Glossariy
Grammatika ( grekcha: gramma - harf o`qish va yozish san'ati) tilshunoslik fanining eng muhim bo`g`ini bo`lib, u alohida olingan har bir tilda mavjud bo`lgan o`ziga xos grammatik qurilishni tekshiradigan sohadir. Tilning grammatik qurilishi ancha barkaror qonun- qoidalar va shakllar tizimidan iborat ekanligi bilan tilning boshqa sathlaridan, jumladan uning leksikasidan, fonetik-fonologik qurilishidan farq qiladi.
Morfologiya grammatikaning bir qismi bo`lib, (grekcha morphe - "shakl", logos- "ta'limot") u so`zlarning grammatik turkumlari, morfologik kategoriyalarini, so`zning formalar sistemasini va u formalarning hosil bo`lish yo`llari hamda hosil qiluvchi vositalarini urganadi. Morfologiya so`zni grammatik birlik sifatida tekshiradi.
So`z grammatik birlik sifatida. Grammatik birlik sifatida so`z grammatik ma'no va grammatik formaga ega bo`ladi.
Grammatik ma'no. So`zning biror turkumga mansubligini ko`rsatuvchi, ma'lum bir grammatik kategoriyaga xos formasini ifodalaydigan ma'no grammatik ma'no hisoblanadi.
Grammatik ma'no turlari. Grammatik ma'no asosiy belgisiga ko`ra ikki turga: umumiy kategorial ma'no va ichki (maxsus) kategorial ma'noga bo`linadi.
Umumiy kategorial ma'no. Muayan turkumga oide so`zlarning har birining o`ziga xos lug`aviy ma'nosidan tashqari ularning barchasi uchun umumiy bo`lgan ma'no ( otlardagi predmetlik, sifatlardagi belgilik, sonlardagi miqdor, fe`llardagi harakat ma'nosi kabilar). Bu ma'nolar shu tipli 10 minglab so`zlar uchun xosdir va u umumiy kategorial ma'no deb yuritiladi.
Ichki kategorial ma'nolar. Umumiy kategorial ma'nolar o`z ichki sistemasiga ega bo`ladi.Muayan so`z turkumi, masalan, ot turkumiga xos grammatik ma'nolar: egalik, kelishik, son kabi ichki grammatik ma'nolar. Shunday ma`nolarga egaligi bilan ular boshqa so`z turkumlaridan farqlanib turadi. Demak, so`zning leksik ma'nosiga qo`shimcha ma'no (yoki ma'nolar) qo`shuvchi ma'nolar ichki kategorial ma'nolar deb yuritiladi.
Grammatik forma (So`z formasi). So`zning muayyan grammatik ma'no ifodalovchi shakli. Masalan, kitoblar so`zida predmet (lug`aviy) ma'nosidan tashqari, predmetning ko`pligi ham ifodalanyapti. Bu ma'no kitob so`ziga -lar qo`shimchasini qo`shish orqali yuzaga chiqmoqda. Demak, kitob so`zining ko`plik formasi hisoblanuvchi k i t o b l a r so`zi grammatik ko`plik ma'nosini anglatadi.
O`zbek tilida so`z bir grammatik ko`rsatgichli yoki birdan ortiq grammatik ko`rsatgichli bo`ladi. Masalan, kitob - bosh kelishik, birlik formasi; kitoblar
- bosh kelishik, ko`plik formasi; kitoblarim - bosh kelishik, ko`plik, birinchi shaxs formasi; kitoblarimni - bosh kelishik, ko`plik, birinchi shaxs, tushum kelishigi formasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |