3. Rossiya-AQSh munosabatlari. Taniqli olim va siyosatchi, AQShning sobiq davlat kotibi Henri Kissinjer ham atlantizm geosiyosiy nazariyasining tarafdorlaridan biri edi. U atlantizm g’oyalariga suyangan holda, xalqaro xavfsizlik masalalarida AQShning rolini alohida ta’kidlaydi. U AQShning siyosiy strategiyasini tarqoq “sohil zonalari” xalqlari va davlatlarini “bir butun” qilib birlashtirishga, tinchlikda faoliyat ko’rsatishlari uchun ularga sharoit yaratishga, shuningdek tashqi aralashuvdan himoya qilishga yo’naltirishni taklif etdi. Uning fikricha, bu missiya Yevroosiyo, SSSR ustidan to’la nazorat o’rnatish ishida bu xalqlar va davlatlarni AQShni qo’llab-quvvatlashga safarbar etadi. Kissinjerning aytishicha, bu “bir butun” bloklar o’rtasidagi kurashda betaraf turgan yoki Yevroosiyoga moyillik ko’rsatgan “sohil sektorlarini” ham AQSh qatoriga tortishi lozim.
Kissinjer doktrinasi Qo’shma Shtatlarga “qamchi va shirinlik” metodi asosida harakat etishni tavsiya qildi: Vetnamga - urush, Xitoyga - hamkorlik, Eron podshohi R.Pahlaviy rejimini, Ukraina va Boltiqbo’yi millatchilarini qo’llab- quvvatlash va hokazolar.
Keyinchalik AQSh va Yevropada Kissinjerning g’oyalariga “gumanitar geosiyosat” degan nom berildi. Aslida AQSh va NATOning urushdan so’ng ommaviy qirg’in qurollarining yangiyangi navlari bilan qurollanishi va atom quroli vositasida urushdan tiyish doktrinasi ham “sulh va gumanizm” g’oyalari bilan izohlanadi. “Bir butun” hududlarini tashqi xavfdan (SSSR yoki Xitoydan) himoya qilish maqsadida AQSh va NATO mamlakatlariga yadro quroli va harbiy bazalar joylashtirildi. Yevroosiyo va SSSR mintaqalarining siyosiy va geografik o’ziga xosliklarini hisobga olgan Kissinjer ayni yadro-raketa texnologiyalari va harbiy ustunlikka erishish yo’li bilan kelgusida ular ustidan nazorat o’rnatishni taklif qilgan edi.
20l6 yilning mart oyidan 20l7 yilning mart oyiga qadar Amerika dushman yoki raqib mamlakatlarga nisbatan tutgan tashqi siyosati Vashington uchun ancha murakkab bo’ldi. Bir tomondan AQSHning Rossiya bilan munosabatlari keskin o’zgardi, boshqa tomondan esa, Amerika va Xitoy o’rtasidagi aloqalarga putur yetdi. Bundan tashqari, Amerika davlatining o’tgan yilda Suriyaga qaratilgan rejalari va loyihalari amalga oshmadi. Rossiya va Amerikaning o’tgan yildagi aloqalari sovuq urushdan keyingi eng past darajaga etib keldi. O’tgan yilda Amerika qo’shma shtatlarining oldingi prezidenti Barak Abama o’zining Oq Uydagi vakolatlari tugayotgan paytda Rossiyaning Amerikadagi 38 nafar diplomatini AQSHdan chiqarib yubordi. Shu bilan birga, Rossiyaning Amerikadagi ikkita diplomatik markazini ham yopib qo’ydi. Ruslarga qarshi ko’rilgan ushbu choralar, Amerika qo’shma shtatlari prezidenti uchun bo’lib o’tgan saylovda Rossiyaning aralashganligi bahona qilib ko’rsatildi. Vashinton rasmiylari Rossiyani xususan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni AQSH prezidenti saylovlarida respublikachilar nomzodi Donald Trampni g’alaba qozonishi uchun va Demokratlar nomzodi Hillari Klintonni mag’lub qilish maqsadida, Demokratlar partiyasining idorasiga kiber hujum uyushtirishda hamda ularning maxfiy hujjatlarini Vikiliks saytida nashr etishda ko’mak qilganlikda ayblashadi.
Amerika hukmronlari Donald Trampning murosa qilish pozisiyasidan forig’ holda, Rossiyaning jahonning turli mintaqalaridagi ta’sirining yanada kengayib borayotganidan xavotirga tushmoqda. Ushbu guruh nuqtai nazariga ko’ra, Rossiya Putinning yo’l-yo’rig’i bilan o’zining Kavkaz va O’rta Osiyodagi mavqeini mustahkamlaganidan keyin Yevropa sharqida, Osiyo g’arbida va Afrika shimolida o’zi uchun zamin yaratmoqchi. Ularning fikricha, Rossiya Ukrainada ayirmachilik g’oyalarini va hissiyotlari keng targ’ib qilish yo’li bilan, Suriyada Bashar Asad davlatini himoya qilish va Misr hamda Liviya bilan munosabatlarini yanada mustahkamlash orqali XXI asrda jahonda muhim ahamiyat kasb etmoqchi.
4. Rossiya tashqi munosabatlari tizimida Osiyo tomon burilish. Rossiya-Xitoy munosabatlari ob’ektiv zaruriyat sifatida. So’nggi paytlarda Rossiya bir yo’la bir nechta yo’nalishlarda samarali harakat qilmoqda. U inqirozning oldini olish bilan bir qatorda, Xitoy bilan hamkorlik munosabatlarini o’rnatishga harakat qilyapti. Moskva va Pekin munosabatlari kuchayishi Vashingtonga juda katta muammolar keltirib chiqarishi mumkin, deb yozadi AQSh milliy xavfsizlik sohasi vakillari Mishel Shevan-Koettsi va Eksel Xellman The National Interest maqolasida.
Rossiya Xitoy bilan o’ta yaqin harbiy, iqtisodiy va energetik aloqalarni o’rnatmoqda. Buni o’zaro manfaatli hamkorlik deb atash mumkin. Moskva bu bilan o’ziga alternativ eksport bozori hamda qo’shimcha siyosiy ta’sir hududini yaratmoqda. Xitoyda esa dunyoda yangicha tartib o’rnatilishiga tish-tirnog’i bilan qarshi chiqayotgan AQShga munosib zarba berish imkoni paydo bo’lyapti, ta’kidlaydi maqola mualliflari.
Xavfsizlik nuqtai-nazaridan AQShga Osiyo-Tinch okeani regionlaridan tahdid solinmoqda. Jumladan, Rossiya Xitoy armiyasini zamonaviylashtirishda muhim rol o’ynamoqda. U Xitoyga eng so’nggi raketa va radar moslamalarini yetkazib beryapti.
O’tgan yili ikki mamlakat o’rtasida S-400 radiusida ta’sir kuchiga ega zenit- raketa-kompleksi borasida shartnoma imzolandi. Bu ikki mamlakat munosabatida yuqori bosqich deyish mumkin. Sababi, Rossiyadan bunday texnikani xarid qilayotgan birinchi chet el davlati Xitoy bo’ldi. Bundan tashqari, ikki davlat o’rtasida munosabatlar mustahkamlanishi AQShning iqtisodiy va moliyaviy sohalarda o’z so’zini o’tkazishiga nuqta qo’yishi mumkin. Xitoy-Rossiya hamkorligi Rossiyaga qarshi e’lon qilingan sanktsiyalarning salbiy oqibatini ancha yumshatishi turgan gap.
O’tgan yil Moskva va Pekin o’rtasida 24,5 milliard dollarlik qisqa muddatli valyuta oldi-sotdi operatsiyasi shartnomasi imzolandi. Bu bir tomondan Rossiyaning dollarga tobeligi darajasini pasaytirsa, boshqa tomondan valyuta bozoriga yuan kiritilishini ta’minladi. AQSh bilan munosabatlar ziddiylashgani bois, Rossiyaning aksariyat firmalari Pekin bilan aloqalarni mustahkamlaydilar. Bu esa AQSH va uning ittifoqdoshlari qo’lidagi boshqaruv dastagini ishdan chiqaradi. Moliyaviy munosabatlar barqarorlashuvi tufayli AQSh dunyo ko’z o’ngida nobop o’yinchi sifatida namoyon bo’lishi ehtimolga yaqin. Rossiya-Xitoy kelishuvi AQShga to’g’ridan to’g’ri chaqiriq tashlash degani. Amerika endi bu ikki mamlakatni diqqat bilan kuzatishga majbur. U vaziyatni o’zgartirishga urinishga harakat qilmog’i lozim.