Boshqa kasalliklar
Fitoftoroz. Kasallik Markaziy Osiyoda birinchi marta 1989 yili aniqlangan (Kratenko va b.q.,1991, Shapovalova va b.q., 1993). G‘o‘zaning barcha organlari zararlanishi mumkin. Zararlangan chigitdan toza yoki zararlangan tuproqda, sog‘lom urug‘likdan zararlangan tuproqda unib chiqqan nihollarning ko‘p qismi yoki barchasi urug‘barg fazasida halok bo‘lishi mumkin. Urug‘bargda oldin suv shimiganga o‘xshash, so‘ngra qo‘ng‘ir tus oladigan, alomatlari pitioznikini eslatadigan dog‘lar va yaralar paydo bo‘ladi (Shver, 1964).
Surxondaryo viloyatining Angor, Jarqo‘rgon, Termiz va Qiziriq tumanlarida gullash-ko‘sak rivojlanish fazasida o‘tkazilgan kuzatuvlar ko‘rsatishicha (Shapovalova va b.q., 1993), g‘o‘za barglari chetida yoki tomirchalari orasida qo‘ng‘ir, noto‘g‘ri shaklli dog‘lar paydo bo‘ladi, rivojlanadi va butun bargga tarqalishi mumkin. Zararlangan to‘qimalar ko‘pincha qurib qoladi, barglar o‘z shaklini, butunligini yo‘qotadi, to‘kilib ketadi. O‘rta va yuqori yarus ko‘saklari zararlanadi, ko‘sak bandi, tagidagi qobig‘i, gulyonbarg qo‘ng‘ir tus oladi. Yosh, endi paydo bo‘lgan (diametri 5-10, ba’zan 25 mm) ko‘saklar qorayadi, mumiyolanib qoladi, usti oq qatlam bilan qoplanadi va nobud bo‘ladi. Ayrim dalalarda 100 foiz o‘simlik, ba’zi o‘simliklarda esa 3-4 tadan 15-18 tagacha ko‘sak zararlangan. O‘simliklardagi qora, mumiyolangan (nobud bo‘lgan) ko‘saklar foizi asosida hisoblab topilgan kasallik tarqalishi darajasi 1991 yil iyul oyida yuqorida ko‘rsatilgan tumanlar dalalarida, asosan Termiz-16 navida, 20-40 foiz, sentabr oyida esa 50-60 foizni tashkil etgan; kasallik Tojikiston va Turkmanistonning ayrim tumanlari dalalarida ingichka tolali g‘o‘za navlarida tarqalishi darajasi ham shunga yaqin bo‘lgan. Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida o‘rta tolali g‘o‘za navlarida fitoftoroz 10-20 foizga yaqin tarqalgani aniqlangan.
Dalalardan keltirilgan zararlangan o‘simlik namunalari laboratoriyada tekshirish qo‘zg‘atuvchining toza kultura (izolyat)larini ajratib olish, g‘o‘zani sun’iy zararlash va qo‘zg‘atuvchini qaytadan ajratib olish (reizolyatsiya) hamda uning oziqa muhitida belgilarini o‘rganish asosida kasallik qo‘zg‘atuvchisi Phytophthora turkumiga oid tuban zamburug‘ ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Parazit tuproqda va zararlangan chigitda saqlanishi tajribalar asosida aniqlangan. Dalada zararlangan ekindan olingan chigit issiqxonada sterilizatsiya qilingan tuproqqa ekilganda, nihollarning bir qismi urug‘barg fazasida nobud bo‘lgan, omon qolganlari 80 foizgacha fitoftoroz bilan zararlangan (qoraygan va mumiyolangan) ko‘sak hosil qilgan.
Sun’iy zararlash tajribasida 7 ta ingichka va 12 ta o‘rta tolali g‘o‘za navlari ichida immun xillari topilmagan; eng kuchli zararlanish ingichka tolali Termiz-14, Termiz-16 (O‘zbekiston), 9883-I va 6249-V (Tojikiston) navlarida kuzatilgan.
G‘o‘zada fitoftoroz boshqa mamlakatlarda ham ma’lum. Hindistonda g‘o‘za Phytophthora parasitica (Shver, 1964), Xitoyda Phytophthora boebmeriae, kamroq darajada Phytophthora parasitica va Phytophthora palmivora (Ji Siuqin, Li Baodong, 1982; Zheng Xiabao, Li Jiayin, 1989), Avstraliyada Phytophthora nicotiana (Allen, 1986) va AQShda Phytophthora capsici (Pinckard va b.q., 1981) bilan zararlanadi. Bu turlarning ba’zilari (Phytophthora boebmeriae, Phytophthora parasitica) nihollarni, boshqalari (Phytophthora capsici) - faqat ko‘saklarni zararlashi xabar qilingan. Fitoftoroz kuchli rivojlanishi tufayli keyingi o‘n yillarda Xitoyda, 1985 yildan beri esa Avstraliyaning ba’zi mintaqalarida 30 foizgacha hosil yo‘qotilgan. AQShda ariq suvi ko‘pincha Phytophthora capsici zamburug‘ining zoosporalari bilan zararlangan; agar ekin ko‘sak ochilib boshlagan paytda, yomg‘irlash mexanizmlari yordamida shu suv bilan sug‘orilsa, 100 foiz hosil 48 soat ichida ko‘sak chirishidan butunlay nobud bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan (Davis va b.q., 1996).
Do'stlaringiz bilan baham: |