32. Bir bosh bo’lakli gapda fikr shaklan ega yoki kesimni eslatuvchi bitta bosh bo’lak bilan ifodalanadi. Biroq bu bunday gaplarda ega yoki kesimning «tushib qolganligi»ni yoki etishmasligini bildirmaydi (U to’liqsiz gap emas). Bir bosh bo’lakli gap ham ikki bosh bo’lakli gap singari odatdagi, normal hodisadir. Bir bosh bo’lakli gaplar ikki sostavli gapning kesimi yoki egasi tushib qolgan qismi emas. Ular fikrning bir bosh bo’lak orqali ifodalangan mustaqil bir ko’rinishidir. Bu bo’lak qanday ifodalanganidan qat’iy nazar kesimdan yoki kesim sostavidan iborat.
*Bir bosh bo’lakli gaplar mano- vazifasiga ko’ra quyidagi turlarga bo’linadi: a) shaxsi aniq gap; b) shaxsi noaniq gap; v) shaxsi umumlashgan gap; g) shaxssiz gap; d) atov gap.
*Shaxsi aniq gap. Kesimi harakatni bajaruvchi shaxs-egani aniq ko’rsatib turadigan xususiyatga ega bo’lgan bir bosh bo’lakli gap shaxsi aniq gap deyiladi.Masalan: Borsam, yo’q ekansan. Yaxshi uxladingizmi? Kiring, o’tiring.
*Shaxsi noaniq gap. Kesimi harakatni bajaruvchi shaxsni aniq ko’rsatib turmaydigan bir bosh bo’lakli gap shaxsi noaniq gap deyiladi. Masalan: Jo’jani kuzda sanaydilar.Uni institutga qabul qilishdi.
*Shaxsi umumlashgan gap. Umumshaxsga, hammaga qaratilgan ish-harakatni bildiruvchi bir bosh bo’lakli gap shaxsi umumlashgan gap deyiladi. Masalan: Bir yoqadan bosh chiqarib ishlaylik. Avlodlarga ozod va obod Vatan qoldiraylik. Etti o’lchab bir kes. Suyanmang, xavfli.
Bunday gaplarning kesimi shaxsni aniq ko’rsatib tursa ham,bu shaxs mazmunan umumlashgan bo’ladi,chunki undan anglashilgan ish-harakat ko’pchilikka, barcha shaxslarga qaratilgan bo’ladi. Masalan: Bir kun burun sochsang, bir hafta burun o’rasan. Dexqon bo’lsang, shudgor qil. Avval uyla, keyin so’yla.Aytar so’zni ayt, aytmas so’zdan qayt.
*Shaxssiz gap.Kesimdan anglashilgan ish - harakatning bajaruvchisi - egani topib bo’lmaydigan bir bosh bo’lakli gap shaxssiz gaplar deyiladi. Shaxssiz gapda umuman ega va ega tushunchasi bo’lmaydi, ega faraz ham qilinmaydi. Qiyoslaylik: – Sen sayohatga borasanmi? – Boraman – to’liqsiz gap- ega «men» tushirib qoldirilgan. Bu suvni ichib bo’lmaydi-shaxssiz gap- grammatik jihatdan ham, mazmunan ham shaxsni qo’shib bo’lmaydi.
*Atov gap. Predmet, voqea-hodisaning mavjudligi to’g’risidagi hukmni bildiruvchi bir bosh bo’lakli gap atov gap deyiladi.
Atov gapda predikativlik maxsus yo’l bilan - gapga xos tugallangan intonatsiya bilan ifodalanadi. Shu sababli aslida lug’aviy yoki nominativ birliklar bo’lgan so’z va so’z birikmalari narsa-hodisalarning atamasigina bo’lib qolmay, balki shu narsa-hodisalarning nutq so’zlanib turgan momentda mavjudligini tasdiqlovchi, shu haqidagi hukmni bildiruvchi kommunikativ birlik - gapga aylanadi. Masalan: Qirq beshinchi yil. May oyi. G’alaba bayrami ! Amudaryo! Amudaryo deganlari shu ekan-da !
Atov gaplar logik-grammatik xususiyatlariga ko’ra ikkiga bo’linadi: A)mavjudlikni tasdiqlash xarakteridagi atov gaplar: Bahor.Chor atrof ko’m-ko’k libosga burkandi.
B)ham mavjudlikni tasdiqlash,ham ko’rsatish xarakteridagi atov gaplar. Ana samolyot ! Uchishini kara. Mana bizning qishloq.Butun tuman uni biladi. Bu tipdagi atov gaplarda emotsionallik avvalgisiga qaraganda kuchli bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |