Erkin iqtisodiy zonalar (hududlar). Erkin iqtisodiy hududlar (EIH)
dunyoning ko’plab davlatlarida keng yoyilgan. XX asrning oxirlarida dunyoda turli
xildagi 4 mingdan ortiq EIH lar mavjud edi. G’arb mutaxassislarining fikricha
2004 yilga kelib jahon tovar aylanmasining 30%i turli erkin iqtisodiy hududlarda
ro’y berdi. Xalqaro korporatsiyalar o’z faoliyatlari uchun imtiyozli sharoitlarni
qidirib, EIH larni ko’p foyda olish mumkin bo’lgan joy sifatida ko’rishadi. Yirik
xalqaro korporatsiyalar erkin iqtisodiy hududlarda o’z ishlab chiqarishlarini tashkil
qilishni ekspansiyalarining muhim yunalishi deb hisoblaydilar.
Erkin iqtisodiy hududlar mamlakatning boshqa qismlarida ishlatilmaydigan
imtiyoz va rag’batlantirishning o’ziga xos tizimi qo’llaniladigan milliy iqtisodiy
hududning bir qismidir. Odatda EIHlar geografik jihatdan u yoki bu darajada
alohida hududdir.
Erkin iqtisodiy hududlar ularni tashkil qiluvchilar tomonidan ochiq
iqtisodiyot tamoyillarini amalga oshirishdagi muhim bosqich sifatida ko’riladi.
Ularning faoliyat ko’rsatishi tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish va
erkinlashtirish bilan bog’lanadi. Erkin iqtisodiy hududlarning iqtisodiyoti tashqi
dunyoga ochiqligi katta darajada bo’ladi. Bojxona, soliq va investitsion rejimi esa
tashqi va ichki investitsiyalar uchun qo’laydir.
Erkin iqtisodiy hududlar tashkil qilishning muhim sabablaridan biri
shundaki, ko’pincha davlat iqtisodiyotini kapital oqimi uchun to’liq ochishni,
o’ziga xos investitsiya oqimini hamma joyda ishlatishni istamaydi. Shuning uchun
ham maxsus hudud sifatida qisman ochiqlikni ishlatadi.
Erkin iqtisodiy hududlar tashkil qilishda ikkita kontseptual yondoshish
qo’llaniladi: hududiy va funktsional (nuqtali). Birinchi holatda hududdagi barcha
rezident korxonalar xo’jalik faoliyatida imtiyozlardan foydalanadilar.
Erkin iqtisodiy hududlarning eng oddiy ko’rinishlaridan biri erkin bojxona
(bojsiz) hududlari (EBH) hisoblanadi. Bu hududlar erkin savdo hududlari kabi
birinchi avlod hududlariga kiradi. Ular XVII-XVIII asrlardan buyon mavjud.
Bunday hududlarni ko’pincha bond omborlari yoki erkin bojxona hududlari deb
ataladi. Erkin bojxona hududlari tovar olib kirish va olib chiqishda bojdan ozod
qilinadi. Ular ko’plab mamlakatlarda mavjud.