» tushunchasi borasida bildirilgan fikrlardan kelib chiqqan holda biz «pedagogik ta’lim klasteri» tushunchasiga quyidagicha ta’rif berishni taklif qilamiz: Pedagogik ta’lim klasteri – muayyan geografik hududning raqobatbardosh pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida bir-biri bilan uzviy aloqadagi teng huquqli alohida sub’ektlarning, texnologiya va inson resurslarining integratsiyalashuvini kuchaytiruvchi mexanizm. O‘zbekiston sharoitida pedagogik ta’lim klasteri modelining sub’ektlari sifatida quyidagilarni qayd qilish mumkin: – talabalar, magistrantlar va doktorantlarning ta’limiy, ilmiy tadqiqotchilik, innovatsion va loyihalashtirish faoliyatini olib boradigan, pedagogik amaliyotlar olib boriladigan, o‘quv va tajriba-eksperimental baza vazifasini o‘taydigan barcha turdagi maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, oliy va qo‘shimcha ta’lim muassasalari; –barcha turdagi maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, oliy va qo‘shimcha ta’lim muassasalari pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalari; – pedagogik faoliyatga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lgan va uning rivojlanish tamoyillarini belgilaydigan ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalar, markazlar, ilmiy tadqiqot institutlari; – pedagogik hamjamiyatlar, tashabbuskor jamoalar, jamoat birlashmalari, davlat va nodavlat tashkilotlari; – xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari. Klaster doirasida bir nechta sub’ektlarni o‘zaro integratsiyalash jarayoni murakkab, ko‘p tarmoqli ilmiy-amaliy hodisadir. O‘zaro bog‘liq bir nechta faoliyat turlarini umumiy maqsad atrofida birlashtirish aniq hisobkitoblarni va ilmiy echimlarni, natijasi kafolatlangan loyihalarni talab qiladi va shundagina klaster sub’ektlarining ishonchini qozonadi. Klasterni byurokratik va ma’muriy yo‘llar bilan amalga oshirib bo‘lmaydi. U sub’ektlarning ixtiyoriy xayrixohligi asosidagina tashkillashtirilishi va samarali faoliyat olib borishi mumkin. SHu nuqtai nazardan olib qaralganda, ta’lim klasteri milliy pedagogikamizda innovatsiya bo‘lib, o‘zida nafaqat ta’lim turlari o‘rtasidagi, balki fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyalashuv jarayonlarini, shuningdek, ta’limni boshqarish, ta’lim vositalari va shakllari bilan bog‘liq sohalarni ham qamrab oladi.
Klaster shunday tizimki, uni tashkil qiluvchi komponentlarning integratsiyasi har bir sub’ektning yanada samaraliroq ishlashini ta’minlaydi va istisno buzilishlarga olib kelmaydi. Klaster bir qator ta’lim, ilmiy va ishlab chiqarish sub’ektlarining muayyan assotsiatsiyaga mexanik birlashishi emas, balki ularning o‘zaro yaqindan ta’siri va o‘zaro bog‘liqligi natijasida yuzaga keladi. Bunday tashkilot alohida komponentlar va butun klasterning konvertatsiya qilinishini ta’minlaydi. Klaster faoliyati yangi sifatli mahsulot yaratish imkonini beradi. Ta’limga nisbatan o‘ziga xos yangi yondashuv bo‘lgan klaster nafaqat hayot davomida ta’lim olish uchun shart-sharoitlarni ta’minlabgina qolmay, balki ta’limning uzluksizligini ta’minlaydigan tarkibiy qismlar o‘rtasidagi mavjud va istiqbolli aloqalarni qayta tiklashga imkon beradi. Klaster mavjud intellektual resurslarni pedagogik ta’limni rivojlantirishning dolzarb muammolari atrofida integratsiyalash, pedagogik sohada oqilona vorisiylik tamoyilini yo‘lga qo‘yish, manfaatdor shaxslarning qoniqish darajasi haqida tezkor fikr-mulohazalar bilan bo‘lajak o‘qituvchilarni amaliy yo‘naltirilgan holda tayyorlash bilan bog‘liq muhim masalalar atrofida faoliyat olib boradi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bo`lajak о`qituvchilarni loyihaviy klasterni boshqarishga tayyorlash xozirgi kunimiz uchun judayam muhimdir. Klaster yordamida о`qituvchi o‘quvchini ta’limga nisbatan o‘ziga xos yangi yondashuvlar bilan qiziqtirishi va fanga nisbatan mehr uygotib, yetuk inson qilib shakllantira oladi.
Adabiyotlar ro‘yxati:
1. Shamova T.I. Klasterniy podxod k razvitiyu obrazovatelnix sistem. //
Vzaimodeystviya obrazovatelnix uchrejdeniy i institutov sotsiuma v obespechenii effektivnosti, dostupnosti i kachestva obrazovaniya regiona: Materialы 10 Mejdunarodnogo obrazovatelnogo foruma (Belgorod. 24–26 okt. 2006 g.): v 2 ch. / BelGU, MPGU, MANPO; otv. red. T.M. Davidenko, T.I. SHamova. - Belgorod: Izdatelstvo BelGU, 2006. CH. 1. -C. 24–29.
2. Bespalova L. Chto takoe klaster? http://siok.rightside.ru/siok/ 2009-12-01-06-24-41.
3. Krivix S.V. Klasterniy podxod v professionalnom obrazovanii. // Akademiya professionalnogo obrazovaniya, 2014, №3-4. –S. 7-13.
4. Osechkina L.I. Klasterniy podxod kak uslovie povisheniya effiktivnosti deyatelnosti vuza. // Vыsshee obrazovanie v Rossii, 2012, №8-9. –S. 73-76.
5. Sidorin A.V. Sistema formirovaniya kadrovogo potensiala vыsokotexnologichnыx otrasley promыshlennosti na osnove klasternogo podxoda. // Internet-jurnal «Naukovedenie», 2012, №4. –S. 1-7.
Do'stlaringiz bilan baham: |