Geografik joylashuvi va tabiati. Skandinaviya yarimorolining shimoliy va g‘arbiy qismida hamda Shpitsbergen arxipelagida joylashgan Shimoliy Yevropa davlati hisoblanadi. Sharqda Shvetsiya (chegara uzunligi — 1619 km), shimoli sharqda Finlandiya (729 km) va Rossiya bilan (167 km) chegaradosh. Norvegiya g‘arbda Atlantika okeani, shimolda Barens dengizi, janubda Shimoliy dengiz va Skagerrok bo‘g‘ozi bilan tutashib ketgan. Chegarasining umumiy uzunligi 2515 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi esa 21925 km (yirik va ko’p sonli mayda orollar bilan qo‘shib hisoblaganda). Norvegiya hududining katta qismini Skandinav tog‘lari egallagan. Eng yuqori nuqtasi — Galxyopiggen tog’i (2469 m). Baland yassitog‘lar (fyeldlar) va tik tog‘lardan keyin hosildor daryo vodiylari boshlanadi. Sohil chizig‘i fordlar bilan bo’lingan. Mamlakat shimolida arktik tundra zonasida joylashgan. Asosiy daryolari — Logen, Begna, Glomma. Mamlakatda juda ko‘plab ko‘llar bor. Norvegiya neft, tabiiy gaz, temir rudasi, mis, nikel kabi foydali qazilma konlariga va muhim tabiiy resurslardan baliq, yog‘och, gidroenergetik potensialga ega.
Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — konstitutsion monarxiya. 19 ta provinsiyadan tashqari Norvegiya tarkibida Buve, Yan-Mayen, Shpitsbergen orollari kabi qaram hududlar ham bor. Norvegiya 1905-yil 26-oktabrda Shvetsiyadan mustaqillik olgan. Milliy bayrami — 17-may — Konstitutsiya kuni (1814). Davlat boshlig’i — Monarx (qirol Xorold V mamlakatni 1991-yil 17-yanvardan buyon idora qilib kelmoqda, taxt vorisi — shahzoda Xaakon Magnus 1973-yil 20-iyulda tug’ilgan). Ijroiya hokimiyat Davlat Kengashi (kabinet)ning boshlig’i bo’lgan premyer-ministrga tegishli. Oliy qonun chiqaruvchi organ — ikki palatali parlament (storting). Yirik siyosiy partiyalari: Norveg ishchi partiyasi, Taraqqiyot partiyasi, Markaz partiyasi, Venstre partiyasi, Xristian xalq partiyasi.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Har xil tabiiy resurslarga boy bo’lgan Norvegiya iqtisodiyoti erkin tadbirkorlik va hukumat nazorati ostida rivojlanadi. Sanoatining muhim tarmoqlari: neft va gaz, bundan tashqari, oziq-ovqat ishlab chiqarish, sellyuloza-qog`oz, metallurgiya, kimyo, yog’ochni qayta ishlash, kemasozlik ham yaxshi rivojlangan. Norvegiya dunyoning juda ko’plab mamlakatlariga baliq va baliq mahsulotlarini eksport qiluvchi yirik davlatlar qatoriga kiradi. Qishloq xo’jaligida (YIM 3%) bosh sektor chorvachilik hisoblanadi. Oziq-ovqat mahsulotlarining yarmidan ko’prog’i chetdan keltiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |