Toza xonalardagi harakatlar
Xodimlar tomonidan belgilangan qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatish kerak. Bunda shuni unutmaslik kerakki, toza xonalar uchun arzimaydigan narsa yo‘q. Aynan mayda- chuydalar eng katta xavfni tug‘diradi. Xulq-atvor qoidalarini belgilaydigan asosiy mezon - toza xonani ifloslantirishi mumkin bo‘lgan hech narsaga yo‘l qo‘ymaslik.
Toza xonada qanday harakatlanish kerak? Shoshilmaslik, keskin harakat qilmaslik lozim. Bu ikki sabab bilan belgilanadi: tez harakat qilganda odamdan zarrachalar ajralishi tezlashadi; tez harakatlar havo oqimlari harakatini buzadi va iflosliklarning tarqalishiga olib keladi. Keraksiz harakatlarni umuman istisno etish lozim. Faqat reglamentda belgilangan harakatlarni bajarish zarur. Ba’zi bir odamlar soch qashlash, qo‘llarni, yuzini va boshqa tana qismlarini ishqalash, imo- ishoralarni ko‘p takrorlash odatiga ega. Bunday harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Zararli odatlardan holi bo‘lolmaydigan odamlar toza xonalarga kiritilmasligi kerak. Toza zonada ovqatlanish, suyuqlik ichish, chekish, gazeta va jurnallar o‘qish taqiqlanadi. Tegishlicha, xonaga ovqat mahsulotlarini (shu jumladan ichimliklarni), saqichni, dorilarni, gugurtni, zajigalkani, sigaretlarni, qog‘ozlarni va texnologik jarayonda nazarda tutilmagan boshqa anjomlarni, bosma mahsulotlarini va h. k. larni olib kirish man etiladi.
Sog‘liq holati
Sog‘liq holatini baholash mezonlari juda oddiy: o‘tkir va surunkali kasallikka chalingan shaxslar toza xonalarga yo‘latilmaydi. Birinchi galda bu o‘tkir respirator kasalliklarga tegishli. Yo‘tal, aksa urish, burun oqishi va ko‘z yoshlanishi tozalik darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kon’yunktivit va boshqa ko‘z kasaliklari; yuqori nafas yo‘llari kasalliklari; teri kasalliklari, jumladan gerpes, furunkullar, seboreya (qazg‘oq) kabi kasalliklarni ham sanab o‘tish joiz. Ba’zi bir odamlar ko‘p terlaydi, bu ham toza xonalarda ishlashga monelik qiladi. Jarohatlar ham iflosliklar ajralishiga olib keladi.
Toza zonalarni tozalash va sanitar ishlov berish toza zonalar muammosi, texnologik jarayon davomida xodimlarning aniq harakatlari hamda qat’iy texnik yechimlardan tashqari, tozalash deb ataluvchi ishlarga munosib, ya’ni aniq yondashuvni taqozo etadi. Toza zonalarning doimiy standartini saqlash uchun uzluksiz ishlar uchun zarur bo‘lgan va shu tariqa firmaning sifatni kafolatlash tizimini ta’minlaydigan bilimlar kerak. Bir qarashda oddiy bo‘lib ko‘ringan operatsiyalardagi nazoratsiz harakatlar keyinchalik mahsulot sifatida o‘z aksini topadi, bu esa muqarrar ravishda iqtisodiy yo‘qotishlarni keltirib chiqaradi. Farmasevtika ishlab chiqarishiga eng oddiy holda uchta asosiy protseduradan tashkil topgan jarayon sifatida qarash lozim. Bular: tayyorlov protseduralari, ishlab chiqarish protseduralari va tozalash protseduralaridir. Shuni anglab yetish muhimki, tozalash amallari ishlab chiqarish ishlaridan keyin keladi, ammo ayni paytda, keyingi ishlab chiqarish protseduralaridan oldin olib boriladi. Tozalash va ishlab chiqarish protseduralari o‘zaro yopiq aloqadorlikka ega, tozalash protsedurasining noto‘g‘ri bajarilishi mahsulot sifatiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun ishlab chiqarish protseduralariga qanday e’tibor berilsa, tozalash ishlariga ham shunday e’tibor berish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |