Said Ahmad
TOʻLQINLAR
Qishloq yoʻliga burilganimda adir orqasidan qovun tilimidek oppoq oy koʻtarildi. Gullab yotgan oʻriklar xira pardaga burkandi. Yoʻl chetidan yangi nish urgan sarimsoq hidi keldi. Kovakni tark etgan koʻklam elchisi qurilladi. Toʻnkarilib qolgan tilla qoʻngʻiz juda yaqinda dizillab-dizillab jim boʻldi. Koʻklam nafasi gurkirab turgan mana shu yoʻllardan yurmaganimga oʻn sakkiz yil boʻlgan. Bu orada qancha suvlar oqib ketdi... Qancha voqealar boʻlib oʻtdi... Yigitlar frontda jon olib, jon berayotgan ogʻir kunlar edi. Dala ishlari ayollarga qolib ketgan, hammasi tajang, hammasi asabiy edi. Ularning intizor koʻzlari front yoʻlida, qoʻllari mehnatda, frontchilarni zoriqtirmaslik, dushmanni tezroq yakson qilish uchun tinimsiz ishlar edilar. Stalingrad ostonalaridagi janglarda dushmanning uchta tankini yondirgan qahramon Oʻsarboy Omonboev oilasi haqida ocherk yozish uchun xuddi shu yoʻldan yurib qishloqqa kelgan edim. Qishloq ancha fayzsiz boʻlib qolgan, yoʻllar oʻydim-chuqur, ish hayvonlarining tinkasi qurigan, yemga yolchimagan sigirlar sutdan qolgan edi. Ayollar durustgina kiyinishmas, pardoz-andoz koʻngillariga sigʻmasdi. Kimning qanaqaligi bilinib qolgan oʻsha paytlarda urushga chap berib bormay qolgan erkak zoti koʻzlariga balo boʻlib koʻrinardi. Oʻsarboyning xotini Joʻraxon eri frontga ketgan ayollardan brigada tuzib, yuqori hosil olishda butun oblastga ovoza boʻlgan yigirma besh yoshlardagi qora qosh, loʻppi yuz, koʻkrakdor, polvon ayol edi. Oʻsarboy qahramon unvoni olgan kunning ertasigayoq kelganimda bir voqeaning ustidan chiqqan edim. Joʻraxonning brigadasi ishlayotgan katta yoʻl chetidagi terakka qizil etik kiygan xotinchalish bir yigit belidan hali kudungi buzilmagan sakkiztepki atlas bilan bogʻlab qoʻyilgan edi. Uning atrofini oʻrab olgan xotinlar goh xiring-hiring kulishar, goh uni qargʻashardi. Birov yigitning yuziga upa suradi, birov qoshiga oʻsma qoʻyadi. Joʻraxon ikki qoʻlini beliga qoʻyib unga doʻq urardi. — Shunaqami? Urugʻlikka qolganmisiz? Bu xotinlarning erlari frontda oʻq tagida yuribdi-ya, shularga koʻz olaytirdingmi? Ha, nomard! Hoy, Zebi, labiga qizil surt! Ishdan qaytishda shu ahvolda guzarga olib chiqamiz. Xaloyiq koʻrsin. Basharasiga tupursin. Qani, ish-ishingga joʻna hammang! Xotinlar yigitni shu ahvolda qoldirib, chopiqqa tushib ketishdi. Shiyponga chiqayotganimizda Joʻraxondan bu yigitning gunohini surishtirdim. — Zebiga aylanishib qopti. Shunday suqsurday eri borki, koʻrganning koʻzi tegadi. Tirnogʻiga arzimaydi bu hebbim. Tushlikda Norin boʻyiga kel, sakkiztepki atlas sovgʻa qilaman debdi. Ushlab oldik. Joʻraxon bu gaplarni shunday gʻazab bilan aytardiki, koʻzlari chaqnab, peshonalari, tirishib ketardi. — Oʻziniyam shundogʻ doʻpposladikki, qoʻyib bersam xotinlar oʻldirib qoʻyishadigan, zoʻrgʻa ajratib oldim. Eri omon-eson qaytib kelguncha birontasining ham sha’niga yomon gap yuqtirmayman. Issiqmi, sovuqmi hammamiz birga baham koʻramiz, qaysi birining eridan xat- xabar uzoqsa, baravariga yupatamiz…
Do'stlaringiz bilan baham: |