2. Stilistik printsip. Bunda tinish belgilari nutq stillariga bog’liq holda ishlatiladi. Ma’lumki, gap shakllari xilma- xil bo’lib, bu holat, asosan, nutq stillariga ko’ra belgilanadi. Hozirgi kunda tillarning funktsional stillari rivojlanib, turmushda keng ko’lamda rivojlanishi va turli xil janrlarda ko’plab nashr ishlarining olib borilishi, kishilar madaniy saviyasi va savodxonligining oshishi, shu tufayli ularning nutqning u yoki bu stilidan o’z faoliyatlarida keng foydalana olishlari punktuatsiyaning taraqqiy etishiga olib keladi va uning stilistik funktsiyasini kengaytiradi.
Demak, stilistik printsip tinish belgilarining barcha nutq stillarida qo’llanish qonuniyatlarini aniqlash uchun xizmat qiladi.
Stilistik printsip keng ma’noda bo’lib, punktuatsiya qoidalarining barcha nutq stillari uchun mushtarak bo’lgan umumiy qonuniyatlarini belgilaydi. Tinish belgilarining individual stilga ko’ra qo’llanishi mazkur stilistik printsipning bir ko’rinishi hisoblanadi va shunga asoslanadi.
Stilistik printsip tinish belgilarining qo’llanishidagi nutq stillariga xos umumiy holatlarni aniqlashda va konkret stilga doir tipik jihatlarni belgilashda muhim ahamiyatga egadir. Ma’lumki, ko’p nuqta, vergul, nuqta, so’roq va undov belgilari kabi tinish belgilarining qo’llanishi barcha yozuv stillarida (ilmiy, badiiy, ommaviy –siyosiy kitoblarda, gazeta va jurnallarda) deyarli bir xildir. Lekin ba’zi tinish belgilarining qo’llanishida farqlanadi. Masalan, ilmiy tekstlarda fikrning davomliligini anglatuvchi gaplar oxiriga doim ikki nuqta qo’yiladi. Badiiy asarlarda esa bunday gaplar oxiriga ko’pincha nuqta ishlatiladi; ko’chirma gap o’rtasida kelgan avtor gapi barcha holatlarda (ilmiy,ilmiy-ommaviy, badiiy, publitsistik tekstlarda) ikki tomondan ikki tire va ikki vergul bilan ajratiladi. Gazetalarda esa faqat ikki vergul bilan ajratilishini ko’ramiz. (Gazetalarda tinish belgilarining bunday qo’llanishi ulardan foydalanishda soddalikka, ixchamlikka intilishini ko’rsatdi): Toshkent Deklaratsiyasi, d e y i l a d i ya n a r e z o l yu ts i ya d a, Hindiston va Pokiston halqlarining do’stona munosabatlar o’rnatish yo’lida astoydil qilinayotgan harakatlariga mos bo’lib tushadi.
Nutq stillariga xos barcha yozma tekstlarda dialoglar tire bilan boshlanganligini ko’ramiz. Ammo drammatik asarda har bir dialog (shaxsning so’zi) tire bilan boshlanmaydi. Bu holat drammatik asarlardagi dialoglarning berilishidagi uslubga ko’ra belgilanadi: drammatik asarda har bir dialogni aytuvchi shaxs alohida – alohida ta’kidlanganligi uchun (dialogdan oldin shaxsning nomi keltirilgan bo’ladi) dialoglarni o’zaro tire bilan ajratishga ehtiyoj qolmaydi.
Individual stilda tinish belgilari, asosan, turli sub’ektiv maqsadlar, emotsionallik uchun qo’llanadi: Yoz. Quyosh hamma yoqni qizdiradi. (O.) Yoz! Pishiqchilik - to’kinchilik fasli! (U.) Ko’rinadiki, yoz so’zidan tashkil topgan bir sostavli gap orqali ikki yozuvchi ikki xil maqsadni, ikki xil munosabatni ifodalagan. Bu munosabatlar tinish belgilari (nuqta va undov) vositasida reallashtirilgan, ya’ni yozuvchilar tinish belgilaridan o’z maqsadlariga muvofiq foydalanganlar. Lekin bundan «har bir yozuvchi tinish belgilaridan o’z istagicha foydalanaveradi» degan xulosa kelib chiqmaydi. Tinish belgilarining individual stilga mos ravishda qo’llanishi umumiy normaga, stilistik printsipga bo’ysunadi. Yozuvchining u yoki bu tinish belgisini qo’llashi uning maqsadi, nutq holati (obstanovkasi), qaysi stilda, qandayi janrda va temada asar yozayotganligi bilan belgilanadi. Masalan, Uyg’unning asarlarida, ayniqsa, lirik asarlarida undov, so’roq,so’roq- undov, undov- ko’p nuqta kabi tinish belgilarining ko’proq qo’llanganligini ko’ramiz:
Chindan ham bekinib turgan bo’lsa-chi,
Keksa majnun tolning soyasida u!...
Soyda kim shivirlar? Oh, hayol! Hayol!!
Aldama?! Yor bo’lib shivirlama, suv!... (U.)
Tinish belgilarining qo’llanishidagi bunday holatlar nutq stillarining funktsiyasi, strukturasi va spetsifikasiga bog’liq holda aniqlanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |