O‘qitishdagi muammolar
Bugungi kunda xulqida og‘ishlari bor bolalarning ta’lim olishlari alohida muammolardan biri hisoblanadi. Asabiy, diqqati tarqoq, baqiroq, gapga quloq solmaydigan bunday bolalar o‘qituvchining diqqat markazida turadi va uning asosiy faoliyatiga xalaqit beradi. O‘qituvchi ularni muntazam ravishda kuzatishi, doimo tinch o‘tirishiga va sinfdoshlariga xalaqit bermaslikka undab turishi kerak. Chunki bunday toifadagi o‘quvchilar o‘zlaricha doimo biror ish bilan band bo‘lib, ularni bir joyda ushlab turish qiyin. Topshiriqni oxirigacha eshitish va oxirigacha bajarishi esa umuman qiyin. Ular o‘qituvchini «eshitmaydilar», narsalarini tez-tez yo‘qotib, vazifalarni ham unutib qo‘yadilar. O‘ta faolliklari, tezkorliklari tufayli boshqalarga ko‘p noqulayliklar tug‘diradi. Bugungi kunda maktab o‘quvchi oldiga bir qator talablarni qo‘yadiki, u o‘z ichiga me’yorlar tizimi, qoidalar va talablarni qamrab olgan. Bu talablarni bajarish giperfaol o‘quvchi uchun katta qiyinchiliklar tug‘diradi. Aynan shuning uchun ham so‘nggi yillarda pedagoglar, psixolog va ota-onalar birgalikda giperfaol bola bilan ishlashlari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, bir necha yillar avval sinfda bunday toifadagi bolalar 1-2 nafar bo‘lsa, bugun ular sinfning 20-30% tashkil etib, bu ko‘rsatgich tobora ortib bormoqda. Biroq mavjud muammolarga qaramay giperfaol bolalar ta’lim standartlarini muvaffaqiyat bilan o‘zlashtirmoqdalar. Ammo o‘qitish tizimining o‘zi ham, ayniqsa maktabning boshlang‘ich bosqichlari giperfaol bolalarni psixologik jarohatlab qo‘yishi mumkinki, uning asorati tufayli bolaning jamiyatga moslashuvchanligi qiyinlashadi.
Shunday qilib, giperfaol bolalar (ayniqsa, kichik maktab yoshida) dars va tanaffus vaqtlarida harakatlanishga juda katta ehtiyoj sezadi. 4-5 soatlik dars davomida partada 40—45 minutdan harakatsiz o‘tirishga ularning toqatlari yetmaydi. Shuning uchun ham dars boshlangandan 15—20 minut o‘tganidan keyinoq giperfaol bolalar partada tinch o‘tira olmaydilar. Bunga dars va kun davomida harakatning kamligi va bir xil turdagi faoliyat sabab bo‘ladi. Keyingi muammo bola hulqidagi o‘ta harakatchanlik va darsda avvaldan belgilab qo‘yilgan, o‘qituvchi savol berishi — o‘quvchi javob berishiga asoslangan munosabatlardir. Giperfaol o‘quvchi, odatda, o‘qituvchining unga javob berishga ruxsat berishini kutmaydi. Ko‘pincha savolni oxirigacha eshitmasdan javob bera boshlaydi. Ba’zida o‘tirgan joyida baqiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |