Aktsiyadorlik jamiyatda jamiyat ustavida nazarda tutilgan, ammo uning ustav fondining (ustav kapitalining) o’n besh foizidan kam bo’lmagan miqdorda zahira fondi tashkil etiladi. Jamiyatning zahira fondi jamiyat ustavida belgilangan miqdorga etguniga qadar sof foydadan har yilgi majburiy ajratmalar orqali shakllantiriladi. Har yilgi ajratmalarning miqdori jamiyat ustavida nazarda tutiladi, ammo bu miqdor jamiyat ustavida belgilangan miqdorga etguniga qadar sof foydaning besh foizidan kam bo’lmasligi kerak.
Boshqa mablag’lar mavjud bo’lmagan taqdirda, jamiyatning zahira fondi jamiyatning zararlari o’rnini qoplash, jamiyatning korporativ obligatsiyalarini muomaladan chiqarish, imtiyozli aktsiyalar bo’yicha dividendlar to’lash va jamiyatning aktsiyalarini qaytarib sotib olish uchun mo’ljallanadi.
Jamiyatning zahira fondidan boshqa maqsadlar uchun foydalanish mumkin emas.
Basharti amaldagi qonunchiliq va ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan bo’lsa, boshqa tijorat tashkilotlari ham rezerv kapitalini tashkil etishlari mumkin.
Rezerv kapitalining tayinlanishi - korxonaning sodir bo’ladigan balans zarari va boshqa to’lovlarini qoplashdir.
Aktsiyadorlik jamiyatlarida rezerv kapitalidan, foyda etarli bo’lmagan yoki yo’q bulgan hollarda, imtiyozli aktsiyalar bo’yicha dividendlar to’lash uchun ham foydalaniladi.
Rezerv kapitalini to’lash uchun asosiy vositalarning indeksatsiya fondi summasi ham yo’naltiriladi.
Xo’jalik sub’ekt ta’sis hujjatlariga asosan foyda hisobidan shakllantiriladigan rezerv kapitali (fond), mulkni qayta baholashdan yuzaga keladigan inflyatsiya rezervlari, pul mablag’laridan tashqari tekinga olingan mulklar to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi hisobvaraqlarda amalga oshiriladi:
8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar”;
8520 “Rezerv kapitali (fondi)”;
8530 “Tekinga olingan mulk”.
8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar” hisobvarag’ida mulklarni qayta baholash natijasida vujudga kelgan o’zgarishlar hisobga olinadi. Mulklarni qayta baholash natijasida rezerv kapitalining shakllanishi va to’ldirilishi 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar” hisobvarag’ining kreditida qayta baholash natijasida qiymati oshgan mulklarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
Agar qayta baholash natijasida mulklarning qiymati kamaysa, kamaygan summa o’sha mulkning navbatdagi qiymati oshishi hisobiga to’ldiriladi va u 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar” hisobvarag’ining debetida aks ettiriladi. Shu mulkning avvalgi qayta baholashdagi qiymatidan oshgan arzonlashtirilgan summa xarajat sifatida tan olinadi va 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar” hisobvarag’ida aks ettiriladi.
Mulkni qayta baholash bo’yicha jamlangan summaning ta’sischilar o’rtasida taqsimlanishi 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar” hisobvaraqning debetida 6620 “Chiqib ketayotgan ta’sischilarga ulushlari bo’yicha qarz” hisobvarag’i bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
8520 “Rezerv kapitali (fondi)” hisobvarag’i korxona tomonidan ta’sis hujjatlari va O’zR qonunlariga muvofiq tashkil etilgan rezerv kapitalining holati va harakati to’g’risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo’ljallangan.
Rezerv kapitali (fondi) mablag’lari korxona zararlarini qoplash va boshqa qoplash manbalari bo’lmagan boshqa maqsadlarga sarflanishi mumkin.
Rezerv kapitali (fondi)ning shakllanishi 8520 “Rezerv kapitali (fondi)” hisobvarag’ining kreditida 8710 “Hisobot davrining taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari)” hisobvarag’i bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
8530 “Tekinga olingan mulk” hisobvarag’i korxona tomonidan tekinga olingan mulkni hisobga olish uchun mo’ljallangan.
Tekinga olingan mulklar 8530 “Tekinga olingan mulk” hisobvarag’ining kreditida korxona mulklarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi. Tekinga olingan mulklar qiymati soliqqa tortish maqsadida korxona umumiy daromadiga qo’shiladi. Tekinga olingan mulklarni soliqqa tortish tartibi O’zR soliq qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Quyida rezerv kapitalini hisobga oluvchi hisobvaraqlarning boshqa hisobvaraqlar bilan bog’lanishini ko’rib chiqamiz:
1) Rezerv kapitali hajmining mulk qiymatini qayta baholash natijasida ko’payishi:
D 0100 “Asosiy vositalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
D 0310 “Moliyaviy ijara shartnomasi bo’yicha olingan asosiy vositalar”
D 0700 “O’rnatiladigan asbob-uskunalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
D 0810 “Tugallanmagan qurilish”
D 0600 “Uzoq muddatli investitsiyalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar”
2) Mulk qiymatining o’tgan qayta baholash qiymatining oshirilgan miqdorigacha kamaytirilishi natijasida rezerv kapitalining kamayishi:
D 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar”
K 0100 “Asosiy vositalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 0310 “Moliyaviy ijara shartnomasi bo’yicha olingan asosiy vositalar”
K 0700 “O’rnatiladigan asbob-uskunalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 0810 “Tugallanmagan qurilish”
K 0600 “Uzoq muddatli investitsiyalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
3) Mulk qiymatining o’tgan qayta baholash qiymatidan oshgan summaga zararga o’tkazish:
D 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar”
K 0100 “Asosiy vositalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 0310 “Moliyaviy ijara shartnomasi bo’yicha olingan asosiy vositalar”
K 0700 “O’rnatiladigan asbob-uskunalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 0810 “Tugallanmagan qurilish”
K 0600 “Uzoq muddatli investitsiyalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
4) Asosiy vositalar eskirishini qayta baholash:
a) qiymati oshirilganda:
D 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar”
K 0200 “Asosiy vositalarning eskirishini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”;
b) qiymati kamaytirilganda:
D 0200 “Asosiy vositalarning eskirishini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar”.
5) Ta’sis hujjatlariga muvofiq va joriy yilning taqsimlanmagan foyda summasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq o’rnatilgan tartibda rezerv kapitaliga (fondiga) yo’naltirildi:
D 8710 “Hisobot davrining taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari)”
K 8520 “Rezerv kapitali (fondi)”.
6) Korxonani tugatish natijasida rezerv kapitali (fondi) hisobidan ta’sischilarga daromad (dividend)lar hisoblandi:
D 8520 “Rezerv kapitali (fondi)”
K 6610 “To’lanadigan dividendlar”
K 6620 “Chiqib ketayotgan ta’sischilarga ulushlari bo’yicha qarz”
7) Rezerv kapitali (fondi) summasi joriy hisobot yilida foyda olinmaganligi yoki foyda summasi etarli bo’lmaganligi sababli imtiyozli aktsiyalarga daromad (dividend)lar hisoblash uchun yo’naltirildi:
D 8520 “Rezerv kapitali (fondi)”
K 6610 “To’lanadigan dividendlar”
8) Tekinga olingan qimmatli qog’ozlar hisobga olindi:
D 0610 “Qimmatli qog’ozlar”
D 5810 “Qimmatli qog’ozlar”
K 8530 “Tekinga olingan mulk”.
9) Tekinga olingan asosiy vositalar hisobga olindi:
D 0100 “Asosiy vositalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 8530 “Tekinga olingan mulk”.
10) Tekinga olingan o’rnatiladigan asbob-uskunalar hisobga olindi:
D 0700 “O’rnatiladigan asbob-uskunalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 8530 “Tekinga olingan mulk”.