Usmon Azim
Birovning umri
Chaganada gʻaroyib odamlar koʻp. Ammo Panji polvon gʻaroyiblarning ham gʻaroyibi. Masalan, bayramlarda markazdagi yagona koʻchadan qulfu yashil kiyinib, alvon tugʻlar koʻtargancha, jamoa-jamoaga boʻlinib, askarlarga xos saflarga tizilgan baxtiyor namoyishchilarning xurram kayfiyatlariga mos tushmagan ishlar qiladi. Ya’ni, taxtadan muvaqqat yasalgan minbarda Moskvadagi rahbarlarga taqlid qilib, qaddini gʻoz tutganicha, dolzarb shiorlarni sidqidildan hayqirib oʻtayotgan odamlarga shlyapasini viqor bilan silkitayotgan rayqoʻm kotibining naq qarshisiga — koʻchaning narigi betiga turib oladi-da, oʻzicha oʻylagan xayrli ishini bajarishga kirishadi.
— Pulini sandiqda chiritayotgan Chagananing boylari! Topganini koʻchaga sochadigan mardu maydon hotamtoylar! Choʻntagidagi pulni xotinidan ham yaxshi koʻradigan aziz qurimsoqlar! Boshimizda soyabon boʻlib turgan rayqoʻmu ijroqoʻmning xalqparvar xodimlari! Bilib qoʻyinglar, besh barmoq teng emas! Siz bayramda kayfu safo etayapsiz, ammo kimningdir uyida noni ham yoʻq. Siz bayroq koʻtarib, hayqirib yuribsiz — kimdir qiziga kalish ham olib berolmaydi. Saxovatli boʻlinglar! Himmat koʻrsatinglar! Hamma topganicha... Mana, Panji polvondan ikki yuz soʻm!..
U qoʻlidagi ikkita yuz soʻmlikni boshi uzra koʻz-koʻz qiladida, soʻng qoʻlidagi qizil alvonga oʻralgan qutichaning tirqishiga tiqadi. Namoyishchilarning mustahkam safida parokandalik paydo boʻladi, kimdir angrayib toʻxtaydi, kimdir unga uriladi, kimningdir oyogʻini kimdir bosadi, kimningdir tuflisi tushib qoladi, u tuflisini topgani saflarni yorib orqaga harajat qiladi... Qatorlar buziladi, shiorlar besaranjom qalqiydi, qizil bayroq rayqoʻm kotibining yuragiga qoʻrqinch solib, tahlikali egiladi. Ammo kotib, har qanday vaziyatda ham oʻzini yoʻqotib qoʻymaydigan davlat kishilariga xos bamaylixotirlik bilan mehnatkash xalqni qutlashda davom etadi — faqat endi shlyapasini instruktor Mingtoʻraevga tutqazadi, shlyapasiz qoʻli bir qanot qushning qanotiday havoda ajabtovur manzara yasab silkinadi. Polvonning chaqiriqlari esa avjga chiqadi. Aralash-quralashgan namoyish uyalinqirab oqishda davom etadi.
— Chaganada saxovat nima qilsin!—hayqiradi Panji polvon. Uning keng koʻkragidan zavq bilan otilib chiqayotgan zabardast ovozi mikrofonda oʻzicha nimalarnidir sayrayotgan madaniyat boʻlimi boshligʻi Salomatovning ovozchasini namoyishchilarning qulogʻiga yetkazmasdan, havodayoq parchalab tashlaydi.
— O’taveringlar!.. O’taveringlar! Baribir Chaganani xasislarning yurtiga aylanti-rib qoʻyolmaysizlar! Panji Polvon oʻlmagan ekan...
Endi odamlar chidab turolmaydi. Birinchi boʻlib Furqatov domla Polvon tarafga yuradi. Liboslari toza — xuddi hozir Parijdan kelganday. Yurishida me’yordan oshiqroq viqor bor..
Do'stlaringiz bilan baham: |