Derma - terining asosiy qavati bo‘lib, bevosita epidermis ostida joylashgan. U teri qalingining 95-98 % ni tashkil etadi. Derma amorf moddaga botgan tolali va hujayrali strukturalardan tashkil topgan. Uning qalinligi, zichligi va mustahkamligi, hayvonning turi va yoshiga, shuningdek terining topografik qismlariga qarab o‘zgaradi.
Dermada o‘zaro zich bog‘langan ikkita qavatni farqlash mumkin. Ustki- g‘uddali qavat (termostatik) qalinligi kattaroq va pishiqligi kamroq, pastki – to‘rli qavat, ancha zich va mustahkamroq qavat.
Epidermisga yondashgan g‘uddali qavat, tola bog‘lamlari orasida joylashgan soch xaltachalari, sochni ko‘taruvchi mushaklar, yog‘ va ter bezlarini saqlaydi. G’uddali qavat qalinligi, hayvonning turi, yoshi va terining topografik qismlariga qarab, derma qalinlining 20-50% ni tashkil etadi. Ushbu qavat sirtini, yuzgi qavat deb yuritish qabul qilingan, chunki epidermis bartaraf etilgandan so‘ng, g‘uddali qavat yuzasi terining yuza tomoni bo‘lib qoladi. Bu qavat har bir xom -ashyo turiga xos bo‘lgan rasm- mereyaga ega. G’uddali qavatning bu qismida ko‘p miqdorda elastin tolalari mavjud, ular tarmoqlangan qalin to‘r hosil qilib, epidermisning derma bilan mustahkam bog‘lanishini ta’minlaydi. G’uddali qavatda kollagen tolalari bog‘lamlari dermaning to‘rli qavatiga nisbatan ancha ingichka.
Derma sirtiga yaqinlashgan sayin, tola bog‘lamlari sekin asta ingichkalashadi va zichlashadi, terining yuza sirtiga nisbatan parallel yo‘nalishni egallaydi.
Dermaning eng yuqori sirtida birlami tolachalar shunchalik mayin va zich o‘rilishlarni xosil qiladiki, qurollanmagan ko‘z bilan kuzatganda, derma sirtini membrana ko‘rinishidagi qoplovchi gomogen massa degan tasavvur hosil bo‘ladi.
G’uddali qavat tolalari o‘zining tarkibi bo‘yicha to‘rli qavat tolalaridan farq qilmaydi. Ammo teri ishlab chiqarish jarayonida kislota, ishqor, tuzlar va boshqa moddalar ta’siri ostida ular o‘zini har xil tutadi. Bu ularni aktiv sirtining har xil darajada rivojlanganligiga bog‘liq. Xuddi shu bilan, masalan teri yuza sirtining bir qator kimyoviy reagentlarga nisbatan yuqori adsorbsion qobiliyati va uning bakterial jarayonlarga yanada ko‘proq ifodalangan sezgirligi izoxlanadi.
Tolalar orasidagi farq charm va mo‘ynaxom -ashyosiga birlamchi ishlov berish jarayonlarida, shuningdek ishlab chiqarishning keyingi jarayonlarida alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. Dermaning yuza qavati, xatto bir ozgina chirikli jarayonlarga uchrasa ham, mexanik omillar yoki ba’zi reagentlarning eritmalari ta’sirida qavatlanishi mumkin, bu esa qayta ishlashning birinchi bosqichlaridayoq xom -ashyoning buzilishiga olib keladi.
Soch o‘rnashgan darajadagi tekislik g‘uddali qavatning shartli ravishda quyi chegarasi hisoblanadi. Ikki tomonlama soch xaltachalari bo‘lgan cho‘chqa va boshqa hayvon terilari bundan mustasno. Bunday hollarda derma g‘uddali va to‘rli qavatlarga bo‘linmaydi, chunki u o‘zining amaliy ahamiyatini yo‘qotadi.
Dermaning ikkinchi qavati to‘rli qavat hisoblanadi. To‘rli qavat bilan g‘uddali qavat orasida aniq o‘rnatilgan chegara yo‘q.
G’uddali va to‘rli qavat o‘rtasidagi bo‘linish tekisligi shartli deb yuritiladi, chunki soch xaltachalarining o‘rnashish chuqurligi har xil va ko‘proq hayvonning turi, yoshi va topografik qismlariga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, terining aynan bir qismida qiltiq, momiq va oraliq sochlar o‘rnashgan. Shunga qaramasdan shartli chegarani, dermada sochning o‘rnashish chuqurligining gistologik vertikal kesimini, shuningdek bir vaqtning o‘zida derma qalinligini o‘lchash bilan o‘rganish mumkin. Ushbu ma’lumotlar bo‘yicha g‘uddali qavat qalinligining, dermaning umumiy qalinligiga nisbati foizlarda hisoblanadi. G’uddali va to‘rli qavatlarning nisbati teri va undan tayyorlangan charmning ahamiyatli darajada uzilishdagi mustahkamligini tavsiflaydi. Bu nisbat teri xom -ashyosini saralashda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, qo‘y terilarini, katta xom -ashyoning arralangan terilarini, ba’zi echki turlari terilarini, shuningdek hamma turdagi terilarning bo‘yin va qorin sohasidagi terilarini ishlov berishda amaliy ahamiyatga ega.
Xom -ashyoga birlamchi ishlov berish hamda ishlab chiqarish jarayonlarida, g‘uddali va to‘rli qavatlarning bo‘linish sohasida, qavatlar orasidagi bog‘ni susaytiruvchi yog‘ hujayralari, bezlar, soch bezlari, tomirlar va boshqa tolali strukturalar jamlanmasi borligini e’tiborga olish lozim. Xom -ashyoni noto‘g‘ri konservalash yoki unga ishlov berish texnologiyasini buzish (juda kuchli mexanik yoki kimyoviy ta’sir) hollarida, g‘uddali va to‘rli qavat chegarasida ozmi ko‘pmi qavatlanish yuz beradi. Bu “yuza qavatining ajralishi” deb nomlanadigan keng tarqalgan teri nuqsonining hosil bo‘lishida ifodalanadi.
To‘rli qavat terining eng pishiq va bakuvvat qavati hisoblanadi. Bu xossalar terining mustahkamligi, yemirilishga chidamliligi va iste’mol xossalarini belgilaydi. Tolalar bog‘lamining o‘rilish tabiati, ularning yo‘g‘onligi va yo‘nalishi, xom -ashyoning turi, hayvonning yoshi va terining topografik qismlariga bog‘liq.
Dermaning umumiy qalinligiga nisbatan to‘rli qavat qalinligi turli xil hayvonlarni yangi shilingan terisining yopqich sohasida taxminan bir xil: ho‘kiz terisida 75-80%, sigir terisida 70%, ot terilarida 60%, echki terilarida 35%, qo‘y terilarida 30-50%.
Do'stlaringiz bilan baham: |