1-masala.Qo’shma gap haqida umumiy tushuncha.
Ma’lumki, nutq, matn turli va har xil xarakterdagi katta va kichik gaplardan tashqil topadi. Ular tuzulishiga ko’ra asosan ikki guruhga bo’linadi. Sodda gaplar va qo’shma gaplar. Ayni o’rinda qo’shma gaplar haqida fikr yuritiladi. Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, fikr ifodalash uchun gapning sodda shakli qanday zarur bo’lsa, qo’shma gap formasi ham shunday zarurdir. Boshqacha aytganda, tilda qo’shma gap qolipining mavjudligi sodda gap qolipi kabi nutqning tabiiy talabidir. Shuning uchun biz nutqimizda har ikki gap tipidan ham bab-baravar foydalanaveramiz. Chunki har qaysisi o’z vaqtida va o’z o’rnida darkordir. Bunday paytlarda ulardan birining o’rnini ikkinchisi bosa olmaydi. To’g’ri, qo’shma gap tuzish sodda gapga qaraganda birmuncha murakkab . Biroq bu holat qo’shma gapning qo’llanishiga aslo monelik qilmaydi. Shunday holatlar ham bo’ladiki, qo’shma gaplar sodda gaplardan miqdor jihatdan ham ustunlik qiladi. Bunda so’zlovchining fikrlash tarzi, umumiy yo’nalish, vaziyat, maqsad kabi omillar muhim rol o’ynaydi. Xullas, qo’shma gap deb ataladigan semantik-sintaktik butunlik nutqning sodda gap singari zarur shartidir. Shuning uchun uni o’rganish sintaksisning alohida muhim muammosi hisoblanadi.
Shunday qilib qo’shma gap nima? U nimasi (nimalari ) bilan sodda gapdan farq qiladi? Uning asosiy belgi -xususiyatlari nimalardan iborat?
Qo’shma gap tuzish uchun: birinchidan, kamida ikkita sodda gap, predikativ birlik bo’lishi shart. Ikkinchidan, bu sodda gaplar mazmunan va mantiqan munosabatga kirishgan bo’lishi lozim. Har qanday sodda gaplarning yonma - yon qo’yilishidan qo’shma gap yuzaga kelavermaydi. Bu yil yog’ingarchilik juda kam bo’ldi,shuning uchun ekinlar gurkirab o’smoqda. Havo yonayapti,shuning uchun qo’ylar sovuqdan qirilmoqda. Bu sodda gaplar grammatik jihatdan to’g’ri shakllangan bo’lsa-da, qo’shma gap emas, ularda mazmuniy-mantiqiy muvofiqlik, mutanosiblik yo’q. Uchinchidan, qo’shma gaplar birdan ortiq sodda gaplarning grammatik aloqaga kirishidan, grammatik jihatdan to’g’ri shakllanishidan tuziladi. Masalan: Borsak, ketgan ekanmiz deb bo’lmaydi- grammatik aloqa buziladi. Borsak, ketgan ekansiz desa, predikativ birliklar grammatik aloqaga kirishadi. To’rtinchidan, yonma-yon kelgan qo’shma gaplar mazmunan bir-biriga bog’langan bo’lsa ham, yaxlit, birlashtiruvchi intonatsion, butunlikka ega bo’lmasa, qo’shma gap shakllanmagan bo’ladi. qiyoslaylik: Havoni bulut qopladi. Yomg’ir yog’a boshladi. Bular alohida olingan sodda gaplardir. Havoni bulut qopladi va yomg’ir yoga boshladi. Qo’shma gapda - sodda gaplar bir intonatsion - grammatik butunlikka birlashgan. Demak, qo’shma gapning shakllanishida yana bir muhim belgi birlashtiruvchi intonatsiyadir. Yuqoridagilarga asoslangan holda, qo’shma gapga quyidagicha ta’rif berish mumkin. Ikki va undan ortiq sodda gaplarning mazmun va grammatik jihatdan birikuvidan tashkil topgan bir butun birlashtiruvchi intonatsiya bilan aytiluvchi sintaktik qurilma qo’shma gap deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |