a)leksemaning ifoda plani uning fonetik qobig’idir (fonemalar, bo’g’inlar va so’z urg’usidan iborat moddiy-material shakli). Masalan, quloq leksemasining ifoda planida 5 ta fonema (q,u,l,o,q), 2 ta bo’g’in (qu-loq) va 1 ta so’z urg’usi (qulóq) bor.
b) leksemaning mazmun plani deyilganda uning ma’nosi (yoki ma’nolari) va uslubiy bo’yoqlari (ma’no qirralari) nazarda tutiladi. Masalan, quloq leksemasining mazmun planida quyidagi leksik ma’nolar bor: «eshitish a’zosi» (odamning qulog’i), «dutor, tanbur torlarini sozlash uchun o’rnatilgan muruvvatlar» (dutorning qulog’i), «qozonning yon tomonlaridan chiqarilgan tutqich-dastalar» (qozonning qulog’i) kabi. Chehra leksemasining mazmun planida esa leksik ma’no qo’shimcha ottenka – usulbiy bo’yoq bilan qoplangan. Bu bo’yoq kishi kayfiyati, ruhiy holati yoki xulq-atvorining yuzdagi aksini ifodalaydi: chehra degan ko’ngilning oynasidir. (Hamza).
2. Leksemalarga xos muhim belgilardan yana biri shuki, ularning har biri u yoki bu leksik-grammatik guruhlarga mansub bo’ladi: predmet nomlari ot turkumiga, belgi-xususiyat nomlari sifat turkumiga, miqdor anglatuvchi so’zlar son turkumiga, harakat-holat mazmunli so’zlar esa fe’l turkumiga kiradi. Bunday mansublik leksemalarning nutqdagi grammatik shakllarini belgilaydi: otlar egalik, kelishik, ko’plik yoki birlik shakllarida, sifatlar oddiy, orttirma yoki qiyosiy daraja shakllarida, fe’llar shaxs-son, zamon, mayl, bo’lishli yoki bo’lishsizlik o’rtasidagi aloqadorlikdan kelib chiqadi.
3. Leksemalar albatta yaxlitlangan, bir butun birlik bo’ladi, shu xususiyati bilan grammatik shakllardan, so’zlar birikmasi va gapdan farq qiladi. Chunonchi, maktab leksemasi leksik birlik sifatida o’zgarmasdir, ammo uning grammatik shakllari nutqda o’zgarib turadi: maktabning, maktabni, maktabga, maktabda, maktabdan kabi. Shuningdek, «beshta olma» birikmasini «beshta qizil olma» deb qo’llash (birikma tarkibiga «qizil» so’zini qo’shish) mumkin, ammo maktab leksemasi tarkibiga boshqa bo’g’in yoki so’z kiritilmaydi.
4.Leksemada bitta bosh (asosiy) urg’u bo’ladi, u shu leksemaning yaxlitligini, bir butun birlik bo’lishini ta’minlovchi muhim supersegment birlikdir: qovóq, oshqovóq, temúr, temúrbetón (so’nggi so’zning ikkinchi bo’g’inida ikkinchi darajali urg’u, oxirgi bo’g’inda esa bosh urg’u qo’llangan) kabi.
Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkin: har qanday leksema shakl va ma’no butunligiga ega. Leksemaning shakli uning tashqi formasi, mazmun plani esa shu leksemaning ichki formasi bo’ladi. Shakl ma’noni borliq tusiga kiritadi, shu orqali ma’noning tilda va inson ongida yashashini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |