MUHABBAT (HIKOYA)
I
Uzoq, entikib o‘pishdilar. Qizning soch tolalari Tirkashning yuziga tegib turar, allanechuk notanish, ammo totli is anqir, uning butun vujudi tarang tortilib, oyoqlari titrar, qizning ham yelkalari bilinar-bilinmas silkinayotganini his qilib turardi. To‘satdan qiz siltanib qaddini rostladi-yu, zarb bilan itarib yubordi uni.
Tirkash laylak qilib qo‘yilgan aravaga suyanib qoldi. U hamon o‘ziga kelolmas, allaqanday ichki bir to‘lqin borgan sayin qattiqroq jo‘sh urardi.
— Dadam so‘yib tashlaydi, — dedi qiz to‘zib ketgan sochlarini kafti bilan tekislarkan. Ammo dadasidan hech qachon hayiqmaganligi, bundan keyin ham hayiqmasligi uning ovozidan bilinib turardi.
Tirkash aravadan uch-to‘rt qadam narida, maysalar ustiga tashlab qo‘yilgan bir parcha namat ustida uxlab yotgan cholga qaradi. Chol ola-bula xurjunga boshini tashlab, oyoqlarini kerganicha, chalqancha yotar, qorong‘ida yuzi aniq ko‘rinmasdi. Undan ham nariroqda bir tup do‘lananing to‘kilgan xazonini shitirlatib, sharpaday qop-qora eshak o‘tlab yurardi.
Tirkash qaddini rostlab, qizga tikilib qoldi. Uning katta-katta ko‘zlari yonib turar, uzun-uzun kipriklari, qirra burni qorong‘ida yanayam jozibali ko‘rinar, Tirkash hali ham hayajonini bosib ololmas edi. Ikkovlari anchagacha jimib qolishdi. Arslonbob tog‘ining cho‘qqisi yonib ketdi. Zum o‘tmay dum-dumaloq to‘lin oy chiqdi. Chor atrofga nur aralash sukunat seli quyilganday, hammayoq jimjit bo‘lib qoldi. Yaproqlari to‘kila boshlagan do‘lana soyaday qorayib ko‘rinar, havoda xazon, g‘o‘zapoya isi anqirdi.
Qiz sochini qaytadan o‘rib, orqasiga tashladi. Tirkashning yoniga keldi-da, niholday nozik gavdasini egib, arava ichidan paxtalik nimcha olib kiydi. Tirkashga bir qarab qo‘ydi-yu, oyoqlarini osiltirib, aravaga o‘tirib oldi. U endi hamma narsani unutganday, Tirkashni ko‘rmayottanday edi. Boshini baland ko‘tarib, oyga tikilib o‘tirar, chehrasida beparvolik ko‘rinib turardi. Boyagi to‘lqin yana jo‘sh urib ketdi. Tirkash nima qilayotganini o‘zi ham sezmay, tiz cho‘kib, qizning oyoqlaridan mahkam quchoqlab oldi.
— Dilor, ketma. Iltimos qilaman, yalinaman... — U qizning tizzasiga bosh qo‘ydi. Negadir shu topda qizning qo‘llari sochini silashini kutar, orzu qilardi. Dilor egilib uning yelkasidan itardi.
— Ket bu yerdan!
— Tushunsang-chi, axir, qayoqqa borasan?! Nimaga borasan? — Tirkash qizning oyoqlarini mahkamroq qisib iltijo bilan bosh chayqadi. — Yo‘q dema, Dilor. Ikkalamiz birga ishlaymiz. Sen nimani xohlasang...
— Ket, men uxlayman! — Dilor tag‘in uning yelkasidan itardi.
Tirkash qizning chimirilgan qoshlariga, qat’iyat bilan qimtilgan lablariga qarab, endi gapirish ortiqcha ekanini tushundi. Asta qaddini rostlab, boshini quyi soldi…
Do'stlaringiz bilan baham: |