Kasallikka ta’sir etuvchi ekologik faktorlar. Nihollar gommoz bilan baland haroratga nisbatan pastrog‘ida kuchlirok zararlanadi. Tuproq harorati 30-32 °C bo‘lganida 3 ta nav nihollari 36,51 va 79 foiz (o‘rtacha 55 foiz)ga, 14-16 °C bo‘lganda esa 88,89 va 96 foiz (o‘rtacha 91 foiz)ga zararlangan (Verderevskiy, 1955). Buning sababi - past haroratda nihollarning barcha kasalliklarga chidamliligi darajasi pasayishidir (Peresipkin va b.q., 1990).
Gommozning g‘o‘zada boshlanishi, rivojlanishi va tarqalishiga ekologik faktorlar katta ta’sir ko‘rsatadi. Kasallik rivojlanishi uchun havo harorati 30-36 °S, tuproq va havo namligi 85 foizdan baland bo‘lishi qulay hisoblanadi (Karimov, 1976; Bird va b.q., 1981). Yuqori namlik mavjudligida gommozning inkubatsion (o‘simlikda kasallikning yuz bergandan kasallikning birinchi tashqi alomatlari paydo bo‘lguncha o‘tgan) davri qisqaradi. Kunlik o‘rtacha harorat 30 °C va namlik 80 foiz yoki undan balandroq bo‘lganida inkubatsion davr 4 kunni, 28, 26, 18 va 12 °S da esa 5, 6, 9, va 17 kunni tashkil etadi (Karimov, 1976). Boshqa xabarlarga ko‘ra (Verderevskiy, 1955), inkubatsion davr 32 °S da 0,2-0,5 kun, 14 °C da esa 5,1 kun bo‘lgan.
Bakteriya faol holatda ob-havo noqulayliklariga bardosh bera olmaydi, haroratning tibiiy o‘zgaruvchanligi uning hayotchanligini pasaytiradi, namlik yuqoriligida keskin o‘zgarishi esa nafaqat laboratoriya oziqa muxitida, hatto dalada o‘simliklar qoldig‘i to‘qimalari ichida ham halok qiladi (Bird va b.q., 1981; Peresipkin va b.q., 1990).
Quruq sharoitda bakteriya uzoq saqlanishi mumkin. Laboratoriyada 24 °C da g‘o‘zaning quruq qismlari bakteriya hayotchanligini 7 (Schnathorst, 1964) yoki 8 (Bolsunova, 1932) yilda ham yo‘qotmagan. Dala sharoitida bakteriya quruk yelimsimon modda ichida bo‘lishi uni harorat o‘zgarishlariga ancha chidamli qiladi (Bird va b.q., 1981). Quruq yelimsimon modda ichida bakteriya «uxlash» holatida bo‘ladi. Yomg‘ir yoqqanda yoki shabnam tushganda, suv tomchilarida yelimsimon modda eriydi, bakteriyalar ozod bo‘ladi, qulay harorat kuzatilsa, faol, harakatchan holatga keladi va o‘simlikni zararlaydi (Verderevskiy, 1955). Yomg‘ir gommoz rivojlanishi va tarqalishi uchun muhim faktorlardan biridir, chunki haroratni optimumgacha pasaytiradi, infeksiyani tarqatadi, «uxlayotgan» bakteriya «uyg‘onadi» va h.k.
Ilmiy adabiyotlarda chigit ekish muddati, ekinning o‘sish davrida sug‘orish meyori, qishda yerga nam to‘plash uchun suv qo‘yish, azot, fosfor va kaliy bilan ekinni oziqlantirish g‘o‘zaning gommoz bilan zararlanishiga jiddiy ta’sir qilmasligi (Rasulev, 1981); boshqa manbalarda (Babayan, 1963) esa tuproqda kaliy yetishmasligi, meyoridan ko‘p sug‘orish, g‘o‘zani zich joylashtirish (tup sonini oshirish) kasallikni kuchaytirishi, chigitni ertaroq ekish, azot, fosfor bilan oziqlantirish va qishda nam to‘plash uchun sug‘orish esa gommoz rivojlanishini kamaytirishi ta’kidlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |