Maxsus soliq rejimlari. Soliq to’lovchilarning ayrim toifalari uchun O’zR hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:
1) aylanmadan olinadigan soliq;
2) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;
3) maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to’lovchilarga soliq solishning alohida tartibi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to’lovchilarga soliq solishning alohida tartibi qonun hujjatlarida yoki investitsiya bitimlarida nazarda tutilgan investitsiyalarni amalga oshirish hamda boshqa shartlarni bajarish bilan bog’liq holda muayyan muddat uchun belgilanadi.
Maxsus soliq rejimlari ayrim soliqlarni to’lashdan ozod etishni, pasaytirilgan soliq stavkalarini va boshqa soliq imtiyozlarini qo’llashni nazarda tutishi mumkin.
Korxona qaysi soliqlardan ozod bo’lishini yoki ozod bo’lishi mumkinligi borasida buxgalter etarlicha ma’lumotlarga ega bo’lishi lozim.
Byudjetga to’lovlar bo’yicha korxonaning joriy majburiyatlari to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlar (turlari bo’yicha)” hisobvarag’ida amalga oshiriladi.
6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlar (turlari bo’yicha)” hisobvarag’ining kreditida byudjetga to’lanishi kerak bo’lgan majburiyat summasi olinadigan hisobvaraqlar, davr xarajatlari, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash uchun foydaning ishlatilishi, mehnat haqi bo’yicha xodimlar bilan hisob-kitoblarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi. Yakuniy hisob-kitobda, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha byudjetga ilgari o’tkazilgan bo’nak to’lovlari 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlar (turlari bo’yicha)” hisobvarag’ining debet tomonida byudjetga bo’nak to’lovlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar (4400) bilan bog’langan holda aks ettiriladi. Byudjetga haqiqatda o’tkazilgan summalar 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlar (turlari bo’yicha)” hisobvarag’ining debet tomonida pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlar (turlari bo’yicha)” hisobvarag’i bo’yicha analitik hisobi har bir soliq turlari bo’yicha alohida yuritiladi.
Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraq (6400)ning boshqa hisobvaraqlar bilan bog’lanishini quyidagi namunaviy xo’jalik operatsiyalari misolida ko’rib chiqamiz:
1) Davr xarajatlariga taalluqli har xil ajratmalar, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha byudjetga qarzlar:
D 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar”
K 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”.
2) Tayyor mahsulotlarni, tovarlarni sotishda, ishlarni bajarish va xizmatlarni ko’rsatish, shuningdek asosiy vositalar va boshqa aktivlarni sotish va turli chiqarishda QQS va aktsiz summasi hisoblandi:
D 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”
K 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”.
3) Byudjetdan mablag’lar qaytarildi yoki kelgusi to’lovlar hisobiga o’tkazildi (yakuniy hisob-kitoblar va sh.k.):
D 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i” yoki
D 5210 “Mamlakat ichidagi valyuta hisobvaraqlari” yoki
D 5530 “Boshqa maxsus hisobvaraqlar” yoki
D 4410 “Byudjetga soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha bo’nak to’lovlari (turlari bo’yicha)”
K 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”.
4) Jismoniy shaxslarning ish haqidan daromad solig’i summasi ushlab qolindi:
D 6710 “Mehnat haqi bo’yicha xodimlar bilan hisoblashishlar”
K 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”.
5) Hisoblangan dividenddan daromad solig’i summasi ushlab qolindi:
D 6610 “To’lanadigan dividendlar”
K 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”.
6) Foydadan byudjetga to’lovlar hisoblandi:
D 9810 “Foyda solig’i bo’yicha xarajatlar” yoki
D 9810 “Foydadan hisoblangan boshqa soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha xarajatlar”
K 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”.
7) Byudjetga to’lovlar o’tkazib berildi:
D 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”
K 5010 “Milliy valyutadagi pul mablag’lari” yoki boshqa pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar.
8) Moddiy resurslar, tovarlar, ishlar va xizmatlarga tegishli bo’lgan QQS summasi hisobga olindi:
D 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”
K 4410 “Byudjetga soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha bo’nak to’lovlari (turlari bo’yicha)”.
9) Olingan kreditlar va qarzlar hisobidan byudjetga qarzlar to’landi:
D 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)”
K 6800 “Qisqa muddatli kreditlar va qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”yoki
K 7800 “Uzoq muddatli kreditlar va qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha” hisobvarag’ining kreditiga va 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar” hamda 4790 “Xodimlarning boshqa qarzlari” (aybdor shaxslar bilan hisob-kitoblar bo’yicha) debetiga o’z vaqtida yoki to’liq to’lamagan soliqlar va undirmalar uchun hisoblangan jarimalar ko’rsatiladi.
O’zR Soliq kodeksida maxsus soliq rejimlari belgilangan, ular ushbu kodeks va boshqa soliq va yig’imlar qonunchiligi bilan amalga oshiriladi.
Soliq kodeksida maxsus soliq rejimlari soliqqa tortish elementlarini maxsus tartibini hamda ayrim soliq turlaridan ozod qilishni belgilaydi.
Maxsus soliq rejimlariga quyidagilar taaluqli (Soliq kodeksini 45 bobi) va ularni soliq bazasini aniqlashning o’ziga xos xususiyatlari mavjud:
1) notijorat tashkilotlar;
2) oddiy shirkat (birgalikdagi faoliyat shartnomasi) doirasida operatsiyalarni amalga oshirish;
3) kursdagi farqlarga soliq solish;
4) zahiralarni baholash usullarini o’zgartirish natijasi;
5) ishonchli boshqaruvda soliq solish;
6) korxonani mol-mulk majmui sifatida sotib olishda daromadlar va xarajatlarni e’tirof etishi;
7) qimmatli qog’ozlarga doir REPO operatsiyalari bo’yicha soliq solish;
8) qimmatli qog’ozlar qarziga doir operatsiyalar chog’ida soliq solish;
9) qimmatli qog’ozlar bozorining professional ishtirokchilarining qimmatli qog’ozlarning qadrsizlanish zahiralarini shakllantirish xarajatlari;
10) qimmatli qog’ozlarga doir operatsiyalar bo’yicha soliq bazasini aniqlash;
11) muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar bo’yicha soliq bazasini aniqlash;
12) xedjirlash operatsiyasi bo’yicha soliq bazasini aniqlash;
13) soliq to’lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchilari tomonidan olingan daromadlar bo’yicha soliq bazasini aniqlash;
14) nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasiga soliq solish.
Shunday qilib byudjet bilan soliq va yig’imlar bo’yicha hisob-kitoblar 6410 “Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarz (turlari bo’yicha)” hisobvarag’ida olib boriladi.
Har bir soliq va yig’im turi bo’yicha 6410 hisobvaraqda alohida hisobvaraq ochiladi. Masalan: 6410 “Qo’shimcha qiymat solig’i”, 6411 “Aktsiz solig’i», 6412 “Yuridik shaxslardan foyda solig’i», 6413 “Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i» va boshqalar. Byudjetga hisoblangan soliq va yig’imlar summasi, olinadigan manbasiga qarab hisobvaraqlar bog’lanishi mumkin: D 2010, 2310, 2510, 2900, 4410, 9430, 9810 va boshqalar K 6410. Byudjetga to’lanadigan summalar o’tkazilganda hisobvaraqlar bog’lanishi D 6410 va K 5110, 5200, 5500.