12-amaliy mashg’ulot
Taqlid so`zlar va ularning semantik-grammatik tabiati
Mavzu rejasi
1. Taqlid so`zlarning turlari:tovushga va obrazga taqlid so`zlar.
2. Taqlid so`zlarning tuzilishiga ko`ra turlari: sodda, juft(qo`shma),takroriy taqlid so`zlar.
3. Taqlid so`zlar komponentlarining bir-biriga munosabati va qo`llanishiga ko`ra turlari.
Dars maqsadi: talabalarga taqlid so`zlar, ularning turlari va ishlatilishi bo`yicha ma'lumot berish;
ISHNI BAJARISH TARTIBI
1.Taqlid so`zlarni ma'nosiga ko`ra tovushga va obrazga taqlid so`zlarga bo`linishi aytib beriladi.
2.Tovushga taqlid so`zlar va ulardagi ichki bo`linishga ko`ra turlari tushuntiriladi.
3.Obrazga taqlid so`zlar va ularning turlari aytib beriladi.
4.Taqlid so`zlarning tuzilishiga ko`ra turlari: sodda, juft(qo`shma),takroriy taqlid so`zlar izohlab beriladi.
5. Taqlid so`zlar komponentlarining bir-biriga munosabati va qo`llanishiga ko`ra turlari tushuntiriladi.
1-savol bo’yicha savol va topshiriqlar
1.1.
1-topshiriq. Taqlid so’zlarni topib turlarga ajrating.
1. Havo toza. g’ir-g’ir shamol esib turibdi. (S.Ahm.)
2. Chumchuq pir etsa, yuragi shir etadi-yu buning! (H.H.)
3. qandaydir bug’otdan suv tomchilaydi: tiq-tiq. (O.)
4. Klub tomondan odamlarning g’ovir-g’uvuri keldi. (H.G’.)
5. Mahbuba yalt etib yuzimga qaradi.(O.Yo.)
6. Ba’zan osmonni chaqmoqning yalt-yulti buzardi.
2-topshiriq. Quyidagi keltirilgan taqlid so’zlarni ajratib, ularni tovushga yoki obrazga taqlid so’zlar guruhiga ajrating.
Gumbur-gumbur, g’iz-g’iz, jimir-jimir, duk-duk, voy-voy, voy-dod, qasur-qusur, apil-tapil, to’p-to’p, vijir-vijir, g’ovur-g’uvur, jilpang-jilpang, bay-bay, likang-likang, chip-chip, pildir-pildir kabilar. 3-topshiriq. Quyida keltirilgan tovushga va obrazga taqlid so’zlar ishtirokida gaplar tuzing va ma’nosini tushuntiring.
milt-milt, shivir-shivir, g’uj-g’uj, lip, pildir-pildir, yalt-yult.
1.2.
1-topshiriq. Gaplardagi taqlid so’zlarni topib, ularni jonli va jonsiz predmetlar tovushiga taqlid ekanligiga ko’ra guruhlab ajrating.
1. Chol sochiq bilan o’rab qo’yilgan choynakdan xotini quyib uzatgan bir piyola iliq-miliq choyni qult-qult qilib yutdi. (H.G’.)
2. Hokim qax-qax urib kuldi. (M.Ism.)
3. Sidiqjon shunday qattiq kuldiki, burchakda kulcha bo’lib yotgan mushuk shoshib o’rnidan turdi va Sidiqjonga qarab "miyov" dedi. (A.Q.)
4. Bu tovushning egasidan ilgari "to’q" etib hassa kirdi. (A.Q.)
5. Shamol o’ymakor darchaning tavaqalarini bir-biriga urib taraqa-turuq bilan yopdi. (O.)
6. Bir mahal mopedning tir-tiri qulog’imga chalindi.
7. Shu erning o’zida, gulxanning bir chekkasida qumg’oningiz vaq-vaq qaynaydi. (H.G’.)
2-topshiriq. Quyidagi taqlid so’zlarni jonli predmetlarning qaysi xili (kim, nima)ga tegishliligiga ko’ra turlarga ajrating. g’ilt-g’ilt (yosh), xo’r-xo’r (ichmoq), pir-pir (uchmoq), shir-shir (o’tmoq), durk-durk (quymoq), piss (etmoq), vaq-vaq (etmoq), chug’ur-chug’ur (qilmoq), shalop-shalop (yurmoq), shikir-shikir (qilmoq), g’ing-ping (demoq), chip-chip-chip (demoq), vish-vish (ovoz kelmoq), chir-chir (ovoz chiqarmoq), qiy-chuv (bo’lmoq) va b.
3-topshiriq. Berilganlarni jonsiz predmetlardan qay biriga xosligiga ko’ra turlarga ajrating. qars-qurs, shildir-shildir, pat-pat, gup, to’p, taq, g’iyq, churr, g’arch-g’urch, to’p-to’p, paq, paq-paq, g’uv-g’uv, vaqir-vuqur, jildir-jildir, shaq-shuq, biqir-biqir, dut-dut, du-duut, zang, chirs, chars-chars, chak, taq-tuq.
1.3.
1-topshiriq. Gaplardagi obrazga taqlid so’zlarni topib, ularning nima bilan bog’liq hodisalarni ifodalashini tushuntiring.
Magazindan ship etib chiqib ketishining sababi ham shunda edi.
...O’ylab borayotib edi oldidan, bir gazadan, lip etib bir odam chiqib qoldi.
Vakil jiq-jiq terlab, qizarib-pishib, goho ko’tarildi, goho bosildi. («Mushtum»)
G’ulomjon...dong qotib qoldi.
Bugun quyosh hatto biron minut ham "yilt" etmadi. (O.)
O’rtadagi katta tekis lampa lip-lip yonmoqda. (S.An.)
2-topshiriq. Quyida keltirilgan obrazga taqlid so’zlarni harakat, holat, yorug’lik obraziga taqlidni bildiruvchi taqlid so’zlar guruhiga ajrating. Lip-lip, lop, likang-likang, hil-hil, hang-mang, dang, g’ilt-g’ilt, ship-ship, qilpang-qilpang, jivir-jivir, yilt-yilt, milt-milt, lov-lov, lop-lop, dik-dik, lik-lik, lo’k-lo’k, pir-pir, duv-duv, mo’lt-mo’lt kabilar.
3-topshiriq. 2-topshiriqda keltirilgan taqlid so’zlardan har bir guruhga oid ikkitadan gap tuzing va ularning ma’nosini izohlang.
Do'stlaringiz bilan baham: |