2-savol bayoni: Undov so`zlarning ma'no turlari.
O`zbek tilidagi undovlar ma'nolariga ko`ra dastlab ikki katta guruhga: emotsional undovlar va imperativ undovlarga bo`linadi. Bulardan tashqari, ikki guruhga ham kiritish mumkin bo`lmagan va alohida guruhni tashkil qiluvchi undovlar ham bor. Shuningdek, undov so`z turli sharoitda turli ma'no ifodalashi va shu sababli uning ma'no guruhi shunga muvofiq o`zgarishi mumkin.
Emotsional undovlar kishilarning his-tuyg`usini, hayajoni va ruhiy holatini bildiruvchi undovlar bo`lib, ular eng katta guruhni tashkil etadi. Bu guruhga kiruvchi undovlar ma'no jihatidan nixoyatda rang-barangdir: ular zavqlanish, quvonch, xursandchilik, xayrixohlik, achinish, xayratlanish, ajablanish, qoyil qolish, afsuslanish, norozilik, nafratlanish, g`azab, o`kinch, alam, g`am, qayg`u, kulfat, dard, shikoyat, vaxima, tanbex va boshqalar.
Emotsional undov so`zlarning ma'nolaridan kelib chiqib umumlashtiradigan bo`lsak, ularni asosan uchta katta guruhga: ijobiy emotsional ma'no bildiruvchi, salbiy his tuyg`uni ifodalovchi, rasm-odat ma'noli his-tuyg`u undovlarga guruhlashga to`g`ri keladi.
Ijobiy emotsional undovlar kontekst va intonatsiya bilan bog`liq ravishda quyidagi ma'no nozikliklariga ega bo`lishi mumkin:
1.Sevinch, xursandchilik, zavklanish, xavas ma'nolarini ifodalaydi:-Xo,keliningizga muncha mexribonsiz? (P.Q.) Voy, buyginangdan aylanay, do`mbog`im. Exe, ish katta-ku!-dedi u takka tuxtab (O.)
2. Shafqat, mehribonlikni ifodalaydi: Voy-ey bolam boyakish-ey,bir kunda nakd do`zax azobini kuribsan.(P.Tursun).O, bechora.Boshingga tekkan ekanda-a?(R.Fayziy.)
3.Qoyil qolish, rohatlanishni ifodalaydi:-Xay-xay, ovkat, ovkat...-dedi Eshon shoshilib (P.Tursun.) O, juda badavlat ekansiz-ku!
4. Mamnuniyat, faxrlanish, mag`rurlanish, xayrixohlikni ifodalaydi: Exe, xush kelibdilar, janoblari!- dedi o`rnidan ko`zg`alib mudarris. (O.)
5. Undash, ogohlantirish, tasdikni ifodalaydi: Xay-xay, qizlar, yulishib ketmanglar, -dedi Shakarxon Begimxonning qo`lidan ushlab.(I.R)
Undovlarning ikkinchi bir turi so`zlovchining voqea-hodisalarga salbiy munosabatini, salbiy his-tuyg`usini bildiradi. Undov vositasida ifodalangan inkor ma'nosi asosan kontekstda oydinlashadi va ular vositasida ifodalangan salbiy inkor ma'nosi quyidagicha ma'no nozikliklarini ifodalashi mumkin:
1.E'tiroz, norozilik, shikoyat, zorlanish ottenkasi ifodalanadi:
a)Ha, bu Ortiq akang toza jonimni oldi (P.Q) b)Ha, ha, nima gap, muncha qovog`ingizdan qor yog`ilmasa?- dedi kampir shoshoshilib ayvon labiga o`tirgach, so`ng eriga tikildi (O.) v) Ux, uldim-ey,-dedi poygakroqda o`tirib (O.) g) Oh, Po`lat, sen qanday raxmsizsan! (Sh.R.) Obbo, aldamchi-ey! Dunyoda yolg`onchi odam ko`payib ketgan (A. Nesin)
2. Jirkanish, nafrat, g`azab, jahl, zarda qilish ottenkalari ifodalanadi: E, akillay berasan-da, Safar! (A.Q.) O, noshud ugil, do`zaxi otangning kilmishlaridan bexabarmiding? (Sh.Yu.)
3.Achinish, afsuslanish ottenkalari ifodalanadi: Oh, qizim, muncha o`zingni o`tda ekasan.(Shuxrat) -Eh! O`rtada oyim bo`lmaganda-ku o`zim bilardim nima qilishimni! (O.Yoqubov)
4. Kinoya, kesatik, piching, koyish ottenkalari ifodalanadi: Obbo siz-ey, quyonning inini ijaraga olmoqchiman deng? (E.Shamsharov) Xo, zumrasha, bo`lar-ku borib kanal kaziydi (E.Shamsharov)
5. Tanbex, ogohlantirish, kutilmaganlik ottenkalari ifodalanadi:-E,sekinrok gapir, bundan anovi ikki oyoqli to`ng`izlar xavfliroq (E.Shukurov) Xay-xay, Nazira buvi, shu bo`ladigan ishmi, yo raisning qo`ynini puch yong`oqqa to`ldirib jo`natdingmi?(A. Qahhor.)
6.Chuchish, vaxima, daxshat ottenkasini ifodalaydi: Vo-ey, payqamabman, qo`rqib ketdim.(O.) -E, xudoyim-ey, endi nima bo`ladi...(S. Jamol)
7. G`am-g`ussa, qayg`u-alam, kulfat, zorlik, o`qinch ottenkalarini ifodalaydi:
-Exa, qizlarim, mening ko`rganimini hech kim kurmasin.(O.) -Oh, qani endi u tirilsa-yu,bir kursam (X. G`)
8. Ajablanish, taajjub, xayratlanish, ranjish ottenkalari ifodalanadi: Iyi, nima uchun? qarga qarganing ko`zini cho`qiydimi? (E.Shukurov) Ux-xu!-deb o`rnidan turdi tergovchi ajablanib,-zo`rsan-ku?! (E.Shukurov)
Misollardan ko`rinyaptiki, bir xil undovlar kontekst bilan bog`liq ravishda ba'zan ijobiy, ba'zan salbiy ma'noda kelishi mumkin. Lekin undovlarning shunday guruhlari ham borki, ular yo ijobiy yoki salbiy tuyg`uni ifodalaydi, xolos. O`zbek tili faktlari shundan dalolat beradiki, salbiy tuyg`uni bildiruvchi undovlarga nisbatan ijobiy tuyg`u ifodalovchi undovlar ko`proq. Ijobiy tasdiq ma'noli undovlar so`zlovchining zavqlanishi, quvonchi, mamnuniyati, xuzurlanish, qoyil qolish, shodlanish kabi manolarni ifodalashgagina xizmat qiladi, xolos.
O`zbek tilida undovlarning yana bir turi borki, ular turli urf-odat, rasm-rusum bilan bog`liq bo`lgan ma'nolarni ifodalaydi: Xormang, bor bo`ling, salomatmisiz, omonmisiz, barakalla kabilar.
Rasm-rusum, odat undovlarining bir qismi hol-ahvol so`rash, unga javob va shunga o`xshash ba'zi takalluflarni bildirsa, ikkinchi bir xillari ragbatlantirish, minnatdorchilik tuyg`ularini izhor etish uchun qo`llanadi. Rasm-odat undovlari quyidagi ma'no ottenkalariga ega bo`lishi mumkin: a)so`rashish: xormang, bor bo`ling, yaxshimisiz kabi; b) tabrik va xayrlashish: assalomu alaykum, sog` bo`ling, xo`sh, xo`p kabilar.v) rag`batlantirish, tashakkur, minnatdorchilik: marhamat, rahmat, shukur, qulluq, ofarin, qoyil kabilar.
Imperativ undovlar kishilarning diqqatini tortish, ogohlantirish yoki jonivorlarni biror ishni bajarishga undash, to`xtatish kabi ma'no ottenkalarini ifodalash uchun xizmat qiladi. Buyruq-xitob undovlari ko`proq tinglovchiga qaratilganligi bilan buyruq fe'llariga o`xshab ketadi. Bu xil undovlar leksik grammatik xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi.
Imperativ undovlar avvalo ikkiga: a) odamlarga qaratilgan undovlar va b) xayvonlar va jonivorlarga karatilgan undovlarga bo`linadi.
1.Odamlarga qaratilgan undovlarning bir guruhi xoy, ey, xey, allo, oy va b. kishilarning diqqatini so`zlovchiga tortish uchun qo`llanib vokativ xarakterga ega bo`lsa, ikkinchi bir xillari ta'kid, buyurish kabi ma'nolarni ma, marsh, bos, kani, tek kabilar ifodalaydi: a)raxmat allo, o`rtoq Omonov, salom: men Iskandarovman!;
b)Tiss,-dedi Sayyora barmog`ini labiga qo`yib,- gap boshladi (U.Umarbekov)
2. Xayvonlar va boshqa jonivorlarga qaratilgan undovlar, asosan xayvonlarni tuxtashga undash, chaqirish, xaydash, tinchitish kabi ma'nolarni ifodalaydi: Ularni asosan uchga:
a) xayvon va jonivorlarni chakirish uchun ishlatiladigan undovlar: bex-bex, chigi-chigi, tu-tu, pish-pish kabilar.
b) xayvon va jonivorlarni biron harakatdan tuxtatish uchun ishlatiladigan undovlar: dirr, trr, xush, tak kabilar.
v) Xayvon va jonivorlarni xaydash, biror ishni bajarishga undash uchun ishlatiladigan undovlar: chu, chux, pisht, kisht, ix, kish-kish kabilar. Mana bulmasam,-bola shunday deb kichkirarkan, chodir oldiga etganda uni ot qilib minib oldi.-Chu xa chu! (S.A.)
O`zbek tilida emotsional undovlarga ham, imperativ undovlarga ham kiritib bo`lmaydigan, lekin predmetlarning urnini ko`rsatishga, bo`lib o`tgan voqeani eslatishga, javob-ta'kid ma'nolarini ifodalashga xoslangan bir guruh undov so`zlar ham borki, ularni umumiy bir nom - "ko`rsatish, ta'kid undovlari" deb atash ma'kul kuriladi.
Alohida guruh undovlarini quyidagi ma'no to`dalariga bo`lish mumkin:
a)ko`rsatish ma'noli undovlar:-Xu-uv, anovi kirgokdagi tunukani ko`rayapsanmi, -bizning avtobazamiz bo`ladi.(Ch.Ayt.)
b) javob, ta'kid, mulohaza ma'nolarini ifodalaydi: Xa-xa-xa! kumir, taksir (A. Nesin.)
Do'stlaringiz bilan baham: |